So’nggi yangiliklar

12:58Мадуэке: "Арсенал" билан иштирок этадиган барча мусобақаларимда ғолиб чиқишни истайман"  0 12:27ПСЖ "Ювентус" юлдузини нишонга олди  0 11:47"Милан" ПСЖ футболчисига даъвогарлик қилмоқда  0 11:20Кападзе, Лёв, Билич – кимнинг ўйин услуби Ўзбекистонга мосроқ?  44 10:29"Динамо" Беларусда учта ўртоқлик ўйини ўтказади  2 10:05"Эсхата" устози Шуҳрат Умаров: "Шацкихга омад, ОЧЛда "Андижон"га мухлислик қиламиз"  0 09:43"Хоразм" назорат учрашувида "Бунёдкор" ўринбосарлари билан дуранг ўйнади  1 09:22Иззатилло Пўлатов: "Халқимиз қўллаб-қувватлаб турса, барчасига бирга эришамиз"  1 08:46Одил Ҳамробеков "Трактор"да норасмий дебютини ўтказди  0 08:21"Манчестер Юнайтед" беш футболчига базага киришни тақиқлади — клуб улардан воз кечмоқчи  9 08:00"Финалиссима-2026": Испания ва Аргентина ўртасидаги супероқшом март ойида бўлиб ўтади  2 07:35Мутолаа учун. Раньери, Моуриньо, Карпин. Шомуродов энди туркиялик мураббий билан ишлайди. Аввалги мутахассислар билан қандай саргузаштлар бўлган?  2 01:17Максим Шацких: “Трансфер ойнаси ёпилгунича 2-3 нафар янги ўйинчи оламиз”  7 00:55"Андижон" назорат ўйинида Тожикистон жамоасини мағлуб этди  3 00:41Футболга қайтиш муборак: "Байер" Эрик тен Хагнинг дебют ўйинида йирик ҳисобда мағлуб бўлди  7

Yangi yil xayollari Yangiliklar

Yangi yil xayollari

2013 yil ham tezda o'tib ketdi. Futbolimizda bu davr ichida g'alabalar va mag'lubiyatlarga guvoh bo'ldik. Bayram arafasida xorijdagi OAV xodimlari turli kulguli va hazilomuz maqolalar, intervyularni taqdim etishadi.
CHunki xush kayfiyat ulashish bayramning yanada yaxshi o'tishiga yordam beradi. SHuni inobatga olib, 2014 yilgi mavsumda futbolimizda kuzatilishi mumkin bo'lgan voqealarni tuzib chiqishga qaror qildik. Albatta, hazil tarzida. Bu kayfiyatingizni ozgina bo'lsa-da ko'tarsa, bundan xursand bo'lamiz.

YANVAR
Oy boshi: PFL direktori Farhod Magometov kelishilgan o'yinlarga qarshi jiddiy kurash boshlanganini malum qiladi. SHunday shubha tug'ilgan uchrashuvlar ishtirokchilarini keskin jazolar kutib turganini takidladi. PFL har bir o'yinni kamida 6ta kamera yordamida tasvirga tushirib, uni maxsus guruh o'rganib chiqishga qaror qilgan. Hakamlarga bo'lgan nazorat kuchaytirilib, ularning har bir xatolarini muxlislar uchun tushuntirib beradigan bo'lim faoliyat boshlaydi.

Oy o'rtalari: 30 yoshdan oshgan futbolchilar bilan shartnoma imzolamasligini malum qilgan “Neftchi” rahbariyati Pirlo, Xavi va Klozening farg'onaliklar safida o'ynash taklifini rad etadi.

Oy oxirlari: Murabbiylar o'zlari istagan yuqori saviyali futbolchilarni jamoalariga taklif eta olishmaganidan shikoyat qilishni boshlashadi. Xuddi bunday o'yinchilar oliy ligada to'lib yotgandek.

