Ashkan Dejaga: "Murabbiy tanlashda shoshilmagan maqul"

Xayrulla Xoliqov
5 mar 2019
Eron terma jamoasi sardori Ashkan Dejaga terma jamoaga kim bosh murabbiy bo'lishi haqida o'z fikrini bildirdi.

Ma'lumki, Osiyo Kubogi yakuniga etganidan beri Eron terma jamoasida bosh murabbiy yo'q. Eron futbol federatsiyasi Karlush Keyrush o'z lavozimini tark etgach Zinedin Zidan, Joze Mourinyo, Yurgen Klinsmann, Vinchenco Montella kabi mutaxassislar bilan muzokara olib borishga urindi, biroq hozircha barchasi samarasiz yakun topdi. 

JCH-2022 saralash bahslariga uch oy vaqt qoldi, lekin hozircha yangi bosh murabbiy kim bo'lishidan darak yo'q. Ashkan Dejaga esa o'z intervyusida bu borada shoshilmaslik kerakligini aytdi: 

"Terma jamoamiz 8 yil faqat bir murabbiy qo'l ostida faoliyat olib bordi. Endilikda yana shoshilmasdan ish ko'rgan maqul. Birdaniga qaror qabul qilish turli oqibatlarga olib keladi. O'ylaymanki, federatsiya murabbiy borasida to'g'ri to'xtamga keladi. Janob Keyrush juda yaxshi mehnat qildi, o'ziga qolsa ko'proq vaqtga qolishi mumkin edi. To'g'ri, uning faoliyatida ham xatolar bo'lgan, lekin bu - futbol. Agar Osiyo Kubogi yarim finalida Yaponiyani mag'lub etganimizda finalda ham zafar quchgan bo'lardik. Chunki biz Qatarni doim yutib kelganmiz".


Xayrulla Xoliqov Muallif
Manba: persianfootball.com