Jamoliddin Rahmatullaev: "Bu mavsum bolalarning faoliyati uchun eng katta poydevor qo'yildi"

Iskandarov Abdulaziz
10 noya 2026, 10:42
Proliganing oxirgi turida “G'azalkent” va "Respublika FA" jamoalari to'qnash keldi.

O'yindan so'ng “Respublika FA“; jamoasi bosh murabbiyi Jamoliddin Rahmatullaev matbuot anjumanida, mavsum natijalari, jamoadagi o'sish va o'zbek futbolidagi muammolar haqida o'z fikrlari bilan o'rtoqlashdi.

​- Juda ham chiroyli g'alaba bo'ldi. Avvalo, bolalarga bu mavsumdagi mehnatlari uchun katta rahmat aytmoqchiman. G'alabali kunlar ham, mag'lubiyatlar ham bo'ldi. Har qanday holatda ham o'zlarini qo'lga olib harakat qilganlari tahsinga loyiq. Bu yilgi mavsum bu yigitlarning katta futboldagi faoliyati uchun eng muhim poydevor bo'ldi, desak yanglishmaymiz. Ko'z o'ngimizda juda katta o'sishga erishishdi. 

​O'yinga to'xtaladigan bo'lsak, maydonda nafaqat hisobda, balki hujumda ham, himoyada ham, o'tish fazalarida ham jamoam raqibdan ancha ustun ekanligini ko'rsatdi. To'g'ri, hujumlarni yakunlashda hali ham muammolar bor, agar ular bartaraf etilganida hisob bundan ham yirik bo'lishi mumkin edi. Afsuski, o'yin oxirida yuzaga kelgan holat kishi ko'nglini g'ash qildi. Zero, bu yigitlarning ko'pchiligi kelajakda terma jamoa va Vatan sharafini birgalikda himoya qiladigan tengdoshlardir.

​Matbuotda va internet tarmoqlarida chiqayotgan turli maqolalar, birinchi davradan keyingi bahsli fikrlar futbolchilarni bir-biriga qayrab qo'yyapti, deb o'ylayman. Biz raqib tomondan haddan tashqari ko'p agressiya his qildik. Bu kabi holatlar faqat o'zbek futboliga zarar keltiradi. To'g'ri, maydonda qizg'in kurash va jang bo'lishi tabiiy, lekin hurmatni hech qachon unutmaslik kerak. Maydonda har bir qarich er va har bir to'p uchun oxirigacha kurashish shart.

​Biroq hakamning final hushtagidan keyingi munosabatlar va futbolchilarning xatti-harakati meni xafa qildi. O'ylaymanki, bu yoshdagi yigitlar xatolarini tez orada tushunib yetishadi va bundan to'g'ri xulosa chiqarishadi. Ularning porloq kelajagi va katta sport yo'li hali oldida.

​- Assalomu alaykum, g'alaba muborak bo'lsin! Ikki jamoa ham adashmasam ilk bor Proligada qatnashyapti. Birinchi mavsumdayoq principial raqobat kelib chiqqani noto'g'ri emasmi?

​- Agar bu sog'lom raqobat bo'lsa, juda ham zo'r. Chunki birinchi davradagi o'yindan keyin ham raqib jamoa murabbiylar shtabi takidlaganidek, bu ikki loyiha bir-biriga o'xshaydi: biri xususiy, boshqasi davlat tomonidan moliyalashtiriladi. Ammo ikkalasi ham baribir o'zbek futbolining rivojiga xizmat qilishi kerak. O'ylaymanki, hozircha bu maqsad amalga oshmoqda.

​- Nima deb o'ylaysiz, bunday principiallikka nima sabab bo'lyapti?

​- Menimcha, bolalar yoshlik qilib qo'yishyapti. Yigitlar maydonda borini berib harakat qilishyapti, ularning xayoli faqat futbolda. Biroq futbol atrofidagi ayrim holatlar bizni shunday vaziyatlarga tayyorlab qo'ymoqda. Shuning uchun o'zbek futbolida faqat tanqidga uchraydigan murabbiy yoki futbolchilar emas, balki sport jurnalistikasi va rahbariyat ham birdek rivojlanishi loyihamiz foydasiga ishlaydi. Qilgan har bir harakatimiz o'zbek futboli taraqqiyotiga qaratilishi kerak. Shaxsiy manfaatlar yoki jamoalarning obro'sini loyga chaplash orqali ommaga chiqish mutlaqo noto'g'ri. Biz vijdonan ishlashimiz va barcha kuchimizni futbol rivojiga sarflashimiz kerak.

​- Ikkinchi savolim: birinchi davrada tarkibda Rustamjonov yo'q edi. Uni jamoaga olib kelish ikkinchi davra boshida rejalashtirilganmidi? Chunki u kelib, ikkinchi bosqichda o'zini juda yaxshi ko'rsatdi.

​- To'ppa-to'g'ri, juda o'rinli savol. “Darvozabon - yarim jamoa”, deyishlari bejiz emas. Biz bu masalani yil boshidanoq muhokama qilgandik. O'zingizga ma'lum, u “Odil Junior” tizimiga tegishli futbolchi va dastlab Superligada o'zini sinab ko'rib, asosiy tarkib uchun kurashmoqchi ekanligini bildirgandi. Biz uning bu qarorini to'g'ri tushunib, xursandchilik bilan qabul qilgandik. Lekin birinchi davrada u asosiy jamoa safida maydonga tushmadi, faqat o'rinbosarlar tarkibida qoldi (adashmasam, bitta kubok o'yinini hisobga olmaganda).

​Shu bois, vaziyatni to'g'ri anglab, ikkinchi davrada bizga yordam bergani uchun “Andijon” klubi rahbariyatiga katta rahmat aytaman. Proliga saviyasi o'rinbosarlar ligasidan yuqoriroq bo'lgani sababli, bu qadam terma jamoa manfaatlariga ham xizmat qildi. Rustamjonovdan tashqari, "G'azalkent"dan kelgan Asilbek Abdurasulov ham (u Qozog'istondan amaliyotsiz qaytgan edi) bugun juda yaxshi o'yin ko'rsatdi. Shuningdek, ikkinchi davrada kelgan Shohrahim Shohmedov ham jamoamiz kuchini sezilarli darajada oshirdi.

​Qolgan futbolchilar ham birinchi davrada tajribasizlik va yoshlik qilishgan bo'lsa, ikkinchi bosqichga kelib ancha shakllandilar.

​- Bugun mavsumdagi so'nggi o'yin bo'lib o'tdi. Yil boshida oldingizga qanday maqsadlar qo'yilgandi va ularga erishildimi?

​- Albatta, erishildi! Men biroz oldinroq ko'p savollaringizga jamoamizning umumiy faoliyati orqali javob berib o'tdim. Bizning asosiy vazifamiz - futbolchilarda progressga erishish, o'yin amaliyoti kam bo'layotgan yoshlarni terma jamoaga tayyorlash edi. Bu loyiha kutilganidan ham katta foyda keltirdi. Xudo xohlasa, kelajakdagi bahslarda ham bu o'z mevasini beradi. Yil boshidagi jismoniy testlar hamda taktik ko'rsatkichlarni hozirgi holat bilan solishtirganimizda juda katta o'sishni ko'rdik - ham individual, ham jamoaviy tarzda.

​Natija yoki turnir jadvalidagi o'rinlar birinchi yilimiz uchun ikkinchi darajali edi. Biz eng asosiy maqsadimiz - o'yinchilarning o'sishi va progressiga erishdik, alhamdulillah!

O'xshash yangiliklar


Iskandarov AbdulazizMuallif
Manba: Championat.asia