So’nggi yangiliklar

18:34Моуринью яна Роналду билан бирга ишлаши мумкин  0 18:10Суперлига. "Қизилқум" — "Навбаҳор" 0:0 (матнли трансляция)  2 18:05Чемпион "Насаф" Фарғонада "Нефтчи"га мағлуб бўлди  33 17:43Суперлига. "Қизилқум" - "Навбаҳор": Асосий таркиблар маълум  2 17:09ПРО-Лига. 5 та гол урилган ўйинда "Бухоро" "Арал"дан устун келди  2 16:49ПСЖ янги машғулот марказини очди  0 15:32Жорж Микаутадзе фаолиятини "Ювентус"да давом эттириши мумкин  1 15:01"Манчестер Сити" Холандга янги шартнома таклиф қилмоқчи  2 14:40Тимур Кападзе: "Ўйин томонлама "Насаф"ни эътироф этаман, мавсум ўртача ўтмоқда"  16 14:27ПРО-Лига. "Бухоро" - "Арал": Асосий таркиблар маълум!  0 14:15Эшитдик-да! Усмон Тошев ЎФАни тарк этди  13 14:05Хакими ПСЖ билан шартномасини узайтирди  0 13:47Арихиро Сентоку: "ОКМК билан мавсум якунида тарих яратамиз"   4 13:20ОКМК Тошкентда "Пахтакор"ни мағлуб этган учрашувдан галерея  1 13:03Сардор Рашидов учун мавсум тугади   9

Intervyu. Vitaliy Denisov: "Lokomotiv" zaxirasida o'tirgandan ko'ra "Krilya"da o'ynashni maqul ko'rdim" Yangiliklar

Intervyu. Vitaliy Denisov: "Lokomotiv" zaxirasida o'tirgandan ko'ra "Krilya"da o'ynashni maqul ko'rdim"

O'zbekiston milliy terma jamoasi himoyachisi Vitaliy Denisov ayni paytda Samaraning "Krilya Sovetov" klubida faoliyat olib bormoqda.

Denisov jarohati sabab ancha payt maydonga tusha olmadi, davolanib qaytganidan so'ng zaxiradan joy oldi. Natijada u "Lokomotiv" rahbariyati bilan kelishgan holda ijara asosida "Krilya Sovetov"ga yo'l oldi. 

Bugun "Krilya Sovetov" o'z maydonida Moskvaning "Dinamo" klubini qabul qiladi. Uchrashuv bizning vaqt bilan 16:00da start oladi. "Match TV" kanalining internetdagi rasmiy sayti bugungi bahs oldidan hamyurtimiz bilan intervyu tashkil etdi. Quyida mazkur suhbatni o'quvchilar hukmiga havola qilamiz. 

- "Rubin" bilan uchrashuv qaydnomasiga kiritilmadingiz. Nima uchun?
- Ungacha "Krasnodar" bilan o'yindan bir kun oldingi mashg'ulotda kichik jarohat olgandim. Hozir esa hech narsa bezovta qilmayapti. Umumiy jamoa bilan shug'ullanib, "Dinamo"ga qarshi bahsga tayyorgarlik ko'ryapman. Maydonga chiqishga tayyorman, lekin hammasi bosh murabbiy qaroriga bog'liq. 

- Samara klubidagi o'yiningizni qanday baholaysiz?
- Birinchi o'yinim "Enisey"ga qarshi kechdi va o'zimni ko'rsata olmadim. To'g'risi, jamoaga birdaniga kirishib keta olmadim. "Anji" bilan esa alo darajada harakat qildim deya olaman. Lekin afsuski, klub hammamiz xohlagan o'rinda bormayapti. Bazan ochiqchasiga omad yuz o'giryapti, bazan esa o'zimiz yomon harakat qilyapmiz. Hatto yosh bolalarcha xatoga yo'l qo'yyapmiz. Ammo ishonamanki, jamoa vaziyatni o'nglay oladi. 

- Andrey Tixonovning istefoga chiqishi kutilganmidi?
- Bunday deyish qiyin. Bir tomondan xavfli zonada edik. Ikkinchi tomondan esa futbolchilarga Andrey Valerevich bilan ishlash maqul kelayotgandi. Futbolda murabbiylarning ishdan bo'shashi doim uchrab turadi. Qarorni rahbariyat qabul qiladi, futbolchilar esa bunga ko'nishlari kerak. Bizda Tixonov bilan iliq munosabatlar saqlanib qoldi. Endi esa yangi murabbiy Miodrag Bojovich qo'l ostida tayyorgarlik ko'ryapmiz. Bojovich bilan "Lokomotiv"da birga ishlaganman. Hech qanday muammo bo'lmagan. Murabbiyning "Krilya"ni anchadan beri kuzatayotgani ko'rinib turibdi. Bizga "Dinamo" bilan o'yinda yanada tajovuzkor o'ynash kerak deb aytdi. Albatta, bir kun ichida taktikada nimanidir o'zgartirish qiyin. Miodrag - juda jiddiy inson, lekin lozim topsa hazilni ham qotiradi. 

