So’nggi yangiliklar

12:37Бове юрак жарроҳлигидан кейин биринчи марта "Фиорентина" ўйинига келди  0 12:16ОКМК ОАВ вакиллари ва мухлисларни ҳисобот конференциясига таклиф этмоқда  0 11:59Эшитдик-да! "Локомотив"ни тарк этган футболчига "Нефтчи" ва "Динамо" қизиқмоқда  0 11:42Ўзбекистон ёшлар терма жамоасининг Қатарга йўл олган таркиби маълум  1 11:30"Қизилқум" мавсумни Самарқандда бошлайди, "Динамо" ўз уйида тўп тепади  2 11:10Забиҳилло Ўринбоев фаолиятини собиқ жамоаларидан бирида давом эттириши мумкин  6 10:49Расмий хабар: "Сўғдиёна" 32 ёшли нигериялик ҳужумчи билан шартнома тузди  12 10:17«Реал Мадрид» МЮ анча вақтдан бери қизиқаётган футболчи билан шартнома тузмоқчи  3 09:45Игорь Сергеев «Пахтакор»га қайтмоқдами? Ҳужумчининг ўзи бунга жавоб берди  19 09:14«Динамо»нинг яна бир тўпурар футболчиси жамоани тарк этиши мумкин  4 08:40Яқинда шартномасини узайтирган Шомуродов «Рома»ни тарк этишга яқин  11 08:13«Ливерпул»га ПСЖ ҳужумчиси керак  3 07:35Ўтган мавсум «Сўғдиёна»да ўйнаган футболчи янги мавсумни «Қўқон-1912»да давом эттириши мумкин  0 00:42"Манчестер Юнайтед" трансферлар учун 230 млн евро ишлатишга тайёр. Бу пул кимларга сарфланади?  13 00:08Алекс Фергюсон Роналдуни йиғлатгани ҳақида билармидингиз?  8

Toshkentdan Xorazmgacha... Yangiliklar

Toshkentdan Xorazmgacha...

Xabaringiz bor, respublikamiz bo'ylab o'zbek futbolining 110 yillik tantanasi nishonlanmoqda. Navbatdagi safarimiz Xorazm viloyatiga bo'lmoqda.

Alisher Fayzning shu nomdagi taronasini tinglamagan kishi bo'lmasa kerak. O'zim ham sayohat davomida miriqib shunday qo'shiqni kuylardim-u, ovozim yangrashi bilanoq kimlarningdir safar uchun olib qo'ygan suvidishlarining men tomon parvoz qilishlarini istamadim. Kuylashdan ko'ra, yo'l taassurotlari bilan o'rtoqlashishni maqul ko'rdim. Agar sizda asab bilan bog'liq xastalik belgisi bo'lsa, yoningizga citramon olvolishni maslahat berardim. Reja bo'yicha, bugun poytaxtdan mazkur viloyatga samolyotda parvoz qilishimiz kerak edi. Kecha "Nasaf"ning shonli g'alabasini og'iz yopar vaqtigacha shohona, aniqrog'i studentona nishonladik. Telefonimdagi aqlli xo'roz qichqirish arafasidagina uyquga ravona bo'ldim. Uyg'onganimda esa ko'zlarim "Nasaf" libosining rangiday bo'lib qolgandi. SHopa-pisha yuvinib, qo'lni taroq qilgancha to'zg'igan sochlarni tarab, navbatdagi safar uchun yo'lga otlandim. 

Hamkasblar bilan aeroportga etib kelgach, bizga AGMK azolari ham hamroh bo'lishini bilib oldik. Bazi futbolchilar bilan qo'l berib ko'rishdik. Ular futbolchilarga xos kiyinishgandi, hatto Anzur Ismoilov getri kiyib olgandi. Ehtimol, sumkasida koptok ham olib yurgandir. Albatta, hazil. Bu kuzatuv orqali u kabi o'yinchilarning o'z kasbiga bo'lgan mehri yuqori ekanligini anglab olish mumkin. 

