
Jamoa ustozi Aleksandr Mochinov klubimiz rasmiy sayti uchun birinchi davra yakunlari borasida eksklyuziv intervyu berdi.
- Shogirdlaringiz bilan birinchi davrani muvaffaqiyatli yakunlashingizning asosiy omili nimada deb o'ylaysiz?
- Avvalo, qo'l ostimdagi futbolchilar bizning maqsadimiz qanday ekanligini va unga qay tarzda erishish mumkinligini juda yaxshi anglab yetishdi. Uchrashuvlarga puxta hozirlik ko'rildi, shogirdlarim berilgan ko'rsatmalarni to'g'ri bajarishdi. Asosiy jamoada zaxirada qolib, o'yin amaliyotini yo'qotib qo'ymaslik maqsadidida yoshlar jamoamizga ko'maklashgan futbolchilarning xizmati beqiyos bo'ldi. Ular yoshlarimiz safiga qo'shilishganda shunchaki vaqt o'tkazish uchun emas, balki o'zlarining bor mahoratlarini ishga solishdi. Aynan ulardan yosh yigitlarimiz haqiqiy professional futbolchi qanday hususiyatlarga ega bo'lish kerakligini o'rganishdi.
- Jamoangizning qaysi jihatlari Sizga maqul keldi?
- Bolalarning uchrashuvlardan rohat olib o'ynashayotganligi judayam xursand qilmoqda. Jangavor ruh, g'alaba sari intilish va albatta o'z o'yinidan avvalo futbolchilarimizning o'zlari rohatlanishayotgani yoqimli. Yigitlarimizning o'sishayotgani shundoqqina sezilib turibdi. Eng asosiysi – mana shu!
- Birinchi davra mobaynida Sizni ranjitgan omillar ham bormi?
- Tayyorgarlik ko'rish, uchrashuvlarni o'tkazish borasidagi yaratilgan sharoitlar borasida “Bunyodkor”dagi imkoniyatlar katta. Shu boisdan ham futbolchilarimiz ideal maydonlarda to'p tepishga ko'nikib qolishdi. Biroq, Farg'ona vodiysiga uyushtirgan safarimiz mobaynida notekis maydonlarda harakat qilishimizga to'g'ri keldi. Bu esa futbolchilarning texnik imkoniyatlarini cheklab qo'ydi. Umid qilamanki, vaqti kelib hamma joyda ideal maydonlar yaratiladi.
- Raqib jamoalardan kimlar Sizda yaxshi taassurot qoldirdi?
- Shak-shubhasiz “Lokomotiv”, shuningdek Bekobodning “Metallurg” yoshlari. Ikkala jamoa ham juda tartibli va chiroyli o'yin namoyish etadi. Har ikki jamoa bilan kechgan o'yinlarimiz biz uchun oson o'tmadi. “Paxtakor” va “Buxoro” yoshlaridan ko'p narsalar kutgandim. Buxoroliklarning o'yinlari o'ta sust emas, biroq ular birinchi davra mobaynida atigi ikki ochko jamg'arishgani achinarli.
- Yaqin orada qanday rejalar bor?
- Futbolchilarga 12 iyulgacha tatil elon qilganmiz. Shundan so'ng Toshkent tashqarisida qisqa muddatli yig'in o'tkazishni rejalashtirib turibmiz. 24 iyundan boshlab esa ikkinchi davraga qaratilgan so'nggi tayyorgarligimizni o'z qarorgohimizda davom ettiramiz.
- Davralar oralig'ida jamoa tarkibida o'zgarishlar bo'ladimi?
- Aytarli o'zgarishlar qilmoqchi emasmiz. Hozirda jamoamiz o'zagi shakllantirilmoqda. O'ylaymanki, shu futbolchilar ertangi “Bunyodkor”ning yetakchilariga aylanishadi.
Mirzahakim To'xtamirzaev suhbatlashdi.