Yuriy Kovtun: “O'zbekistonni Rossiyadagi mundialda ko'rish men uchun yoqimli bo'lardi”
25 may 2016 10:53
Yangiliklar
Yuriy Kovtun: “O'zbekistonni Rossiyadagi mundialda ko'rish men uchun yoqimli bo'lardi”
O'z davrining mohir himoyachilaridan biri bo'lgan Kovtunni muxlislarimiz ham yaxshi eslab qolishgan. Uni izlab topishimiz oson bo'lgani yo'q. Ammo baribir o'z maqsadimizga erishdik.
- Yuriy Mixaylovich, Biz sizni yaqin o'tmishning taniqli o'yinchilaridan biri sifatida bilamiz. SHu bois sizdan intervyu olishni istaymiz. Rozimisiz?
- Ha, albatta, roziman. Bemalol savollaringizni berishingiz mumkin.
- “Tosno”dagi ishlaringiz qanday?
- CHakki emas, futbolda har qanday jamoa imkon qadar o'yinlarni faqat g'alaba bilan tamomlash payida bo'ladi. “Tosno” ham bunday istakdan mustasno emas. Harakat qilyapmiz, ter to'kyapmiz... Xullas, futbolda g'alaba bilan mag'lubiyat yonma-yon yuradi. Bazida muvaffaqiyatga erishganingizdan keyin navbatdagi bellashuvda alamli tarzda o'yinni boy berib qo'yishingz hech gap emas. Jamoamizda murabbiylar shtabi ishni navbati bilan bosqichma-bosqich amalga oshirib bormoqda. Jarayon qizg'in kechyapti, desam mubolag'a bo'lmaydi. O'yindan-o'yinga o'tib borgan sayin natijalarimizni yaxshilashga intilmoqdamiz.
- Jamoangizda hamyurtimiz Vagiz Galiulin to'p surmoqda. Ayting-chi, u sizlarning ishonchingizni oqlay olyaptimi?
- Nafaqat men, balki murabbiylar shtabidagi boshqa sheriklarimning ham Vagiz haqidagi fikri ijobiy. Barchamiz yaxshi, saviyali ijrochini klubga taklif etganimizga shubha qilmaymiz. Bizga qanotda samarali harakatlana oladigan yarim himoyachini qo'lga kiritish ehtiyoji yuzaga kelgandi. Maslahatlashgan holda Galiulinning nomzodida to'xtaldik. Uni qo'lga kiritishimizdan oldin Vagiz haqidagi malumotlarni to'plashga kirishdik, u bilan ishlagan murabbiylar bilan aloqaga chiqdik. Hammasi hamyurtingiz xususida faqat yaxshi gaplarni aytdi. Aytishim kerakki, uning namoyish etayotgan o'yinidan qoniqish hosil qilmoqdamiz. Umid qilamanki, Galiulin bilan bundan keyin ham hamkorlik qilishda davom etamiz. Albatta, birinchi navbatda o'yinchini jamoada olib qolish istagi bosh murabbiydan chiqishi kerak. O'ylaymanki, bu masalada muammo bo'lmaydi.
- Yurtimizdagi muxlislar o'yinchi Kovtun haqida yaxshi biladilar, lekin murabbiy sifatida qanday faoliyat yuritayotganidan bexabarlar...
- (Kuladi) Bilasizmi, o'yinchining keyinchalik murabbiy sifatida ham katta muvaffaqiyatlarga erishishi o'z-o'zidan sodir bo'lavermaydi. CHunki futbolchining maydondagi vazifasi murabbiynikidan keskin darajada farq qiladi. Murabbiyning ishi ancha murakkab. Ochig'i, o'zim haqimda bu borada nima deyishni ham bilmayman. Asosiysi, murabbiylik ishiga bo'lgan mehrim bo'lakcha. Hozircha yordamchi sifatida bu sohadagi bilimlarim va tajribamni oshirib borishga intilyapman. Albatta, keyinchalik o'zimni mustaqil ravishda sinab ko'rish istagi yo'q emas. Bosh murabbiyning yordamchi sifatida futbolchilar bilan muloqot qilish chog'ida oltin oraliqni topishga harakat qilaman. O'zim oilada boshqacha muhitda tarbiya ko'rganim bois ish jarayonida o'yinchilarga baqirmaslikka, ular bilan janjallashmaslikka intilyapman. Qolaversa, o'zim ham bir paytlar xuddi ular kabi o'yinchi edim. Boz ustiga murabbiylar borasida omadim chopgan. Beskov va Romancev kabi buyuk mutaxassislar bilan ishlaganman. Ular qo'l ostidagi shogirdlari bilan qanday muomala qilishni bilardilar.
