Transfermarkt va Championat.asia O'zbekiston Superligasida mavsum yakunlarini sarhisob qildi
08 dek 14:00
Yangiliklar
Transfermarkt va Championat.asia O'zbekiston Superligasida mavsum yakunlarini sarhisob qildi
So'rovnomada Championat.asia ijodkorlari va Transfermarkt rus bo'limi xodimlari ishtirok etdi.
"Nasaf" darvozaboni Abduvohid Nematov ramziy terma jamoa darvozasidan joy oldi. U 2024 yilgi mavsumni yuqori saviyada o'tkazdi va O'zbekiston chempionatining 25 o'yinida atigi 16 ta gol o'tkazib yubordi. SHu bilan birga, 14 uchrashuvda "nolga o'ynadi". Zaxira darvozaboni Hamidullo Abdunabiev bo'ldi, u mavsumning birinchi qismini "Olimpik"da o'tkazdi va yozda "Bunyodkor"ga o'tdi. Uning hisobida 19 o'yin, 18 ta o'tkazib yuborilgan gol va 7 ta "quruq" o'yin mavjud.
Himoya markaziga "Navbahor"dan Filip Ivanovich va "Nasaf" sardori G'olib G'aybullaev joylashtirildi. Yana ikki sardor – Vladimir Bubanya ("Andijon") va Anvar G'ofurov ("Neftchi") zaxiradan o'rin egalladi. Ko'p jihatdan Bubanyaning say-harakatlari evaziga "Andijon" bu yil O'zbekiston Kubogini qo'lga kiritishga muvaffaq bo'ldi. Tajribali Oleg Zoteev "So'g'diyona" libosida qoyilmaqom mavsum o'tkazdi (Superligada 25 o'yin, 4 ta gol, 5 ta golli uzatma) va haqli ravishda ramziy termada o'ng qanotni o'ziniki qildi. Himoyaning chap qanoti "Nasaf" azosi SHerzod Nasrullaevga nasib qildi. Jamoamizda "Surxon"ning ikki nafar vakili – Sunnatillo Hamidjonov va Behruz SHaydulov zaxira himoyachisi sifatida ro'yxatga kirdi.
Maydon markaziga Akmal Mozgovoy ("Nasaf"), Jamshid Iskanderov ("Navbahor") va Anvar Hojimirzaev ("Dinamo") triosi joylashdi. Mozgovoy "Nasaf"ning etakchilaridan biri edi va aynan u Toshkentning "Lokomotiv"i darvozasini chalqancha uslubda ishg'ol qilib, "oltin" golga mualliflik qildi. Jamshid Iskanderov mavsum yakunida 25 uchrashuvda "gol+pas" tizimida jami "7+4" natija qayd etib, "Navbahor"ni uchinchi o'ringa olib chiqdi. "Dinamo"ning 30 yoshli futbolchisi Anvar Hojimirzaev faoliyatidagi eng yorqin mavsumini o'tkazdi: 25 o'yin, 10 ta gol va 1 ta assist. Zaxira yarim himoyachilari Oybek Rustamov (OKMK), Javohir Sidiqov ("Nasaf") va Xislat Xalilov ("Dinamo") bo'ldi. Zaxiradagilar orasida Xalilovga alohida etibor qaratish lozim. 21 yoshli futbolchi Samarqandning "Dinamo" jamoasi uchun haqiqiy "joker"ga aylandi: Superliganing 25 uchrashuvida "7+5" natija qayd etdi (etiborlisi, bor-yo'g'i 7 bahsni boshlang'ich tarkibda boshladi).
Ramziy jamoamizning hujumi faqat sobiq Yugoslaviya mamlakatlari futbolchilari – Lyupcho Doriev ("So'g'diyona"), Vladimir Yovovich ("So'g'diyona") va Dragan CHeran ("Paxtakor")dan iborat. Doriev Superligada 25 uchrashuvda "12+7", Yovovichda 24 uchrashuvda "8+8". 37 yoshli Dragan CHeran ketma-ket oltinchi marta Superliga to'purari bo'ldi: 22 uchrashuvda 13 ta gol urdi va 4 ta golli pas uzatdi. Zaxirada Xurshid G'iyosov (OKMK), Bektemir Abdumannonov ("Andijon") va Zoran Marushich ("Nasaf") qayd etildi.
