Unga "Navbahor" va "Turon"dan taklif bo'lganmidi? Ikkinchi davrada qanday "Qizilqum"ni ko'ramiz? - Elguja Grigalashvili bilan intervyu Yangiliklar

Unga "Navbahor" va "Turon"dan taklif bo'lganmidi? Ikkinchi davrada qanday "Qizilqum"ni ko'ramiz? - Elguja Grigalashvili bilan intervyu

Navoiyning "Qizilqum" jamoasi joriy yilgi Superliganing birinchi davrasini ko'tarinki ruhda o'tkazdi.

Ayni paytda ikkinchi davraga tayyorgarlikni davom ettirayotgan Hamidjon Aktamov shogirdlari kecha Toshkentda "Lokomotiv" bilan nazorat uchrashuvini o'tkazdi. 

Unda 1:1 hisobidagi durang qayd etildi. 49-daqiqada Javoxir Alijonovning zarbasi kichik rikoshet hosil qilib, "Qizilqum" darvozasidan o'rin olgan bo'lsa, Islom Kenjaboevning golidan keyin bosh hakam uchrashuvni yakunlab berdi. Biz ushbu bahsdan so'ng jamoaning gruziyalik futbolchisi Elguja Grigalashviliga bir nechta savollar bilan yuzlandik. 

- "Qizilqum"ning birinchi davradagi ishtiroki haqida fikrlaringiz qanday? Jamoaning yashirin imkoniyatlari yuzaga chiqdimi yoki futbolchilarning darajasi?

- Jamoamizda tajribali va mahoratli futbolchilar yig'ilgani natijalarimizda asosiy rolni o'ynamoqda. SHunday ekan natija o'z-o'zidan kelayotgani yo'q. Har qanday natijaning ortida katta mehnat yotadi. Kimning qanday fikrlashi o'ziga bog'liq. SHunisi aniqki, hech narsa osonlikcha qo'lga kiritilmayapti. 

- Ayrim uchrashuvlarda jamoa chiroyli o'yin ko'rsatmayotgan bo'lsa ham, muhimi natijaga erishmoqda...

- Bu borada aniq javob bera olmayman. Biz maydonda futbol o'ynamoqdamiz, regbi emas. Futbol kontaklardan iborat o'yin hisoblanadi. Futbolda natija yodda qoladi. Lekin stadionga kelgan muxlislarga chiroyli o'yin ko'rsatishga harakat qilmoqdamiz. 

- Davralar oralig'ida sizga "Navbahor", "Turon" kabi jamoalardan qiziqishlar bo'lgani haqida eshitdik...

- Bilmadim. Lekin bu boradagi xabarlar o'zimning ham qulog'imga chalindi. 

- SHaxsan o'zingizga yuqoridagi klublardan aniq taklif kelib tushdimi? Kelgusida qanday qaror qabul qilmoqchisiz?

- Yo'q, hech qanday takliflar bo'lmadi. 

- Ikkinchi davraga tayyorgarlik qanday ketmoqda? Mavsumning ikkinchi qismida ham "Qizilqum"dan kutilmagan sovg'alarni ko'ramizmi?

- Tayyorgarlik odatdagidek ketmoqda. "Qizilqum" birinchi davraga qaraganda yanada qiziqarli jamoaga aylanadi. 

Abdulaziz Iskandarov suhbatlashdi

Reyting: +4   

Fikrlar

championat.asia
< so’nggi yangiliklarni ko’rish
Яндекс.Метрика