- "Lokomotiv"da u bilan bog'liq qanday xotiralar qolgan?
- Esimda, yig'inlar paytida kim bilandir gaplashib turgandim. Sal o'tib Miodrag yonimizga keldi va u ham nimanidir gapira boshladi. Keyin mening gapim tugashini kutib turdi va nima deganini qaytarishimni so'radi. Men esa uning gaplarini so'zma-so'z aytib berdim. SHunda "barakalla" deb nari ketdi. Oradan ikki kun o'tib yana shu holat. Men yana uning so'zlarini bitta qoldirmay takrorlab berdim. Oxiri murabbiy "bo'ldi, boshqa yoningga kelmayman" deb ketib qoldi. U menga ishongandi. 


- Hozir "Lokomotiv"da vaziyat biroz yaxshiroq, lekin yana chempion bo'la olarmikan...
- Yuriy Syomin istefoga chiqishi mumkinligi haqida ko'pchilik gapiryapti. Bunday gaplar har doim bo'ladi. Nimagadir jamoaga mavsum boshida omad kulib boqmadi, qolaversa chempion jamoaning birdaniga yangi chempionatda o'ynab ketishi og'ir kechdi. Xuddi "Krilya" kabi "Lokomotiv"ga ham vaqt kerak. Qolaversa, "temiryo'lchilar" ikkita frontda kurash olib borishayotganini unutmaslik kerak. Evrokuboklarda barcha Rossiya klublariga muxlislik qilaman. 

- Siz shartnomani uzaytirish bo'yicha "Lokomotiv" rahbariyati bilan uzoq muzokara olib bordingiz. Va oxirida 1+1 bo'yicha shartnoma imzoladingiz. Ammo chempionat paytida kutilmaganda "Krilya Sovetov"ga yo'l oldingiz.
- Tushuntirishga harakat qilaman. Menda "Loko" safida faoliyatimni davom ettirishdan tashqari boshqa klubdan ham variant bor edi. Ammo nomini aytmayman. "Loko" rahbariyati bilan gaplashganimdan so'ng klubda qolishga qaror qildim, axir besh yil shu jamoada to'p tepdim va "Lokomotiv" men uchun quruq nom emas. Yangi shartnomada ham murakkab qismlar yo'q edi. O'tgan yil jarohat sabab asosiy tarkibdagi o'rnimni yo'qotib qo'ydim. Lekin klub tibbiy xodimlariga katta rahmat, tezda tiklanib yana maydonga qaytdim. Garchi 100 foiz tayyor bo'lmasam-da, "Spartak" bilan o'yinda maydonga chiqdim. Yakuniy hisob biz uchun ijobiy tugadi, men esa hammasini boshidan boshlamoqchi edim. "Lokomotiv" tarkibida hamma yig'inda ishtirok etdim. Ammo chempionat start olgach, zaxiraga o'tirib qoldim. Menga esa bu yoqmadi, doim o'ynasam deyman. Men uchun zaxira o'rindig'ida o'tirib futbolchilarning maydonda qanday ter to'kayotganini kuzatish mushkul. O'zim ham ular orasida bo'lsam deyman. SHundan so'ng agentimga murojaat qildim. Oradan ko'p o'tmay "Krilya Sovetov"dan taklif borligini xabar topdim. Rahbariyat bilan gaplashgach, mening ketishimga qarshi emasliklarini bildirishdi. SHu bois muntazam o'yin amaliyotiga ega bo'lish uchun boshqa klubga yo'l oldim. 


- Siz bilan shartnomani uzaytirish kerakmi yo yo'qmi, bu qarorni kim qabul qildi?
- Direktorlar kengashi bilan gaplashdik, Ilya Gerkus va Yuriy Syomin bilan. 

- O'z kelajagingiz borasida Yuriy Syomin bilan suhbatlashdingizmi?
- Bosh murabbiy Mixail Lisov foydasiga qaror chiqardi. Biz katta odamlarmiz va hamma narsaga tayyor turishimiz kerak. Mavsumlar oralig'ida tinchgina ishlagandim. Yuriy Pavlovich mening xizmatlarimga muhtoj deb o'ylagandim. 

- Aytish mumkinki, Lisov sizni raqobatda yutib chiqdi?
- Qo'shilmayman. Lekin bu mening fikrim. Yana qaytaraman, tarkibni murabbiy tuzadi. Menda Syomin bilan tushunmovchilik bo'lganmi? Yo'q. Biz doimo yaxshi munosabatda bo'lganmiz. 

