"Chelsi" "Inter" yetakchilaridan biriga ko'z tikdi

Sherzod Nurmatov
5 dek 2022
"Inter" yarim himoyachisi Nikolo Barella faoliyatini Angliya Premer-ligasida davom ettirishi mumkin.

25 yoshli italiyalik futbolchining xizmatlariga Londonning "Chelsi" klubi qiziqish bildirmoqda, deb xabar berdi Calciomercatoweb.

Manbaga ko'ra, "ko'k-anorranglilar" Barellani sotib olish variantini jiddiy ko'rib chiqmoqda, chunki kelasi yozda "Chelsi" katta ehtimol bilan Jorjino va N'Golo Kantesiz qoladi. Londonliklar markaziy chizig'ini kuchaytirmoqchi.

Qayd etilishicha, "Inter" Barella uchun taxminan 80 million evro olmoqchi, ammo "Chelsi" Romelu Lukakuni shartnomaga qo'shishga harakat qiladi. Ayni paytda belgiyalik futbolchi "Inter"da ijara asosida o'ynamoqda, milanliklar uni sotib olish imkoniyatini ko'rib chiqmoqda.

Eslatib o'tamiz, Barella 2020 yilda "Kalyari"dan "Inter" futbolchisiga aylangandi. Yarim himoyachi joriy mavsum milanliklar safida barcha musobaqalar doirasida 25 ta o'yinda maydonga tushib, 7 ta gol urdi va 6 ta golli uzatmani amalga oshirdi.


Sherzod NurmatovMuallif
Manba: Calciomercato