Jamoliddin Rahmatullaev: "O'z maydonini bergani uchun "Sho'rtan"ga rahmat"

2 noya 2026, 08:50
Proliga 25-turdan o'rin olgan "Respublika FA" – "Sho'rtan" uchrashuvidan so'ng "Respublika FA" bosh murabbiyi Jamoliddin Rahmatullaev matbuot anjumanida ishtirok etdi.

- O'yin haqida fikringiz?

- Avvalambor "Sho'rtan" jamoasiga minnatdorchilik bildiraman. Negaki biz o'z maydonimizda o'tishi kerak bahsni stadion muammosi tufayli safarda o'tkazdik. Tashkiliy ishlar borasida bizga yordam bergani uchun "Sho'rtan" klubiga rahmat aytaman. Endi o'yinga keladigan bo'lsak, yaxshi uchrashuv kechdi, har ikki jamoa saviyali futbol namoyish etishga harakat qildi. Birinchi bo'limda ayniqsa jamoamiz juda chiroyli o'ynadi. Raqibning bosimiga qaramay o'yinni o'zimiz kutgandek olib bordik, faqat hujumda biroz ishlarimiz yurishmadi. O'ylaymanki, stadionga kelgan muxlislar yaxshi futbol ko'rishdi.

- "Sho'rtan" mezbonlikni qabul qildi deb aytib o'tdingiz. Bunday holatlar yana sodir bo'ldimi?

- Afsuski, ikkinchi davradagi barcha uchrashuvlarni mehmonda o'tkazyapmiz. Uy stadionimiz Milliy futbol markazidagi "Do'stlik" hisoblanadi va bu o'yingohda yilning birinchi yarmida ko'plab uchrashuvlar o'tkazilgani bois maydon yomon holatga kelib qoldi. Shundan keyin maydon yopildi va ta'mirlash boshlandi. Shu sababli barcha o'yinlarni mehmonda o'tkazib turishimizga to'g'ri kelyapti. To'g'ri, har gal o'yinlarni mehmonda o'tkazish oson emas. Yigitlarda ham charchoq kuzatilyapti. Faqat futbolchilarimizning aksari yosh bo'lgani uchun bu narca bilinmayapti. Hozir maydonlar bilan bog'liq muammo ko'payib ketdi. Ayniqsa Toshkentdagi jamoalar juda qiynalyapti.

- Bu muaammo kelasi yilgacha bartaraf etiladimi?

- Rahbariyat bu borada qo'ldan kelgancha harakat qilmoqda. Qaniydi biz ham uy uchrashuvlarini faqat o'zimizda o'ynasak. Jamoamizdagi futbolchilar terma jamoa darajasidagi o'yinchilar hisoblanadi. Buni ham hisobga olish kerak. Albatta, bu futbolchilarga imkon qadar sharoit yaratib berilmoqda. "Do'stlik" stadioni tayyor bo'lsa, juda yaxshi ko'rinish oladi. O'ylaymanki, keyingi yil uy uchrashuvlarini o'z maydonimizda o'tkazamiz.

- "Men bunaqa hakamlikni ko'rmagandim" deb ko'p marta zaxira hakamiga aytdingiz. Nimalar sizni xavotirga soldi?

- To'g'risini aytsam, bugun xotirjam o'tirib futbol ko'rmoqchi edim. Lekin hakamlarning bazi qarorlari bemalol futbol ko'rishga bermadi. Yigitlarga etirozim yo'q, berilgan ko'rsatmalarni bajarishga harakat qilishdi. Biz tomondan bo'lgan etiroz hakamlarga boshqacha ta’sir qildi. Hakam ham bizdan xafa bo'lib o'yinni boshqargandek tuyuldi. Hakamga yomon gapirishadimi, baribir maydonda professional tarzda o'yinni boshqarishi kerak. Nimadir gap bo'lsa o'yin tugaganidan keyin ham gaplashib olsa bo'ladi.

- Sizningcha, qaysi biri o'yinni "sindiradi": berilgan penaltimi yoki mayda-mayda qarorlarmi?

- Ketma-ket noxolis qarorlar yig'ilib baribir yakunda murabbiy yoki futbolchilarning "portlashiga" sabab bo'ladi. Bitta penaltida hakam jiddiy xatoga yo'l qo'yishi mumkin. Bitta epizodni tushunsa bo'ladi, lekin ketma-ket mayda xatolar oxir-oqibat katta muammoga aylanadi.

O'xshash yangiliklar


Manba: championat.asia