So’nggi yangiliklar

14:47Париж-2024. Ўзбекистон эртага Доминикан Республикасига қарши кўк либосда ўйнайди  14 14:29Эндрик "Реал" 9-рақамда тўп тепмоқчи. Мбаппе 10-рақамни олгач, у ниятига етишига ишонмоқда  1 14:03Пеп "Милан"га имконият бой берилгач: "Ман Сити" бугун яхшироқ ўйнади"  1 13:36Рожерио Микале: "Мисрликларнинг жанговар руҳи Ўзбекистонни мағлуб этишда ҳал қилувчи роль ўйнади"   23 13:14"Барселона" араблардан максимал равишда кўпроқ пул ишлаб олмоқчи  2 12:46"Севилья" "Интер" ярим ҳимоячисини сотиб олмоқчи  1 12:19Тадич ҳам Саудия Арабистонига кўчиб ўтадими? Унда "Ал Қодисия"дан таклиф бор  1 11:55Ўзбекистон футзал терма жамоаси Тошкентда йиғин бошламоқда — Даврон Чориев сафга қайтди   2 11:34МЮ ҳимоячиси "Вест Хэм"га ўтишга яқин турибди  3 11:09Доминикан Республикаси ОТЖ сардори Ўзбекистонга қарши ўйинни ўтказиб юборади  14 10:44Даврон Ҳошимов иккинчи даврани Суперлигада ўтказади  8 10:10«Сурхон» ўтган йилги легионерини ортга қайтарди  5 09:37«Барселона» «отмен»! Нико Уильямс келажаги борасида бир қарорга келди  7 09:05«Бухоро» «Андижон» футболчиси билан шартнома тузди  2 08:32Ўзбекистон ўсмирлар терма жамоаси Япония билан жанговар дуранг ўйнади  7

Xato (Pep) ketidan xato (Karlo) yoxud Uli "Bavariya"ning eski falsafasini qaytaradi Yangiliklar

Xato (Pep) ketidan xato (Karlo) yoxud Uli "Bavariya"ning eski falsafasini qaytaradi

"Bavariya" rahbariyati PSJdan uchralgan mag'lubiyatdan keyin Karlo Anchelottiga chiqish eshiklarini ko'rsatgani ko'pchilik uchun kutilmagan voqeadek tuyuldi.

Aslida Anchelottining ketishi haqidagi gap-so'zlar va uning o'rniga kim kelishi borasidagi taxminlar ancha oldin yangrashni boshlagandi. SHunchaki PSJga qarshi o'yindagi natija va asosiy tarkibdan etakchilarni tushib qolgani Uli Xyonessni qishgacha murabbiyga indamaslik fikrini tezda o'zgartirdi.


Anchelotti nega istefoga chiqarildi?
Hammasi mavsumoldi yig'inlar doirasidagi o'rtoqlik o'yinlaridagi natijalardan keyin boshlandi. Xitoydagi turneda "Bavariya" "Liverpul", "Milan", "Inter" va "Napoli"ga umumiy hisobda 11:0 yutqazdi. Bu esa klub imijiga to'g'ri kelmasdi. Ammo rahbariyat barchani tinchlantirdi va bu shunchaki yangi mavsumga tayyorgarlik jarayoni ekanligi aytildi.

Nafaqat natija, balki jamoaning bir xil uslubda, yani bitta qolipga tushib qolgan o'yini futbolchilarni ensasini qotirdi. Nemis matbuoti esa Anchelottiga tanqid toshlarini ota boshladi.

Uli Xyoness va Rummenigge esa Anchelottining zaxira kuchi yangi mavsumga etishiga ishondi. Rahbariyat Anchelottini jamoani qayta qurayotganini inobatga olib, unga shartnomasi so'nggiga qadar imkoniyat berishni ko'zladi.

"Bavariya" Anchelotti uchun transfer bozorida yangi xaridlarni amalga oshirdi. Sebastyan Rudi hamda Niklas Zyule klub prezidenti Uli Xyonessning xohishi bilan jamoaga kelgan bo'lsa, Tolisso va Xames Rodrigez Anchelottining istagi bilan "Bavariya"ga olib kelindi.