So'rovnoma natijalariga ko'ra, Lyupcho Doriev mavsumning eng yaxshi futbolchisi bo'ldi. “So'g'diyona”ning yana bir vakili Vladimir Yovovich ikkinchi o'rinni oldi. Uchinchi pog'onaga Akmal Mozgovoy joylashdi.
Ivan Boshkovich mavsumning eng yaxshi murabbiyi deb topildi. "So'g'diyona" uning qo'l ostida to'rtinchi o'rinni egalladi (qo'shimcha ko'rsatkichlar tufayli "Navbahor"ga imkoniyatni boy berib, yakunda bronza medalidan quruq qoldi). "Nasaf" ustozi Ro'ziqul Berdiev ikkinchi o'rinni egalladi. Qarshi jamoasi uzoq kutilgan chempionlikni qo'lga kiritdi, biroq mavsum yakunida ketma-ket "qoqildi" va OCHL-2da omadsiz ishtirok etdi. Uchinchi o'rinni O'zbekiston chempionatida OKMKga kumush medallarini olib kelgan Mirjalol Qosimov band etdi.
Kutilganidek, Abduvohid Nematov Superligada mavsumning eng yaxshi darvozaboniga aylandi. U ramziy termamizdan ham joy oldi. Ovoz berish natijalariga ko'ra, Hamidullo Abdunabiev ikkinchi o'rinni egalladi. Uchinchi qatordan "Paxtakor" darvozaboni Vladimir Nazarov joy oldi.
"Paxtakor" jamoasi vakili Muhammadrasul Abdumajidov mavsumning eng yaxshi yosh futbolchisi bo'ldi. 20 yoshli himoyachi o'zining kattalar darajasidagi birinchi to'liq mavsumida qatnashdi va tez fursatda boshlang'ich tarkib azosi bo'lib oldi. U barcha musobaqalarda 28 o'yinda (24 tasi asosiyda) maydonga tushib, 1 ta gol urdi. Abdumajidov nafaqat Superligada, balki OCHL Elit Ligasida ham ishonchli o'yin ko'rsatdi. Rustam Turdimurodov ikkinchi o'rinni egalladi. 2024 yilgi mavsum ijara asosida "Andijon"da harakat qilgan 20 yoshli forvard barcha turnirlarda 24 o'yinda "9+1" natija qayd etishga erishdi. Uchinchi o'rin "Surxon"ning 19 yoshli hujumchisi Abdug'afur Haydarovga nasib etdi. Kattalar darajasidagi birinchi to'liq mavsumida u 15 o'yin o'tkazdi va 8 ta to'p kiritdi.
O'zbekistonning mamlakat tashqarisidagi eng yaxshi futbolchisi Abduqodir Husanov bo'ldi. 20 yoshli himoyachi ushbu mavsum "Lans"ning asosiy azosiga aylandi va barcha musobaqalarda 13 o'yinda maydonga tushdi, shulardan 10 tasida boshlang'ich tarkibda maydonga tushdi. Husanov oktyabr oyida Franciya chempionatining eng yaxshi yosh futbolchisi deya elon qilindi. Bundan tashqari, Abduqodir bir necha bor "SofaScore" statistik portali va "Lans" muxlislari sayti talqinida uchrashuvning eng yaxshi futbolchisi deb topildi. So'rovnomada CSKA yarim himoyachisi Abbos Fayzullaev ikkinchi o'rinni egalladi. 2024/2025 yilgi mavsumda u "armiyachilar"da 22 ta o'yin o'tkazib (18 tasi asosiyda), 3 ta gol va 6 ta golli uzatmaga mualliflik qildi. Uchinchi pog'onani Turkiyaning "Sivasspor" jamoasi sharafini himoya qilayotgan yarim himoyachi Aziz Turg'unboev egalladi – 14 o'yin (9 tasi asosiyda) va 3 ta golli uzatma.
Championat.asia O'zbekistonda yilning eng yaxshi futzalchisi va eng yaxshi ayol futbolchisini ham aniqladi. Ular – Husniddin Nishonov va Diyora Xabibullaeva.
Fikrlar