So’nggi yangiliklar

18:59Фарҳод Нишонов: "Ҳакам қарорини муҳокама қилишни истамайман, аммо..."  0 18:34Моуринью яна Роналду билан бирга ишлаши мумкин  0 18:10Суперлига. "Қизилқум" — "Навбаҳор" 0:0 (матнли трансляция)  2 18:08ПРО-Лига. Расман — "Шўртан" плей-оффнинг иккинчи иштирокчиси!   1 18:05Чемпион "Насаф" Фарғонада "Нефтчи"га мағлуб бўлди  33 17:43Суперлига. "Қизилқум" - "Навбаҳор": Асосий таркиблар маълум  2 17:09ПРО-Лига. 5 та гол урилган ўйинда "Бухоро" "Арал"дан устун келди  2 16:49ПСЖ янги машғулот марказини очди  0 15:32Жорж Микаутадзе фаолиятини "Ювентус"да давом эттириши мумкин  1 15:01"Манчестер Сити" Холандга янги шартнома таклиф қилмоқчи  2 14:40Тимур Кападзе: "Ўйин томонлама "Насаф"ни эътироф этаман, мавсум ўртача ўтмоқда"  16 14:27ПРО-Лига. "Бухоро" - "Арал": Асосий таркиблар маълум!  0 14:15Эшитдик-да! Усмон Тошев ЎФАни тарк этди  14 14:05Хакими ПСЖ билан шартномасини узайтирди  0 13:47Арихиро Сентоку: "ОКМК билан мавсум якунида тарих яратамиз"   4

SHota Arveladze: "Professional klub - bu avvalo tizim va shu tizim asosida ishlash degani" Yangiliklar

SHota Arveladze: "Professional klub - bu avvalo tizim va shu tizim asosida ishlash degani"

SHota Arveladzening Paxtakor klubi bosh murabbiyi sifatida ish boshlaganiga bir yildan oshdi.

Bu orada gruziyalik murabbiy bir qancha o'yinlarda jamoani boshqardi. Bilasiz, milliy terma jamoamizning Suriya va Eronga qarshi o'rtoqlik uchrashuvi o'tkazishi tufayli Superligada tanaffus yuzaga kelgandi. Biz ham tanaffusdan unumli foydalanish maqsadida SHota Arveladze bilan kattaroq intervyu tayyorlashga harakat qildik.

Murabbiyni ko'ndirish qiyin kechmadi, chunki Arveladze matbuot uchun ochiq inson. O'zaro suhbat chog'ida SHota Yustinovich “Paxtakor”dagi bir yillik faoliyati, Superliganing yangicha formati, shaxsiy hayoti va boshqa mavzular haqida gapirib berdi.

- SHota Yustinovich, «Paxtakor»ning Superliga ikkinchi bosqichiga tayyorgarligi qanday o'tdi?
- Tanaffus biroz uzoq davom etdi va bunday paytda futbolchilarni bir joyga jamlash birmuncha qiyin kechadi. Lekin meni xursand qilgan jihati, tanaffus paytida jamoamizning 13 futbolchisi ham milliy, ham olimpiya terma jamoalari bilan birga bo'lishdi. Deyarli barcha o'yinchilarimiz o'yin amaliyotiga ega bo'lib, hech kim chetda qolib ketmadi.

Lekin endi boshqa jamoalar kabi barcha “paxtakorchilar”ni ham Superliganing hal qiluvchi bosqichi kutmoqda. Buyog'iga yanayam diqqatli bo'lishimizga to'g'ri keladi. Jamoada qolganlar odatdagidek mashg'ulotlarda qatnashishdi, nazorat bahslarida maydonga tushdik. Futbolchilar soppa-sog', hech kimni jarohat bezovta qilayotgani yo'q.

- Malumki, bu yildan chempionatimiz yangicha formatda o'tyapti. Sizga birinchi bosqichdagi o'yinlar maqul keldimi?
- Qiyin bahslar ko'p bo'ldi. O'tkinchi o'yin bo'lganini eslay olmayman. “Paxtakor”ga qarshi hamma o'zini ko'rsatishni xohlaydi. SHu bois har bir jamoa bizga qarshi jiddiy tayyorgarlik bilan chiqadi. Birinchi bosqichni peshqadam sifatida tugatdik va to'plar nisbati bo'yicha ham eng yaxshi ko'rsatkich qayd etdik. SHuning o'ziyoq jamoa qanday o'yin namoyish etganini ko'rsatib turibdi.