- Baribir, Yuriy Mixaylovich, sizga shu savol bilan murojaat qilishimga to'g'ri kelayotgani uchun meni kechirasiz: yoshingiz 46 da, qachon murabbiy sifatida mustaqil ish boshlaysiz?
- Darhaqiqat, bu kabi qo'yiladigan savolga dabdurustdan aniq va tayinli javob berish mushkul. Qolaversa, klubda bosh murabbiy sifatida ishlaysanmi yoki uning o'rinbosari rolini bajarasanmi, istalgan mahalda o'zgarishlar yuz berishi mumkin. Buni murabbiylar shtabida ishlaydiganlar xayolidan chiqarmaydilar. Agar ishlayotgan klubingning natijalari ko'ngildagidek bo'lmas ekan, istalgan daqiqada faoliyating butkul o'zgarib ketishi turgan gap. Albatta, shtabdagilardan ko'ra bosh murabbiyning zimmasiga katta masuliyat tushadi. U qo'l ostidagi shogirdlaridan tashqari, yordamchilari va jamoa prezidentidan tortib oddiy xodimlariga qadar o'zaro til topisha olishi kerak. Hozircha o'zimni bu roldagi ishga tayyorlab bormoqdaman. Umid qilamanki, bir kun mening ham bosh murabbiy sifatida ishlaydigan paytim boshlanadi.
- O'zbekistonda oxirgi marta qachon bo'lgansiz? Yurtimizning futboli haqida qanday malumotlarga egasiz?
- (Kuladi) O, O'zbekistonda oxirgi marta bo'lgan paytimda sobiq Ittifoq hali parchalanishga ulgurmagandi. O'shanda “Navbahor”ga qarshi o'yngandim. Sizlarda shunday jamoa bor, to'g'rimi?
- Ha...
- O'shanda o'yinchilik faoliyatimni endi boshlayotgandim. Jamoangiz menda yaxshi taassurot qoldirgan. Sizlardagi eng mashhur jamoa “Paxtakor” hisoblanadi. Bu klub sobiq Ittifoq davrida juda yaxshi o'yin namoyish etgan. Albatta, yurtingiz futboli haqida malumotlarga boy emasman. Lekin shuni aniq bilamanki, O'zbekistonda futbolni sevadilar.
- Har qanday terma jamoa jahon chempionatida qatnashishni orzu qiladi. Biz ham uzoq vaqtlardan beri shu orzu bilan yashayapmiz. Mutaxassis sifatida futbol olamida yuz berayotgan voqealarni kuzatib borishingizga shubha yo'q. Milliy terma jamoamiz JCH-2018 saralash bahslarining so'nggi raundiga yo'l oldi va endi Eron, Janubiy Koreya, Xitoy, Qatar va Suriya termalariga qarshi kurashadi. Bu borada imkoniyatlarimizni qanday taxmin qilgan bo'lardingiz?