O'tgan yili yozda katta pullar evaziga jamoaga sotib olingan Renatu Sansheshga esa Anchelotti mavsum davomida umuman imkoniyat bermadi. Sanshesh esa o'yin amaliyotisiz qolib ketmasligini istagani rahbariyat portugaliyalik iqtidor egasini "Suonsi"ga ijaraga berdi.
Barchasi Anchelottining xohish va istaklarini inobatga olib amalga oshirildi.

Lekin mavsum boshlanishi bilan futbolchilar va murabbiy o'rtasida bir qator kelishmovchiliklar, nizolar paydo bo'ldi. Bu esa jamoaning o'yini va natijalariga ham bevosita tasir ko'rsatdi. Anchelotti o'tgan yili qilmagan ishini, yani rotaciyani mavsum boshidan qo'lladi.

Futbolchilar Anchelottining mashg'ulotlaridan ancha zerikishgandi. CHunki Karlo Anchelotti maydonga chiqib kelgunga qadar futbolchilarga mashg'ulotlar ko'rsatmasini uning yordamchilari va 28 yoshli o'g'li berardi. Bu esa jamoaning etakchi futbolchilariga yoqmasdi. Anchelotti nafaqat mashg'ulotlar nazoratini qo'ldan chiqardi, balki futbolchilar bilan ishlashda ham xatoliklarga yo'l qo'ydi. Nazorat to'liqligicha yo'qotildi.

Anchelotti qo'l ostida Levandovski matbuotda og'ziga kelganini gapirishni boshladi, Riberi zaxiraga olinganida jahl qilardi, Myuller esa Anchelottining o'yin uslubini tushunmayotganini bot-bot takrorladi. Anchelotti esa tabiatdan ancha xotirjam insonligi uchun hammasi o'z-o'zidan iziga tushib ketishiga ishondi. Ammo "Bavariya"da hech kimga shavqat qilinmaydi. Buni Lui van Gall, Klinsmann, Magat yoki Gvardiola juda yaxshi biladi.

Bu klubda natijadan ham ko'ra jamoaviy muhit, uning qoidalariga to'liq rioya etish muhimroq.
Anchelotti "Xoffenxaym"dan uchralgan mag'lubiyatdan keyin matbuotda mavsum yakunlanganidan keyin barcha tanqidchilarni yig'ib, bazm uyushtirishini va o'sha kechada futbol taktikalari haqida soatlab suhbatlashishini vada qildi.
Uning bu gaplaridan keyin Myunxenda barcha tanqidchilarni sig'diradigan joy topishda Karlo Anchelottiga qiyin bo'lishi taxmin qilindi.
Ammo bunga hojat qolmadi.

Parijga safar oldidan jamoa o'z uyida ishlari yurishmayotgan "Volfsburg" qarshiligini enga olmadi. Tayyor g'alaba qo'ldan chiqarildi. Bunga sabab murabbiy rotaciyani to'g'ri amalga oshirolmagani bo'ldi.  
Bu orada esa Anchelotti har o'yinda tarkibda kamida 3-4 o'zgarishni amalga oshirib, rotaciya qilishda davom etdi. Eng qizig'i, Anchelotti qo'l ostida faqatgina Levandovski raqobatdan xoli qoldi. Rotaciya ham Levandovskini asosiy tarkibdagi o'rnini qimirlatmadi. To'g'ri, hujum chizig'ida Levandovskiga raqobat tug'diradigan nominal hujumchi yo'q. Ammo Anchelotti Myullerni joyini aniqlay olmayotgan bir paytda Tomasdan markaziy hujumchi sifatida foydalanib Levandovskiga raqobat vujudga keltirmadi.


Murabbiy rotaciyani kerakli tarzda amalga oshirolmadi. Yani tarkibdagi balans yo'qoldi. CHiziqlar o'rtasidagi bog'liqliklar kesildi.  PSJga qarshi o'yinda esa Riberi, Robben, Boateng va Xummels asosiy tarkibga kiritilmadi. Uli Xyonessga PSJga qarshi muhim o'yinda Karlo Anchelotti "Ferrari"ni (Riberi) "garaj"da qoldirgani yoqmadi.

