So’nggi yangiliklar

18:22Расман: "Ювентус" 50 млн евролик трансферни амалга оширди  0 17:52"Барселона" Феликс, Канселу ва Алонсонинг клубда қолмаслигини эълон қилди  1 17:26Мората ҳам Саудия Арабистонига йўл оладими?  1 16:58Аспиликуэта "Атлетико"да яна бир мавсум қолади  1 16:27Гаттузо ўз жамоасига Ракитични олиб келмоқчи  0 15:57Суперлига. Қолдирилган учрашувларни ўтказиб юборадиганлар  2 15:33"Насаф" 2017 йилдан буён Қаршида "Навбаҳор"ни юта олмаяпти  26 15:03"Атлетико" тўрт ўйинчи билан хайрлашганини эълон қилди  1 14:34Де ла Фуэнте Мамардашвилининг Хвичани бутун Испания терма жамоасидан яхшироқ деган фикрига муносабат билдирди  4 14:06Испания – Европа чемпиони титулини ҳимоя қилган ягона терма жамоа  4 13:37Энрикега Шкриньяр керакмас. ПСЖ ҳимоячиси учун "Фенербахче", "Галатасарой" ва "Бешиктош" даъвогарлик қилмоқда  6 13:03Хесус Вальехо "Реал"га қайтди ва унга дарҳол эшикни кўрсатишди  7 12:37"Арсенал" собиқ ўйинчиси Силва клуб нега АПЛ чемпиони бўла олмаслигини айтди  3 12:12"Барселона" Феликсни олиб қолмоқчими?  1 11:44ПСЖ Испания терма жамоаси футболчисини сотиши мумкин, Энрике бунга қарши  4

VIDEO. SHota Arveladze - Mavsum yakunlari, "Nasaf" bilan o'yin va legionerlar haqida (eksklyuziv intervyu) Yangiliklar

VIDEO. SHota Arveladze - Mavsum yakunlari, "Nasaf" bilan o'yin va legionerlar haqida (eksklyuziv intervyu)

2017 yil yozida "Paxtakor" bosh murabbiyi etib tayinlangan gruziyalik SHota Arveladze jamoa bilan bronza medallariga ega chiqdi.

Biz murabbiy bilan mavsum yakunlari borasida eksklyuziv intervyu olishga muvaffaq bo'ldik.
 

- SHota Yustinovich, malumki siz "Paxtakor"ni birinchi davradan keyin qabul qilib olgandingiz. CHempionat yakunida o'z xulosalaringiz bilan o'rtoqlashsangiz. Jamoa qabul qilib olayotganda taassurotlar qanday edi-yu, hozir qanday?
- Avvalo shuni aytishim kerak, ikkinchi davra oldidan o'z oldimizga nimani vazifa qilib qo'ygan bo'lsak, biz bunga erishdik. Ikkinchi davra davomida bir nechta o'yinlarda g'alaba qozonib, tobora yuqoriga ko'tarilib bordik va buning natijasida biz uchun ikkinchi o'rinni egallash imkoniyati yuzaga keldi. Lekin afsuski, yakunda ikkinchi o'rinni qo'lga kirita olmadik. Bunga esa Qarshidagi mag'lubiyat sababchi bo'ldi va buni o'zingiz ham yaxshi bilasiz. Avvalo bizning maqsadimiz kuchli uchlikka kirib olish edi, bunga erishganimizdan xursandmiz. Biz uydagi o'yinlarda mag'lub bo'lmadik, nafaqat yutqazmadik, balki hamma o'yinlarda g'alabaga erishdik. Endilikda 4 dekabr - O'zbekiston Kubogi finalini intiqlik bilan kutyapmiz. Bunda "Lokomotiv" - "Bunyodkor" bahsi bo'lib o'tadi va mazkur bellashuvda "Lokomotiv" g'alaba qozongan taqdirda “Paxtakor” Osiyo chempionlar ligasiga yo'llanma oladi. CHempionat yakunlari borasida esa ko'ngil to'q, albatta ikkinchi o'rinni egallasak yaxshi bo'lardi, lekin uchinchi o'rin ham yomon natija emas.

4 dekabr - O'zbekiston Kubogi finalini intiqlik bilan kutyapmiz (s) SHota Arveladze


- "Paxtakor"da ishni boshlab olganingizdan so'ng siz uchun eng qiyini nima bo'ldi?
- Avvalo superklub tuzish borasidagi qarorni qabul qilish oson kechmadi. CHunki bu nihoyatda mashaqqatli va uzoq yo'l ekanligini bilardik. Biz tanlagan yo'limizga ishonamiz va maqsad sari og'ishmay harakat qilishda davom etamiz. Biz klub barpo etishga harakat qilyapmiz, jamoa emas. Bu esa ikkita alohida manoni beradi. Bizning maqsad, yigirma nafar futbolchini yig'ib, bo'ldi biz jamoa tuzib oldik deyish emas. Biz kelajakni o'ylab harakat qilyapmiz. Rivojlanish klubning keyingi 30 yillik faoliyatiga tasir qilishini xohlaymiz. Klub prezidentidan tortib to xodimlargacha hammamiz bir maqsad yo'lida har kuni superklub tuzish haqida o'ylayapmiz.


