Chempionlik kurashi davom etadi: A Seriya 34-tur prevyusi

Omonjon To`xtamirzayev
22 apr 2022, 16:45
Ertaga Italiya chempionatining navbatdagi tur uchrashuvlariga start beriladi.

"Veneciya" - "Atalanta"

"Veneciya" turnir jadvalida yuqoriroqqa chiqishga harakat qilishi lozim, lekin vaziyat biroz qiyinroq ekanini ham takidlash kerak. Jamoa 18-o'rinda bormoqda va ketma-ket 7 marta mag'lubiyatga uchradi. Tarkib bilan bog'liq jiddiy muammolar ham yo'q emas. "Atalanta"ning ishlari joyida deya olmaymiz: oxirgi 3ta bahsda yutqazdi. Qolaversa, jarohat olganlarning qay biri o'ynay olishi mumkinligi ham aniqmas. Malinovskiy va  Sapataning ahvoli esa unchalik yaxshi emas.

So'nggi o'zaro bahsda "Atalanta" uyda 2:0 hisobida g'alaba qozongan. Bergamoliklar safarda o'ynashiga qaramay, favorit. Albatta, g'alabasiz seriyaga nuqta qo'yishga urinib ko'rishlari aniq.


"Inter" - "Roma"

"Inter" hozir skudetto uchun kurashmoqda. Kubokda "Milan" ustidan qozonilgan g'alabadan so'ng, jamoa ko'tarinki kayfiyatda ekani aniq. Dyumfris va Jeko safga qaytishi lozim, chunki bu o'yin juda muhim. "Roma"ga kelsak, Dzanoloning jarohati ancha jiddiyga o'xshayapti. Shuningdek, Kumbulla ham maydonga tushishi so'roq ostida, biroq Smolling va Manchini bilan uchlikni tashkil qilishi kerak bo'lgan Ibanes o'ynashi kutilmoqda.

Chempionat doirasidagi oxirgi o'zaro uchrashuv "Inter"ning 3:0 hisobidagi g'alabasi bilan tugagan. Jamoa bu gal ham raqibiga qaraganda ustunlikka ega. "Inter" favorit bo'lsa-da, "jalorossi" ham ancha kuchli ekanini unutmaslik lozim. Shunday ekan, amaldagi chempionga oson bo'lmasligi mumkin.


"Empoli" - "Napoli"

"Empoli" bu mavsum haqiqatdan ham yaxshi o'ynamoqda. Jamoa mavsum boshida shunchaki oldinga intilmadi, balki qaysidir muddat jadvalning birinchi yarmidan o'rin oldi. Ayni damda jamoa unchalik yaxshi bo'lmasa-da, ishlari joyida. Biroq jarohatlar ularni chetlab o'tmaganini aytish joiz. Tonelli va Di Franchesko bu gal "Empoli"ga yordam berolmaydi. "Napoli"da yo'qotishlar ko'p emas, faqatgina yaqinda umumiy guruhga qo'shilgan Di Lorenco maydonga tushishi noma'lum. Katta ehtimol bilan startda Zanolini ko'ramiz.

So'nggi o'zaro o'yinda "Empoli" Neapoldan g'alaba bilan qaytgan (1:0). Ammo bu safar "partenopeylar" favorit.


"Lacio" - "Milan"

Jarohat tufayli ikki ispaniyalik - Patrik va Pedro jamoasiga yordam berolmaydi. Bu esa Sarriga katta muammo bo'lmoqda. Hujumda Felipe Anderson, Immobile va Cakani uchligini ko'rishimiz mumkin. Nazariy jihatdan "Milan" asosiy tarkibida Romanonli tushishi kerak, lekin Pioli katta ehtimol bilan Tomori-Kalyulyu juftligiga e'tibor qaratadi. Boshlang'ich tarkibda Salemarkis tushish ehtimoli bor, chunki Braim Dias kubokdagi o'yini bilan unchalik ham iliq taassurot qoldirmadi.

Jamoalar oxirgi bor ko'rishganida, "Milan" Italiya Kubogida raqibini tor-mor etgandi (4:0). "Rossoneri" chempionatda ham bu mavsum 2:0 hisobida g'alaba qozondi. Bahs Rimda bo'lishiga qaramay, "qizil-qoralar" favorit sanalmoqda. Biroq Mauriccio Sarri shogirdlari ham shunchaki qarab turishmaydi.


"Sassuolo" - "Yuventus"

"Sassuolo" joriy mavsum o'zini yaxshi namoyish etayotgan bo'lsa-da, juda palapartish o'ynamoqda. Agar intizomga ko'proq amal qilganida, shubhasiz, bundan yuqoriroq natijaga ham erisha olardi. Nima bo'lgan taqdirda ham, klub yaxshiroq o'ynashga harakat qiladi. Qolaversa, hamma yetakchilar safda tayyor turishibdi. "Yuventus"da bir qancha kamchiliklar bor. To'g'ri, jamoa Italiya Kubogi finaliga chiqdi, ammo A Seriyada ishlari yurishmayapti. Qolaversa, tarkib bilan bog'liq muammolar ham yo'q emas. Kichik shikastlanish tufayli Morata o'yinni o'tkazib yuborishi mumkin. Shuning uchun, hujumda Vlaxovich va Dibalani ko'ramiz.

O'tgan safargi uchrashuvda "Yuve" qiyinchiliksiz "Sassuolo"ni mag'lub etgan (2:1). "Keksa sinora" hozir ham favorit. Jamoa mavsumni yaxshi o'tkazishga harakat qilmoqda. Ushbu bahsda "neroverdi"ga oson bo'lmasligi aniq.


Sergey Rumyancev

O'xshash yangiliklar


Omonjon To`xtamirzayevMuallif
Manba: championat.asia