So’nggi yangiliklar

17:15Тер Штеген – "Барса"да сардорлик учун асосий номзод  0 16:48"Хоразм" бир қатор футболчиларни сафига қўшиб олди  1 16:28"Манчестер Сити" янги мавсум учун захира либосини тақдим этди  0 15:59ФИФА Олимпиада ўйинларидаги воқеаларни текшириш учун эксперт тайинлади  0 15:34Тимур Кападзе: "Мисрнинг кучли томонлари ва имкониятларини яхши биламиз"  9 15:12Иброҳимҳалил ОТЖ лагерини тарк этди, унинг ўрнига бошқа ўйинчини қўшиш мумкинми? Кападзе жавоб берди  23 14:59"Манчестер Юнайтед" Уан-Биссакани Дюмфрисга алмаштирмоқчи  4 14:37Париж-2024. Ўзбекистон Мисрга қарши қандай либосда майдонга тушиши маълум  9 14:15АПЛ клублари "Лион" ҳимоячисига даъвогар  1 13:50Симонс "Лейпциг" ва "Бавария"дан бирини танлади  1 13:23"Арсенал" Евро-2024'да ёрқин ўйин кўрсатган ярим ҳимоячининг трансфери борасида музокаралар ўтказмоқда  1 12:57"Ньюкасл" ҳимоячиси Саудия Арабистони чемпионатига ўтиши мумкин  1 12:29Расман: "Комо" ироқлик иқтидор билан шартнома имзолади  1 12:04"Андижон" янги аъзоси Абинур Нуримбет: "Келажакда Қозоғистон миллий терма жамоаси либосида майдонга тушишни истайман"  3 11:39ПСЖ Франция терма жамоаси дарвозабонига қизиқмоқда  2

Xo'rozqand chet elniki desa... Yangiliklar

Xo'rozqand chet elniki desa...

Legionerlar futbolning bir qismi va bizda eng og'riqli nuqtalardan biri desak mubolag'a bo'lmaydi.

FIFA aralashuvidan keyin klublarimiz xorijlik murabbiy va futbolchilarga qancha pul to'laganining aniq miqdorini hech kim hisoblab bormasa kerak. Lekin gap milliardlab so'mlar va yuz minglab dollarlar haqida borishi aniq. Dollardagi miqdor ham milliondan ortishi mumkin edi (FIFA “Navbahor” klubiga sobiq bosh murabbiy Kanchelskisga 1 million 600 ming dollar to'lash majburiyatni yuklagandi), lekin “Navbahor” Kanchelskis bilan muammoni tinchlik yo'li orqali hal qildi va muxlislar tashvishlanib kutgan bankrot hodisasi sodir bo'lmadi. Klub buni qay tariqa uddaladi va xorijlik murabbiyga oxir-oqibat qancha miqdorda mablag' to'landi, bizga qorong'u. Lekin “Bunyodkor” klubi asli rossiyalik mutaxassis Sergey Lushan, shuningdek ukrainalik futbolchi Sergey Simonenkoga 1 milliard so'm atrofida tavon puli to'lagani matbuotda elon qilingan. Simonenko milliy chempionatimizda bor-yo'g'i 5 uchrashuvda maydonga tushgan va oylik hamda mukofot pullaridan tashqari yarim milliardga yaqin tovon puli olgan. Lushan ham ishlagan paytlarda bosh murabbiy sifatida eng katta maosh va mukofot pullari olgan. Ketgach esa, u ham klubni yarim milliardga tushirib ketgan.

