Yevropada koronavirus alangalanib ketishiga YCHL o'yinlari sabab bo'ldimi?

7 apr 2020, 14:23
Shifokorlar fikricha, klublar o'rtasidagi asosiy turnirni avvalroq to'xtatish kerak edi.

Bir oy oldin Chempinolar ligasi 1/8 final bosqichining javob uchrashuvlari o'tkazilgan edi. Shundan so'ng, koronavirus pandemiyasi tufayli musobaqa to'xtatildi. Shifokor va olimlar mazkur bahslar kasallikning qita bo'ylab keng miqyosda tarqalib ketishiga sabab bo'ldi, deb hisoblashadi. Tibbiy mutaxassislar ushbu o'yinlarni "barchasi boshlangan o'yin" yoki "biologik bomba" deb atashadi. Biz YCHLning qaysi o'yinlari hududlardagi epidemiologik vaziyatga jiddiy ta’sir ko'rsatganini aniqladik.

"Lion" - "Yuventus" (1:0): "barchasi boshlangan o'yin"

Tomoshabinlar soni: 57 335

Fransiyaning "L'Equipe" nashri yozishicha, ushbu o'yin Fransiyada koronavirus tarqalishida muhim rol o'ynagan. Gazetada italyan ishqibozlarining oqimi mintaqada kasalliklar sonining ko'payishi uchun bosh sabab bo'lishi mumkinligi alohida takidlandi.

Mahalliy kasaba uyushmasi rahbari Marsel Garrigu-Granshamp:

"Bu o'yin o'tkazilmasligi kerak edi. Lionga faqat Pemont viloyatidan emas, o'sha paytda xavf zonasi hisoblanmagan butun Italiya hududidan ishqibozlar tashrif buyurgandi".

"Atalanta" - "Valensiya" (4:1): "biologik bomba"

Tomoshabinlar soni: 44 236

Shifokorlar mazkur uchrashuv Italiyada koronavirus tarqalishining asosiy sababi ekanini takidlashdi. Mamlakatdagi shifoxonalardan birining pulmonologiya bo'limi boshlig'i Fabiano Di Marko "OK Diario" nashriga bergan intervyusida shunday dedi: 

"19 fevralda Bergamoning 40 ming aholisi "Atalanta"ni qo'llab-quvvatlash uchun "San-Siro"ga tashrif buyurdi. Ular avtobus, poezdlarda tashrif buyurishdi. Afsuski, bu biologik bombaga aylanib ketdi".

Italiyalik immunolog Franchesko Le Fosh:

"O'sha bahsdan keyin 1 oy o'tdi. Stadionda odamlar jips joylashgan, baqiriqlar, eyforiyaga beriliganlar bir-birini quchoqlagan... Bularning barchasi virus tarqalishiga yordam berishi mumkin.

Bergamo meri Djordjio Gori o'sha o'yin tufayli koronavirus nafaqat Italiyada, balki Ispaniyada tarqalishiga sabab bo'lganini ham aytdi:

"O'sha paytda chinakam vaziyatdan xabarimiz yo'q edi. Italiyada birinchi bemor 23 fevral kuni aniqlangan. Agar virus oldinroq tarqalgan bo'lsa, "San-Siro"ga yig'ilgan 40 ming muxlisning barchasiga yuqqan bo'lishi mumkin. 

Ammo infekciya tarqalishining episentri "Alcano Lombardo" shifoxonasi bo'lishi ham mumkin. U yerda noaniq pnevmoniya bilan og'rigan bemorlar boshqa kasallar, shifokor va hamshiralarga virusni yuqtirgan".

"Liverpul" - "Atletiko" (2:3): "jiddiy qabul qilinmadi"

Tomoshabinlar soni: 52 267

Liverpul sog'liqni saqlash boshqarmasi boshlig'i Metyu Eshtonning takidlashicha Yurgen Klopp va "Atletiko" o'rtasidagi o'yin shaharda koronavirus infekciyaning kuchayishiga olib kelgan. Uchrashuv 11 mart kuni o'tkazilgandi. Eslatib o'tamiz, jahon sog'liqni saqlash tashkiloti shu kuni vaziyatni pandemiya deb e'lon qilgandi.

Mazkur uchrashuvlar o'tkazilgan pallada Xitoy Yevropa mamlakatlari juda uzoq va yetib bo'lmasdek tuyulgandi. Natijada, kasallik tezkorlik bilan alangalanib ketdi. Ammo hozir infekciyaning tarqalishi sekinlashgani takidlanmoqda. Katta ehtimolki, evrokuboklar yana tiklansa, pandemiyaning ikkinchi to'lqinini qo'zg'atib yubormaslik uchun tomoshabinlarsiz o'tkaziladi.

Faxriddin Ro'ziev tarjimasi

O'xshash yangiliklar


Manba: Спорт-Экспресс