- Mavsumni chiroyli tarzda yakunlab qo'yishni maqsad qilgan bo'lishingiz aniq. Lekin Qarshida bunday bo'lmadi. Ayting-chi, "Nasaf" "Paxtakor" bilan o'ynagan jamoalar orasida eng kuchli raqib sifatida ko'rindimi?
- Tan olish kerak, "Nasaf" kuchli, lekin shu o'rinda men "Lokomotiv"ni ham tilga olgan bo'lardim. "Lokomotiv" mavsum davomida chiroyli o'yin ko'rsatib, chempionat tugashiga oz qolganida chempionlikni qo'lga kiritdi. Qolaversa, "Bunyodkor" ham ikkinchi davrada bir tekis o'yin namoyish etdi deya olaman. Umuman olganda, ikkinchi davrada kimlarga qarshi maydonga tushgan bo'lsak, barcha bizga jiddiy qarshilik ko'rsatdi deb o'ylayman.

- "Paxtakor" ikkinchi davrada legionerlar limitidan to'liq foydalandi. Jamoa o'z safiga to'rt nafar xorijlik futbolchini qo'shib oldi. Albatta, ular harakat qilishdi, lekin ko'pchilikning aytishicha, Marko Simichdan boshqa hech kim o'zini yaxshi namoyon eta olmadi. Bunga qanday qaraysiz?

- Albatta, hammamiz ko'prog'ini xohlaymiz, lekin kam sonli odamlargina statistik raqamlarga murojaat qilishadi. SHaxsan men uchun legioner, mahalliy degan ajratish yo'q, yani men uchun hamma futbolchilar bir xil va kimni kuchli deb bilsam, o'sha maydonga tushadi. Masalan, Gidi Kanyuk haqida gapiradigan bo'lsam, u 14ta o'yinda 12 bor golli to'p uzatishga va bitta gol urishga muvaffaq bo'ldi. Buni yaxshi ko'rsatkich desa bo'ladi. Tiago esa 3-4ta gol urishdan tashqari 8 bor golli to'p uzatishning uddasidan chiqdi. Afsuski, Rostin Griffits jarohat olib barcha uchrashuvlarda to'liq ishtirok eta olmadi. Ammo, u ham yaxshi futbolchi.

Masharipov bizning futbolchi, faqat joriy mavsumni ijara asosida "Lokomotiv"da o'tkazdi (s) SHota Arveladze


- Darvoqe, siz legioner mahalliy futbolchidan bir bosh baland bo'lishi kerak degan fikrga qo'shilasizmi?

- Ha, bu fikrga qo'shilaman va aslida shunday ham bo'lishi kerak. Faqat bu o'rinda bir jihatni hisobga olish zarur. Yani, legioner uchun yangi mamlakat, yangi jamoa, yangi til, yangi odamlar, yangi madaniyat, yangicha taomlar, xullas masalaning bu tomonlari ham bor. Kuchli futbolchilarni olib kelish juda katta xarajatni talab qiladi. O'z vaqtida Rivaldo o'ynab ketgandi va unga kichik pullar to'lanmagani aniq. Agar omadimiz kelib Osiyo chempionlar ligasida o'ynaydigan bo'lsak, o'ylaymanki, legionerlar o'zlarini ko'rsata olishadi. Murabbiylar tomonidan esa ularga bo'lgan talab ortib boraveradi. Biz barcha futbolchilardan yanada ko'prog'ini kutamiz, buni esa normal jarayon deb qabul qilish kerak.


- Ikkinchi davradagi o'yinlardan kelib chiqqan holda "Paxtakor"ga raqib bo'lgan jamoalar tarkibida birorta futbolchi sizga maqul keldimi? Yani, yangi mavsum oldidan kimnidir tarkibga qo'shib olish niyatingiz bormi?

- Albatta, menga yoqqan futbolchilar ko'zga tashlandi, biroq ularning ism-familiyasini ayta olmayman. Negaki bu odobsizlik bo'ladi, chunki bizga maqul kelgan futbolchilarning o'z klublari bilan shartnomasi bor. SHu bois hozir nomni aytgandan foyda yo'q deb bilaman.

- Jaloliddin Masharipovni qaytarish "Paxtakor" rejasidan o'rin oladimi?