- Ha, gapingiz rost. Kasbimiz taqozosiga ko'ra futbol olamidagi voqealardan xabardor bo'lishimiz kerak. Qolaversa, bu o'yinni yaxshi ko'rganim bois turli yangiliklarni o'tkazib yubormaslikka intilaman. Osiyo futboli ham juda qiziqarli. Boz ustiga sobiq Ittifoqdan ajralib chiqqan respublikalar terma jamoalarining ishtiroklarini kuzatib boraman. Tabiiyki, saralashning so'nggi bosqichida hammaga birdek qiyin bo'ladi. CHunki har qanday terma jamoa jahon chempionatida ishtirok etishni istaydi. Sizlarga raqib bo'lgan yurt vakillarining saviyasini yuqori deb o'ylayman. Menimcha, O'zbekiston terma jamoasi mahorat bobida raqiblaridan qolishmaydi. Ha, yurtingiz vakillarini Rossiya mezbonligida o'tadigan jahon birinchiligida ko'rish men uchun juda yoqimli bo'lardi. Terma jamoangizga so'nggi raundda faqat omad yor bo'lishini tilab qolaman.
- Rossiyada bo'lib o'tadigan jahon chempionatiga ham ikki yil qoldi. Ayting-chi, hozirdan yurtingizda mundial nafasi sezilyaptimi?
- Albatta. Axir bunday imkoniyat hammaga ham birdek nasib etavermaydi. O'yinchi sifatida jahon va Evropa chempionatlarida qatnashganman va bunday ulkan futbol bayramlarining ruhi menga yaqindan tanish. 2002 yili Janubiy Koreya va Yaponiyadagi mundialda, 1996 yili esa Angliyada o'tgan Evropa birinchiligida ishtirok etgandim. To'g'ri, hozircha bizda faqat qurilish ishlari ketyapti. Qaysidir manoda bu borada sukunat hukmronlik qilayotgandek tasavvur uyg'onadi. Lekin bu bamisoli bo'ron oldidagi sukunatga o'xshashib ketadi. Ayniqsa, JCH o'yinlari o'tkaziladigan shaharlardagi muhit o'zgacha bo'ladi. CHindan ham futbol bo'yicha o'tkazib kelinadigan jahon chempionati barcha muxlislar uchun haqiqiy bayramdir. Darhaqiqat, vaqt shitob o'tib bormoqda. Ikki yil ham juda tez o'tib ketishiga shubha qilmayman. O'yinchi sifatida mundialda qatnashish o'ziga yarasha sharaf bo'lsa, bunday ulkan futbol forumiga mezbonlik qilishning ahamiyati undan-da yuqori. Umid qilamanki, Rossiya pand berib qo'ymaydi.
- Har qanday kishi ertaga nima yuz berishini oldindan bila olmaydi. Aytaylik, ertaga sizga O'zbekistonda ishlash taklifi keldi... qanday yo'l tutgan bo'lardingiz?
- Sizni tushundim. Darhaqiqat, ertaga nima bo'lishini chindan ham hech kim bilmaydi. Boz ustiga boshdan baland sakrashning iloji yo'q. Agar menga shunday taklif bilan chiqadigan bo'lsalar, bundan faqat xursand bo'laman. Axir murabbiy xizmatiga boshqalar extiyoj sezadigan bo'lsalar, bundan faqat quvonadi. SHundoq ham yurtingizda rossiyalik mutaxassislar ishlaganlar. Hozir ham ishlayotganlar bo'lishi ehtimoldan holi emas. Qolaversa, yurtingizdagi o'yinchilar bizda to'p surgani kelganlar. Hozir ham bir necha nafar yurtdoshingiz Rossiyada o'ynamoqdalar va bu oxirgisi emas. Albatta, podadan oldin chang chiqarish yaxshi emas. Bazida shunday ish bilan shug'ullanadiganlar ham topiladi. Ular muxlislar o'rtasida Titov yoki Kovtun falonchi klubda ishlash uchun kelarmish, deya gap tarqatishga tushgan holda o'ziga xos piar uyushtirmoqchi bo'ladilar. Kishi avvalo har qanday holat yuzaga kelishi mumkinligini yodidan chiqarmasligi kerak.
- Do'stlaringiz orasida o'zbeklar ham bormi va ular bilan gaplashib turasizmi?
- O'z vaqtida “Paxtakor” bizga kelgan paytida bir yurtdoshingiz bilan tanishib qolgandim. U agent bo'lib ishlaydi. Telefon raqamini ham yozib olgandim, shekilli. Odil Ahmedovning agentini tanisangiz kerak, men o'shani nazarda tutyapman. “Paxtakor”ning sobiq o'yinchisi. O'z vaqtida u bilan bir dachada yashagandik. Menimcha, u SHaripov bo'lsa kerak...
