So’nggi yangiliklar

19:13УEФА Суперкубоги ўйинини ким бошқариши маълум  0 18:49Погбанинг акаси Бельгиянинг учинчи лигасида ўйнайди  3 18:25"Бунёдкор" собиқ бош мураббийи Парижда ўғриликка учради  6 18:01"Шўртан" учта трансферни амалга оширди  3 17:39"Ланс" "Челси" собиқ ҳимоячиси билан битим тузди. У Ҳусановга рақобатчи бўлади  3 17:15Тер Штеген – "Барса"да сардорлик учун асосий номзод  2 16:48"Хоразм" бир қатор футболчиларни сафига қўшиб олди  4 16:28"Манчестер Сити" янги мавсум учун захира либосини тақдим этди  1 15:59ФИФА Олимпиада ўйинларидаги воқеаларни текшириш учун эксперт тайинлади  1 15:34Тимур Кападзе: "Мисрнинг кучли томонлари ва имкониятларини яхши биламиз"  9 15:12Иброҳимҳалил ОТЖ лагерини тарк этди, унинг ўрнига бошқа ўйинчини қўшиш мумкинми? Кападзе жавоб берди  26 14:59"Манчестер Юнайтед" Уан-Биссакани Дюмфрисга алмаштирмоқчи  4 14:37Париж-2024. Ўзбекистон Мисрга қарши қандай либосда майдонга тушиши маълум  9 14:15АПЛ клублари "Лион" ҳимоячисига даъвогар  1 13:50Симонс "Лейпциг" ва "Бавария"дан бирини танлади  1

Ular qanday ishlashadi? Oliy liga klublari darvozabonlar murabbiylari Yangiliklar

Ular qanday ishlashadi? Oliy liga klublari darvozabonlar murabbiylari

Bundan o'n yillar muqaddam klublarimizda alohida darvozabonlar bilan ishlovchi murabbiy degan tushuncha yo'q edi.

Jamoalarda asosan ikki murabbiy (bosh va yordamchi) ish olib borar, darvozabonlar esa o'z bilganicha mashg'ulot o'tkazardi. Endilikda darvozabonlar murabbiyi degan kasb paydo bo'ldi va bu soha egalari ham yil boshida PFL zayavkasidan o'tishmoqda.

Oldin qanday edi? 

O'zbek futboliga darvozabonlar bilan ishlovchi murabbiylar kirib kelmasidan oldin aksariyat jamoalar mashg'uloti quyidagicha tartibda o'tardi. Odatga ko'ra butun jamoa maydonga chiqadi, dastlab yugurish va chigalyozdi mashqlari orqali hamma qizib oladi. SHundan so'ng bosh murabbiy maydondagi o'yinchilarni olib qolib ular bilan ishlaydi. Jamoa tarkibidagi ikki nafar darvozabon esa darvoza oldida murabbiysiz alohida mashg'ulot o'tkazishadi. Bunda bir darvozabon ikkinchi hamkasbiga yaqindan yordam berib turadi. Bazan ular bilan jamoadagi  yordamchi murabbiy ham ishlashi mumkin. Lekin bu doim ham amalga oshavermasdi. 

Endi vaziyat o'zgardimi? 

Endilikda ham mashg'ulot o'tkazish tartibi o'sha-o'sha, biroq bugungi kunda darvozabonlar yolg'iz o'zlari emas, balki alohida murabbiy bilan ishlaydigan bo'lishdi. Mashg'ulotni boshlab olish tartibi deyarli o'zgarmagan. Doimgidek butun jamoa maydonga chiqadi, chigalyozdi mashqlari bajarib olingach futbolchilar maydonda qolishadi va to'p bilan ishlash mashqlariga o'tishadi. Darvozabonlar esa o'z murabbiylari bilan darvoza tomon yo'l olib, bir soatdan ko'proq vaqt davomida alohida shug'ullanishadi. Agar mashg'ulotning oxirgi yarim soatida jamoa ikki takibga bo'linib o'ynasa, unda darvozabonlar yana jamoaga qo'shilishadi. 


Suratga izoh: Pyotr Gizimchuk ayni paytda "Lokomotiv" darvozabonlarini shug'ullantirmoqda 

Darvozabonlar murabbiyi nimalarni o'rgatadi? 