Anchelottining bu g'alati ishlari klub rahbariyatining istefo haqidagi qarorni qabul qilishida eng muhim omilga aylandi.
Uli Xyoness qishgacha kutishni istamadi. Robberi hamda himoya qurg'onining eng asosiy vakillari Xummels va Boatengni muhim o'yinda zaxirada qolishi Anchelottiga "qizil" chiroqni ko'rsatdi. Murabbiyning bu ishi va PSJning g'alabasi klub rahbariyatiga murabbiyni istefoga chiqishi haqidagi qarorni qabul qilishida "yashil" chiroq vazifasini o'tab berdi.

Birgina mag'lubiyat bilan hammasi tugamasdi. Anchelotti bundesligadagi 3-o'rinni nafaqat mavsum yakuniga qadar, balki qishgacha birinchi o'ringa almashtirishi va ECHLda guruhdan chiqish vazifasini bemalol uddalashi mumkin edi. Ammo uning qayd etgan natijalaridan ham ko'ra, jamoaning ichki muhitida paydo bo'lgan kelishmovchiliklar va muammolar Karlo Anchelottining istefosiga bosh sabab bo'ldi.
Riberi, Robben, Boateng, Xummels va Myuller kabi futbolchilar bilan o'zaro munosabatni buzilishi Anchelottining istefo yo'lidagi dastlabki qadami bo'lgandi.

Anchelotti dastlabki mavsumida "Bavariya"dagi "normativ"ni yaxshi topshirgandi. Yani Bundesligada chempion bo'lishni uddalagandi. Ammo ECHLdagi muvaffaqiyatsizlik va Germaniya kubogida bosh sovrin qo'lga kiritilmagani malum sabablar tufayli amalga oshmagandi. Hakamlar faktori (bu endi boshqa mavzu) va o'shandan keyingi jamoaning ruhiy holati inobatga olinib, Anchelottiga yana ishonch bildirilgandi. Mavsum boshida esa jamoani qayta qurish vazifasi turganligi uchun ham Anchelottiga ECHLni qo'lga kiritish bosh vazifa etib belgilanmadi. Ammo murabbiy ortiqcha talofatlarsiz avlodlar almashuvini amalga oshirishi lozim edi.
Anchelottining yoshi katta futbolchilar bilan ishlash tajribasidan kelib chiqib ham Uli Xyoness Karloga ishongandi. Lekin "qariya"lar bilan ishlashni do'ndiradigan Karloning o'zi murabbiy sifatida ancha "qarib" qolgani ko'rindi.

SHu sababdan ham Anchelottining istefosini o'z vaqtida amalga oshirgan "Bavariya" juda to'g'ri qaror qabul qildi.
Bu muhitda ishlash Anchelottiga ham, "Bavariya" uchun ham yaxshi oqibatlar olib kelmasdi.


Eski falsafa
"Bavariya" eyforiyasi 2012/2013 yilgi mavsumga to'g'ri keldi. Klub prezidenti Uli Xyonessning do'sti Yupp Xaynkes o'shanda jamoa bilan o'zining oxirgi mavsumida dahshatli natija qayd etgandi. Yupp "Bavariya" bilan barcha musobaqalarda g'olib chiqdi. O'yin jihatidan ham "Bavariya" ideal futbol namoyish etdi. Yupp Xaynkes jamoada avvaliga ajoyib muhitni shakllantirdi. Keyinchalik jamoaning o'yinlari asta-sekinlik bilan kuzdan-qishgacha yaxshilanib bordi va mavsumning eng asosiy qismida, yani bahorda "Bavariya" och qolgan "bo'ri"dek oldidan chiqqan raqiblarini "g'ajib" tashladi.

Yupp Xaynkes o'shanda tarkib borasida ham bir meyorni saqlab turdi. Rotaciya o'z vaqtida va kerakligicha amalga oshirildi. Transfer oynasida birgina katta xarid amalga oshirgan Yupp Xavi Martinesdan maksimum unumli foydalandi. Asosiy tarkibdagi barcha 20 futbolchi o'yin amaliyotiga ega bo'ldi va deyarli barcha o'yinlarda jamoa yirik hisobidagi g'alabalarni tantana qildi.


