⚡️ "Surxon"ning sobiq futbolchilari "portlashdi": Klub faqat FIFAdan qo'rqadimi? Nega Termiz klubi hamon qarzlarini bermayapti?
14 mar 2023 17:32
Yangiliklar
⚡️ "Surxon"ning sobiq futbolchilari "portlashdi": Klub faqat FIFAdan qo'rqadimi? Nega Termiz klubi hamon qarzlarini bermayapti?
Malum bo'lishicha, Termiz klubining o'tgan yillarda jamoada o'ynab ketgan qator futbolchilar oldida kattagina qarzdorligi bor ekan. Bu borada biz futbolchilar, O'zbekiston futbolchilar uyushmasi, O'zbekiston professional futbol ligasi va "Surxon" klubi bilan bog'landik.
Azamat Ahmedov: 2018-2022 yillarda "Surxon" klubi sharafini himoya qildim. Klubning shu davr uchun 100 million so'mdan oshiq qarzi mavjud. Eski rahbariyat klubni yangi rahbariyatga topshirganda, bizga qarzdorlikni yopib berishlarini aytishgandi. Yangi rahbariyat esa bu pullarni bizga o'sha vaqtdagi xomiylik qilgan hokimiyat to'lab berishini aytishdi.SHundan beri bir yil vaqt o'tdi, lekin xaligacha na PFL, na boshqa tashkilotlar bizga hech qanday malumot berishgani yo'q.
Murod Bobojonov: 2021-2022 yillarda "Surxon"da o'ynadim. Hozirda klubning mendan 150 million so'mga yaqin qarzi bor. Eng qizig'i o'tgan yil oxirida faqat legionerlar va xorijiy murabbiylar bilan hisob-kitob qilindi, o'zbekistonlik futbolchilar esa hali ham kutishmoqda. Yana bir voqea: 2021 yil serbiyalik legioner himoyachi Vladimir Bubanya yozda FIFAga xat yo'lladi va klubdan ketdi. FIFA Bubanyaga o'ynamasa ham yil oxirigacha maoshlarini olib berdi. Biz esa yil oxirigacha o'ynadik, "Surxon"ni Superligada olib qoldik, biroq pul olmadik.
Jahongir Ahmadov: 2021-2022 yillarda Termiz klubida to'p tepdim. 2 yillik faoliyatim uchun klubning 120 milliondan ortiq qarzi qolib ketdi. Dekabr oyidan buyon O'zbekiston futbolchilar uyushmasi, O'zbekiston futbol Associaciyasi, Professional futbol ligasi va FIFPro'ga murojaat qildik natija yo'q. "Surxon"da rahbariyat almashgani uchun pullarimizni Surxondaryo viloyati hokimligi berishini aytishdi. Ammo hokimiyat o'zimiz ishlab topgan pullarimizni berishga shoshilmayapti. Vaqt esa o'tmoqda.
Ibrohim G'anixonov: 2022 yil yarmida "Surxon"ga kelgandim. Klubning yarim yil uchun qolib ketgan qarzdorligi 30 million so'mdan ziyod.
O'zbekiston futbolchilar uyushmasi rahbari Kamoliddin Murzoev: "Surxon" klubining qarzorligi bo'yicha xabarimiz bor albatta. Qarzlar to'lmay kelishiga asosiy sabablardan biri klub Surxondaryo viloyati hokimligidan yangi xususiy investorga o'tganida. Vazirlar Mahkamasining tegishli qarori mavjud, unga ko'ra qarzdorlikni hokimiyat yanvar oyining oxirigacha to'lab berishi kerak edi. Qarzdorliklar bo'yicha O'FAga murojaat qilingan. FIFPro'dan ham xat kelgan. O'FAga xat yo'llanganiga 15 kundan oshib ketdi. Agar masala hal qilinmasa FIFAga O'FA ustidan xat yo'llashga majbur bo'lamiz.
