So’nggi yangiliklar

03:30Евро-2004. Учар ликопчага қиёсланган тўп, инглизни пичоқлаган Вадим Абрамов, келишилган ўйин, қўлқопсиз пенальти қайтарган дарвозабон ҳамда допинг билан турнирнинг энг яхши ўйинчисига айланган футболчи ҳақида ҳикоя қиламиз  0 00:55"Барселона" Нико Уильямс трансфери ўхшамаса, кимни сотиб олиши маълум  0 00:27Пальинья "Бавария" билан тўрт йиллик шартнома имзолайди. Трансфер нархи ҳам маълум (Фабрицио Романо)  0 00:05Ўзбекистон кубоги. "Машъал" – "Қизилқум" 1:3. Highlights  0 23:39Расман: Пётр Зелиньски – "Интер" футболчиси!  2 23:05Ўзбекистон кубоги. "Қизилқум" "Машъал"ни қўшимча бўлимларда мағлубиятга учратиб, чорак финалга йўл олди!  9 22:43Евро-2024. Чорак финалнинг иккала марказий ўйинини англиялик ҳакамлар бошқаради  1 21:52"Манчестер Юнайтед" тахминан 250 нафар ходимини ишдан бўшатади. Тежалган пул эса...  9 21:22Нимели Ўзбекистонда қолмайдиган бўлди  12 20:57Эшитдик-да! "Сурхон" ҳужумчиси "Пахтакор"га ўтди  13 19:30Ўзбекистон U-23 терма жамоаси билан Осиё Кубогида қатнашган қайси футболчилар Олимпиадага бормайди?  33 19:05"Марсель" Канада терма жамоаси аъзоси билан шартнома имзолади  0 18:42"Эшитдик-да"нинг инсайди тасдиқланди. Ҳожимат Эркинов Олимпиада учун қайдномадан ўрин олмади  49 18:27"Рубин" футболчиси билан шартномани бекор қилди  0 18:19Ўзбекистон U-23 терма жамоасининг Олимпиадада иштирок этадиган таркиби эълон қилинди!  93

Suymaganga suykalma… Yangiliklar

Suymaganga suykalma…

Igor Denisov va Pavel Pogrebnyak yangi mavsumni Moskvaning Dinamosi bilan birga Rossiya birinchi divizionida boshlashdi.

Mahalliy yulduzlar (axir UEFA kubogi va superkubogi hammaga ham nasib etavermaydi)ning quyi ligada to'p surishlari shampionat.com saytini oldin shunday qismatga duch kelgan, yani o'z jamoalari bilan pastga sho'ng'igan evropalik taniqli futbolchilar haqida hikoya qilishga undadi. Ulardan ayrimlari omadsizlikka qaramay, jamoaga sodiq qolishgan, bazilari esa darhol juftakni rostlashgan. Klublar esa bunday holatda Suymaganga suykalma maqoliga amal qilishgan.

David TREZEGE

Erkules bilan (2011 yil)


Franciya terma jamoasi tarixidagi eng yorqin hujumchilardan biri Erkulesga o'tgan payti jarima maydonchasining istalgan nuqtasidan gol ura oladigan qudratli to'purar darajasida emasdi. 32 yoshni qarshilagan faxriy Yuventusdagi kuchli raqobatga dosh berolmay, Ispaniyaga yo'l oldi. Franciyalik goleador kutilganidek, alikanteliklar safida ham yuqori saviyada to'p surdi. Xususan, 12ta gol urib, Erkulesning eng yaxshi to'purari bo'ldi. Taqqoslash uchun aytsak, vaqtida Real etiborini tortgan taniqli hujumchi Royston Drente  o'sha mavsum Erkulesda atigi 4ta gol bilan cheklangandi. Lekin David qayd etgan mahsuldorlik ham klubning primeroda o'z  o'rnini saqlab qolishiga kamlik qildi. Segundada to'p surishni istamagan Trezege shundan keyin BAAga yo'l oldi va 6 oydan so'ng Argentinada o'ynash variantini maqul ko'rdi. SHu tariqa River Pleyt hamda Nyuells Old Boyz klublarida 3 yil samarali faoliyat yuritdi.