Lekin, futbolimiz tarixida umuman maydonga tushmay tovon puli olganlar va olayotganlar ham bor. "Nasaf" 2020 yilgi mavsumga tayyorgarlikni Antalyada o'tkazgan. Aynan Turkiya yig'inida jamoaning bugungi etakchisi, serbiyalik Marko Stanoevich hamda franciyalik Abdelaye Diakite ko'rikdan o'tishgan. Keyinchalik, ko'rikda yaxshi taassurot qoldirgan Stanoevich “Nasaf” safiga qo'shilgan. Diakite esa murabbiylar shtabiga maqul kelmagan va unga javob berib yuborilgan. Biroq futbolchi o'zbek klubining ustidan FIFAga arz qilgan. Uning takidlashicha, Antalyada "Nasaf" vakillari Diakite bilan 1 yillik shartnoma tuzishgan. Ammo, malum muddatdan keyin bitim 1 tomonlama bekor qilinganini aytib, uni ketkazib yuborishgan. SHu bo'yi, asli malilik bo'lgan Diakite "ajdarlar" lagerida boshqa ko'rinish bermadi. FIFA esa bu ishni o'rganib chiqqani holda 31 yoshli himoyachini haq deb topgan va qashqadaryoliklarga xat yuborib, 45 kun ichida Abdelayening hisob raqamiga 100 ming dollar atrofida mablag' o'tkazib berishni talab qilgan. Oxir-oqibat “Nasaf” klubi vakillari Abdelaye Diakite bilan tinchlik bitimi imzolashdi va uni pulni bo'lib to'lashga rozi qilishdi. Bizdagi malumotlarga ko'ra, franciyalik futbolchiga hozirda 40 ming dollar to'lab berilgan, qolgan summa esa noyabr oyigacha to'lanishi lozim. SHu tariqa, hayotida O'zbekistonga qadam bosmagan futbolchi, klubdagi noprofessionallar tufayli 100 ming dollar pulimizni cho'ntagiga solayapti.


“Buxoro” klubida ham shunga o'xshash holat sodir bo'lgan. 2021 yil boshida Turkmanistondan Raxat Japarov ismli darvozabon taklif qilingan va u bilan shartnoma imzolangan. CHempionatda bitta ham o'yin o'tkazmagan Japarov kubok baxslarida 2 bor jamoa darvozasini qo'riqlagan va o'z darvozasidan 3 bor to'p olib chiqqan. SHundan so'ng klub bosh direktori Usmon Toshev darvozabon bilan shartnomani bir tomonlama bekor qilgan. Japarov yil oxirigacha to'lanishi lozim bo'lgan mablag' borasida FIFAga arz qilgan va tashkilot uni himoya qilgan. Natijada “Buxoro” klubi turkmanistonlik darvozabonga 10 ming dollardan oshiq mablag' to'lab, muammoni hal qildi.

SHuningdek, FIFA aralashuvidan keyin “Surxon” serbiyalik Vladimir Bubanyaga 42 ming dollar, “Andijon” yana bir serbiyalik Radoslav Aleksichga 20 ming evro to'lashga majbur bo'ldi. Bunday misollarni ko'plab keltirish mumkin, lekin gap sonda emas – tizimda. Klub rahbarlarining yoki bilmay, yoki bilib turib shu ishga qo'l urayotganligi va buning uchun ularda hech qanday javobgarlik yo'qligi – muammoning ildizi ana shunda. Sababi, tovon puli yoki kompensaciya miqdorini klub rahbarlari o'z cho'ntaklaridan to'lashmaydi. Nari borsa, ishdan ketishadi va keyingi rahbar baribir qarzlarni to'lash uchun mablag' qidirishga majbur bo'ladi, aks xolda klub FIFA sankciyasiga duchor bo'ladi.


Ayniqsa, yirik korporaciyalar va hokimiyatlarga qaram klublarda bu narsa odatiy xolga aylangan va buning uchun hech qanday javobgarlik yo'q, yuqorida aytganimizdek, klub rahbari nari borsa ishdan ketadi. Masalan, Lushan va Simonenkolar bilan shartnomalarni “Bunyodkor” FK sobiq bosh direktori Baxtiyor Boboev imzolagan. Ularga tovon puli to'lash esa hozirgi bosh direktor Ulug'bek Mirzaev zimmasiga tushgan. Xuddi shunday vaziyat “Buxoro”da ham kuzatilgan. Murabbiylikda yordamchilari Daler Kayosov va Alisher To'ychiev, shuningdek futbolchi Tohir Malado'stov bilan shartnomalarga Usmon Toshev qo'l qo'ygan, ularga tovon pulini to'lash esa hozirgi rahbar O'tkir Qodirovga yuklatilgan. O'zbekistonga qadam bosmagan franciyalik futbolchi bilan shartnomani “Nasaf” bosh menejeri Sergey Kucherenko imzolagan, noyabr oyigacha qolgan mablag'ni esa hozirgi rahbar Alisher Yusupov topib berishi lozim.


