So’nggi yangiliklar

21:10"Милан" — "Ювентус". Таркиблар маълум  1 20:57А Серия. "Интер" "Верона"га қарши ўйин тақдирини биринчи бўлимнинг ўзида ҳал қилди  0 20:40Вадим Абрамов: "Барча голларни қарши ҳужумлар туфайли ўтказиб юбордик, ўйин учун режамиз умуман бошқача эди"  0 20:27Александр Хомяков: "Раҳбарият янги мутахассис излаётган экан, демак улар мендан мамнун эмас"  3 20:13"Ланс" — "Марсель". Ҳусанов дисквалификация сабаб ўйинни ўтказиб юборади  2 19:44"Арсенал" - "Ноттингем Форест". Таркиблар билан танишинг  0 19:35"Челси" ғалаба қозонди ва жадвалда 3-ўринга чиқиб олди  1 19:27Илёс Зейтуллаев: "Йигитлар сўнгги учрашувларда асосий ва захира деган тушунчалар йўқлигини тушунишди"  2 19:21Суперлига. "Андижон" "Динамо"ни йирик ҳисобда мағлуб этди ва Суперлигада ўрнини сақлаб қолди  13 19:09Денис Коростиченко: "Бунёдкор" захираси бизникидан кучлироқ экан"  0 18:47Туркия. Алиқулов жамоаси иродали ғалабага эришди  0 18:20"Ростов" сўнгги 15 дақиқаликдаги 2та гол туфайли ЦСКАдан ғалабани юлиб олди  7 18:00"Севинч" - 14 карра Ўзбекистон Кубоги соҳиби!  3 17:42"Матч ТВ" графика оператори ишсиз қолди. Нега?  7 17:07Суперлига. "Бунёдкор" "Олимпик"ни мағлуб этди ва хавфли зонадан узоқлашди  1

Vadim Abramov: "Kelishilgan o'yinlar... tasdiqlamayman, lekin inkor ham qilmayman" Yangiliklar

Vadim Abramov: "Kelishilgan o'yinlar... tasdiqlamayman, lekin inkor ham qilmayman"

Joriy mavsum yakunlariga ko'ra Toshkentning "Lokomotiv" klubi mamlakat 23-milliy chempionatining kumush medallari, shuningdek, O'zbekiston Kubogini qo'lga kiritdi.
Mavsum avvalida aksariyat mutaxassislar ham, muxlislar ham "temiryo'lchilar"ning chempion bo'lishini taxmin qilgandi. Haqiqatan ham, tarkib borasida "Lokomotiv" boshqa jamoalardan kuchliroq ko'ringandi. Bu klub tarkibida yulduz futbolchilar ko'p edi. Ammo hamisha ham yulduzlar ko'chasida bayram bo'lavermasligi isbotlandi. O'z maydonida "Paxtakor" bilan bo'lib o'tgan chempionlik uchrashuvida Vadim Abramov shogirdlari "og'izlaridagi osh"ni oldirib qo'yishdi. SHunday bo'lsada, klub rahbariyati "Lokomotiv"ning bu yilgi ishtirokini ijobiy deya baholabdi. SHuni aniq aytish mumkinki, 2015 yilgi futbol mavsumida ham jamoani Vadim Karlenovich boshqaradi. Abramov bilan klub rahbariyati O'zbekiston Kubogi finalidan oldin amaldagi shartnomani uzaytirgan. Yani, finaldagi natija qanday bo'lishidan qatiy nazar, mutaxassisning jamoada qolishi malum bo'lgan. Biz kuni kecha Vadim Abramov bilan uchrashib, ayni mavsum yakunlari xususida dildan suhbatlashdik.

- Vadim Karlenovich, qarshi bo'lmasangiz, suhbatimizni kubok finalidan boshlasak. 
 
- Albatta. Biz mavsumning so'nggi o'yinida muxlislarimizni xushnud etishni maqsad qilgan edik. Boisi, chempionlik boy berilganidan so'ng bor umidimiz Kubokdan edi. Qolaversa, bu yil O'zbekiston Temiryo'llari DATK tashkil etilganiga 20 yil to'lgandi. To'yga to'yona deganlaridek, hech bo'lmasa klub rahbariyati va homiylarimizga O'zbekiston Kubogini taqdim etishimiz kerak edi. Zimmamizdagi vazifani uddalaganimizdan xursandman.