Ueyn BRIJ va Robbi KIN Vest Xem bilan (2011 yil)

Londonlik bolg'achilar o'sha yili o'ta omadsiz to'p surib, APLda so'nggi pog'onani band etishdi. Bu muvaffaqiyatsizlik jamoani elitada saqlab qolish uchun safarbar etilgan Ueyn Brij va Roy Kin faoliyatida qora dog' bo'lib qoldi. Qishki transferlar payti London klubi safiga qo'shilgan Ueyn mavsumning qolgan barcha bellashuvlarida to'liq ishtirok etdi. Biroq tajribali himoyachining ko'magi uncha sezilmadi. Ijara kelishuvi muddati yakuniga etgach esa, Brij Sanderlend orqali chempionship vakili - Brayton end Xouv safiga qo'shildi va bu klubda Manchester Siti bilan tuzgan shartnomasi tugaguncha to'p surdi.

Vest Xem murabbiyi Tottenxem­dan ijara sharti asosida olingan Roy Kinni esa zaxira o'yinchisi sifatida ko'rdi. SHu sababli, taniqli futbolchi bor-yo'g'i 9 marta maydonga tushib, 2ta gol urdi.  Kin o'sha mavsum yakunlangach, darhol MLSga ravona bo'ldi.


Juzeppe ROSSI

Vilyarreal bilan (2012 yil), Levante bilan (2016 yil)

Vilyarreal omadsizlikka yuz tutishidan bir yilcha oldin ham Ispaniya ligasida etakchi jamoalar qatorida yurgandi. Ochig'i, kechagina ECHLda binoyidek to'p surgan jamoaning segundaga yo'l olishini hech kim kutmagandi. Boz ustiga, Diego Lopes, Borxa Valero, Kani, Bruno Soriano va Evropa chempionlari - Karlos Marchena hamda Markos Sennadek yulduzlarning quyi ligada o'ynashlari tasavvurga sig'masdi. Ehtimol, tajribali hujumchi Juzeppe Rossi mavsum startida jarohatlanmaganida, g'avvoslar bunchalik ayanchli vaziyatga tushmasmidilar? Xullas, birinchilikning 10-turida Realga qarshi maydonga tushgan futbolchi deyarli 2 yil muddatga futbol bilan xayrlashdi. Nihoyat, Rossi joriy yilning boshida Levanteda ko'rinish berdi. Ammo uning 6ta goli jamoaning primeroda qolishiga yordam bermadi. Endi shu paytgacha o'zining yuksak salohiyatini to'la namoyish etolmagan 29 yoshli hujumchi Fiorentina safida bu kemtikni to'ldirishga urinib ko'radi.

Adrian MUTU

CHezena bilan (2012 yil)

Yana bir noyob iqtidor sohibi, biroq u ham yorqin faoliyati bilan maqtanolmaydi. Fiorentinada 5 yil to'p surgan ruminiyalik hujumchi keyinchalik CHezena safiga qo'shildi. Biroq baxtiga qarshi jamoa o'sha mavsum A seriyasi bilan xayrlashdi. Vaholanki, Adrian muntazam ravishda maydonga tushib, risoladagidek to'p surgan va 8ta gol bilan jamoa to'purari bo'lgandi. Quyi ligada o'ynashni istamagan hujumchi Franciyaning Ayachchosiga o'tdi. Bu jamoa­da ham durustroq natijaga erisholmaganidan keyin esa, top-chempionatlardan ko'ngli sovidi, chog'i, faoliya­tini yakunlash uchun vataniga qaytdi.

Lukash PODOLSKI

Kyoln bilan (2012 yil)

Taniqli futbolchilar asosan o'z faoliyatlarining yakuniy bosqichida quyi ligada o'ynashga majbur bo'lishadi. Germaniyalik iqtidor sohibi aksincha, 27 yoshidayoq shunday qismatni tatib ko'rdi. 2012 yili Bavariyadagi kuchli raqobatga dosh berolmagan hujumchi qadrdon klubi - Kyolnga qaytdi. Keyinchalik bu jamoada muxlislarning chinakam yoqimtoyiga aylanib, mavsumni 18ta gol bilan yakunladi. Ammo takalar himoyada shunchalik hotamtoylik qilishdiki, naq 75ta (!) gol qo'yib yuborishdi. Podolski o'z shahri va klubini qattiq sevsada, katta futboldan ko'ngil uzolmadi va Arsenal safini to'ldirdi.