Legionerlar bilan muammolar yuzaga kelishi, ular atrofida aylanadigan katta mablag'ga ham borib taqaladi. Bizda xorijda ishlaydigan skautlarimiz yo'q. SHu bois ham xorijiy futbolchilarni odatda ularning agentlari taqdim etishadi. Qishki yig'inlarda ularning ketmoni rosa uchadi. Qaysi jamoalarda qaysi poziciyalarga o'yinchilar kerakligini o'rgangan agentlar “aynan shu futbolchi shu joyga xos va mos” deb xorijiy futbolchini tiqishtirishadi. Uni shunday taqdim qilishadiki, faqat omadsizlik tufayli ular “Real” yoki “Barselona”ga qabul qilinmagan, aslida bu futbolchilar top klublarda o'ynashga arzishini aytib ishontirishadi. O'xshab qolgan chiroyli gollari yoki paslari yozilgan videolavhalarni qayta-qayta ko'rsatishadi. Yaxshi futbolchi uchun ortiqcha urinish yoki reklama shart emas. Murabbiy uni yig'inda kuzatadi va yaxshi taassurot qoldirsa, klub rahbariyatiga ushbu futbolchi bilan shartnoma tuzishni so'raydi. Lekin odatda, muammolar o'rtamiyona yoki bozor tili bilan aytganda “sifatsiz mahsulot”lar tufayli kelib chiqadi. Ularni klublarimizga qabul qilinishining mexanizmi oddiy: agent klub rahbari yoki bosh murabbiy bilan til biriktiradi va ularga o'z mijozini qabul qilishni, evaziga o'rtada vositachilik haqqi borligiga ishora qiladi. “G'oyibdan kelgan pul” bazilarni yo'ldan uradi va qarabsizki, futbolchi klub bilan shartnoma imzolaydi. 

Futbol olamida “legioner mahalliy futbolchidan bir bosh ustun bo'lishi kerak” degan qoida doim takidlanadi. Lekin bunga har doim ham amal qilinmaydi. Buni maqola yakunidagi statistikadan ko'rish ham mumkin. Men bu bilan futbolimizga legionerlar kerak emas degan fikrdan yiroqdaman. Bitta Rivaldoni kelishi yosh futbolchilarimizga qanday motivaciya berganiga barchamiz guvoh bo'lganmiz. SHuningdek, O'zbekiston chempionatida jami 6 nafar legioner mavsum to'purariga aylangani ham fakt. Bular Rivaldo, Milosh Trifunovich, Oleksandr Pishur, Artur Gevorkyan, Tiago Bezerra va Dragan CHeran. So'nggi 4 yilda to'purarlar faqat xorijiy futbolchilardan bo'layotgani ham bizda bu borada sifatlilari borligidan darak beradi. Lekin ularning bari “Paxtakor”dan ekanini inobatga olsak, bu birinchi navbatda klubning baquvvat homiylari o'sha paytda yorqin legionerlar uchun katta mablag' sarflashgani natijasida vujudga kelganiga guvoh bo'lamiz. Bezerra ham shu maqsadda transfer qilingan, CHeran ham “Nasaf”dan shu maqsadda olingan.


Xorijiy mutaxassislarni jalb qilish usuli ham futbolchilarnikiga o'xshab ketadi. Bu yilgi Superligada 5 nafar xorijiy murabbiy ro'yxatdan o'tgan va ularning 2 vakiliga birinchi davradan so'ng chiqish eshiklari ko'rsatildi (Slavche Voyneski - SHimoliy Makedoniya hamda Predrag Rogan - Serbiya). Qolgan 3 nafariga ham mavsum yakuni bo'yicha baho beramiz. Ro'yhatdan o'tgan legioner futbolchilar soni esa 49 nafarni tashkil etadi. Superliganing birinchi davrasini kuzatib, ular orasida oz bo'lsada, yaxshi legionerlar borligi kishini xursand qiladi. “Dinamo” va “So'g'diyona” darvozabonlari Miloe Prekovich hamda Milan Mitrovich, “Navbahor” himoyachisi Boyan Ciger, yarim himoyachilardan Yovan Jokich (“Navbahor”), Marko Stanoevich (“Nasaf”), Dragan CHeran (“Paxtakor”), Aleksandar Stanisavlevich (“Qizilqum”). Qolgani o'rtamiyona o'yinchilar va ular o'rniga o'zimizning qoraqoshlarga imkon berilsa ham bo'ladi.