- Agent Sanat SHaripovni aytyapsizmi?
- Yo'q, ismi sal boshqacha...Balki men sal adashtirib yuborayotgandirman. “Krasnodar”da o'ynayotgan Ahmedov bilan Oganesyanning yubileyida uchrashib qolganimizda u bilan gaplashgandim. Xullas, bu boradagi xotiralarim yo'q emas. (Aftidan, Kovtun Ilhom SHaripovni nazarda tuttgan shekilli.muallif).
- 2001 yili Jafar Irismetov Moskvaning “Spartak” klubida o'ynagandi. Baxtga qarshi uning bu klubdagi ishlari yurishib ketmagan. Uni eslaysizmi?
- Albatta, juda yaxshi eslayman. Juda yaxshi o'yinchi edi, u Oleg Romancevda iliq taassurot qoldira olgandi. Lekin negadir ishlari u qadar yurishib ketmagan. To'g'ri, uni jamoaga kelganidan keyin yo'qolib qolgan, deya olmayman. U CHempionlar ligasi doirasidagi o'yinlarda ishtirok etib, o'zini butunlay boshqacha saviyaga tushib qolganini sezgan. Boz ustiga o'sha kezlarda asosiy tarkibdan joy olish uchun raqobat yuqori edi. Yangi o'yinchi dastlabki uchrashuvlarda o'zini ko'rsata olmas ekan, ruhan cho'kib qoladi. Irismetov bilan ham shunday holat kuzatilgan. Lekin men uni o'z ishini yaxshi biladigan haqiqiy hujumchi sifatida eslab qolganman. SHunchaki, uning biroz omadi chopmagan xolos.
- O'zingiz yaxshi bilsangiz kerak, hozir Rossiyada bizning futbolchilar – Ahmedov, Denisov, Galiulin va Markovlar o'ynamoqdalar. Qolaversa, vatanimizda yosh va iqtidorli futbolchilar ko'p. Nima deb o'ylaysiz, keyinchalik ham o'zbek futbolchilari bu erga kelishda davom etadilarmi?
- Ha, bu jarayon bundan keyin ham davom etishiga shubha qilmayman. Buning uchun faqat malumotlar to'plash kerak xolos. O'ylaymanki, buning iloji bor. Ustiga-ustak har qanday klub tarkibga layoqaydlik o'yinchilarni jalb etishni xohlaydi.
- Yuriy Mixaylovich, sizning kumiringiz kim bo'lgan?
- Bilasizmi, o'yinchilik davrimda kimgadir tenglashishni, layoqayd borasida boshqalardan ortda emasligimni isbotlash payida bo'lardim. Men to'p surib yurgan kezlarda etuk futbolchilar juda ko'pchilikni tashkil etardi. Mening o'z ampluamda harakat qiladigan o'yinchilar ko'proq qiziqtirardi. Asosan italyan o'yinchilari sanalgan Maldini, Nesta va Kostakurtani ko'proq kuzatardim. Ularning o'yinini kuzatish asnosida o'zimga ham nimalarnidir kashf etishga intilardim.
- Biz va ishqibozlarga sizning futboldan tashqari xobbingiz borligi haqidagi malumotlardan voqif bo'lish qiziq bo'lardi...
- (Kulgancha) O'ynab yurgan kezlarimda ko'pincha safarlarda bo'lishimga to'g'ri kelgani bois uydagilarni qumsab qolardim. SHu bois iloji bo'lgan paytda uydan chiqmaslikka harakat qilardim. Futboldan tashqari nimanidir yoqtirish... menimcha, o'zimda bunday holatni sezmaganman. Murabbiy sifatida ishlayotgan bugungi kunlarda ham oilam davrasida bo'lish, qizimni erkalatishni yoqtiraman. Qolaversa, uy ishlari bilan shug'ullanish jonu dilim. Fursat topsam, Sankt-Peterburg va Moskva oralig'ida sayr qilishni yoqtiraman. Meni baliq ovlashni yoqtiradigan kishi deb hisoblamasligingiz ham mumkin (kuladi). Meni ko'proq osuda hayot qiziqtiradi. Bazida shahar chetidagi restoranda jimgina dam olishni maqul ko'raman.