- Ko'pchilikning fikri ko'ra, final bahsi zerikarli o'tdi. SHu kuni ikkala jamoaning ham natija uchun o'ynagani bunga asosiy sabab bo'ldimi?

- Xuddi shunday. Final bitta o'yindan iborat bo'ladi. Bunday uchrashuvlarda darvozalarga ko'p to'p kiritilmaydi. Bitta gol bahs taqdirini hal qilib qo'yadi. Olmaliqdagi uchrashuvda ham xuddi shunday bo'ldi. Jamoalar ehtiyotkorlik bilan harakat qilishdi. Keyin "Bunyodkor" jamoasi birinchi bo'limda tayinli hujum ham tashkil etmadi. Bu ham o'yinning zerikarli ko'rinishda o'tishiga xizmat qildi. Biz birinchi raqamli jamoa sifatida o'ynadik. O'zbekiston Kubogini qo'lga kiritgan jamoa OCHL yo'llanmasiga ega bo'lardi. Tabiiyki, bunday holatda chiroyli o'ynab, mag'lubiyatga uchragandan ko'ra, natija uchun harakat qilib, g'alaba qozongan afzal. Biz aynan shu yo'lni tanladik va maqsadimizga erishdik. O'ylaymanki, bundan jamoamiz muxlislari hafa bo'lishmadi.

- Jasur Hasanovning qizil kartochkasi haqida nima deya olasiz? Yarim himoyachi asablarini jilovlay olmadimi yoki boshqa sabab bormi?

- Menimcha, hakam qaror qabul qilishda biroz adashdi. Bu vaziyatda to'rtinchi hakam yordam bersa bo'lardi. CHunki u vaziyatga ancha yaqinroq turgandi. Yaxshiyam chetlatish o'yinning so'nggi daqiqalarida ro'y berdi. Aks holda, bu jamoamizga qimmatga tushishi mumkin edi.

- Demak, hakamlar qaroridan norozisiz?

- Yo'q, men bunday demoqchi emasman. SHunchaki, Hasanov bilan bog'liq vaziyat uchun fikrimni bildirdim. Koreyalik hakamlar o'yinning borishi va natijasiga hech qanday salbiy tasir o'tkazishgani yo'q. "Paxtakor" bilan o'yinni boshqargan amirlik hakamlar ham o'z vazifalarini yaxshi bahoga bajarishgandi.

- O'zimizda ham Ermatov, Kovalenko singari FIFAning elit hakamlari bor edi. Ularning biriga ishonch bildirilsa ham bo'larmidi?

- Ermatov nomzodiga qo'shilishim mumkin. Lekin Kovalenko borasida fikrim o'zgacha. U "Bunyodkor" bilan milliy chempionatimiz doirasida o'tkazilgan uchrashuvda bir nechta xatolarga yo'l qo'ygan edi.



- O'zi aslida o'sha ikki o'yinga xorijdan hakamlarning taklif etilish g'oyasi klublardan chiqqanmidi yoki bu PFLning tanlovimidi?

- Men o'z jamoamga javob beraman. Biz xorijlik hakamlar masalasida PFLga murojaat qilmaganmiz. Menimcha, bu O'FF va PFLning tashabbusi bilan amalga oshgan.

- O'zbekiston Kubogidagi g'alaba "Lokomotiv"ga OCHL eshiklarini ochdi. Jamoa o'tgan ikki mavsumda OCHLning pley-off bosqichida omadsizlikka uchradi. Bu yil jamoangiz katta ehtimol bilan guruh bosqichida ishtirok etsa kerak. Har ehtimolga qarshi ...
- Fikringizni tushundim. Biz pley-offda o'ynashga ham tayyormiz. Tayyorgarlikni shunga monand tarzda olib boramiz.

- Tayyorgarlik rejasi ishlab chiqildimi?