Yupp jamoani kuchini to'g'ri taqsimlay olgan holda barcha natijalarga erishdi. O'shanda tarkibda Mario Gomez, Tomas Myuller, Klaudio Pisarro, Mario Manjukich kabi markaziy hujumchilar o'ynardi va barchasi 25dan ortiq o'yinda ishtirok etish bilan birga samaradorlik bo'yicha ham havas qilardi natija ko'rsatgandi.

Barcha sovrinlarni qo'lga kiritgan "Bavariya"dan o'shanda Yupp Xaynkes va klub prezidenti Ui Xyoness ham ketishga majbur bo'ldi. Klub prezidenti o'shanda soliqlardan bo'yin tovlagani uchun 3 yil muddatga ozodlikdan mahrum etildi. Hammasi shundan keyin boshlandi.

Yupp Xaynkes Gvardiolaga juda yuqori "planka" berib ketgandi.
Gvardiola Myunxendagi 3 yillik faoliyati davomida har safar "normativ"ni alo darajada topshirdi. SHuningdek, o'shanda klub rahbariyati klub imijini dunyoga yanada tanitishda Pepdan foydalandi.  SHu boisdan ham aslida Gvardiola "Bavariya"ga taklif etilgandi.

Gvardiola "Bavariya"ga kelganidan keyin o'z akasi bilan agentlik bo'yicha birga ishladi. "Bavariya"da ispaniyalik futbolchilar ko'paydi, nemislar esa asta-sekinlik bilan ketishni boshladi. "Bavariya"ni imijini ko'taramiz, deb jamoa falsafasi o'zgarib ketdi.
Gvardiola "Bavariya"da katta transferlarni amalga oshirishni boshladi. Katta pullar sarf etildi. Xyonessdan keyin klubda barcha ishni hal qiladigan shaxs esa Karl-Xaync Rummenigge bo'ldi.

"Bavariya" afsonasi esa Gvardiolaga to'liqligicha ishondi va uning falsafasini doim qo'llab-quvvatlab turdi. SHu boisdan Pep Myunxenda shartnomasi so'nggigacha ushlanib qoldi. Gvardiola bilan esa doim ispan jamoalariga qarshi sharmandali o'yinlardan keyin "Bavariya" ECHLdan chiqib ketdi.
Gvardiola uslub jihatdan ham, falsafa bo'yicha ham "Bavariya"ga mos murabbiy emasligi ko'p takidlanganiga qaramasdan, Rummenigge o'zi hurmat qilgan Gvardiolani istefoga chiqarish bo'yicha qaror qilmadi.

Uli Xyoness esa o'tgan yilning fevral oyida muddatidan avval ozodlikka chiqdi. Uning klubga rasman prezident sifatida qaytishi esa kuzga kelib amalga oshdi. Uli Xyonessning ketishi va Gvardiolaning kelishi "Bavariya"ning falsafalarini o'zgartirib yuborgandi. Uli qamoqdan chiqqanidan keyin Pepni "Bavariya"dan ketishi malum qilindi. "Bavariya" tezda ikki nafar nemis futbolchisi, "Xoffenxaym"ni porlatgan Rudi va Zyuleni transferini hal etdi. Ulining prezident sifatida qaytmasidanoq "Bavariya"dagi o'rinbosarlari eski falsafani eslab qolishdi va transfer siyosatini avvalgidek davom ettirishni qayta yo'lga qo'yishdi.

Uli Xyoness nega Anchelottini istefoga chiqargani haqida aytib o'tildi. Jamoadagi muhit buzilgani, etakchi futbolchilar bilan munosabatlar yomonlashgani asosiy faktor sifatida qayd etildi. Kecha Uli Xyoness nemis matbuotiga ham etakchilar bilan munosabatdagi buzilishlar istefoga sabab bo'lganini rasman tasdiqladi.
Karlo Anchelottining "Bavariya"dagi eng katta xatosi Riberi bilan mojaroga borgani. CHunki Riberi garchi jamoaning sardori bo'lmasada, hozirgi "Bavariya"dagi birinchi raqamli shaxs. Noyer sardor, Myuller vice-sardor bo'lgani bilan bu ikki futbolchi "Bavariya"ga Riberidan keyin paydo bo'lgan. Lam va SHvaynshtaygerdan keyin Riberi jamoadagi eng katta figura hisoblanadi. Basti ketdi, Lam faoliyatini tugatdi va Riberi jamoadagi yagona "oqsoqol"ga aylandi.