- Tez orada futbol bo'yicha Evropa chempionati boshlanadi. Rossiya terma jamoasining qita birinchiligidagi imkoniyatini qanday baholagan bo'lardingiz?
- Albatta, terma jamoamizning qita chempionatidagi ishtirokini kuzatish juda qiziqarli bo'ladi. Boz ustiga jamoamiz saralash bahslari va o'rtoqlik maqomidagi uchrashuvlarda ancha o'sganini namoyish eta oldi. Sluckiyning qo'l ostida terma jamoamiz tajovuzkor o'yin ko'rsatmoqda. Vakillarimizning guruh bosqichida ancha engil raqiblarga to'g'ri kelib qolgani ham yaxshi bo'ldi. Lekin bunday maqomdagi turnirlarda kuchsiz jamoaning o'zi bo'lmaydi. Hammasi o'yinchilarning o'zlariga bog'liq. Asosiysi, chempionat boshlangunicha hali ancha fursat bor. Unga qadar tayyorgarlikni sezilarli darajada yaxshilab olish mumkin bo'ladi.
- Yuriy Mixaylovich, bu mening shaxsiy fikrim: Rossiya Kapelloni ishga taklif qilib bekordan-bekor katta pul sarflagani qoldi. Axir u terma jamoangiz uchun deyarli hech narsa qilmadi...
- Albatta, rus terma jamoasini mahalliy mutaxassis boshqargani yaxshi. Buni hamma ishqiboz xohlasa kerak. Kapelloga chindan ham katta miqdorda pul safrlandi. Hayotda hammaga birdek yoqishning iloji yo'q. Ehtimol, uning o'zi ham termamizdagi faoliyati bunday nihoyasiga etishini istamagan bo'lishi mumkin. Bo'lar ish bo'ldi, endi buni eslashdan foyda yo'q. Bir bosqich nihoyasiga etib, yangisi boshlangan. Endi yangi rejalarni amalga oshirish haqida o'ylash kerak. Buning uchun avvalo kelajak avlodning tarbiyasiga katta etibor berish zarur. Umuman, rivojlanishning har qanday bosqichiga etibor qaratish maqsadga muvofiq bo'ladi.
- Siz “Spartak”da etarli darajada uzoq o'ynagansiz. SHunday mashhur va sovrindor jamoaning oxirgi yillarda katta g'alabalarga erisha olmayotgani g'alati. Aytishlaricha, Romancevning qarg'ishi tekkan emish...
- (biroz ajablangan holda) Albatta, Romancev ishlagan chog'larida hammasi boshqacha yo'lga qo'yilgandi. Odatda bir davr nihoyasiga etib, navbatdagisi boshlanar ekan, bu hol o'z tasirini o'tkazmasdan qolmaydi. Qolaversa, o'sha paytlarda butun jamoa yaxlit mexanizmdek ishlagan, hozirgidek manfaatlar borasida ziddiyatlar yo'q edi. O'sha kezlarda hamma o'z ishi bilan shug'ullanardi. Klub mamuri zimmasidagi, o'yinchilar esa o'z vazifalarini bajarish payida bo'lardilar xolos. Bu esa o'z navbatida natijalarning barqarorligiga olib kelardi. Keyin esa “Spartak”da o'zgarishlar boshlanib ketdi va avvalgi jarayon izdan chiqdi. Ayniqsa, chetdan juda ko'p xorijiy o'yinchilarni olib kelishga urg'u berilmoqda. Avvallari esa bunday emasdi. Endi chetdan kelganlar qisqa fursat to'p suradi-da, o'yini chiqmay qolsa jamoani tark etadilar. Bunday qo'nimsizlik bilan uzoqqa borish amrimahol. Hamma bir-birini yaxshi tushunib ishlagan taqdirda natijalar o'zini kuttirib qo'ymaydi. Bunday holat murabbiylar borasida ham ko'zga tashlanyapti. Bir mutaxassis klubda yarim yil ishlagach ortga qaytsa, uning o'rniga kelgan odam ham uzoq ishlamasdan ketib qolmoqda. Bunday vaziyatda jamoadagi futbolchilarga ham oson tutib bo'lmaydi.