Ana endi asosiy mavzuga keldik. Legionerlarga odatda katta haq to'lanadi. So'mda to'lansa ham, legioner uni dollarda “chaqadi” va hisob-kitobini shunga qarab qiladi. O'zini hurmat qilgan xorijliklar oyiga 2000 dollardan kamga kelmasligini inobatga olsak, demak ularning yurtimizda o'rtacha topishi 5000-10.000 dollarlarga aylanadi. Endi, shuncha mablag' ajratilayotgan legionerlar jamoaga qanchalik yordam berishmoqda?

Yil boshida “Bunyodkor” xorvatiyalik hujumchi Dmitrie Pobulich bilan shartnoma imzoladi. Agentlar klub rahbariyatini u erkin agent deb ishontirishgan. Lekin ro'yxatga o'tkazishga kelganda, u erkin agent emas, Armanistonning “Ararat” klubiga tegishliligi malum bo'lgan. Tomonlar transfer masalasini ham hal qilishgan. Faqat “Ararat” zarur hujjatlarni o'z vaqtida yubormagan va transfer oynasi yopilganligi munosabati bilan Pobulichga O'zbekiston superligasida o'ynashga ruxsat berilmagan. SHartnoma imzolab bo'lingani uchun “Bunyodkor” oldida 2 yo'l qolgan: shartnomani bir tomonlama bekor qilib, futbolchiga tovon puli to'lash, yoki  rasmiy o'yinlarda maydonga tushmasa ham unga oylik maosh to'lab borish. Klub ikkinchi yo'lni tanladi va futbolchi birorta rasmiy o'yinda qatnashmagan bo'lsa-da, oylik maoshini olib turibdi. Hozir yangi transfer darchasi ochildi va muammo hal qilinar, lekin o'ynamayotgan futbolchiga yarim yil davomida katta maosh to'lab borish mantiqsizlikdan boshqa narsa emas.


Yuqorida aytganimizdek, legioner mahalliy futbolchidan bir bosh ustun bo'lishi kerak va ulardan maksimum darajada foydalanish lozim. Lekin statistikaga nazar solsak, buning aksini ko'ramiz. Superligada faqat 2 klub – “Metallurg” va “Olimpik” legionerlar xizmatidan foydalanmaydi. Yana 2 klub – “Lokomotiv” va “Qo'qon-1912” legionerlaridan maksimum foydalangan. Qolgan barcha klublarda jamoaga qo'shila olmayotgan “irkit o'rdakcha”lar bor. 

AGMKda Andrey Mishenko (Ukraina) – 8 o'yin (3 tasi boshlang'ich tarkibda, 5 marta zaxiradan tushirilgan). 

“Bunyodkor”: Odiljon Abdurahmonov (Qirg'iziston) – 9 (4+5);

“Dinamo”: Aleksandar Glishich (Bosniya va Gercegovina) – 4 (3+1);

“Navbahor”: Ehsoni Panshanbe (Tojikiston) – 7 (1+6);

“Nasaf”: Ivan Solovev (Rossiya) – 10 (2+8), Semir Smaylagich (Bosniya va Gercegovina) – 8 (1+7);

“Neftchi”: Daniel Stoykovich (Serbiya) – 6 (6+0), Aleksandar Eshich (Serbiya) – 8 (7+1), Marko Sarich (Serbiya) – 8 (2+6);

“Paxtakor”: Aleksey Larin (Ukraina) – 8 (8+0), Kamen Xadjiev (Bolgariya) – 10 (9+1), Oliver SHarkich (Belgiya) – 9 (5+4);

“Surxon”: Xaver Ximenez (Ispaniya) - 2 (2+0), Zoir Jo'raboev (Tojikiston) – 9 (5+4), Serxio Rodriges (Ispaniya) – 9 (8+1), Luis Migel Kezada (Ispaniya) – 7 (3 (uchchalasida ham almashtirilgan) +4), Miroslav Markovich (Serbiya) – 9 (4+5);

“So'g'diyona”: Yure Obshivach (Xorvatiya) – 11 (6+5);

“Qizilqum”: Gabriel Gonsalo (Argentina) – 7 (0+7), Pol Komolafe (Nigeriya) – 10 (6+4). 