Albatta, bu ham qiziq savol. Avvalo oliy ligada to'p tepayotgan har bir darvozabon yoshlikda maktab ko'rgan bo'lishi shart. SHundagina katta futbolda o'ynab ketish oson kechadi. SHu bois murabbiylar darvozabonlar haqida gapirganda maktab ko'rgan yoki ko'rmagan degan tarifni ishlatishadi. Darvozabonlar bilan ishlaydigan murabbiylar o'z shogirdlariga birinchi navbatda joy tanlash, balandlikka va uzunlikka sakrash, penalti belgilanganda qanday harakat qilish, to'pga to'g'ri chiqish, epchillik va chaqqonlikni o'rgatishadi. Darvozabonlar alohida shug'ullanganda birdaniga to'p bilan ishlashga o'tib ketilmaydi, avvalo jismoniy mashg'ulotlarga zo'r berishadi.

Darvozabonlar bilan ishlash og'irmi? 

Futbolda darvozabon - alohida kasb degan gap bor. Birinchidan, u maydondagi o'yinchi emas. Qolaversa, darvozabonlar mashg'ulot va o'yin payti hadeb yiqilganidan yoki bo'lmasa darvoza ustuniga urilavergach, ko'pchilik ular bilang ehtiyot bo'lib muomala qilgan maqul deydi. Albatta, darvozabonlar bilan ishlash og'ir, murabbiy doim ularning kayfiyatiga qarashi shart. Mabodo o'yinda darvozabonning kayfiyati bo'lmasa, unda butun jamoaga qiyin bo'ladi. Maydondagi o'yinchilardan istalgan holatda foydalanish mumkin, aytaylik himoyachini yarim himoyaga o'tkazish, hujumchini orqaga qaytarish va hokazo. Lekin darvozabon o'yinning boshidan oxirigacha faqat bir joyda turadi. Uning ishi o'z darvozasidan to'p o'tkazib yubormaslik. SHunday bo'lganidan keyin ular bilan ishlaydigan murabbiylarga ham oson tutib bo'lmaydi. CHunki darvozabon avvalo kayfiyat o'yinchisi hisoblanadi. Darvozabonlar murabbiyi o'yin paytida bor etiborini o'z shogirdining harakatiga qaratadi, unga hujumchilarning qanday o'ynagani-yu, himoyachi nimaga xato qilgani unchalik qiziq emas. Asosiysi darvozabon xatoga yo'l qo'ymasa bo'lgani.


Suratga izoh: Nurullo Habibov "Buxoro" darvozabonlari bilan ishlaydi  

Ular darvozabonlarning eng yaqin do'sti 

Maydondagi futbolchilar o'zlarini qiynaydigan muammo yoki boshqa gaplarni birinchi navbatda kimga aytishadi? Bosh murabbiyga deysizmi? Yo'q, albatta. Ularning eng yaqin sirdoshi avvalo jamoa shifokori hisoblanadi. Klub shifokori har bir futbolchiga o'z ukasi yoki do'stidek munosabatda bo'ladi. Ammo darvozabonlar o'z tashvishlarini birinchi galda ularni shug'ullantiruvchi murabbiy bilan baham ko'rishadi. Murabbiylar ko'pincha mashg'ulot paytida ikki yo bo'lmasa uch nafar darvozabon bilan ishlaydilar. Bular - jamoaning asosiy posboni, uning o'rindoshi hamda o'rinbosarlar tarkibida o'zini ko'rsatgan darvozabon. O'rinbosarlardan taklif etilgan iqtidorli darvozabon mashg'ulot paytida asosiy tarkib bilan ishlashi mumkin, lekin yoshlar ligasi o'yinida baribir o'z tengqurlari qatoriga jo'nab ketadi. SHubhasiz, darvozabonlar murabbiyi qo'l ostida shug'ullanayotgan darvozabonlarning eng yaxshi do'sti bo'lishi kerak. Bu mashg'ulotda birga ishlashdan ham muhim ahamiyat kasb etadi. 

Ularning ishi qanday yo'lga qo'yilgan? 

