Abdusamad Do'rmonov: “Murabbiyning qismati shunday”

Narzulla Saydullayev
7 avg 2015
Kuni-kecha birinchi liga ishtirokchisi “Yozyovon-Lochinlari” ustozi Abdusamad Do'rmonov iste'foga chiqdi. Bundan xabar topgach, darhol murabbiyning o'zi bilan bog'landik.

- Abdusamad aka, sizni o'z lavozimingizdan iste'foga chiqqaningiz haqida eshitdik. Bu haqda nima deysiz?
- Ha, 2-3 kun bo'ldi bunga. Vaziyat shunday bo'lib qoldi. Murabbiyning qismati shunday. Bugun kimgadir keraksan, ertaga esa aksincha. Buni yaxshi tushunaman va oddiy xol sifatida qarayman.

- Bu yil birinchi ligada debyut mavsumini o'tkazayotgan “Yozyovon-Lochinlari” jamoasi tarkibini asosan mahalliy futbolchilar evaziga shakllantirgan bo'lsangizda, ikkinchi bosqich yo'llanmasini qo'lga kiritdinglar. Ammo endilikda ishdan ketyapsiz. Bu kimning qarori?
- Rahbariyatni. Ular shunday qarorga keldi. Buni o'ziga yarasha sabablari bor albatta. Lekin endi ularni hozir aytishdan naf yo'q deb o'ylayman. Jamoaga omad tilayman.

- “Yozyovon-Lochinlari”dagi faoliyatingizdan qoniqish xosil qildingizmi?
- Albatta. Nazarimda u yerda yomon ishlamadim. Mahalliy yoshlarga e'tibor qaratgan xolda, ularni katta futbol havosiga moslashtirib bordik. Tajriba baribir yo'qligi bilinib turdi. Ammo ularning kelajagi porloq. Asosiysi ilk mavsumda oldimizga qo'yilgan vazifani bajara oldik. To'g'risi bu jamoaga yaxshi niyatlar bilan kelgandim va o'zimga yarasha mqsadlarim bor edi. Lekin afsuski kutilmaganda, iste'foga chiqishga majbur bo'ldim.

- Endi kelgusi rejalar qanday?
- Hozircha uydaman. Faoliyati davomida yo'l qo'ygan xato va kamchiliklarimni tahlil qilyapman. Balki endi biror bir klubdan taklif bo'lsa, ko'rib chiqarman. Buni vaqt ko'rsatadi.


Islombek Rustambekov suhbatlashdi.


Narzulla SaydullayevMuallif
Manba: championat.asia