FEVRAL
25-26 fevral: Oliy liga klublari PFLga futbolchilarni ro'yxatdan o'tkazish jarayonini tugatishmoqda. Mavsumni zaxira o'rindig'ida kuzatishini bilgan o'yinchilar bir taklif kiritishadi. Unga ko'ra, uchrashuv mobaynida futbolchilarning shug'ullanishlarini taqiqlash. Ular zaxira o'rindig'ida issiq joylarini sovutmaslik maqsadida PFLdan shunday qaror qabul qilish kerakligi haqida iltimos qilishadi. Imkon bo'lsa, zaxirada o'tirgan futbolchilarning telefondan foydalanishga ruxsat berilishi, barcha stadionlarda esa internet ishlashi zarurligini talab qilishni boshlashadi.

27 fevral: O'rtoqlik uchrashuvidagi mag'lubiyat tufayli “SHo'rtan” bosh murabbiyini o'zgartirishga qaror qiladi. Futbolchilar hamisha ruhiy yuqori kayfiyatda turishi uchun g'uzorliklar “har turga yangi murabbiy” g'oyasini ishlab chiqadilar.

28 fevral: OCHLning birinchi turida yaxshi natijalar qayd etgan klublarimiz etakchilarini raqib jamoalarga sotib yuborishga rozi bo'lishadi. Buning sababini ular oliy ligada raqobatni kuchaytirish va jamoalar holatini tenglashtirish uchun deb aytib o'tishadi. Muxlislar esa o'tgan mavsum boshqa jamoada o'ynagan futbolchilarning boshqa klub safida ekanligini ko'rib, ro'yxatdan o'tish noto'g'ri yozilgan degan xayolga borishadi.

MART
1 mart: Toshkent shahri klublarida o'ynayotgan farg'onalik futbolchilarning soning ko'payib ketishi natijasida poytaxtdagi stadionlarga muxlislar tashrifi sezilarli darajada oshadi. Sarkisyan, Saidov, Berdiev va Po'latovning “Bunyodkor”dagi debyut o'yiniga “Neftchi”ning Farg'onadagi uchrashuvidan ko'proq ishqibozlar kelishadi. Malum bo'lishicha, farg'onalik ashaddiy muxlislar Sarkisyan hamda futbolchilar tufayli “qaldirg'ochlar” bahslariga tashrif buyurishni boshlashgan.

2 mart: CHempionatdagi kutilmagan mag'lubiyat sababli “Lokomotiv” PFLdan transferlar uchun qaytadan imkoniyat berish va jamoaning qishki barcha transferlarini bekor qilishni so'raydi.

10 mart: Xorij totalizator saytlarida oliy ligadagi ikki uchrashuvga juda ko'p miqdorda pul tikilgani to'g'risida malumot paydo bo'ladi. Aybdorlarni aniqlash va qatiy jazo berishga ahd qilgan PFL bir necha kun o'tib, yakuniy qarorni elon qiladi. Unga ko'ra, jurnalistlarga shunday totalizator saytlar bilan bog'lanib, qaysi o'yinlarga shubhali miqdorda pul tikilganini aniqlash taqiqlanadi. Malumotlarni olib, oshkor etgan jurnalistlar oliy liga bellashuvlarini yoritishdan rasman mahrum qilinadi.

16 mart: CHempionatning uchinchi turiga kelib, muxlislar orziqib kutgan voqea yuz beradi. O'zbekistonlik hujumchilar mavsumdagi ilk gollarini aynan shu turga kelib nishonlashadi. Ishqibozlar haqiqiy bayramni boshlab yuborishadi.

26 mart: Oliy liga o'yinlaridan birida “Mashal” sardori yoniga bir muxlis ikki bor yugurib tushadi. Unga buni amalga oshirishga hech kim to'sqinlik qilmaydi. Keyinroq o'sha muxlis aslida yaxshilab grim qilingan bosh murabbiy ekanligi malum bo'ladi. Mezbonlar ustozi diskvalifikaciya tufayli uchrashuvni zaxira o'rindig'ida kuzatishdan mahrum etilgandi.

APREL
7 aprel: “Navbahor” rahbariyati pulni iqtisod qilish maqsadida futbolchilarga ular g'alaba qozonmaguncha oylik maoshlar to'lanmasligini elon qiladi. Biroq shundan so'ng namanganliklarning mag'lubiyatsiz seriyasi boshlanib ketadi. Stadion avvalgidek muxlislar bilan to'ladi.