Riberi esa Uli Xyoness bilan eng yaqin va yaxshi munosabatdagi futbolchi. Francuz bekorga har safar deyarli nemisga aylanganini va "Bavariya"ni o'z oilasidek ko'rishini takidlamaydi. Riberi o'z vaqtida bir qator Angliya va Ispaniya grand jamoalarining takliflarini rad etgandi. Uli Xyonessga bo'lgan hurmat va "Bavariya"ga sadoqati tufayli Riberi Myunxen shahrining "erkatoy" futbolchisi aylangan. Uli Xyoness qamalganidan ham "Bavariya"da u haqida eng ko'p eslab turuvchi futbolchi Riberi edi. Intervyularida "Bavariya"ga Uli etishmayotgani va jamoa yuraksiz qolganini ko'p takidlardi.

Uli Xyoness endi jamoaga murabbiy tanlashda ancha etiborli bo'lishi aniq. Unga ko'ra, Uli bir qator jihatlarga alohida etibor qaratadi. "Bavariya"ga endi nemis mutaxassisi kelishi aniq. CHunki Xyonessning asosiy maqsadi "Bavariya"ning avvalgi mavqeini tiklash hamda jamoani eski falsafa asosida yangitdan qurish.

Uli Xyonessning falsafasi Germaniyaning eng kuchli futbolchilari "Bavariya"da o'ynash kerak. Eng yaxshi nemis murabbiyi ham "Bavariya"da ishlashi lozim.
Yana o'sha eski falsafa "Bavariya"ga qaytmoqda. Aynan shu falsafa tufayli "Bavariya" xalqaro maydonda o'z imijini yarata olgan. Qayd etish kerakki, "Bavariya" aynan o'sha eski falsafaga muhtoj.

Hozirda kun tartibidagi eng muhim masala - murabbiy. Uli Xyonessning rejasi bo'yicha, Anchelotti kamida qishgacha jamoada qolishi kerak edi. Ammo bu qishgacha cho'zilmadi. Endilikda uning o'rnini kim bilan to'ldirilishi eng asosiy savolligicha qolmoqda.
Yulian Nagelsmann "Bavariya"da ishlashdan baxtiyor bo'lishini oxirgi paytlar juda ko'p takidlayotgandi. Uli Xyoness ham yosh murabbiyni jamoaga olib kelishga qarshi emas. Ammo hozir buni deyarli imkoni yo'q. CHunki "Xoffenxaym" o'zining ajoyib mavsumini o'tkazayotgan bir paytda mavsum startidayoq muhim figuradan ayrilishga ko'nmasligi aniq. Hozir Yulianni "Xoffenxaym"dan olib qo'yish har tomonlama noto'g'ri bo'ladi.


Yulian Nagelsmann ancha yosh va "Bavariya"da ishlashga hali ulguradi. SHundan kelib chiqib, Uli Xyoness Nagelsmann variantidan voz kechishi mumkin. Hozirda kim "Bavariya" ruliga kelishi mumkin? "Maync" va "Borussiya" Dortmunddagi ajoyib ishi tufayli tanilgan mutahassis Tomas Tuxel ayni paytda ishsiz. Dortmund rahbariyati bilan o'rtadagi mojaro tufayli "Borussiya"dan ketgan Tuxel hozirda Myunxenga kelish ehtimoli yuqori.

Nemis matbuotiga ko'ra, Tomas Tuxel bilan shaxsan Uli Xyoness muzokara o'tkazishga kirishgan. Yaqindagina Tomas Tuxel Angliyadan kelgan taklifga rad javobini bergandi. Tuxel uchun "Bavariya"dan bo'ladigan taklif ancha qiziqarli bo'lishi aniq. Ammo Tuxel "Bavariya"da ishlashga qanchalik tayyor? CHunki hozir "Bavariya"ga kelib nafaqat natija ko'rsatish kerak, balki jamoani qayta qurish va bu jarayonni ancha silliq o'tkazish lozim bo'ladi. Riberi va Robben kabi jamoaga mehnati singan etakchilar bilan ortiqcha shov-shuvlarsiz hayrlasha oladigan, ularga kerakli miqdorda o'yin amaliyotini taqdim etishga to'g'ri keladi.


