Bahodir Ahmedov: "Yosh o'yinchilarimizdan ko'nglim to'q"

9 okt 2020, 22:02
Futzal bo'yicha O'zbekiston milliy terma jamoasi bugun Eronga qarshi ikkinchi o'rtoqlik uchrashuvida ishtirok etdi(2:3). Ushbu uchrashuvdan so'ng terma jamoamiz bosh murabbiyi Bahodir Ahmedov o'z fikrlarini bildirib o'tdi.

"Fikr bildiradigan bo'lsam, yoshlarimizning o'yinidan ko'nglim to'ldi, yaxshi o'yin ko'rsatishdi. Lekin, juda ko'p kamchiliklarimiz bor. Yaxshi bilasizlar, orada katta tanaffus yuzaga kelgan edi. Shunga qaramasdan yigitlar yaxshi o'ynashdi. Xato va kamchiliklar ustida ishlaymiz",- deydi Bahodir Ahmedov.

- 2016 yilgi Osiyo chempionatidan so'ng Eron bilan Ashhoboddagi Osiyo o'yinlarida ham o'ynadik va mana bugun. Bu uchta o'yin o'rtasida farq bormi? Chunki, raqibda va bizda tarkib o'zgardi...

- E'tibor bergan bo'lsangiz juda ko'p yosh o'yinchilar yetishib chiqdi. Ularga e'tibor bermoqdamiz. Eron bilan birinchi uchrashuvda ularning ayrimlari debyut qilishdi va hayajonda o'ynashdi. Bugun esa ishonchli harakat qilishdi. O'zimizning ikkita xatoimiz sabab birinchi bo'limda gol o'tkazib yubordik. Raqibning uchinchi goli esa chiroyli chiqdi, ochig'i qarsak chalish kerak. Lekin, yigitlardan ko'nglim to'q. Bir yildan beri o'zimizda o'ynamagandik. Avvalgi o'yinda yoshi katta o'yinchilarimiz ham xato qildi. Yoshlarimizda biroz hayajon sezildi. Bundan keyin xalqaro o'yinlar orqali Osiyo chempionatiga tayyorgarlik ko'ramiz. 

- Jarohat olgan o'yinchilar haqida nima deya olasiz?

- Ularning holati yaxshi. Faqat jarohatlanganlarni bugun tushirmadim. Bizga hali kerak ular. 10 kunlardan keyin butunlay mashg'ulotlarda ishtirok etishni boshlashadi. Noyabr oyida bir oylik yig'in o'tkazamiz. Shu yig'inda yana bir qator yoshlarimizni va jarohat olgan o'yinchilarni sinovdan o'tkazib olamiz. Nazorat o'yinlari bo'ladi. Bu borada muzokara ketyapti. Raqiblar rozi bo'lsa ko'proq nazorat uchrashuvlarini o'tkazamiz. 

- Nazorat o'yinlarida raqiblar aniqmi?

- BAAda turnir bo'lib o'tadi. U yerda BAA, Yaponiya va boshqa Yevropa terma jamoalari ishtirok etishi kutilmoqda. Qirg'iziston bilan ham nazorat o'yinlarida qatnashamiz.

O'xshash yangiliklar


Manba: championat.asia