PFL saytida 15 fevral kuni chiqqan xabar: Haqiqatdan ham “Surxon” futbol klubining futbolchilar, murabbiylar va ayrim ishchilar oldida ish haqi va boshqa to'lovlar bo'yicha qarzdorligi mavjud. Mazkur masalaning hal etilishi futbol klubini xususiy investorga o'tkazish bilan bog'liq O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining tegishli qarori qabul qilinguniga qadar malum vaqt talab etdi. 6 yanvar kuni “Surxon PFK” MCHJ ustav fondidagi davlat ulushini “FC-Surhan” MCHJga sotish to'g'risida O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarori qabul qilindi. Mazkur qarorga ko'ra, Surxondaryo viloyati hokimligi zimmasiga 2023 yilning 10 yanvariga qadar “Surxon PFK” MCHJning o'tgan davrdagi faoliyati yuzasidan tezkor mustaqil audit tekshiruvini o'tkazib, klubning aniqlangan kreditor qarzdorligini bartaraf etish hamda bir oy muddatda “Surxon PFK” MCHJ ustav fondidagi davlat ulushini belgilangan tartibda “FC-Surhan” MCHJga nominal (balans) qiymatida berish vazifasi yuklatilgan.
Surxondaryo viloyati hokimligi mazkur qaror ijrosini bajarishga kirishgan. Biroq bunda “Surxon” futbol klubining moliyaviy-xo'jalik faoliyati to'liq o'rganilishi hamda futbol klubiga tegishli qarzdorlikning haqiqiy miqdoriga aniqlik kiritish qo'shimcha o'rganishlarni taqozo qilmoqda. SHundan kelib chiqib, Surxondaryo viloyati hokimligiga hozirga qadar Liga ro'yxatidan o'tkazilgan barcha mehnat shartnomalarining nusxasi taqdim etilgan.
Vazirlar Mahkamasining yuqoridagi qarori asosida Surxondaryo viloyati hokimligining barcha qarzlar masalasiga oydinlik kiritishi hamda mazkur qarzdorlikni belgilangan tartibda to'lab, futbol klubini yangi investorga o'tkazib berishidan Liga ham birdek manfaatdor hisoblanadi. SHu asosda O'zPFL ro'yxatidan o'tkazilgan mehnat shartnomalari bo'yicha qarzdorlik masalasi O'zbekiston futbolchilari uyushmasi bilan hamkorlikda Liga kun tartibida turgan muhim masalalardan biri ekanligini malum qilamiz.
"Surxon" klubi bosh direktori Anvarxon Ergashev: "2023 yil 6 yanvar kuni "Surxon" futbol klubining xususiy klubga aylantirish to'g'risida Vazirlar Mahkamasining qarori chiqqandi. Unga ko'ra, Surxondaryo viloyati hokimligi zimmasiga tezkor mustaqil audit tekshiruv o'tkazib, klubning aniqlangan kreditor qarzdorligini bartaraf etish va bir oy muddatda "Surxon" klubining ustav fondidagi davlat ulushini belgilangan tartibda nominal (balans) qiymatida sotish vazifasi yuklatilgandi. Klubda prokuratura tekshiruvi bo'lib o'tganidan xabaringiz bo'lsa kerak, bugun (13 mart kuni) bu tekshiruv o'z nihoyasiga etdi. Endi aniqlangan barcha qarzdorliklar hokimiyat tomonidan to'lab beriladi, so'ngra Davlat aktivlarini boshqarish agentligi "Surxon" futbol klubining nominal (balans) qiymatini hisoblab chiqadi. Keyingina Eriell kompaniyasi klubni sotib olishi mumkin bo'ladi. Yani hozir ham ushbu kompaniya "Surxon"ga faqat homiy hisoblanadi.
Yana bir narsani takidlashni istardim, 2022 yil mart oyidan boshlab Eriell kompaniyasi klub homiysi bo'lgan. SHu bois undan oldingi davrdagi qarzdorliklarni Surxondaryo viloyati hokimiyati to'lab berishi zarur. 2019 yildan 2022 yil mart oyigacha bo'lgan davrdagi qarzlarni. 2022 yil aprel oyidan keyingi qarzlar esa yangi rahbariyatning bo'ynida. Barcha hujjatli ishlarni tugatilganidan keyin klub hisob raqami ochiladi va taxminan 1 hafta ichida bizning bo'ynimizdagi qarzdorliklar to'lig'icha to'lab beriladi.
SHu o'rinda Surxondaryo viloyati hokimligi bilan bog'lanishga ham urindik. Biroq www.surxondaryo.uz saytida ko'rsatilgan raqamlarga qilgan qo'ng'iroqlarimiz besamar ketdi.
Mazkur materialni "SHum bola" filmida Qoravoy boyga qarab aytgan gap bilan tugatamiz: "Halol ishlab topgan haqqimni so'ravomman!".
Fikrlar