So’nggi yangiliklar

02:35Тожикистон футзал терма жамоаси бош мураббийи: "Бугун кучлироқ жамоа ғалаба қозонди"  0 01:38Хосе Венансио Лопес: "Адолатли натижа қайд этилди. Жорий йиғин давомида кўпроқ ҳимоя чизиғини яхшилаш ҳаракатидамиз"  1 01:05ОФК президенти Париж Олимпиадасида Осиё номидан иштирок этувчи терма жамоалар ва мусобақа расмийларига табрик йўллади  0 00:46Трент Беллингем билан дўстлиги сабаб "Реал Мадрид"га ўтиши мумкин  0 00:10"Сўғдиёна" Суҳроб Иззатов ва Умид Султонов трансферини эълон қилди  2 23:46"Локомотив" ўртоқлик ўйинида Қувайт клубига имкониятни бой берди  2 23:18"Динамо"да кўрикдан ўтаётган бразилиялик вингерга жавоб берилди  2 22:52Ўртоқлик ўйини. "Динамо" Қирғизистон клубини яна бир марта мағлуб этди  4 22:20Интервью. Шавкат Саидов: "Яна янгиликларимиз бор"  1 21:50Mirabror Usmanov Cup-2024. Ўзбекистон футзал термаси Тожикистонни мағлубиятга учратди  0 21:26Расман: Сергей Лушчан "Навбаҳор" клуби бош мураббийи сифатида таништирилди  24 21:03Ўртоқлик учрашуви. ОКМК Беларусь клубига имкониятни бой берди  1 20:35Эшитдик-да! "Навбаҳор"нинг асосий футболчиси легионерга айланиши мумкин  31 20:16Париж-2024. Ҳар бир терма жамоадаги катта ёшли футболчилар  8 19:49Ван Дейк NBA афсонаси Леброн Жеймс билан суратга тушди  4

To'yini ham qadrdon klubida o'tkazgan "o'zbek Fergyusoni" 76 yoshda! Yangiliklar

To'yini ham qadrdon klubida o'tkazgan "o'zbek Fergyusoni" 76 yoshda!

Teglar :  Yuriy Sarkisyan
Bugun, 30 may kuni xalqimiz orasida "o'zbek Fergyusoni" nomi bilan mashhur bo'lgan tajribali mutaxassis Yuriy Sarkisyan qutlug' 76 yoshini qarshi oldi.

O'zbekiston Respublikasida xizmat ko'rsatgan murabbiy, "Do'stlik" va "Mehnat shuhrati" ordenlari sohibi, besh karra O'zbekiston chempioni, tajribali mutaxassis, o'z kasbining haqiqiy jonkuyari, mehribon ota Yuriy Vazgenovich haqida har qancha gapirsak oz. Bu hazrati Insonning mamlakatimiz futboli rivojiga qo'shgan xissasi beqiyos. Sarkisyan yarim asrga yaqinroq murabbiylik faoliyati davomida o'zbek futboliga yuzlab ko'zga ko'ringan futbolchilarni etkazib berdi. Hozirda uning shogirdlari murabbiy sifatida o'z ustozlari boshlab bergan sharafli ishni davom ettirishyapti.

1947 yilning 30 may kuni Armanistonda dunyoga kelgan bugungi kun qahramoni taqdir taqozosi ila oilasi bilan birga O'zbekistonga ko'chib o'tadi. Sarkisyan 1968 yili futbolchilik faoliyatini Olmaliqning "Metallurg" klubida boshlagan. 1970 yilda Termizning "Avtomobilist" klubiga ko'chib o'tdi. 1974 yili Termizning boshqa bir jamoasi "Spartak" sharafini himoya qildi. 1975 yilda esa keyinchalik o'zining ikkinchi uyiga aylangan Farg'onaning "Neftyanik" (hozirgi "Neftchi") klubi safiga borib qo'shildi. 1978 yilgi mavsumni "SHaxrixonchi"da o'tkazgan. Keyin "Neftyanik"ka qaytib, faoliyatini oxirigacha shu jamoa libosida maydonga tushdi. Yuriy Sarkisyan 1982 yilda professional futbolchilik faoliyatini yakunlab, murabbiylikda ish boshladi.