Ulardan tashqari, ko'hna diyorga xorijlik mehmonlardan ancha-munchasi yo'l olayotgan ekan. Yonimda bir nima-bir nimalar deb gurunglashardi. Menimcha, ular ispan tilida so'zlashishardi. Afsuski, ular o'zbek tilini qay darajada bilishsa, men ham ispanchani shu darajada idrok qilaman. Samolyotga o'rnashishimiz bilanoq quyidagi qo'shiq sadolari yangray boshladi. 


Temir qushga birinchi bor qadam bosishim emasmi, yonimdagi sherigim parvoz davomida o'zimni erkin tutishim va xavotirlanmasligim kerakligini uqtirdi. Menga nima, ko'tarilish davomida yurak shuvillaydigan bo'lsa, "Toshkentdan Xorazmgacha"ni aytishdan ham tonmasdim. 


Biroq ikki-uch o'rindiq narida hali maktabga endi qadam qo'yish yoshidagi qizaloqning xotirjamligini ko'rdim-u, bu fikrimdan qaytdim. Yo'q, hech qanday vahimasi yo'q ekan. Go'yoki attriakcionda uchganday bo'ldim, faqatgina bu attriakcionning "cho'g'"i balandroq, xolos. Bolalikda sodda emasmizmi, osmondan samolyot yoki vertolyot o'tsa, ketidan tilimiz osilguncha chopqilab, qo'l siltab salomlashardik va bizga ham javob qaytardi degan taskinda bo'lardik. Yo'q, bizga qo'l siltamas ekan, chunki pastdagi odamlar chumoliday ko'rinarkan o'ziyam. Bulutlar suv ustida suzayotgan muz parchalariga, uy tomlari esa sochilib yotgan shisha parchalariga o'xshab ketarkan. 

Styuardessalar ham ro'zador bo'lmaganlarga choy-poy deganlaridek uzatib turdi. CHindan ham bu lavozimga bo'y-basti mendan ikkita kelishini inobatga olmaganda, go'zal qizlar tanlanarkan. O'sha 1100 kilometrni shu raqamlarga monand 1 soat 10 daqiqada bosib o'tdik. Aytishlaricha, er sathidan 9700 metr balandlikda, 780 km/soat tezlikda parvoz qilibmiz (juda hayratlanarli emas, taksist akalar radar yo'q hududda 800 ga chiqarish yo'lini ham topishadi). Eson-omon qo'nib olgach, aeroport eshigidan shundoq chiqishimiz bilanoq, bizni kutib olishga shoshilishdi. Yo'q, tashkilotchilar emas, "Taksi geragmi" deya o'sha 800 tezlikka chiqa oldaigan amakilardan bir nechtasi. Biz uchun maxsus avtomobil ajratilganini tushuntirib berolmaganimizda, mashinasiga solib, olib ketaverardiyam. 

Mehmonxonagacha viloyatning diqqatga sazovor joylarini ko'zdan kechirib ketdik, jumladan ochilish marosimi kutilayotgan hashamatli Jaloliddin Manguberdi haykalini ham (ustini yopib qo'yishibdi). Yo'l-yo'lakay bir necha kun ilgari yuzlab kishilarni o'ziga jalb qilgan reklama bannerlariniyam ko'zdan kechirib ketdik. Xayriyat, tinch ekan. Mehmonxonaga joylashgach, (mehmonxona ham o'zgacha ekan, bunaqasini avval ko'rmagandim) Xorazm futboliga ulkan hissa qo'shgan insonlar Zeripboy Abdalniyazov va O'ktamboy Ataevning xonadonlariga tashrif buyurdik. O'nqir-cho'nqir ko'cha bo'ylab ketar ekanmiz, bir qator futbolchi bolakaylar (harqalay, ko'cha changitib, maydon topilmasa, ikkita g'ishtdan darvoza yasab, to'p tepib yurgan zumrashalar) jo'rovoz salom bilan kutib olishdi.

