JCH-2014. Mundial ishtirokchilari - Gana
10 iyu 2014 11:00
Yangiliklar
JCH-2014. Mundial ishtirokchilari - Gana
Gana terma jamoasi mundialdagi o'zining ilk ishtirokini 2006 yilda Germaniyada o'tkazilgan Jahon chempionatidan boshlagan. Aynan o'sha chempionat ular uchun debyut sanaladi. O'zining ilk ishtirokidayoq Gana guruh bosqichidan o'tadi va 1/8 finalda Braziliyaga imkoniyatni boy berib, Jahonning eng kuchli 16 jamoasidan biriga aylanishadi. Keyinchalik JARda bo'lib o'tgan chempionatda ham Gana yo'llanmani qo'lga kiritida va o'zining ikkinchi urinishida natijani yaxshilashga erishishadi.
Gana Janubiy Afrika Respublikasida o'tkazilgan chempionatda chorak finalga qadar boraadi. CHorak finalda ular Urugvay bilan to'qnash kelishadi. Bu uchrashuv juda ko'pchilikni yodida qolgan bo'lishi kerak. Luis Suarezning "anti-qahramonligi" "qahramonlik"ka aylangan edi. Gana terma jamoasi uchrashuv so'nggida Urugvay darvoza oldida bir necha xavfli vaziyatlar yaratadi. SHularning birida to'p yaqqol darvozadan o'rin olayotgan bir pallada, Urugvay hujumchisi Luis Suarez qo'li bilan to'pni bartaraf etadi. Bosh hakam esa o'ylab-o'tirmasdan Suarezga qizil va Urugvay darvozasi tomon penalti belgilaydi. Uchrashuvning so'nggi soniyalari. Suraez kiyinish xonasiga kirib ketishga shoshilmayapti. To'p oldida Asamoa Gyan. Biroq Asamoa Gyan tepgan kuchli zarba darvoza tusiniga tegib qaytadi va Gana shundoqqina g'alabani ilib keta olmaydi. So'ngra penaltilar seriyasida omad janubiy amerikaliklarga kulib boqadi va Gana o'z yurishini chorak finalda to'xtatishga majbur bo'ladi. Gana terma jamoasi vakillari esa boshlari baland ko'targan holda o'z yurtlariga qaytishadi. U erda esa ularni o'z muxlislari va vatandoshlari katta xursandchilik ila kutib olishadi.
Haqiqatdan ham Gana juda chiroyli va mardonavor o'yin ko'rsatgan edi. Aslida ular bir oyoqlari bilan yarim final ostonasida turishgan edi. Ammo omad shu kuni Gana raqibi Urugvay tomonida bo'lganini aytib o'tish joiz.
Gananing ushbu natijasi ham juda katta shov-shuvga sabab bo'ladi. Ushbu terma jamoa so'nggi 10 yil ichida juda katta yuksalishga erishdi. Gana tarkibidan jahon tan olgan bir qator yulduzlar etishib chiqishdi va etishib chiqishmoqda. Essen, Muntari, Kvadvo Asamoa, Asamoa Gyan, Ayyu, Kevin-Princ Boateng singari futbolchilar Evropaning kuchli chempionatlarida munosib harakat qilishmoqda. Aynan shu futbolchilar hozirda terma jamoaning uzagini tashkil etishadi.
Gana ketma-ket uchinchi bor mundialga chiptani qo'lga kiritdi va Afrika jamoalari ichida so'nggi yillardagi eng yaxshi natijani qayd etmoqda. Gana chorak finalga qadar etib borgan Afrikaning uchinchi jamoasi bo'ldi. Bungacha Kamerun va Senegal terma jamoalari ushbu natijaga erisha olishgan.
Gana terma jamoasi qatnashgan ikkita mundialda ham AQSH bilan ro'baru kelishgan va har ikkalasida ham Gana AQSHni 2:1 hisobida taslim etgan. 2006 yilgi chempionatda guruh bosqichida duch kelishgan bo'lsa, 2010 yilda nimchorak finalda uchrashishgan. Taqdirni qarangki, bu safargi mundialda ham Gana va AQSH bir guruhdan joy olishdi. Lekin bu safar ularni ikkalasiga ham ancha qiyinroq bo'lishi tabiiy. Sababi, ularga Germaniya va Portugaliya kabi tajribali terma jamoalar qarshilik qilishadi. Yana bir qiziq holat shuki, Gana o'tgan mundialda o'z guruhida Germaniya bilan o'ynagan va kichik hisobda mag'lub bo'lgan edi. Bu safar ham eski-tanishlar o'zaro uchrashishadi. Gana uchun guruhdagi ikkita raqib yaxshi tanish. Faqatgina Portugaliya bilan ular ilk bor duch kelishmoqda.