Vazgenovich 1985 yili futbol murabbiylarini tayyorlash Oliy maktabini yakunlab, oliy toifali murabbiy darajasini qo'lga kiritdi. 1987 yilda "Neftyanik" klubi bosh murabbiyi sifatida faoliyatini boshlaydi. 1987-1989 yillar oralig'ida farg'onaliklar Yuriy Vazgenovich qo'l ostida sobiq SSSR chempionati ikkinchi ligasi 7-mintaqasining g'olibi bo'lgan. "Neftyanik" 1990 yilda ikkinchi liga sharq mintaqasi chempioni sifatida Birinchi ligada qatnashish huquqini qo'lga kiritgan. 1991 yili "Neftyanik" birinchi liga mavsumini 7-o'rinda yakunladi.

Mustaqil O'zbekiston chempionati o'tkazila boshlangan 1992 yildan "Neftyanik" klubi nomi "Neftchi"ga o'zgartirildi. Farg'ona viloyatining bosh jamoasi Yuriy Sarkisyan boshchiligida besh marta O'zbekiston chempioni, ikki karra mamlakat Kubogi sohibi, to'qqiz marta vice-chempion, bir marotaba bronza medallarini qo'lga kiritgan.



Bundan tashqari, "Neftchi" Sarkisyan bilan birga OFK CHempionlari ligasining bronza medali (1994/95), MDH kubogi (1994)ning kumush medal egasiga aylangan. Bejizga Yuriy Sarkisyanni angliyalik afsona Aleks Fergyusonga qiyoslashmagan. U uzluksiz 27 yil davomida "Neftchi" jamoasi bosh murabbiyi bo'lgan. Yuriy Vazgenovich 2013 yilning 11 may kuni "Neftchi"ni tark etgan. Bugun tavallud ayyomini nishonlayotgan qahramonimiz 2014 yildan to shu kungacha "Bunyodkor" jamoasida maslahatchi murabbiy lavozimida samarali ishlab kelyapti.

Bundan ikki yil avval Yuriy Sarkisyanning 70 yillik yubileyi "Bunyodkor" klubida katta masshtabda nishonlangan edi. Tadbir yakunida so'z navbati yubilyarga berilgan va bugungi kun qahramoni ajoyib fikrlari bilan zalga yig'ilganlarning olqishiga sazovor bo'lgandi.

