Xabi Alonso nihoyat murabbiylik faoliyatini boshladi - "Bayer"da. Nega uni hamma yaxshi ko'radi?
07 okt 2022 13:05
Yangiliklar
Xabi Alonso nihoyat murabbiylik faoliyatini boshladi - "Bayer"da. Nega uni hamma yaxshi ko'radi?
"Bayer"da yangi murabbiy paydo bo'ldi — kutilmaganda Xabi Alonso. "Liverpul", "Real" va "Bavariya" sobiq yulduzi ilk bor jiddiy lavozimni qabul qilib oldi.
• Alonso 2017 yilda futbolchilik faoliyatini yakunlagan va o'shanda futbolda qolishiga ishonchi komil emas edi: "Murabbiy bo'lish uchun, jiddiy tayyorgarlikdan o'tish kerak". Ammo, Xabi baribir o'sha tayyorgarlikdan o'tdi — 2019 yildan beri "Real Sosedad"ning yoshlar jamoasini boshqardi, 2022 yilda u erni tark etdi va birdan top-5 liga klubidan taklif oldi.
• "Bayer" bilan shartnoma ikki yarim yilga mo'ljallangan — 2024 yilning yoziga qadar. "Tajriba darajadan muhimroq emas. Xabi Alonso boshidanoq bizning ilk tanlovimiz edi va uning biz bilan ekanligidan mamnunmiz", — dedi "Bayer" direktori Simon Rolfes.
• Leverkuzen klubi Jerardo Seoane bilan muvaffaqiyatsiz boshladi — mavsumdagi 12ta o'yinda atigi ikkita g'alaba, ulardan biri "Atletiko"ga qarshi CHempionlar Ligasida. CHempionatda 5 ochko jamg'argan jamoa 17-o'rinda bormoqda. SHunday ekan, murabbiyning istefosi tabiiy holat.
Nega Xabi Alonsoni tanlashdi?
"U bizning o'yin uslubimizga va o'yinchilarimizga to'liq mos keladigan dominant va dinamik tarzda o'ynashni afzal ko'radi. U etakchi va unda yaxshi tavsiyalar bor", — deb tushuntirdi Rolfes.
Xabi bunga qadar Germaniyada paydo bo'lishi mumkin edi — u 2021 yilning bahorida Myunxengladbaxning "Borussiya" klubi bilan shartnoma bo'yicha deyarli kelishuvga erishdi. Alonso yakunda shoshilmaslikka qaror qildi va "Real Sosedad"ning ikkinchi jamoasida qoldi. "Men hozirgi jamoam bilan rivojlanishda davom etishni xohlayman. Bizning ushbu mavsumdagi rejalarimiz ulkan. O'yinchilarimga so'nggi qadamni tashlashga yordam berish — men uchun katta baxt".
U "Bayer"dagi taqdimotida o'z qarorini tushuntirdi: "Murabbiy sifatida menga yaxshiroq bo'lish uchun malum jarayondan o'tish kerak edi. SHu sabab avvaliga "Real"dagi yoshlar bilan boshladim, so'ngra "Real Sosedad"ga yo'l oldim, bu muhim qadamlar edi. Endi katta klubni boshqarish vaqti keldi".
U qanday futbol o'ynaydi?
Alonso uzoq vaqt tizimli murabbiylar bilan ishladi. Bu fakt hal qiluvchi bo'lib qolmadi va Xabini o'ziga xos o'yin uslubini targ'ib qilishga majbur qilmadi. U har bir uslubning eng yaxshi tomonlarini olib aralashtirdi. "Alonsoning uslubi o'zi o'ynagan tiki-takaga o'xshaydi. SHu bilan birga, u dinamikroq va pressing borasida agressiv. To'p maydonda tez harakatlanadi. Qanot himoyachilari yuqorida harakat qilishadi, markaziylari esa doim keskin paslar berishadi", — deb batafsil tushuntirdi ESPN tahlilchisi Devid Kartlij.