O'zbek futbolining 110 yilligi munosabati bilan Xorazm viloyatida boshlangan futbol festivalining dastlabki kunidan GALEREYA

Ikkala futbol faxriysi ham o'z taassurotlari bilan o'rtoqlashdi. Jumladan, darvozabon sifatida faoliyat olib borgan O'ktamboy Ataevni suhbatga tortdik. 

- Hozir ham sport bilan shug'ullanib turasizmi?

- Kesayib qolganimga qaramay, hamon ertalablari yugurib turaman.

- Darvozabonlik vaqtingizda qanday mashg'ulotlar olib borgansiz?

- Biz ko'p hamda turlicha mashg'ulotlar o'tkazardik. Masalan, futbolchi bo'lishimga qaramay, akrobatika va tennis blan ham shug'ullanardim. Hozirgi darvozabonlar, bilmayman, qanday trnerovka qilishadi.

- Ertaga "Xorazm" O'zbekiston kubogi doirasida AGMKga qarshi maydonga tushadi. Agar imkoniyatingiz bo'lsa, darvozada turarmidingiz?

- Lyuboy vaqtda turaman (kuladi).

SHundan so'ng, ularga o'zbek futbolining 110 yilligiga bag'ishlangan ko'krak nishoni va esdalik sovg'alari topshirildi.  Suratga tushish uchun yig'ilishdi. Professional fotosuratchilar odatdagidek, suratni mukammal ishlashga harakat qilishdi.

"Kiyimingizni to'g'rilavoring..."

"Bolajonlar, bolajonlar, dishlarni (xorazmchada "tish" shunday atalarkan) ko'rsatib turamiz..."

Xorazmdagi birinchi kunimizdagi tadbirlar shu bilan cheklandi. Sababi kech tushib qolgandi. Oqshom chog'i Xiva bo'ylab sayohat qildik. Viloyatning qadimiy obidalari barchamizda katta taassurot qoldirdi. 

Ikkinchi kun bisyor tadbirlar hamda O'zbekiston kubogidan o'rin olgan uchrashuv kutib turibdi. Bizni kuzatishda davom eting. Bugun kechqurun ushbu sahifada ikkinchi kunga oid qiziqarli voqea-hodisalarni siz bilan baham ko'rishga harakat qilaman.

Safarimizning ikkinchi kuni tongda O'FA vice-prezidenti Odil Ahmedov hamda delegaciya azolari viloyatdagi bolalar va o'smirlar futbol akademiyasiga tashrif buyurdik. Borsak, deyarli barcha o'quvchilar formalarini kiyvolib, bizni kutib turishgan ekan. Terlab ketishganini aytmasa, chiroyli kiyinishgan. 

Keyin "Mashhurlardan bog' qolsin" deya ko'pgina mehmonlar ishtirokida erga ko'chatlar o'tqazildi. O'tqazilgan ko'chatlar manzarali daraxt bo'lib qad ko'taradi. Birorta meva daraxtmi eksa bo'lardi-yu, bu erning iqlimida unib-o'sishi qiyin bo'larkan. 

SHundan so'ng viloyat hokimligida matbuot anjumani bo'lib o'tdi. Hokim jamoaning kelgusida yuqori natijalarga erishishi uchun qo'ldan kelgancha yordam berishini takidladi. Biz ham ishonib qo'ya qoldik. SHunday bo'lishini istab qolamiz.

Keyin esa "Yoshlik" sport majmuasi tomon yo'lga otlandik. Keng hajmdagi majmuada bir necha sport turi vakillari mashg'ulot o'tkazishar ekan. Hamkasbimning takidlashicha, bu erning qizlari dzyudo bo'yicha Respublikada etakchilikni hech kimga bermayotgan ekan. Majmuaga qadam bosishimiz bilan jajji o'g'il-qizlar mashg'ulotlarni boshlab yuborishdi. Hammasi bir xil yangi libosda, to'plari hali biror marta tepilmagandek yaltiraydi (uni ham yangi sotib olgan bo'lishi mumkin). 