- Men taqdirimdan minnatdorman. O'zbekistonda yashayotganimdan, shunday inoq va ahil insonlar bilan birga ekanligimdan juda xursandman. Buni har doim takidlab kelaman. Men 20 yoshligimda Erevandan ketganman va O'zbekistonga kelganman. O'zbekistonga kelib futbol o'ynashni boshladim. 1982 yilga qadar futbol o'ynadim va keyin butsamni mixga ildim. Keyin meni murabbiy yordamchisi qilib jamoaga olib qolishdi. Keyin meni Moskvaga o'qishga jo'natishdi. O'shanda O'zbekiston bo'yicha bitta joy ajratilgandi. 72 arizachilar ichidan menga o'qishga kirish nasib etdi. Ikki yil Moskvada o'qib qaytdim. Murabbiylik diplomini qo'lga kiritib qaytgach, Farg'onaning "Neftchi" jamoasini qabul qilib oldim. 1987 yildan 2013 yilga qadar "Neftchi"da ishladim. Bu vaqt oralig'ida bir qator yutuqlarga erishdim. 9 marta oltin, 10ta kumush va ikkita bronza medalini qo'lga kiritdim. Osiyo chempionlar ligasida 25 yil ichida faqat meni boshqaruvimda "Neftchi" medal yutishni uddalagan. Men o'zimga-o'zim hech qachon jamoaga futbolchi sotib olmayman, deb so'z bergandim. Doimo yosh iqtidorlarga, qishloqdagi bolakaylarga etibor qaratardim. Meni o'zbek xalqi tarbiyalagan. O'zbek xalqi meni hayotdagi yo'limni ko'rsatgan. Farzandlarim ham O'zbekistonda tug'ilishgan. Men "Neftchi" bilan 4 yil ketma-ket chempion bo'lganimdan keyin 1996 yili "Navbahor" oltin medallarga ega chiqqandi. O'shanda men juda qattiq ranjiganman. Keyin ketishni o'ylab qoldim. Rossiyada ishlamoqchi bo'lib turgandim. Meni amakim bo'lardi, o'shanda u menga ketmaslikni maslahat bergan. Ketma, sen shu erda mashhur bo'lding, shunday jamoani boshqaryapsan, dedi. Lekin men ketmoqchi edim. Bu erda hech kimga kerak emasman, deb o'ylab qolgandim. Lekin amakim, menga quloq sol, prezident hamma narsani biladi, dedi. Bir yil shoshmagin deb maslahat berdi. 1997 yili O'zbekiston terma jamoasi bilan Kombodjaga ketgandim. Kelishim bilan uyimga hukumatdan telegramma keldi. Bunday ochib qarasam, qilgan mehnatlari uchun, O'zbekiston sporti rivoji yo'lida qo'shgan hissalari uchun "Neftchi" klubi hamda O'zbekiston terma jamoasi bosh murabbiyi Yuriy Sarkisyan "Do'stlik" ordeni bilan taqdirlansin, deb yozilgan. SHundan keyin hech qachon O'zbekistondan ketmaslikka o'zimga-o'zimga so'z berganman. Va doim o'zbek yoshlariga etibor qaratib, ulardan kelajakda yaxshi futbolchi chiqishi uchun mehnat qilaman, deb vada berdim. Barchaga katta rahmat!



Alisher Nikimbaev, futbol mutaxassisi: 

- Yuriy Vazgenovich bilan ilk uchrashuvimizni xuddi kechagidek eslayman. Bu voqea 1992 yili bo'lib o'tgan. O'sha paytda men "Sport" gazetasida jurnalist sifatida ishlardim. "Neftchi" 1991 yili SSSR birinchi ligasida 7-o'rinni egallagan. O'sha mavsumni ham aniq eslayman. Ilk uchrashuvimiz 1992 yili "Paxtakor" stadionida bo'lgan. O'sha janjalli o'yindan so'ng Vazgenovich bilan uchrashganmiz. Yodingizda bo'lsa, mustaqil O'zbekiston chempionatining 3-turida "Paxtakor" o'z maydonida "Neftchi"ni qabul qilgan. O'sha o'yinda "Paxtakor" Veli Kasumovning dubli evaziga 2:0 hisobida g'alaba qozongan edi. Maydon egalari tarkibi Igor SHkvirin, Mirjalol Qosimov, Gennadiy Denisov, Andrey Pyatnickiy, Veli Kasumov singari mashhur futbolchilar maydonga tushishgan. Vaholanki, mavsum boshlanishi oldidan SHkvirin, Qosimov va Denisov Vladikavkazning "Alaniya"siga, Veli Kasumov esa Moskvaning "Spartak" klubiga o'tib ketgandi. Lekin "Paxtakor" rahbariyati bu to'rt futbolchini "Neftchi"ga qarshi o'yinda maydonga tushirgan. Uchrashuvdan so'ng "Neftchi" aynan shu holat yuzasida O'FFga shikoyat yozgan. Federaciya o'yin natijasini bekor qilgan va uchrashuvni qaytadan o'tkazish bo'yicha qaror chiqargan. Takroriy o'yinda "Neftchi" 2:1 hisobida zafar quchgan. Demak, Yuriy Sarkisyan bilan birinchi uchrashuvimiz "tarixiy o'yin"da sodir bo'lgan. Mana bir necha yildirki, oilaviy bordi-keldimiz ham bor. SHu tobda bir qiziqarli voqea yodimga tushib ketdi. 1993 yilning 30 may kuni "Neftchi" Farg'onada Samarqandning "Dinamo" klubini qabul qilgan. O'yin uning tug'ilgan kuniga to'g'ri kelgan. Odatda murabbiylar o'yin kuni tug'ilgan kuni bo'lsa, bugungi g'alabangiz men uchun sovg'a bo'ladi, boshqa hech qanday sovg'aning kerak yo'q, deyishadi. Farg'onadagi o'sha o'yindan oldin ham xuddi shunday holat ro'y bergan. Faqat bu safar tashabbus futbolchilarning o'zidan chiqqan. Sergey Zavalnyuk va Aleksandr Tixonov ertalabki jamoa yig'ilishidan so'ng "Yuriy Vazgenovich, bugungi tavallud ayyomingizga nima sovg'a qilish haqida bosh qotiryapmiz. Bunday o'ylab qarasak, hamma narsangiz bor ekan. SHunga futbolchilar bilan maslahatlashgan holda bugungi "Dinamo" ustidan qozonilajak g'alabani sizga bag'ishlamoqchimiz", deyishadi. Etiborga moliq jihati shundaki, o'yin 0:0 hisobidagi durang bilan yakunlanadi. "Dinamo" darvozasiga belgilangan ikkala penaltini ham Oleg Gorvic qaytaradi. Ana shunday qiziq voqea ro'y bergandi. Fursatdan foydalanib, o'zim va oila azolarim nomidan Yuriy Vazgenovichni bugungi tavallud ayyomi bilan muborakbod etaman. Yana ko'p yillar davomida o'zbek futboliga xizmat qilib yursinlar.