SHu bilan birga, Xabi o'zida malum bir uslub borligini inkor qiladi va futbolchilarining sifatlariga etibor beradi: "Menda malum bir o'yin uslubi bormi? Yo'q. Menga faqatgina futbolchilarim o'yin paytida nimalarni his etayotgani va undan so'ng ular bilan nimalarni gaplashishimiz muhim. Agar menda barchasi yaxshi bo'lsa va o'yinchilarimda muammolar bo'lsa, unda barcha g'oyalar foydasiz bo'ladi. Men o'zgarishim va moslashishim kerak".
Nega Xabini barcha yaxshi ko'radi?
Xabi Alonso "Bayer"dagi taqdimotida yana o'ziga xos ko'rinishga ega edi.
U bu bilan yana o'z reputaciyasini eslatib qo'ydi — Xabi Alonsoni o'ynagan barcha joylarida yaxshi ko'rishadi.
Siz Xabi Alonso ishtirokidagi qandaydir salbiy voqeani eslay olmaysiz — bazida u shunchaki sportdagi jentlmenlik namunasidek ko'rinadi. Aqlli, bosiq, oqil. U har doim o'zini himoya va hujum o'rtasidagi bog'lovchi, o'yin tezligiga tasir qiladigan kichik va deyarli sezilarsiz qarorlar qabul qiladigan o'yinchi sifatida tariflagan. Ammo, bu shunchaki kamtarlik, bunday o'yinchilar — arxitektorlar.
"O'yin uslubim hech qachon tomoshabop bo'lmagan, shu sabab men hech qachon etiborni jalb qilish uchun hech narsa qilmaganman. Men gol urish uchun uch o'yinchini aldab o'tmayman, xet-trikdan so'ng o'z portretimni gazetaning ilk sahifasida ko'rmayman — bu men uchun emas. Ammo, aslida futbol shu: turli xil sifatlarga ega o'yinchilar o'z mahoratlarini birlashtirishlari. Faqatgina shu sovrinlar olib keladi", — dedi u.
Alonso nafaqat CHempionlar Ligasida g'alaba qozongani va ajoyib Istanbul finalida gol urgani uchun ideal karerani o'tkazmadi. U Benites, Mourinyu, Anchelotti va Gvardiola bilan ishlagan va barchasi uchun birdek qadrli bo'lgan noyob shaxs, chunki u maydon markazida ustunlik qilishga yordam bergan.
Garchi uning otasi Periko Alonsoning o'zi "Barselona"da o'ynaganiga va uch bor La Ligani yutganiga qaramay, deyarli balog'at yoshiga qadar futbolchilik faoliyati haqida o'ylashga ruxsat berishmagan. Bir kuni Xabi maktabda muhim bo'lgan ispan tili darsidan muhim testdan o'ta olmagan va onasi bir oy futbol o'ynashni taqiqlagan.
"Umuman futbolchi bo'lmagan deb o'ylamaganman va 16 yoshgacha oddiy hayot kechirganman: men shunchaki maktabda o'qiganman va qo'shimcha sport bilan shug'ullanganman, — deb esladi u. — Darvoqe, barchasi shunday bo'lgani uchun omadim keldi va futbol mening o'sishimga to'sqinlik qilmadi, chunki bolalikdan professional futbolda bo'lsangiz, unga bog'lanib qolishingiz va dunyoni ko'rmasligingiz mumkin. Ehtimol, shu menga hayot qurishga yordam bergandir".
SHu bois Alonso nafaqat maydonda aqlli va xotirjam ko'rinmaydi, balki u aktivlarini diversifikaciya qilish, mobil ilovalarga (besh-olti yil oldin) sarmoya kiritish va sanatga muhabbati haqida gapirgan.
Ha, u maksimal tarzda o'zgacha kiyinadi, garchi modani unchalik kuzatmasa-da: Men etiborni jalb qilmaydigan uslubni afzal ko'raman. Men soatlar va oyoq kiyimlarni tanlashni yaxshi ko'raman, lekin modalar qurboni emasman. Men eng so'nggi kollekciyadagi barcha narsaga ega ekanligimga ishonchim komil emas. So'nggi paytlarda internetda ko'p narsalarni sotib olaman".
Endi Xabi Alonsoni ko'proq ko'ramiz — va uni ko'proq yaxshi ko'rishimizga sabab bo'ladi.
Alisher Ostonov tarjimasi
Fikrlar