- Statistikaga qaraydigan bo'lsak, “Paxtakor” birinchi bosqichda 36ta gol urdi. Bu Superliga jamoalari orasida eng yaxshi ko'rsatkich bo'ldi. SHundan kelib chiqib jamoaning hujum chizig'idan ko'nglingiz to'ldimi?
- Biz yanada ko'proq to'p kiritishimiz mumkin edi, chunki har bir o'yinda etarlicha vaziyatga ega bo'ldik. Ammo aksar hollarda vaziyatlardan etarlicha foydalana olmadik. O'ylaymanki, ikkinchi bosqichda birinchi bosqichda ko'p gol ura olmaganlar o'zlarini ko'rsatadi. Kamchiliklar ustida ishlashda davom etamiz.

- “Paxtakor” birinchi bosqichda 47 ochko to'pladi va eng yaqin taqibchisini 7 ochkoga ortda qoldirdi. Bundan kelib chiqib hammasi joyida deyish mumkin, to'g'rimi?
- Ochkolar bo'yicha hammasi yaxshi deya olaman. Agar shu holatda chempionatni davom ettirsak yanada yaxshi bo'lardi. Lekin buyog'iga format o'zgardi va “oltin ochkolar” qoidasi kuchga kirdi. Endi hammasini boshqatdan boshlashimizga to'g'ri keladi.

- O'zbekiston chempionatida hech o'zingizga o'xshagan hujumchini ko'rdingizmi?
- Iqtidorlar va yaxshi futbolchilar ko'p, lekin maydonda ikkinchi SHota Arveladzeni qidirish kerak demagan bo'lardim. Masalan, men o'zimni izlaganim yo'q. Hozirgi zamon futbolida Arveladzeni qidirgandan ko'ra Messini qidirgan maqul deb o'ylayman.

- Sizningcha, birinchi bosqichda “Paxtakor”ning eng yaxshi futbolchisi kim bo'ldi?
-Bu borada alohida bir o'yinchini ajratib ko'rsatishim mushkul. Agar chiziqlar bo'yicha olib qarasak, darvozabonimiz Eldor Suyunov mavsumni juda yaxshi o'tkazyapti. Himoyachilarga ham katta rahmat. Biz hozircha eng kam gol o'tkazgan jamoa bo'lib turibmiz va bunda himoyachilarning xizmati katta. Maydondagi o'yinchilardan SHerzod Azamovni takidlagan bo'lardim. SHuningdek, ko'p o'yinlarda Tiago Bezerra ham jamoa joniga oro kirdi. Umuman olganda, ko'p futbolchilar yaxshi harakat qilishdi. Ismini aytmayman-u, lekin meni xafa qilganlar ham bo'ldi. Gap kim haqida ketayotganini o'zlari yaxshi biladi. O'ylaymanki, ikkinchi bosqichda shu futbolchilar o'zlarini ko'rsatadi.

- Siz uchun “Paxtakor”dan boshqa jamoada to'p tepayotgan eng yaxshi futbolchi kim?
-Har bir jamoada yaxshi o'yinchilar bor: “Navbahor”da, “Qo'qon-1912”da, “Lokomotiv”da, shuningdek “Nasaf”da ham. Menga yoshlardan Aziz G'aniev, Aziz Turg'unboev, Javohir Sidiqov, Ikrom Aliboevlarning o'yini maqul kelmoqda.


- Toshkentda yashay boshlaganingizga bir yildan oshdi. Mahalliy muhitga to'liq moslashgan bo'lsangiz kerak?
-Ha, ishonch bilan shunday deya olaman. Men Toshkentga o'rganib qoldim.

- Ananalarimiz, o'zbek mentaliteti borasida nimalar deya olasiz?
-Sizlarda mehmondo'stlik yuqori, buni oldin ham aytganman. O'zbekiston - boy urf-odatlarga ega mamlakat. Sizlarda mehmonlarni yaxshi ko'rishadi va doim chetdan kelganlar yonida turishadi. Qolaversa, bu erda yangi do'stlar orttirdim va ular bilan iliq munosabatdaman. Menga shuningdek, o'zbek oshxonasi ham yoqdi.

- Bu erda sizni hammasidan ham hayratlantirgan narsa nima?
- Meni hayron qoldirgan narsalar ko'p emas, lekin bor. Masalan, ko'p hollarda birorta muammoni hal qilish cho'zilib ketadi. Aytaylik, bitta muammo bor va uni zudlik bilan hal qilish kerak. Lekin erta-indin deb paysalga solib yuraverishadi. Mana shu ko'proq meni hayron qoldirdi.