12 aprel: Milliy terma jamoamizning Evropa grandlaridan biriga qarshi o'rtoqlik uchrashuvi o'tkazishi haqida xabarlar paydo bo'ladi. Biroq keyinchalik Gollandiya terma jamoasi rad javobini oladi. Bunga o'yinning boshlanish vaqti “Terma jamoalar markazi”ga maqul bo'lmagani sabab ekanligi aytib o'tiladi. SHu tariqa gollandiyalik muxlislar alamda qolishadi.

22 aprel: O'rtacha byudjetga ega bo'lgan klublardan birining rahbari pulni o'zlashtirib yuborayotgan kompaniyalar direktori haqida badiiy filmga g'oya beruvchi maslahatchi sifatida taklif etiladi. Biroq rejissyor o'sha rahbarning ismini oshkor etishga rozi bo'lmaydi. PFL esa rejissyordan futbolga oid ishlarga aralashmaslikni so'raydi.

30 aprel: Qashqadaryo derbisida “Nasaf”ga qarshi bahsda “Mashal” safida akademiya tarbiyalanuvchilaridan faqat Sanjar Quvvatov maydonga tushadi. Bundan norozi bo'lgan ishqibozlar jamoa rahbariyati bilan ochiqchasiga suhbatlashib olishadi. Keyingi o'yinlarda Xomyakov mahalliy futbolchilarga ishonch bildiradi va jamoa uzoq kutilgan g'alabaga erishadi.

MAY
11 may: Hakamlar uchrashuvlarda ko'plab xatolarga yo'l qo'yishadi. Buni esa hakamlar departamenti tribunalarda o'tirgan ishqibozlarning turli hayqirishlar bilan ularning diqqatni bir joyga jamlashga xalal berayotgani bilan izohlaydi. Bunga javoban referilarga quloqni maxsus asbob yordamida to'sib olishlari tavsiya etiladi. Futbolchilar ham bu fikrni quvvatlashadi. Hakamni haqorat qilgani uchun beriladigan kartochkalar soni keskin kamayib ketadi.

21 may: “Paxtakor” 11 nafar tarbiyalanuvchilarni asosiy tarkibda maydonga tushirib, raqibini yirik hisobda taslim qiladi. Biroq boshqa klublar muxlislari “Paxtakor” o'sha yoshlarni o'yinga tayyorlashda mukofot uchun katta pul elon qilganini aytib o'tishadi. Legionerlarning sust harakatlaridan to'ygan boshqa jamoalar murabbiylarini “sherlar”ning o'yinchi tarbiyalash tizimini o'rganish uchun Toshkentga yuborishadi. Ularga ish uslubini o'rganishdan tashqari Toshkent klublari akademiyasida tahsil olayotgan o'sha viloyatlik o'yinchilarni qaytarib olib kelish vazifasi ham yuklatiladi.

25 may: Maktab bitiruvchilariga bag'ishlangan ko'rsatuvlarda ko'plab futbolchilar chiqish qilishadi. Kutilmaganda ular ko'rsatuv mobaynida sinfdosh sifatida o'zlaridan 3-4 yil ilgari tug'ilganlarni eslab o'tishadi. Aniqrog'i, o'sha o'yinchilarning sinfdoshlari uni maktabga qaysi yilda kelganini aniq aytib o'tishadi. Vaholanki, o'sha paytda futbolchi 3 yoki 4 yoshga kirgan bo'ladi. Bunday holat ko'pchilik ishqibozlarda ko'rsatuvga bo'lgan qiziqishni oshirib yuboradi. Biroq bu borada aniq javob olishning imkoniyati bo'lmaydi. Futbolchi yoshligidan “vunderkind” bo'lgan degan fikr uyg'onadi xolos.

IYUN
6 iyun: Jahon chempionati o'yinlari translyaciyasini sotib olganligini elon qilgan MTRK oliy liga uchrashuvlarini namoyish etishni deyarli to'xtatib qo'yadi. Ularning fikricha, oliy liga bellashuvlari ko'rsatilishi uchun PFL yoki klublarning o'zlari pul to'lashlari zarur.