- Yangi klub bilan shartnomangiz birinchi davra oxirigacha. Undan keyin nima bo'ladi?
- Bilmayman. Hayot ko'rsatadi. 

- Hazm qilish qiyin: kechagina chempion edingiz, bugun esa chempionatda jon saqlab qolish uchun kurashyapsiz. Balki qolganingizda CHempionlar ligasida o'ynarmidingiz.
- Yoki CHempionlar ligasida ham zaxirada o'tirgan bo'larmidim. O'tmish bilan yashash kerak emas. Men doim mavjud holatdan kelib chiqib ish tutishga harakat qilaman. Agar ketganimdan afsus chekmadim desam yolg'on gapirgan bo'laman. Axir "Krilya Sovetov"ga ko'chib o'tish men uchun oson bo'lmadi. Qolaversa, klub pastda yuribdi. Ammo menga o'yin amaliyoti muhimroq edi. O'ylaymanki, bu erga kelib to'g'ri qarorni qabul qildim. Men maydonga tushishni va jamoamga yordam berishni xohlayman. 

- Bu erda boshqacha o'yin ko'rsatishga to'g'ri kelyaptimi, axir tarkib bo'yicha "Krilya" "Loko"ga nisbatan kuchsiz?
- Men avvalo murabbiyning aytganini bajaraman. Ikkinchidan, yangi jamoadoshlarim bilan tezda til topishib ketdim. Har xil vaziyatlarni muhokama qilamiz. Men har ikkala klubni taqqoslashni xohlamayman, negaki biz hammamiz Rossiya Premer ligasi o'yinchilarimiz. To'g'ri, "Loko"da Vedran CHorluka bilan yaxshi harakat qilardim, ammo hozir Taras Burlak bilan ham yomon o'ynayotganim yo'q. 


- Hayron qolarli joyi shundaki, Samarada Moskvaga nisbatan ko'p odam stadionga keladi.
- Samarada chiroyli arena qurilib foydalanishga topshirildi. Qolaversa, mahalliy aholi futbolni juda sevadi. SHunday ekan, bu borada hayron qoladigan joyi yo'q. Uy uchrashuvlarimizga 15-20 ming muxlis kelyapti, bu ajoyib. Menga har doim muxlislar to'la tribunalar qarshisida to'p tepish yoqqan.

- Tarasov bilan kal bo'lib rasmga tushganingizni hamma gapirdi. Nima uchun sochni tagidan oldirib tashladingiz?
- Bu ham bir voqea. Ispaniyada yig'inda edik. Tarasov har kuni mendan so'rardi: "Qachon kal bo'lsan?" Xullas, hadeb so'rayvergani oxiri jonimga tegdi va to'yingdan keyin albatta kal bo'laman dedim. Yaxshi bilasiz, Dima shu yilning fevral oyida oila qurdi. Oradan ko'p o'tmay bir yaqin tanishim qo'ng'iroq qilib, kel gaplashib o'tiramiz deya uyiga chaqirdi. SHunda men "bir o'zingmisan?" deb so'radim. U "ha" dedi. Lekin borib ne ko'z bilan ko'rayki, Dima ham xotini bilan kelgan ekan. Menga shu zahoti bergan vadamni eslatishdi. Boshqa bahona qolmagandi. SHunday qilib sochimni to'liq kalga oldirdim. Hozir esa buning uchun unga rahmat deyman. CHunki hozirgi qiyofam menga oldingidan ko'proq yoqyapti. Endi hali-beri sochimni xuddi "Tor"niki singari o'stirmasam kerak. Qolaversa, "Marvel"dagi "Tor" ham sochini kalta qilib oldirgan.

- Hayotingizda hech nimadandir garov o'ynaganmisiz?
- Albatta. Mana yaqindagina Sasha Sobolyov bilan virtual futbol o'ynadik. Men "Yuventus"ni, u bo'lsa "Liverpul"ni tanladi. Yutqazgan 12 shisha gaz suv olib keladi. Men yutdim. "Lokomotiv"da tez-tez CHempionlar ligasi o'yinlariga pul tikardik. Masalan, o'yin natijasini topish uchun 1000 rubldan tikardik. Lekin kamdan kam hollardagina natijani to'g'ri topganman. Aytgancha, shu mavzu sabab bir narsa esimga tushib ketdi. Agentim haliyam menga ayfon olib bergani yo'q. CHunki bir necha yil oldin u bilan CHempionlar ligasi oldidan bahs boylagandik. Agar yutsam u menga ayfon olib berishini vada qilgandi. Mabodo yutqazsam unga android olib beraman deganman.
Xullas o'shanda men yutganman va Moskvaga borganda bu haqda albatta agentimga eslataman.

Ruschadan X.Xoliqov tarjimasi.


Reyting: +25   

Fikrlar

championat.asia
< so’nggi yangiliklarni ko’rish
Яндекс.Метрика