- Yangi yilgacha Toshkentda yig'in o'tkazamiz. Hozir eng katta muammo bu tarkib bilan bog'liq bo'ladi. Milliy terma jamoa yig'iniga hozircha olti nafar futbolchimiz taklif oldi. Bu yarim jamoa deganidir. Darvozabondan tashqari, himoya chizig'imizning deyarli barcha azolari ikki oy davomida terma jamoa ixtiyorida bo'lishadi. Yanvar oyida Osiyo Kubogi-2015ning o'tkazilishini inobatga olsak, futbolchilarimiz klubimiz ixtiyoriga fevral oyidagina qaytishi oydinlashadi. Tasavvur qilyapsizmi, ikki oy mobaynida asosiy tarkibning olti nafar futbolchisiz mashg'ulot o'tkazamiz. Fevral oyida esa OCHL-2015 mavsumiga ham start beriladi. Biz uchun bu jarayon juda qiyin o'tishi aniq.



- OCHL uchun mo'ljallangan legionerlarning 3+1 limitidan foydalanasizmi?
- Ha, bu haqda bosh qotiryapmiz. Yuqorida aytganimdek, asosiy tarkibning olti nafar futbolchisiz mavsumga tayyorgarlik ko'rishimizga to'g'ri keladi. Men bu futbolchilarimizga umid bog'lamayapman ham. Hali terma jamoadan safimizga qay holatda kelishlari ham nomalum. SHu bois, legionerlar limitidan foydalanamiz.

- Bu borada ko'z ostingizga olib qo'ygan futbolchilaringiz bormi yoki selekciya jarayoni endi boshlanadimi?

- Bunday futbolchilar bor. Bir necha oy davomida o'yinlarini kuzatib keldik. Lekin ularning ism-shariflarini hozir oshkor qila olmayman. Sababi, hali ular bilan muzokaralarni ham boshlamadik. Ular bilan shartnoma masalasida hali gap-so'z ham yo'q. SHu bois, legionerlar masalasida hozir tayinli fikr bildira olmayman. Yanvar oyidagi yig'inimizda bir necha legionerlarni ko'rikdan o'tkazamiz.
 
- Jamoalarimiz legionerlar masalasida asosan bolqonlik futbolchilarga qaratishadi. Siz ham bu ananaga sodiq qolasizmi?
- Bu legionerlar Alyaskadan bo'lmasligi aniq (kuladi). O'zimizga yaqin qitadan bo'ladi. Ko'rikdan o'tkazadigan legionerlarimiz mahalliy o'yinchilarimizdan saviyasi baland bo'lmasa, ularga javob berib yuboramiz.   



- Mavsumlar oralig'ida jamoaga taklif etiladiganlar orasida o'zimizning mahalliy futbolchilar ham bo'ladimi?
- Albatta. Biz birinchi galda etiborimizning o'zimizning o'yinchilarga qaratamiz. Bu yilgi mavsum davomida bir necha nafar futbolchilarni kuzatib bordim. Ko'z ostimga olib qo'ygan o'yinchilar bor. Faqat masala ularning taklifimizga qanday javob berishida. Majburan biror futbolchi bilan shartnoma imzolamaymiz. Bunday o'yinchilardan foyda bo'lmaydi.
 
- SHuning bilan bir qatorda shartnomasi yakunlanayotgan futbolchilar ham bor. Ular bilan kelishuvni uzaytirish bo'yicha muzokaralar boshlandimi?
- Bu masalani endi ko'rib chiqamiz. Mavsum endigina yakunlandi. Kun tartibida bundan buyon shu masala turadi.

- Jamoangizning birinchi raqamli darvozaboni Ignatiy Nesterovning shartnomasi yakunlandi. U bilan gaplashib ko'rdingizmi?

- Ignat shubhasiz, jamoamizning etakchi futbolchisi hisoblanadi. Mavsum davomidagi muvaffaqiyatlarimizda Nesterovning xissasi katta bo'ldi. SHartnomaning uzaytirilishida bevosita Ignatning fikri muhim rol o'ynaydi. Biz hech kimni majburlab shartnomaga qo'l qo'ydirmaymiz va o'ynatmaymiz ham. Agar u jamoada qolsa, bundan xursand bo'lardim.

- Nesterovning ketishi bu jamoangiz uchun katta yo'qotish bo'ladimi?
- Bilmadim. Uning jamoani tark etishi haqida hech qanday gap yo'q. O'ylaymanki, u bilan shartnomani uzaytiramiz. Kelasi mavsum OCHLda ishtirok etishimizni inobatga olsak, bunga umid qilsak bo'ladi.  