Agarda tezda kerakli nomzod topilmaydigan bo'lsa, unda "Bavariya"da vaqtincha bosh murabbiy vazifasini bajarib turgan Villi Sanolga mavsum yakuniga qadar imkoniyat beriladi. Ushbu franciyalik mutaxassis "Bavariya"da uzoq muddat o'ynagan va jamoani juda yaxshi biladi. Sanol bu borada jamoaga to'liq mos keladi.


"Bavariya"ning vaqtincha bosh murabbiyi va yangi sport direktori Hasan Salixamidjich hamda Villi Sanol o'z vaqtida jamoada birga, bir qanotda o'ynashgan. Ular o'zaro bir-birlarini juda yaxshi tushunishadi. Jamoaning eng asosiy figurasi, kiyinish xonasi etakchilaridan biri, hamyurti - Riberi bilan Sanolning aloqalari ancha yaxshi. Bu ham Sanolga yordam berishi mumkin.
Villi Sanol qisqa muddat Franciyaning "Bordo" jamoasida ham ishlagan va kichik tajriba ayni paytda unga asqotishi mumkin.


"Bavariya" odatda har yili qishda o'zining yangi murabbiyi nomini elon qiladi. Agarda Villi Sanol qisqa fursat ichida dahshatli natijalar ko'rsatsa, jamoaning o'yini va ichki muhit alo darajada bo'lsa, unda unga mavsum yakunigacha imkoniyat berilishi mumkin. "Bavariya" Villi qo'l ostida kutilganidan ham zo'r natijalarga erishsa, balki "Real"da bo'lgani kabi hamyurti Zidandek Sanolni ham murabbiylikda ajoyib kelajak kutayotgan bo'lishi mumkin. Buning uchun Sanol qisqa fursat ichida aqlbovarqilmas natijalar ko'rsatishi kerak bo'ladi.

Uli Xyoness yozgacha kutishni istasa va Sanoldan faqat mavsum so'nggiga qadar foydalanmoqchi bo'lsa, unda "Bavariya" oldida yangi nomzodlar paydo bo'ladi. "Liverpul" ustozi Yurgen Klopp, Germaniya terma jamoasi ustozi Yoaxim Lyov ham yozga kelib "Bavariya" uchun erkin bo'lishi mumkin. CHunki yaqindagina Yoaxim Lyov klubda ishlab ko'rishga qarshi emasligini bildirgandi. JCH-2018dan keyin Uli Lyovni Myunxenga ko'chirib kelishga qodir. "Bavariya" qayta qurishga muhtoj bo'lib turgan payt Yoaxim Lyov myunxenliklar uchun ideal nomzodga aylanishi tabiiy. CHunki Lyov avlodlar almashuvini qanday o'tkazish bo'yicha alohida mutaxassis sanaladi.
Yulian Nagelsmann bo'yicha ham yozda bemalol taklif bilan chiqish mumkin bo'ladi.

Buyog'iga "Bavariya"ni nemis mutaxasisi boshqaradi. Faqatgina birgina istisno bo'lishi mumkin bo'lgan variant - Sanol. Francuz mavsum oxirigacha qolsa va fantastik natija ko'rsatsa, unda Uli "Bavariya"ning sobiq futbolchisiga murabbiylikda ham imkoniyat taqdim etadi. Aks holda Tuxel, Nagelsmann, Klopp yoki Lyov ertami-kechmi "Bavariya" ruliga kelishi deyarli aniq.

Gvardiola bilan boshlangan xato Anchelotti bilan davom ettirildi. Uli Xyoness esa kelishi bilan eski xatolarni qurboniga aylandi. Buyog'iga o'sha eski falsafa asosida yangi jamoa quriladi.

Ha-ya, aytgancha, "Bavariya" faqat nemis mutaxassislari (Udo Lattek, Dettmar Kramer (ikki marotaba), Ottmar Xitcfeld i Yupp Xaynkes) qo'l ostida Evropa chempionlar ligasida g'olib chiqqanini eslatib qo'yish zarar qilmaydi...

Muallif :
Reyting: +14   

Fikrlar

championat.asia
< so’nggi yangiliklarni ko’rish
Яндекс.Метрика