- Masharipov bizning futbolchi, faqat joriy mavsumni ijara asosida "Lokomotiv"da o'tkazdi. Men uning "Paxtakor"da katta bo'lganini hamda "Paxtakor"ni qanchalik yaxshi ko'rishini bilaman. Oldin mavsum to'liq yakuniga etsin, keyin biz ushbu futbolchi borasida o'ylab ko'ramiz.

Futbolda hamma bir oiladek bo'lishi kerak. Biz ishqibozlarni jamiyatdan alohida ajratib qo'ya olmaymiz. Ular ham futbolning bir qismi. Men to'g'ri tushunaman, futbol teatr yoki opera emas (s) SHota Arveladze


- Ikki yil oldin Igor Sergeev juda yaxshi formada edi. Ammo bu yil o'yinida pasayish bo'ldi. Nima deb o'ylaysiz, keyingi mavsumda u yana avvalgi holatiga qaytadimi?

- Aytaylik siz kimdandir so'raysiz: "Senga Messi yoqadimi?", u "Ha" deb javob beradi. "Krishtianu Ronaldu-chi?" desangiz, "E, bor-ey" degandek qo'l siltaydi. Ko'ryapsizmi, odamlarga hatto Ronaldu yoqmaydi. Sergeev haqida gapiradigan bo'lsam, u ikkinchi davraning barcha 14 o'yinida maydonga tushib, 9ta gol urdi. Biroq bu ham ko'pchilikka yoqmayapti. Balki u 35ta gol urishi kerakdir. Agar Sergeev terma jamoada to'p kiritib, O'zbekistonni jahon chempionatiga olib chiqqanida hozir hamma uni elkasida ko'tarishga tayyor turardi. Men bu hujumchini professional deb bilaman. U barcha mashg'ulotlarda ishtirok etadi, kechikmay keladi va oxirigacha harakat qiladi. Bilasizmi, past-balandliklar har bir futbolchi faoliyatida uchrab turadi. Hech kimning faoliyati bir tekis kechmaydi. Agar kelasi yil Sergeev yanada kuchli o'yin namoyish etsa, bundan hammamiz xursand bo'lamiz.


- O'zbek futbolining asosiy jihatlari nimada deb o'ylaysiz? Nima sizga yordam beradi-yu, nimalar xalaqit qiladi?

- Avgust-sentyabr oylarida o'yin vaqti soat uch-to'rtga qo'yilishini hech tushunmayman. Axir issiqda futbolchilardan qanday qilib o'z kuchlarini ko'rsatishni talab qilish mumkin. SHu bois boshida kelganimda bundan hayron bo'lgandim.

-    O'zbekistonlik futbol ishqibozlari haqida nima deya olasiz? Eshitishimizcha, ko'pgina safar uchrashuvlaridan so'ng aynan muxlislarni deb juda ko'p asabiylashar ekansiz.

-    Bilasizmi, futbolda hamma bir oiladek bo'lishi kerak. Biz ishqibozlarni jamiyatdan alohida ajratib qo'ya olmaymiz. Ular ham futbolning bir qismi. Men to'g'ri tushunaman, futbol teatr yoki opera emas. Bu - sport, bu - kurash, stadionda odamlarda hissiyot kuchli bo'ladi. Lekin baribir hamma joyda ham tartib-qoida bo'lishi kerak. To'g'ri, Gruziya va Turkiyada ham qiziqqon fanatlar ko'p, lekin u erda muxlislar bilan ishlash borasida ko'p ishlar amalga oshirilyapti. Tarixdan malumki, eng ashaddiy ishqibozlar Angliyada bo'lib kelgan, lekin hozir ular tarbiya va stadionda o'zlarini tutish bo'yicha birinchi o'ringa ko'tarilib olishdi. Demak, ular muxlislik madaniyatini o'zgartira olishdi. Xuddi shuningdek, Gruziya yoki O'zbekistonda ham o'zgartirsa bo'ladi, faqat ishqibozlar bilan ishlash kerak, xolos.    

- "Paxtakor"dagi 14ta o'yinning qaysi biri siz uchun unutilmas bo'ldi?

- Oxirgi o'yinni eslab qolish mumkin, ammo tezda unutish kerak. Xulosalar chiqarish va uni yopib oldinga intilish kerak. Muhim o'yinlar bo'ldi, ketma-ket g'alabalar bo'ldi, safarda "Lokomotiv"ni mag'lub etdik. Ammo har qanday g'alaba uchun faqat 3 ochko beriladi. Hech qachon 4 yoki 6 ochko berilmaydi. CHiroyli yutdingmi yoki oddiymi farqi yo'q 3 ochko. Biz o'sib bordik, gol o'tkazmaslikni o'rgandik. Ikkinchi davrada biz 26ta gol urdik va 9ta gol o'tkazgandik. "Nasaf" bilan o'yingacha 5ta gol o'tkazgandik va deyarli 11ta uchrashuvni "quruq" o'tkazdik. Biz albatta ko'proq gol urishni istagandik, umuman olganda uyda faqat bitta gol o'tkazdik. U ham o'yindan tashqari holatda o'tkazdik. Bu futbol, hali barcha ish qilib bo'linmaganini ko'rsatib beradi. Biz hozircha OCHLga chiqdikmi yoki yo'qmi bilmaymiz. Men bajonidil chempionatni davom ettirgan bo'lardim, ikkinchi davra biz uchun aslida birinchi davra bo'lganida yaxshi bo'lardi.