- Farhod Tojiev bilan qanday kelishmovchilik yuzaga keldi?
- Hech qanday. Farhodning shartnomasi yakunlandi. Uning o'zi kelishuvni uzaytirmaslikni lozim topdi. Yuqorida aytganimdek, biz hech kimni majburan jamoada olib qolib o'ynatishni istamaymiz. Bundan faqat zarar bo'ladi. Futbolchining o'ziga ham, jamoa ko'rsatadigan natijaga ham. Tojiev klubni almashtirishni istadi va biz unga bu borada omad tiladik.

- Mavsumni deyarli o'tkazib yuborgan Marat Bikmaev o'zi maydonga tushgan o'yinlarda jamoa muvaffaqiyatiga katta xissa qo'shdi. Birgina kubok finali fikrimizga isbot bo'la oladi.
- Maratning potenciali yuqori. U Rossiya premer-ligasida katta tajriba to'plagan. Final uchrashuvida ham uning to'p uzatishidan so'ng Hasanov darvozani ishg'ol qildi. Afsuski, jarohati sabab deyarli ikki mavsumni o'tkazib yubordi. Uning imkoniyatlarini bilganim uchun ham jarohati bo'lishiga qaramay u bilan shartnoma imzoladik. Yangi mavsumda undan umidimiz katta.
   
- Xorij yig'inlari tashkil etiladimi?
- Hozir shu haqda bosh qotiryapmiz. Rejaga ko'ra, yanvar oyida xorij yig'inlari tashkil etiladi. Dekabrda Toshkentda tayyorgarlik ko'ramiz.

- Qachon "Lokomotiv" futbol maktabi va o'rinbosarlari orasidan asosiy tarkibda o'yinchilarni ko'ramiz?
- "Lokomotiv" bolalar futbol maktabi tashkil etilganiga uch yil vaqt bo'ldi. Yana 3-4 yildan so'ng futbol maktabimiz meva bera boshlaydi. Bu yilgi mavsumda Quvondiq Ro'zievdan umidim katta edi. SHaxsan o'zim o'rinbosarlarimiz ishtirokidagi uchrashuvlarni kuzatib kelyapman. Bizda istedodli yoshlar talaygina. Yaqinda xorijda o'tkazilgan xalqaro turnirlarda yosh tarbiyalanuvchilarimiz sovrinli o'rinlarni egallab qaytishdi.



- Vadim Karlenovich, keling endi milliy chempionatimiz haqida ham gaplashsak. "Paxtakor"ga qarshi kechgan uchrashuvda chempionlikdan mahrum bo'ldinglar. O'z maydoningizda qabul qilingan mag'lubiyat alamli bo'ldi. O'sha o'yinda nima etishmadi?

- Futbolchilar terma jamoa ixtiyoridan kech etib kelishdi. Nazarimda charchoq alomatlari sezilib qoldi. Keyin o'sha kuni futbolchilarimiz yuzaga keltirilgan vaziyatlardan ham foydalana olishmadi.

- To'g'rikuya, lekin "Paxtakor" futbolchilari ham shunday vaziyatda edilar. Boz ustiga, ulardan ko'proq futbolchi terma jamoaga jalb etilgandi...

- "Paxtakor"ning yutug'i o'z futbolchilarini ertaroq jamoa safiga qaytara oldi. Bizda esa buning iloji bo'lmadi. Endi hozir aytiladigan har bir so'zim bahonadek taassurot qoldirishi mumkin. SHu bois, bu mavzuda hozir gapirishdan foyda yo'q.

- O'sha o'yinda "Paxtakor" futbolchilari tezlik evaziga jamoangizni mag'lub etdi. Mag'lubiyatsiz mavsumni yakunlagan jamoa haqiqatan ham hammadan kuchli edimi?
- Men "Paxtakorni" chempionlik bilan tabrikladim. Endi o'yinning o'yin bilan farqi bo'ladi. Masalan, biz kubok bahslarida "Paxtakor"ni ikki o'yin natijasiga ko'ra mag'lub eta oldik. Demakki, bu ishni chempionat uchrashuvida ham uddalasak bo'lardi. Lekin amalda bunday bo'lib chiqmadi.