Murabbiylar o'zlari uchun alohida dastur tuzib chiqishadi. Bu haftalik yoki oylik o'quv-mashg'ulot tartibi bo'lishi mumkin. Ularning ishini bosh murabbiy tasdiqlab berishi shart emas. CHunki darvozabonlar butunlay boshqacha dastur asosida ishlashadi. Jamoa o'yinga borganda futbolchi futbolchi bilan, bosh murabbiy narigi jamoaning bosh murabbiyi bilan suhbatlashgani kabi darvozabonlar murabbiylari ham o'z hamkasblari bilan gaplashishni xush ko'rishadi. Bunda suhbat asosan o'sha jamoadagi darvozabonlarning holati, ularning o'yinida o'sish bor-yo'qligi haqida boradi. Masalan, bizning oliy ligada shunday. SHu bois darvozabonlar murabbiylari boshqa klublarda qaysi bosh murabbiy ishlayotganidan ko'ra aynan darvozabonlarni kim shug'ullantirayotgani bilan ko'proq qiziqishadi. Yana shuni aytish mumkin, bizda oliy liga klublari bosh murabbiylari o'rtasida raqobat bor, ammo darvozabonlar murabbiylari borasida bunday deya olmaymiz. 


Suratga izoh: Faoliyatini tugatgan Igor Mixaylov "So'g'diyona"da ishlayapti 

O'yin kuni asosiy darvozabonni aniqlab olish qanday kechadi? 

Bosh murabbiy uchun eng qiyin ishlardan biri bu o'yin kuni asosiy tarkibni aniqlab olishdir. CHunki sizning qo'l ostingizda 20 nafar asosiy tarkibda tushishga tayyor o'yinchi bo'ladi va murabbiy boshlang'ich tarkibni tanlab olishda ikkilanib qolishi mumkin. Aksar jamoalarda asosiy darvozabon bitta va bosh murabbiy bu borada deyarli ikkilanishga duch kelmaydi. Odatda darvozabonlar toki qo'pol xatoga yo'l qo'ymaguncha darvozani qo'riqlayveradi. Ikkinchi darvozabon esa ko'pincha Kubok bahslarida sinab ko'riladi. Lekin shunga qaramay, o'yin kuni bosh murabbiy tarkibni aniqlashda baribir darvozabonlar murabbiyi bilan darvozaga kimni qo'yish to'g'risida maslahatlashib oladi. Odatda fikr bir joydan chiqadi va bunda muammo ko'rinmaydi. Lekin darvozabonlar murabbiyi u emas, bunisi mashg'ulotda ancha faol ishlayapti desa unda bosh murabbiyda yana savollar yuzaga keladi. Bir tomondan bosh murabbiy o'z yordamchisining gapiga quloq solgani maqul, chunki mashg'ulot paytida u maydondagi o'yinchilar bilan ishlab darvozabonlarga ko'p ham etibor qaratmaydi. Lekin bazi hollarda bosh murabbiy baribir o'z bilganidan qolmaydi va darvozabonlar murabbiyi falonchi loyiq degani bilan o'zi yoqtirgan darvozabonni o'ynatadi.

Murabbiylarni o'qitish qay tartibda bo'ladi? 

Bizda aynan darvozabonlar bilan ishlovchi murabbiylarni tarbiyalab beradigan maktab yo'q. SHu bois soha egalari O'FF tomonidan tashkil etiladigan kurslarda ishtirok etish bilan cheklanmoqda. Bunday kurs yurtimizda birinchi marta o'tgan yilning yanvar oyida tashkil etilgan. OFK bilan hamkorlikdagi xalqaro o'quv-kursi Toshkentda o'tkazildi va ishtirokchilarga yakunda “Level 1” sertifikati topshirildi. Seminar 4 yanvar kuni start olib olti kun davom etgan. Keyinchalik 27 yanvardan ikkinchi bor xalqaro kurs tashkil etildi. Unda OFK yo'riqchisi Kris Yong darvozabonlar murabbiylari uchun maruza qildi, shuningdek amaliy mashg'ulotlarni ham ko'rsatib bergan. O'shanda Ruslan Ahmedxonov, Qobiljon Olimjonov, Nurullo Habibov kabi sobiq darvozabonlar qatnashib o'z malakalarini oshirishgandi. Afsuski, bu kabi kurslar tez-tez o'tkazilmaydi, natijada murabbiylar biz uchun o'quv-kurclari yo'q deya o'ksib yurishadi.