16 iyun: Birinchi davra yakunlanishi arafasida yana Toshkent derbilari kuzatiladi. Bu safar barcha klublar tarkibi to'liq bo'lgani tufayli yana avvalgi yillardagi shiddat qaytadi. Lekin poytaxtlik ishqibozlar o'zaro kelishgan holda keskinlikni tribunalarga ko'chirmaslikka qaror qilishadi. Natijada bellashuvlar mobaynida ular raqib jamoa azolari va muxlislarini umuman haqorat qilishmaydi. Bunday ajoyib holat futbolchilarning ham olqishlariga sazovor bo'ladi.

21 iyun: Qarshi va Andijonda muxlislarning o'ta kuchli bosimiga duch kelayotgani sababli hakamlar mehmon jamoalardan o'yin mobaynida qo'pollikni 10 martadan oshirmaslikni iltimos qilishadi. Bundan ko'ngli tushib ketgan markaziy himoyachilar mehmonda bu klublarga qarshi bahslarda maydonga tushishdan bosh tortishadi.

IYUL
21 iyul: O'zbekiston Kubogi bahslarini tomosha qilish uchun stadionlarga muxlislar tashrif buyurishmaydi. Faqat ishqibozlar emas, balki bazi jamoalar futbolchilari ham jahon chempionati bellashuvlarini ko'rishgani sababli o'yinga zo'rg'a etib kelishadi.

25 iyul: “Qizilqum” taklif etgan legionerlardan biri bilan shartnomani bekor qiladi. Bosh murabbiy buning sababini o'sha futbolchi nuqul jarohat olib, futboldan ko'ra tibbiyotning rivojlanishiga ko'proq hissa qo'shayotgani bilan izohlab o'tadi. Bu paytga kelib o'rtamiyona va autsayder klublar mavsum boshlanishidan avval chaqirilgan xorijlik futbolchilarga javob berib, ularning o'rniga zaxirada o'tirish uchun boshqa o'yinchilarni taklif qilishadi.

29 iyul: Olimpiya terma jamoasi tarkibiga saralash bahslarida ishtirok etish uchun “Paxtakor”ning 10dan ortiq futbolchisi taklif etiladi. Natijada jamoa yozgi yig'inni ham asosiy tarkibning bir qator o'yinilarsiz o'tkazishga majbur bo'ladi. 1997 yilda tavallud topgan akademiya tarbiyalanuvchilaridan bazilari asosiy tarkib mashg'ulotlariga qo'shiladi. Boshqa jamoalar OAVning terma jamoalarga futbolchi tayyorlab bermayotgani haqidagi etirozlarga aynan shunday vaziyatga tushib qolishni xohlashmasligi bilan javob qaytarishadi.

AVGUST
1 avgust: “Olmaliq” bosh murabbiyi Igor SHkvirin birinchi ligadan birato'la 7 nafar futbolchini jamoasiga taklif qiladi. Eng qizig'i, olmaliqliklar o'sha o'yinchilarning hammasini bir bahsda maydonga tushirib, raqibni dog'da qoldirishadi. SHundan keyin oliy va birinchi liga o'rtasidagi farq unchalik katta emasligi, futbol juda yaxshi rivojlanib borayotgani “Sport” telekanali ko'rsatuvlarida mehmon bo'lgan mutaxassislar tomonidan aytib o'tiladi.
Xuddi shu kuni oliy liga klublari futbolchilari oliy o'quv yurtlariga imtihon topshirish borasida rekord qayd etishadi. Ro'yxatdan o'tkazilgan o'yinchilarning 23 foizi kirish imtihonlarida qatnashishadi.

14 avgust: “SHo'rtan”ning oliy ligadan tushib ketishi yuqori ligada murabbiylar almashinuvi sezilarli darajada pastlashiga olib keladi.

17 avgust: Milliy terma jamoamiz nihoyat o'rtoqlik uchrashuvida maydonga tushadi. Raqib Osiyoning yaxshi jamoalaridan biri sanalgan Indoneziya bo'ladi. Navbatdagi raqib esa Guam, Seyshel orollari yoki Gibraltardan biri bo'lishi elon qilinadi.