Gana yulduzlari - Gyan va Boateng
Gana tarkibida harakat qilayotgan Kevin-Princ Boatengning ukasi Jerom Boateng Germaniya sharafini himoya qiladi. Bu aka-ukalar o'tgan mundialda to'qnash kelishgan va unda Jerom g'alabani ilib ketgan edi. SHuningdek, bu ikkala aka-ukalar bundesliga bahslarida ham o'zaro bahs olib borishdi. Unda ham "Bavariya" safida harakat qilayotgan Jerom Boateng akasidan ustun keldi. Bu safargi jangda kim g'olib bo'lishini esa vaqt ko'rsatadi.
Bu aka-uka qarama-qarshiligi mundial tarixidagi ilk to'qnashuv bo'lsa ajab emas. Yanayamki, ketma-ket ikkinchi bor. Kevin-Princ Boateng va Jerom Boateng Jahon chempionati tarixiga kirib bo'lishgan. SHuni takidlab o'tish kerakki, bu ikki aka-uka faqat maydonda raqib sanalishadi. qolgan paytlarda esa bir-birlarini kerakligicha qo'llab-quvvatlab turishadi.
Gana terma jamoasi mundialda qanday o'ynash kerakligini yaxshi biladi. Tarkib jihatdan ham ular ancha boyishgan va etarli ijrochilarga ega. Ular oson bo'lmagan ancha jiddiy guruhdan o'rin olishdi. Lekin ularni imkoniyatlarini pasaytirib yuborishga hali erta. Bunga o'tgan ikkita mundial ham yaxshigina misol bo'la oladi.
Gananing JCH o'yinlari:
JCH-2006
1. Italiya - Gana 2:0 (guruh bosqichi)
2. CHexiya - Gana 0:2 (guruh bosqichi)
3. Gana - AQSH 2:1 (guruh bosqichi)
4. Gana - Braziliya 0:3 (nimchorak final)
JCH-2010
1. Serbiya - Gana 0:1 (guruh bosqichi)
2. Gana - Avstraliya 1:1 (guruh bosqichi)
3. Gana - Germaniya 0:1 (guruh bosqichi)
4. Gana - AQSH 2:1 (nimchorak final)
5. Urugvay - Gana 1:1 (penaltilar seriyasi 4:2) (chorak final)
Gana terma jamoasi shu kungacha Jahon chempionatlarida umumiy hisobda to'qqizta o'yin o'tkazishgan va shularning to'rttasida g'alaba nashidasini so'rishgan bo'lsa, uchta o'yinda mag'lubiyatga uchrashgan va qolgan ikki o'yin durang natijasi bilan yakun topgan. To'plar nisbati: 9-10.
Gana terma jamoasi haqida:
Tashkil topgan yil: 1950
Mintaqasi: Afrika
Bosh murabbiy: Jeyms Kvesi Allia
Jamoa sardori: Maykl Essen
Eng ko'p o'yin o'tkazgan futbolchi: Richard Kingson (90 o'yin)
Eng yaxshi to'purar: Asamoa Gyan (42 gol)
FIFA reytingidagi o'rni: 24
Ilk o'yin: Gana - Nigeriya 1:0 (1950 yil)
Eng yirik g'alaba: Keniya - Gana 0:13 (1965 yil)
Eng yirik mag'lubiyat: Bolgariya - Gana 10:0 (1968 yil)
Erishgan yutuqlari:
Afrika millatlar kubogi sohibi: (1963, 1965, 1978, 1982)
Gana terma jamoasi yakuniy tarkibi:
Darvozabonlar – Kvarasi ("Stremsgodset", Norvegiya), Dauda ("Orlando Payrets", JAR), Adams ("Aduana Starz");
Himoyachilar – Inkoom ("Platanias", Greciya), Opare ("Standard", Belgiya), Afful ("Esperans", Tunis), Boye ("Renn", Franciya), Mensa ("Evian", Franciya), Sumaila ("Mamelodi Sandaunz", JAR);
Yarim himoyachilar – Essen ("Milan", Italiya), Rabiu ("Kuban", Rossiya), Badu ("Udineze", Italiya), Asamoa ("Yuventus", Italiya), Muntari ("Milan", Italiya), Adoma ("Midlsbro", Angliya), Vakaso ("Rubin", Rossiya), Atsu ("Vitess", Gollandiya), A. Ayyu ("Marsel", Franciya), Akua ("Parma", Italiya);
Hujumchilar – Gyan ("Al-Ayn", BAA), Boateng ("SHalke", Germaniya), Uoris ("Valansen", Franciya), J. Ayyu ("Sosho", Franciya).
SHahboz Beg'amov tayyorladi.
Fikrlar