Suratga izoh: "SHo'rtan" klubi darvozabonlar murabbiyi Erkin Mirzaevning xalqaro sertifikati 

Hamma klublarda ham murabbiylar bormi? 

Oliy ligada faqat birgina klub “Obod”ni hisobga olmaganda qolgan barcha jamoalarda darvozabonlar bilan ishlaydigan murabbiylar faoliyat yuritmoqda. Negadir “Obod”da yangi ish boshlagan ukrainalik mutaxassis Andrey Demchenko rahbariyatdan bizga ham darvozabonlar murabbiyi kerak degan talabni qo'ymadi, ehtimol bunga klubning moliyaviy holati sabab bo'lgan bo'lishi mumkin. “Paxtakor”da Anvar Rashidovdan so'ng turkiyalik Ibrohim Yilmaz ishlamoqda. Uni SHota Arveladze o'zi bilan olib keldi. Aksar sobiq darvozabonlar o'zlari o'ynagan klubda qolishni maqul ko'rishdi. Masalan, Pavel Bugalo, Andrey Baklanov, Erkin Mirzaev, Pavel Sinelnikov, Nurullo Habibov, Alisher Ahmedov shular jumlasidan. 

Qaerda kim ishlayapti? 

"Lokomotiv" - Pyotr Gizimchuk 

"Paxtakor" - Ibrohim Yilmaz (Turkiya)

"Bunyodkor" - Pavel Bugalo

"Nasaf" - Denis Ivankov

"Mashal" - Pavel Sinelnikov 

"SHo'rtan" - Erkin Mirzaev

"Buxoro" - Nurullo Habibov

"Qizilqum" - Baxtimurod Xayriddinov

"Dinamo" - Server Esatov

"So'g'diyona" - Igor Mixaylov

"Navbahor" - Ilhom Abduqodirov

"Neftchi" - Bahodir SHamshiddinov

"Qo'qon-1912" - Andrey Baklanov 

"Metallurg" - Alisher Ahmedov

"Olmaliq" - Anton Mayeranov 

"Obod" - hech kim


Suratga izoh: Alisher Ahmedov (o'ngda) "Metallurg"da darvozabonlarni tarbiyalab kelmoqda 

Xulosa o'rnida 

Yoshi katta murabbiylarning aksariyati hozir ham jamoaga darvozabonlar bilan ishlaydigan murabbiylar kerak emas deb o'ylashadi. Misol uchun Yuriy Sarkisyan o'z intervyularida bu gapni ko'p takrorlagan. Yuriy Vazgenovichga qolsa jismoniy tayyorgarlik bo'yicha murabbiyning ham keragi yo'q, chunki u kishi jamoada bosh murabbiy hammasiga javob beradi deb hisoblaydi. 

Ammo endilikda zamon o'zgardi, futbolning har bir yo'nalishi bo'yicha etuk mutaxassislarga bo'lgan talab ortib bormoqda. Biz-ku mayli, Rossiyaning bazi klublarida hatto hujumchilar bilan alohida ishlaydigan murabbiylar ham faoliyat yuritmoqda. Boshqa chiziqlarni bilmadig-u, lekin darvozabonlar uchun ularni shug'ullantiradigan alohida murabbiylar bo'lishi shart. CHunki darvozabonga ham kimdir o'rgatmasa o'z-o'zidan zo'r posbon bo'lib qolmaydi. Lekin tanganing ikkinchi tomoniga qarasak, bir paytlari Vadim Abramov aytganidek, oldin oliy liga klublarida darvozabonlar murabbiyi ishlamasdi, lekin kuchli darvozabonlar etishib chiqardi, endi bo'lsa bu kasb egalari hamma jamoada bor, ammo yaxshi darvozabonlar kamayib ketdi. SHunday ekan, biz soha murabbiylaridan zo'r shgogirdlar tarbiyalab berishni kutib qolamiz. 

X.Xoliqov.


Reyting: +2   

Fikrlar

championat.asia
< so’nggi yangiliklarni ko’rish
Яндекс.Метрика