Julio SEZAR

KPR bilan (2013 yil)

Bir qator taniqli yulduzlar va Xarri Rednappdek malakali mutaxassis jalb etildi, ammo shu tadbir ham London klubining elitada ko'proq faoliyat yuritishini taminlamadi. Vaholanki, tarkibda Joze Bosingva, Robert Grin, Park Ji Sun, SHon-Rayt Fillips, Loik Remi va albatta, tajribali Julio Sezardan iborat ajoyib guruh yig'ilgandi. Taassufki, nufuzli sovrinlarni qo'lga kiritgan shu yulduzlar keskin raqobatga dosh berolmadilar. Sezarga kelsak, u mavsumning aksariyat uchrashuvlarida maydonga tushib, ajoyib seyvlarni namoyish etdi. Biroq Interdagidek katta qahramonlik ko'rsatolmadi. CHunki KPRning himoya chizig'i milanliklarning mourinocha qurilgan istehkomiga sira o'xshamasdi. Julio quyi divizionda o'ynashga rozilik berib, astoydil tayyorgarlik ko'rdi. Lekin Grin bilan raqobatda ustunlik qilolmay, zaxira o'rindig'ida qolib ketdi. Natijada braziliyalik tajribali posbon qishda Kanadaning Toronto jamoasiga yo'l oldi va yarim yillik faoliyatidan so'ng Benfika tarkibiga qo'shildi.

Rio FERDINAND

KPR bilan (2015 yil)


KPR 2013|2014 yillar mavsumida APLga qaytdi va bir qator taniqli o'yinchilar hisobiga ancha kuchaygandek bo'ldi. Eng yorqin o'yinlarini MYUga bag'ishlagan Rio mavsumni asosiy tarkibda boshladi. Biroq faxriy himoyachining harakatlari Xarri Rednappni aslo qoniqtirmadi. Natijada murabbiy Richard Dannga ko'proq ishonch bildirdi va Rio 11ta uchrashuvdagi ishtirok bilan cheklandi. Yakunda klub shartnoma muddatini uzaytirish masalasida sukut saqlagach, Ferdinand katta futbol bilan xayrlashib qo'ya qoldi.

Floran MALUDA

Mec bilan (2015 yil)

Muxlislar vaqtida  CHelsi-MYU bellashuvlarida Floran Maluda va Rio Ferdinand o'rtasidagi keskin qarama-qarshilikni maroq bilan tomosha qilishgandi. Jumladan, ECHL-2008 finali ko'pchilik yodidan ko'tarilmagan bo'lsa kerak. Taqdir taqozosi bilan o'tgan yili ikki futbolchi ham o'z jamoasi bilan quyi divizionga tushib ketdi. Ko'klar asosiy tarkibiga kirolmagan Maluda Turkiyaga yo'l olgan, lekin u erda bosh murabbiy Vohid Xalilxojich bilan janjallashib qolgani bois, o'z yurtiga qaytgandi. U Mec bilan shartnoma tuzib, baholi qudrat to'p surdi. Biroq jamoa mavsumni juda sust o'tkazdi. SHundan keyin Floran Hindiston va Misr safariga otlandi.

Joleon LESKOTT

Aston Villa bilan (2016 yil)

Bu futbolchi sara yulduzlar sirasiga kirmaydi. Lekin eng kuchli chempionatda 16 yil faoliyat yuritish katta natija hisoblanadi. To'g'ri, Joleon so'nggi yil voqealarini imkon boricha tezroq unutish niyatida. CHunki Aston Villaning qayd etgan qahramonligini tariflashga til ojiz: klub 38ta uchrashuvda bor-yo'g'i 27ta gol urib, 76ta qo'yib yubordi va atigi 17 ochko jamg'ardi. Xullas, Birmingem jamoasi haqli ravishda turnir jadvalining so'nggi pog'onasidan joy olib, 1987 yildan buyon ilk marta APLni tark etdi. Jumladan, Leskott ham barcha jamoadoshlari singari mavsumni o'ta qoniqarsiz o'tkazdi va chempionshipda debyut qilishga mahkum bo'ldi.

Luka TONI

Verona bilan (2016 yil)

Taniqli hujumchining tarixi bosh-qalarnikidan keskin farqlanadi. Verona mavsum yakuniga ko'ra, V seriyasiga tushib ketgan bo'lsada, xizmat ko'rsatgan faxriy katta futbol bilan boshini baland tutgan holda xayrlashdi. Albatta, o'tgan mavsum urgan 6ta golini avvalgi 2 yil davomida ko'rsatgan jasoratiga qiyoslash kulguli. Umuman, Luka 39 yoshga to'lgunicha hayratlanarli va shonli yo'lni bosib o'tdi. Mana, buyog'iga yuksak saviyada to'p surolmasligini anglab etdi, shekilli, bosib o'tgan yo'lidan qoniqish hosil qilgan holda, butsalarini mixga ildi.

S.RAHMONOV tayyorladi

Reyting: +3   

Fikrlar

championat.asia
< so’nggi yangiliklarni ko’rish
Яндекс.Метрика