Islom To'xtaxo'jaev, milliy terma jamoa sobiq himoyachisi: 

- Yuriy Vazgenovich men uchun otamdek aziz va ulug' inson. Futbolchi bo'lib shakllanishim, bugungi darajamga chiqishimda bu murabbiyning xizmatlari juda katta bo'lgan. Sarkisyan Farg'onadagi futbol maktabida o'qib yurgan kezlarim o'yinimizni tomosha qilish uchun kelgan. Keyinchalik meni "Neftchi" safiga taklif qilgan. Murabbiyimiz ham uzoq gapirish mumkin. Albatta, bugun ularga qo'ng'iroq qilib, tavallud ayyomlari bilan tabriklayman. SHunday bo'lsada, saytingiz orqali samimiy qutlovlarimni etkazib qo'yasizlar degan umiddaman.



Norbek Niyozov, sport sharhlovchisi: 

- Yuriy Sarkisyan men tanigan murabbiylar orasida hurmatga sazovorlaridan. U to'ymi, azami, har qanday aytilgan tadbirdan qolmaydi, o'zbeklashib ketgan. Sarkisyan bilan bog'liq ko'p latifalar yuradi futbol olamida. O'zi ham xushchaqchaq inson. Afsuski, u yuksaklarga ko'targan “Neftchi” bugun o'tmishga aylandi. Vazgenovich poytaxt klublariga munosib qarshilik qilgan va ularni engib chempion bo'lgan murabbiy. Oliy liga o'yinlaridan keyingi matbuot anjumanlari bo'ladimi, bazan bo'lmay qolsa ham, jurnalistlardan hech qachon o'zini olib qochmagan. Masalaga to'g'ri yondoshgan. Hozirjavobligi bilan hurmatimizni qozongan. Keling, bir voqeani eslay.

O'zbekiston futbol federaciyasida katta majlis bo'lyapti. O'sha paytdagi Bosh vazir o'rinbosari, O'FF rahbari va boshqa rasmiy kishilar, futbol jamoatchiligi yig'ilgan. SHu yili Prezident farmoni bilan Yuriy Sarkisyan davlat mukofoti “Do'stlik” ordeni bilan mukofotlangan. Ordenni qabul qilgach, so'z unga berildi. Vazgenichni bunchalik hayajonlanganini ko'rmagandim. Odatda u baqir-chaqir qiladi, so'kinadi, lekin... Nutq boshlandi, men esa diktofonni yoqdim, ovozni yozib efirga berish uchun...

