Superliga uchrashuvlarining boshlanish vaqtlari qulaymi? (Bekzod Tolibov blogi)
09 avg 2021 12:44
Yangiliklar


Superliga uchrashuvlarining boshlanish vaqtlari qulaymi? (Bekzod Tolibov blogi)
Kuni kecha ikkinchi davraning dastlabki 14-tur uchrashuvlari yakuniga etdi. Ijodiy jamoamiz har bir o'yin alohida yondashdi, foto va videolar tayyorladi, matnli translyaciyalarni olib bordi, xullas barchasiga o'zingiz guvoh bo'lib ulgurdingiz albatta.
Barchamizni birdek quvontiradigan jihat bor, endilikda turning har bir o'yini xuddi finaldek o'tayapti. Markaziy maqomda qaysidir uchrashuv etirof etilsa-da, qolgan o'yinlar ham undan aslo qolishayotgani yo'q. Ayniqsa jadvalning yuqori va quyi qismida kurash qizg'in kechmoqda. To'g'ri, Toshkentning "Paxtakor" klubi qo'lga kiritilgan ochkolar evaziga taqibchilaridan bir oz ilgarilab ketgan bo'lishi mumkin, lekin bu ular ushbu mavsumda yana bir bor chempion bo'ldi degani emas. Jadvalning birinchi beshligiga razm solsangiz intriga qanday yuqori suratda ekaniga guvoh bo'lasiz, xatto to'plar nisbati, o'zaro o'yinlar kabi omillarga asoslangan matematik hisob kitoblar ishga tushishiga to'g'ri kelayapti. SHuningdek, quyi o'rinlarda borayotgan jamoalar ham yuqorida aytilganidek har bir o'yinga final kabi yondashayapti. Bularning barchasi futbol muxlislarini quvontirishi bor gap. Bizga shunday hissiyotlarga to'la futbol kerak, shuning uchun ham ushbu sport turining shaydosiga aylanganmiz.
So'ngi yillarda futbolimiz mutassaddilari tomonidan klublarga licenziyalash talablarini to'la-to'kis bajarishlari uchun qatiy chora-tadbirlar belgilanib kelinmoqda. SHu kabi talablar asosida Respublikamizning ko'plab xududlarida kechki vaqtlarda ham futbol tomosha qilish imkoniyati yuzaga keldi. To'g'ri hozirgi kunda pandemiya sharoiti tufayli stadionlarda muxlislar yo'q. Lekin sizu-biz umid qilayotganimiz - vaqti kelib futbol ixlosmandlariga o'yinlarni tomosha qilish uchun ruxsat berilsa, ular ishdan chiqib kechki vaqtda maroqli hordiq chiqarishlariga zamin yaratilmoqda. Bundan tashqari maydonda 90 daqiqadan ko'proq vaqt davomida yuguradigan futbolchilar uchun ham salqin ob-havoda o'ynash qulaylik yaratadi.
Yozning so'ngi oyi - avgustga ham etib keldik. Endilikda kunlar qisqarishni boshladi. Vodiyda bo'lib o'tgan 14-turning ikki o'yinini stadiondan kuzatdim, chindan kunlar ancha qisqaribdi. O'yindan oldingi mashg'ulotlar vaqtidayoq stadion mutasaddilari projektorlarni yoqishlariga to'g'ri keldi, chunki qorong'u tushib qolayotgandi. Jahon tajribasidan kelib chiqib futbol stadionlarining yoritish tizimlarini talab darajasiga olib kelinayapti. Superliga uchrashuvlari yop-yorug' maydonlarda o'tkazilayapti, bu aytib o'tganimizdek muxlislarga va futbolchilarga birdek qulaylik yaratadi. Avgust oyida kunlar qisqarayotgan ekan, turdan-turga o'yinlar vaqtini 20:00dan sal oldinroqqa surib borilishi yaxshiroq bo'ladi nazarimda. CHunki hozirgi kundagi 20:00 o'tgan oydagi xuddi shu vaqtdan quyoshning botishiga etibor qaratsak anchayin farq qilayapti. Bu haqida O'zPFL mutasaddilari albatta o'ylab chiqishgan va reja asosida o'yinlarning boshlanish vaqtlari xususida oldindan chora-tadbirlar belgilab qo'yishgan bo'lsalar kerak.
Oxirgi yillarda O'zPFLda ochiqlik siyosati hukmron, qanday savolingiz yoki etirozingiz bo'lsa mutaxassislar sizga batafsil tushuntirish berilayapti. Murojaat ko'rib chiqilishini paysalga solish yoki javob berishni rad etish xolatlari uchrayotgani yo'q. SHundan kelib chiqib maqolada yozilganlari ichida etirozlar yo'q, barchasi takliflar xolos.
Bekzod Tolibov
O’xshash yangiliklar

Fikrlar