SENTYABR
3 sentyabr: Oliy liga keskin pallaga kiradi. Terma jamoaga nomzod hujumchilar yana gol urishni boshlashadi. Ular gollarini o'zlarini ayovsiz tanqid qilgan ashaddiy muxlislarning oldiga borib nishonlashadi. “Gol urishni bilaman”! Ular gazetaga shu tarzda intervyu berishadi.

20 sentyabr: Pishur to'purarlar bahsini qizdirish uchun o'zi urayotgan gollarni jamoadoshlari nomiga yozishni taklif kiritadi. Iskanderov esa hujumlarni keskinlashtirish va gol bilan yakunlangan hujumlarni boshlab berish bo'yicha yangi rekord o'rnatadi. Gevorkyan jarima maydoniga qanotdan eng ko'p aniq to'p oshirish, Jasur Hasanov qanotdan eng ko'p to'p oshirgan futbolchiga aylanadi.

OKTYABR
5 oktyabr: Azamat Abduraimov boshchiligida “Andijon” hujumchilari ofsaydga tushib qolish va eng ko'p yiqilish borasida boshqalar uchun etib bo'lmas ko'rsatkich qayd etishadi. Ro'ziqul Berdiev esa shogird yarim himoyachilarini mashg'ulotlarda aniq pas berish, Zafar Xolmurodov hujumchilarni vaziyatlardan unumli foydalanish borasida ortda qoldirishadi.

21 oktyabr: “Lokomotiv” “Navbahor” bilan bahsda raqib darvozasiga 83 bor zarba berib, 94 foiz vaqtda to'pga egalik qiladi va 87 foiz vaqt davomida raqib maydoni tarafda o'ynaydi. Uchrashuvda namanganliklar 1:0 hisobida zafar quchadi.

NOYABR
5 noyabr: “So'g'diyona” va “Buxoro” o'z maydonida ochko to'plash bo'yicha oxirgi yillardagi rekordni qayd etishadi, biroq jadvalda o'rta pog'onalardan yuqoriga ko'tarila olishmaydi.

19 noyabr: CHempionat yakunlanadi. “Lokomotiv” va “Paxtakor” mavsum mobaynida raqib darvozalari sari mingdan ortiq zarba yo'llashadi. Vaziyatlardan foydalanish darajasi 5 foizni tashkil qiladi.

26 noyabr: Milliy terma jamoamiz Avstraliyada o'tadigan Osiyo Kubogiga yakuniy tayyorgarlikni boshlab yuboradi. Biroq faqat mahalliy futbolchilar bilan. Legionerlar dekabr o'rtalarida etib kelishadi. SHu sababli “Terma jamoalar markazi” o'rtoqlik uchrashuvlari tashkil etish fikridan voz kechadi.

DEKABR
10 dekabr: OCHLga qura tashlanadi. Kutilmaganda O'zbekistonning uch jamoasi bir guruhdan o'rin egallaydi. SHundan keyin OFK qura mexanizmini o'sha erning o'zida bekor qiladi va klublar nomini bir qog'ozga yozib olib, guruhlarga taqsimlab chiqishga majbur bo'ladi. Muxlislarimiz OCHLda ilk o'zbek derbisini ko'rish imkoniyatidan mahrum bo'lishadi.

20 dekabr. “Paxtakor”, “Bunyodkor” va “Lokomotiv” milliy terma jamoaga futbolchilari ko'p taklif etilgani tufayli qishki yig'inni yanvar oxirida boshlashga qaror qilishadi.

Yozib o'tganlarimiz bayram oldidan o'quvchilarimiz kayfiyatini xush etish edi. Umid qilamizki, klublarimiz bunga jiddiy munosabatda bo'lib, etiroz bildirishmaydi. CHunki bularning barchasi hazil. 2014 yilda futbolimizni g'alabalar tark etmasin! Yangi yil barchangizga omad va baxt keltirsin!

Behzod NAZAROV.
Reyting:    

Fikrlar

championat.asia
< so’nggi yangiliklarni ko’rish
Яндекс.Метрика