- Ispaniyada ikkita chempionat bor deyishadi. Birida "Real" va "Barselona" jamoalari ishtirok etsa, ikkinchisida qolgan 18 ta klub qatnashadi. O'zbekiston chempionatiga ham xuddi shunday tarif bersa bo'ladi. Bu borada fikringiz qanday? CHempionatimizda o'zgarish bo'lyaptimi?
- Faqat Ispaniyaga emas, Franciya, Italiya, Germaniya chempionatlariga ham shunday tarifni berish mumkin. Birgina Angliya chempionatida nisbatan terng kuchli jamoalar jam bo'lgan va shu boisdan ham premer-liga kuchli hisoblanadi. Autsayder jamoaning kuchli klubni mag'lub etish holatlari har bir turda uchrab turadi. O'tgan mavsum bilan taqqoslaganda, ijobiy tomonga katta o'zgarishlar yo'q, deb hisoblayman. O'ziga yarasha plyuslari ham bor, lekin minuslari undan ko'proq.   
   
- So'nggi paytlarda kelishilgan o'yinlar haqida ko'p gapirilyapti. Bu borada sizning poziciyangiz qanday?
- Kelishilgan o'yinlar borligini tasdiqlamayman, lekin inkor etmayman ham. Ammo ayblov isbotlanmagunicha, uning hech qanday kuchi bo'lmaydi. Bunday gap-so'zlarga o'rin qoldirmaslik uchun chempionatimiz tizimini o'zgartirish kerak. Qozog'iston, Janubiy Koreyada bo'lgani kabi ikki bosqichli milliy chempionat tizimini yo'lga qo'yish kerak. Ikkinchi bosichda kuchli oltilikdan joy olgan jamoalar o'rtasida musobaqa o'tkazish lozim. O'shanda 6-o'rindagi jamoada ham chempionlik uchun imkoniyat yuzaga keladi. Bunday kuchli raqobatda istedodlar ham kashf etiladi. Tabiiyki, stadionlar ham bunday o'yinlar natijasida muxlislar bilan gavjum bo'lardi. SHaxsan men shunday chempionat o'tkazilishi tarafdoriman.

- Sizningcha, joriy mavsum kashfiyoti bo'lgan uch nafar futbolchi kim?
- Bu savolga javob berish qiyin. Lekin so'ragan ekansiz, bu savolga javob beraman. Birinchi navbatda menga Jamshid Iskandarovning o'yinlari maqul keldi. U Paxtakor jamoasida etakchilik rolida bo'ldi. SHu klub tarkibidagi Kaxi Maxaradze haqida ham shunday fikrdaman. Kaxini juda yaxshi bilaman. Bu yilgi mavsumda uning yangi qirralari kashf etildi. Sardor Rashidov ham yaxshi taassurot qoldirdi. Lekin u barqaror o'yin namoyish etmadi. Kubok finalida Salim Mustafoev unga imkoniyat bermadi. Rashidov va Iskandarov hali terma jamoada ham o'zlarini ko'rsatishlari kerak. SHunda ularga to'liq baho berish mumkin bo'ladi. Hozircha bu futbolchilar milliy terma jamoaning birinchi raqamli futbolchilari emas.



- Yanvar oyida Avstraliyada Osiyo Kubogi bo'lib o'tadi. Hozir sizdan terma jamoamiz haqida so'ramoqchi emasman. Umuman, bu galgi qita chempionatidan nimalarni kutyapsiz?
- Avstraliya o'z maydonida o'ynayotgan ekan, bu jamoaning chempionlik yo'lida imkoniyatlari yuqori bo'ladi. OFK tarkibiga qo'shilganiga bir necha yil bo'lishiga qaramay, Yashil qita terma jamoasi hech qanday yutuqqa erishmadi. To'g'ri, yaqinda klubi OCHLda bosh mukofotni qo'lga kiritdi. Lekin terma jamoa borasida bunday fikr bildira olmayman. SHaxsan menga to'rt yil avval Qatarda o'tgan Osiyo Kubogi har tomonlama maqul kelgandi. Muhammad Bin Hammam qita futboli rivojiga ulkan xissa qo'shdi. Uni yaqindan bilganim uchun bu so'zlarni aytyapman. Uni FIFA prezidenti Yozef Blatter korrupciyada aybladi. Lekin bu ayblovlarning hech bir o'z tasdig'ini topmadi.   

Kamoliddin ALIMOV suhbatlashdi
Reyting:    

Fikrlar

championat.asia
< so’nggi yangiliklarni ko’rish
Яндекс.Метрика