Ahamiyat beryapsizmi, “Dinamo”da Glishich bor-yo'g'i 4 o'yinda maydonga tushgan, uning ham bittasida zahiradan qo'shilgan. “Qizilqum”dagi Gonsalo esa 7 o'yinda ishtirok etgan va barchasida zaxiradan qo'shilgan! Bunday legionerlarga ortiqcha mablag' sarflagandan ko'ra, jamoa safini o'zimizning yosh iqtidorlar bilan to'ldirsa bo'lmaydimi?!

To'liq o'ynamasdan oylik va mukofot pullarini shaqirlatib olayotgan yuqoridagi futbolchilarning bazilari birinchi davradan so'ng o'z o'rnini boshqalarga bo'shatdi. “Surxon”dagi darvozabon Xaver Ximenez dastlabki 2 uchrashuvda maydonga tushdi, 2 o'yinda zaxirada qoldirildi va shundan keyin klubni tark etdi. (Aynan shundan keyin aslida uchinchi darvozabon bo'lgan Davron Merganov kashf qilindi!). Exsoni Panshanbe faoliyatini Eronning “Zob Axan” klubida davom ettiradigan bo'ldi. Semir Smaylagich vataniga qaytdi va erkin agent sifatida “Tuzla Siti” azosiga aylandi. "Dinamo" klubi va Glishich o'rtasidagi shartnoma rasman o'zaro ikki tomonlama bekor qilindi. "Surxon" va Markovich o'rtasidagi shartnoma ham ikki tomonning roziligiga ko'ra, bekor qilindi. Mishenko sobiq ustozining qo'l ostida o'ynash uchun "Neftchi"ga o'tdi. Sarich va Eshich “Neftchi”ni, Xadjiev “Paxtakor”ni tark etdi.  Abdurahmonov "qaldirg'ochlar" bilan xayrlashdi va endilikda faoliyatini Qozog'iston klubi "Maqtaaral"da davom ettiradi.


Lekin bu ayrilishlar qay tarzda amalga oshirildi va erta-indin yana FIFAdan xat kelib qolmasmikin degan hadik ham bor. Tarixda misollar juda ko'p bunga.

Taklif qilinayotgan echim: O'zbekiston yangi mustaqil bo'lgan paytda yurtimizga Turkiyaning sifatsiz shirinliklari yoki Xitoyning bir tiyinga qimmat kiyim-kechagi va poyafzallari kirib kelgan. Vaqt o'tib, hukumat ham buni nazoratga oldi, yurtdoshlarimiz ham sifatli mahsulot tanlashni o'rganishdi. Yani xo'rozqand chet elniki desa, yotib yalash bosqichidan o'tib bo'ldik. Endi buni futbolimizda ham qo'llash lozim. O'FA yoki PFL legioner tanlashda klublarning ishiga aralashmaydi. SHu bois, buni o'sha pulni ajratayotgan muassislar hal qilishi lozim. Yani tasischi klubga bosh direktor tayinlayotganida u bilan shartnoma imzolaydi. Ana shu shartnomada noto'g'ri sarflangan mablag'lar uchun bosh direktor javobgarligi aniq ko'rsatilishi kerak. O'z navbatida klub va bosh murabbiy o'rtasida tuziladigan shartnomalarda ham shunga o'xshagan band aks etishi lozim. Yani murabbiy boshida “shu legioner menga kerak” desa, lekin shartnoma imzolangandan so'ng undan to'laligicha foydalanmasa, u ham javob berishi lozim. Bunday shartnomalar shakli tayyorlanishida O'FA va PFL huquqshunoslari ham bevosita ishtirok etsalar maqsadga muvofiq bo'ladi. Har xolda “qush so'ysa ham qassob so'ygani yaxshi”. O'shanda klub rahbarlari legioner tanlashda etti o'lchab bir kesadigan bo'lishadi. Har xolda shunday bo'lishiga umid qilamiz...


Abror IMOMXO'JAEV

Reyting: +17   

Fikrlar

championat.asia
< so’nggi yangiliklarni ko’rish
Яндекс.Метрика