Ular bilan o'tgan uchrashuvdan so'ng O'FA hamda Xorazm futbol faxriylari o'rtasida futzal bo'yicha o'rtoqlik uchrashuvi o'tkazildi. Qizig'i, bu o'yinda biroz avval ko'rgan peshonasi yaltiroq to'p emas, oylar davomida tajriba orttirgan to'pdan foydalanildi. Mezbonlar tarkibida yagona ayol futzalchi harakat qildi, lekin sobiq futbolchi emasmi, uncha-muncha raqiblarini ter to'kishga majbur qildi. Uchrashuv do'stona - 7:7 hisobida poyoniga etdi. 

O'zbek futbolining 110 yilligi munosabati bilan Xorazm viloyatida boshlangan futbol festivalining ikkinchi kunidan GALEREYA

Odil Ahmedov: "Futzal futboldan kuchliroq"

Nihoyat tashrifimizning asosiy uchrashuviga etib keldik. Urganchdagi markaziy stadionda "Xorazi" va AGMK klublari O'zbekiston kubogi doirasida o'zaro bahs olib bordi. Jamoa fan-klubi xorazmliklarga mos cho'girmalarda sevimli jamoasini qo'llab-quvvatladi. Natija mezbonlar dilini ranjitgan bo'lsa-da, muxlislar o'yinni xorazmcha so'zlar bilan qizdirib turishdi. CHinakam muxlislik uchun ulardan minnatdorman.

"Xorazm" - AGMK uchrashuvi oldidan muxlislar galereyasi

"Yardi, yarib tashadi", "Ana getdi", "Bar, bar axir", "Toshkentdan hakam na gerak? Bara geldimi Qashqadaryodan galsin, Samarqandan galsin", "Anavi ichmay qo'dimi hozir..."

Hatto ortimda o'tirgan qizlar ham bidir-bilir qilishib, bir nimalar deb turishdi. Lekin hammasi ham uch nuqtadan iborat aytib bo'lmas so'zlar yomg'irini yog'dirishmadi. Muxlislar raqiblarining hurmatini joy-joyiga qo'yishdi, bazilari ular bilan suratga tushishi xohishini bildirishdi. Suniy maydon haqida esa iliq fikrlar aytish biroz mushkul, hatto olmaliqliklar murabbiyi Mirjalol Qosimov ham bu haqda takidlab o'tdi. 

Mirjalol Qosimov: "Xorazm" maydoni ko'proq havaskorlar kelib o'ynasa bo'ladigan maydonga o'xsharkan"

Oqshom chog'i viloyat futbol akademiyasi tarbiyalanuvchilari bilan uchrashuv bo'lib o'tdi. Biroz kech bo'lishiga qaramay, sevimli futbolchilari bilan yuzma-yuz ko'rishish baxtiga muvaffaq bo'lgan yoshlar bundan zarracha afsus qilishmagan bo'lsa kerak (ular Toshkentda emaski, har doim ham bunday yulduzlarni ko'rish sharafiga muyassar bo'lsa).

Xorazm akademiyasi tarbiyalanuvchilari bilan uchrashuvdan GALEREYA

Xullas, ushbu viloyatdagi safarimiz ham nihoyasiga etish arafasida turibdi. Xorazm 2010 yildan buyon Superliga (ular Oliy liga deb atalgan vaqtda o'ynagan) yaqinlasholgani yo'q. Ushbu diyordan Jaloliddin Masharipov, Jamshid Iskandarov, Maqsud Karimov, Sanat SHixov, Ro'zimboy Ahmedov, Murod Bobojonov singari iqtidorli futbolchilar etishib chiqqan. Umid qilib qolamizki, viloyatdan yana shunday ko'zlari chaqnagan yosh avlod etishib chiqadi hamda jamoa yuqori maqsadlari sari harakat qiladi. Biz esa Qoraqalpog'iston futboli bilan tanishish maqsadida keyingi safarga hozirlik ko'rishni boylaymiz.

Reyting: +7   

Fikrlar

championat.asia
< so’nggi yangiliklarni ko’rish
Яндекс.Метрика