- Futbolda simulyacilar istasangiz-istamasangiz, ko'zingizga tashlanaveradi. SHu soha vakili sifatida videotakrorlardan foydalanish g'oyasiga qanday qaraysiz?
- Bizning davrimizda ham kurash qizg'in kechar, bazida bunday g'irromliklar ko'zga tashlanib qolardi. Biroq oxirgi paytlarda o'yinni shunday yuritishni istaydiganlar ancha ko'payib qolgan. Albatta, aksariyat futbolchilarni ham bundaylar sirasiga kiritish to'g'ri kelmaydi. Zamonaviy futbolda hamma narsa juda tez yuz bermoqda. Umuman aytganda, o'yinchilar chog'ida videotakrorlardan foydalanish borasidagi g'oyaga qarashim ijobiy. SHuning evaziga bahs chog'ida mojaroli holatlar yuzaga kelishini oldini olish mumkin. Yana qaytaraman: futbol maydonida voqealar rivoji bamisoli chaqmoq tezligida yuz beradi. FIFA va UEFA buni bir ovozdan qabul qiladigan bo'lsa, videotakrorlardan foydalanish ayni muddao bo'lardi.
- Agar sizga futboldagi qoidalardan birini o'zgartirish imkoniyati havola qilinsa, nimani o'zgartirgan bo'lardingiz?
- (Kuladi) Juda qiziq va shu bilan birga kishini o'ylantirib qo'yadigan savolni berdingiz-da! Ehtimol, men maydondagi hakamlar sonini yanada oshirgan bo'larmidim... Umuman olganda, futbolda hakamlar tomonidan yo'l qo'yadigan xatolar ko'payib ketdi. SHunday qilinsa, bunday xatolar ozaygan bo'larmidi?..
- Sobiq Ittifoq parchalanib ketganidan so'ng Rossiya va Ukrainani istisno qilib aytganda, sizningcha, uning hududida bo'lgan qolgan respublikalarning orasida futbol qay birida ko'proq rivojlanmoqda: Gruziyadami, Moldaviyadami, Belorussiyadami yoki O'zbekistondami?
- Bilasizmi, bunday paytda taqqoslash biroz qiyin. Nazarimda, Belorussiyada futbol boshqalarga nisbatan ancha rivojlanmoqda. “BATE” chempionlar ligasida tez-tez ishtirok etib keladi, belorussiyalik o'yinchilarning saviyasi ham chakki emas. Qolganlarga nisbatan Gruziyadagi rivojlanish unchalik yuqori emas, nazarimda. Futbol qaerda qay tariqa rivojlanayotganini milliy terma jamoaning ishtirokidan bilib olsa bo'ladi. Umuman aytadigan bo'lsam, MDHdagi terma jamoalarning saviyasi bundan keyin ham o'sishi tarafdoriman.
- Vaqt ajratib savollarimizga javob qaytarganingiz uchun rahmat. Suhbatimiz oxirida o'zbekistonlik futbol ishqibozlariga qanday tilaklar bildirgan bo'lardingiz?
- Asosiysi, muxlislaringiz sevgan klublari va milliy terma jamoangizni qo'llab-quvvatlashda davom etsinlar. Futbol aynan muxlislar uchun o'ynaladi. Umid qilamanki, sizlar ham futbol borasida ko'zlagan niyat-maqsadlaringizga erishasizlar. Barchangizga omad yor bo'lsin! O'z navbatida telefon raqamlarimni topib bo'lsa ham mendan intervyu olishga harakat qilganingiz uchun sizga ham rahmat aytmoqchiman.
FIRDAVSXON suhbatlashdi.
Fikrlar