“Spasibo nashemu...” deb boshlangan nutq 5-6 daqiqa davom etdi. Uning ichida notiq minnatdorlik bildira turib ham o'zining “firmenniy iboralari”ni ham rosa ishlatdi. Majlis tugaganidan so'ng Vazgenichni chaqirib diktofondagi nutqini qo'yib berdim. Hozirgina to'lqinlanib gapirgan odamning rangi oqarib, qo'rqib ketdi. O'sha davr uchun bu dahshatning o'zi edi. Keyin uni xotirjam qilib, bunday “so'z”larni efirga bermasligimni aytdim. Keyin ishxonaga borib montaj qilganimda “durdona so'zlar”ning o'zi 6 daqiqalik nutqda 2 daqiqacha chiqdi. Montajchi qizlar uyatdan qizarib ketishgandi. Efirga esa chiroyli nutq ketdi, Sarkisyan uni eshitib o'zi gapirganiga ishonmaganini aytgandi. Bu intervyudan hamma xursand edi, kattalar ham, boshqalar ham...



O'zbekiston futboli rivojiga qo'shgan xissasi uchun Yuriy Sarkisyan "Do'stlik" (1997 yil) va "Mehnat shuhrati" (2007 yil) ordeni kabi davlat mukofotlari bilan taqdirlangan. U O'zbekistonda besh marta yilning eng yaxshi murabbiyi deb topilgan.

Hamkasbimizning "Siz futbolni tanlaganmisiz yoki futbol Sizni" deya bergan savoliga Vazgenovich shunday javob bergandi.

- Menimcha, futbol meni tanlagan bo'lsa kerak. Bilasizmi, bu ham tabiatning bir tuhfasi bo'lsa kerak. Biz murabbiylar - faqat o'zimizda borini rivojlantirishimiz mumkin, lekin ko'p narsaga erishish uchun Xudo tomonidan ham berilgan bo'lishi kerak. Men har yili yangi mavsum oldidan ko'plab futbolchilarni yig'indan o'tkazardim. Iqtidori borini jamoada olib qolardim. Lekin futbolchi chiqmaydiganlar bilan aslo ishlagan emasman. CHunki buning foydasi yo'q, qolaversa, vaqt ham zoe ketadi. Noyabr oyida Yuriy Sarkisyan ko'plab yoshlarni sinovdan o'tkazishini butun O'zbekiston bilardi va ko'pchilik o'z bolasini olib kelardi. Agar 200ta bola ichidan 5-6 nafar yaxshisini topsangiz, bu ham siz uchun katta yutuq hisoblanadi. Yana bir qiziqarli fakt keltiraman: ishonasizmi, hatto nikoh to'yim ham "Neftchi" oshxonasida bo'lgan. 1979 yil 6 noyabr. O'shanda butun jamoa, futbolchilar va murabbiylar ishtirok etgandi. Men o'zbek xalqidan minnatdor bo'lsam arziydi, chunki shu xalq menga futbolda uzoq yil ishlash imkonini berdi, Moskvaga borib o'qishimga sharoit yaratdi, Farg'onada ishlab uy-joyli, oilali bo'ldim. Bularning barchasi uchun tashakkur aytib qolaman.

O'z o'rnida biz ham saytimiz o'quvchilari nomidan Yuriy Sarkisyanni bugungi tavallud ayyom bilan chin yurakdan muborakbod etamiz. Yuriy Vazgenovichga uzoq umr, farzandu nevaralar rohatini ko'p yillar ko'rib yurishlarini Yaratgandan so'rab qolamiz. Tug'ilgan kun muborak, MAESTRO!




Reyting: +9   

Fikrlar

championat.asia
< so’nggi yangiliklarni ko’rish
Яндекс.Метрика