Farg'ona viloyati hokimi Yaypandagi “O'zbekiston” stadionida olib borilayotgan rekonstrukciya ishlari bilan tanishdi

Eldor Akmurzayev
27 yanv 2021, 21:35
Farg'ona viloyati hokimi Xayrullo Bozorov Yaypandagi “O'zbekiston” o'yingohida olib borilayotgan rekonstrukciya ishlari bilan tanishdi.

2021 yilgi mavsumda ilk bor O'zbekiston chempionati Superligasida ishtirok etadigan “Turon” futbol klubining uy o'yingohi, FIFA standartlariga mos arenaga aylanmoqda.

PFL bayrog'i ostida o'tkaziladigan Superliga uchrashuvlari bo'lib o'tadigan o'yingohlar uchun belgilangan talablarga muvofiq olib borilayotgan qurilish-ta'mirlash ishlari yangi mavsum boshlanishiga qadar yakunlanishi ko'zda tutilgan.

“Turon” futbol klubi rahbari Abduvahob Ahmadaliev viloyat hokimini o'yingohda olib borilayotgan ishlar, shuningdek klub qoshida tashkil etilayotgan akademiya hamda yangi qad rostlayotgan  jamoa qarorgohining qurilish jarayon bilan tanishtirdi. 

Rejaga muvofiq, o'yingohda 4x8 m o'lchamda ulkan “UZLED” elektron monitori hamda yorug'lik darajasi 2000 lyuks bo'lgan “Philips” svetodiod yoritish tizimi o'rnatish kabi ishlar amalga oshirilmoqda.

Viloyat hokimi o'yingohda qo'shimcha 5000 o'rinli tribuna barpo etish bo'yicha belgilangan loyihani amalga oshirish uchun mablag' ajratib berilishini ma'lum qildi va qurilish ishlarini jadallashtirish bo'yicha ko'rsatmalar berdi. 

Xayrullo Bozorov, jamoaning 2021 yilgi mavsumda Superligada muvaffaqiyatli ishtirok etishiga ishonch bildirdi.

O'xshash yangiliklar


Eldor AkmurzayevMuallif
Manba: Фарғона вилояти ҳокимлиги матбуот хизмати