Abdumalik Hakimov, Kochnev va Toirov “Surxon”da, Inomov va Farhod Tojiev ketdi

Narzulla Saydullayev
8 iyul 2018, 13:43
PRO-Liga ishtirokchisi Termizning “Surxon” jamoasi 7 iyuldan o'quv-yig'in mashg'ulotlarini boshlab yubordi.

Igor Shkvirin boshqaruvidagi jamoa kecha Toshkent viloyatining Chorvoq tog' tizimida yig'ildi. Mashg'ulotlar kuniga ikki mahaldan olib borilishi rejalashtirilgan. Albatta, muxlislarni tarkibda yuz berayotgan o'zgarishlar qiziqtirishi turgan gap. Olingan ma'lumotlarga ko'ra, kecha “Surxon” safiga bir qator yangi futbolchilar kelib qo'shilgan. 

Jumladan Qahramon Mahamadjonov (“Istiqlol”), Elbek Ravshanov (“Nurafshon”), Jamshid Yusupov (“Metallurg”), Sergey Proxorov (“Qizilqum”), Sirojiddin Allaev (“Regar Tadaz”, Tojikiston), Otabek Ahmadjonov (“Neftchi”) hamda Bobur Farhodov (“Xorazm”) kabi o'yinchilar ayni damda Shkvirin jamoasi yig'inida bo'lib turibdi.

Aytishlaricha “Surxon” murabbiylar shtabi birinchi davra jamoa sharafini himoya qilgan Islom Inomov, Ibrohim Rahimov va Farhod Tojiev bilan hamkorlikni to'xtatgan.
Ishqibozlar yaxshi bilishsa kerak, bosh murabbiy Dilshod Nuraliev iste'foga chiqqach, uning yaqin yordamchilari Rifkat Akramxo'jaev, Ikrom Ibragimov va Aleksey Roshin ham jamoa bilan xayrlashgandi.

Igor Shkvirinning yordamchilari esa ma'lum bo'ldi. Bular – Abdumajid Toirov, Abdumalik Hakimov va Gennadiy Kochnevdir. Surxondaryo futboli tarbiyalanuvchisi bo'lgan Toirov oxirgi paytlar “Paxtakor” akademiyasida selekciya ishlari bo'yicha murabbiylik qilib kelayotgandi. Hakimov esa joriy mavsumning birinchi qismida “Neftchi”da faoliyat yuritdi. Buxorolik Kochnev esa hech bir jamoada ko'rinish bermay kelayotgandi. Endilikda ushbu murabbiylar “Surxon”da Igor Anatolevichga yaqindan yordam beradigan bo'ldi.

O'xshash yangiliklar


Narzulla SaydullayevMuallif
Manba: championat.asia