- Bu natijalarga qanday erishildi?

- Maydondagi tartib intizom. Matbuot xizmatidan tortib shifokorlargacha, massajchidan haydovchigacha, rahbariyatgacha. Barcha o'z ishini bajardi. Quyosh chiqsa, yomg'ir yog'sa yoki sovuq bo'lsa bahona qilmasdan o'z ishini qilishi kerak. Klubda shunday ishladik. Mag'lubiyat hammada bo'ladi, qaysidir o'yinda qaysidir klub o'sha kuni bizdan kuchliroq bo'lishi mumkin. SHu bois yutqazamiz. Ammo klubda yomon ishlaganimiz uchun emas. "Paxtakor" o'zbek futboli yuzi. Xalq jamoasini yomon ko'radigan muxlislar bo'lmasligi kerak.

- Mavsum tugadi. Yangi mavsum uchun qanday rejalar tuzilmoqda?

- Dastlab Qarshidagi o'yindan so'ng xordiq chiqarib olish. Zero yaxshi dam mehnatga hamdam. Futbol borasidagi xulosalar chiqarishimiz kerak. Kimdandir ko'proq narsa kutgandik. Kimgadir ko'proq ishondik, kimgadir xaddan tashqari ko'p ishondik. Bitta oilada barcha bolalar bir xil emas, shunday ekan jamoadagi futbolchilar ham turlicha.

- "Nasaf" bilan o'yindan keyin qandaydir katta o'zgarishlar bo'lmadimi?

- Bizning qo'limizda qilich emasku. Taktikamiz o'zgarmaydi, bu aniq. Biz hujumkor o'yin ko'rsatamiz. Menga o'z darvozamiz oldida o'ynash yoqmaydi. Ko'proq vaziyat yaratishni xohlaymiz. Agar bizga muxlislar yordam berishsa bu biz uchun katta plyus. Qolganlari esa texnik xulosalar. Kimlar bilandir xayrlashamiz. Masalan, Iskanderov Eronga ketmoqda. SHartnoma tuzdimi buni hozircha bilmayman.


"Bunyodkor" bilan o'yinda biz o'yindan tashqari holatda gol urdik. Buni tan olaman. O'z navbatida bizning 6ta toza golimizni hakamlar hisoblashmadi (s) SHota Arveladze



- "Paxtakor" - "Bunyodkor" uchrashuvidagi hakamlik haqida nimalar deya olasiz?

- "Bunyodkor" bilan o'yinda biz o'yindan tashqari holatda gol urdik. Buni tan olaman. Hakamlar buni ko'rmay qolishdi. 14ta o'yinda biz bitta golni o'yindan tashqari holatda urdik. O'z navbatida bizning 6ta toza golimizni hakamlar hisoblashmadi. Bundan tashqari o'z maydonimizda o'tkazgan bitta gol o'yindan tashqari holatdan urilgandi. "Paxtakor" qolganlar kabi klub to'g'rimi? Hakamlarning o'z nazoratchilari bor, qo'mitasi bor, keyin PFL va O'FF bor. Siz esa hakamlar haqida savolni mendan so'rayapsiz. Men o'ylaganimni aytdim. Bosh murabbiy nima desin? Agar jamoam hakamlar xatosi tufayli yutqazsa kimga murojaat qilishim kerak? Hakamlar qo'mitasiga to'g'rimi. Samarqanddagi o'yinda bizga toza penaltini berishmadi. Biz bunga etiroz bildirgandik, O'FFda bizga sizlar haqsizlar deyishdi. SHunga ham rahmat. Men safardagi o'yinlarda bizga muxlislar narsalar otishganini gapirmayapmanku. Bu gaplarni aytish orqali kuchimni ketkazishni istamayman. "Paxtakor" kuchli. SHunchalik ommabopki, ommabop bo'lmaslik unga yarashmaydi. Kelganingiz uchun rahmat aytaman. O'zingizni qiziqtirgan savollarni bera oldingiz deb o'ylayman. Tashrifingizdan minnatdorman.


Matluba Mustaeva suhbatlashdi



TAS-IX emas


Reyting: +24   

Fikrlar

championat.asia
< so’nggi yangiliklarni ko’rish
Яндекс.Метрика