- Erta tongda oshga borib ko'rdingizmi?
- Ha, bir necha marta. Birinchi marta borganimda hayron qolgandim, qanday qilib ertalabdan osh eyish mumkin. Lekin vaqt o'tib ko'nikib ketdim. Meni chaqirishsa o'sha kishining hurmatini joyiga qo'yib aytilgan joyga borishga harakat qilaman. Agar mendan nahorgi osh yoqdimi deb so'rasangiz, shunday javob beraman: Toshkentga endi kelganimda 79 kg. edim, hozir esa 83 kg. atrofidaman. To'rt kiloga vaznim oshgan.

- Keling, yana futbolga doir savollarga qaytsak. Mahalliy murabbiylardan kimni ko'proq hurmat qilasiz?
- Men barcha hamkasblarimni birdek hurmat qilaman va birorta murabbiy bilan oramizda ko'ngilsiz voqea o'tganini eslay olmayman. “Paxtakor” bosh murabbiyi sifatida 40dan ziyod uchrashuv o'tkazgan bo'lsam, har bir o'yinda raqiblarni hurmat qilganman. “Paxtakor”da ishlar ekansan, nafaqat o'zingni, boshqalarni ham hurmat qilishingga, iloji boricha o'rnak bo'lishingga to'g'ri keladi. Men qo'lgan kelgancha o'z bilganlarim bilan o'rtoqlashishga tayyorman.


- Aytib o'tganimizdek, “Paxtakor”da ish boshlaganingizga bir yildan oshdi va bu orada mahalliy muhitga moslashib oldingiz. O'tgan vaqt mobaynida jamoada nimalarni o'zgartirishga muvaffaq bo'ldingiz-u, kelajakda yana qanday yangiliklarga qo'l urishni xohlaysiz?
- Biz birinchi navbatda kelajak sari katta qadam tashlash uchun poydevor qo'yishga harakat qildik. Bu o'rinda men statistikaga etibor bermayman. Kimlarni yutdik, nechta gol urdik, qancha ochko to'pladik - bular futbolning bir qismi. Lekin eng muhimi, poydevorni muctahkamlab kelajak sari yorqin qadam tashlashdir. Tarixda ko'plab jamoalarning turli muammolar girdobida qolib yuqori diviziondan tushib ketganini ko'rganmiz. 

Masalan, Angliyada “Lids Yunayted” bilan shunday bo'lgandi, Germaniyada esa o'tgan mavsum tarixda birinchi bor “Gamburg” quyi ligaga ravona bo'ldi. Futbol bu faqat to'pga zarba berdim, to'p darvoza ustuniga tegdi, hakam o'yin oxirida penalti bermadi va hokazo gap-so'zlardan iborat emas. Professional klub - bu avvalo tizim va shu tizim asosida ishlash degani. Futbolda g'alabalar ham, mag'lubiyatlar ham bo'ladi. Natija qanday bo'lmasin, faqat olg'a intilish kerak. Doimo yuqori maqsadlarni ko'zlagan holda. Men jamoaga kelganimdan beri nimanidir o'zgartirishga harakat qilyapman. Klubni yanada rivojlantirish, bolalar akademiyasini kuchaytirish bo'yicha doim o'z maslahatlarimni beraman.

- Aniq o'zgarishlar borasida nimalar deya olasiz?
- Birinchi navbatda sport-texnik bo'limini ishga tushirdik. Buni ham oldinga tashlangan muhim qadam desa bo'ladi. Tushunaman, muxlislarni ko'proq o'yin va g'alabalar qiziqtiradi. Lekin klub faoliyati uchun har bir yangilik juda muhim. Bizda yana bitta muammo bor edi, bu - futbolchilarga tibbiy xizmat ko'rsatish. O'yinchilarga deyarli vitamin berilmasdi, ularni tekshirish uchun kerakli tibbiy jihozlar ham yo'q edi. Men ishni jamoada tibbiy xizmatni joyiga qo'yib olishdan boshladim. Axir o'yin payti futbolchi jarohat olib qolishi mumkin. Tiklanish davri yaxshi o'tishi uchun esa klubda kerakli uskunalar bo'lishi talab etiladi. 

Tez orada futbolchilar uchun jarohatdan keyin tiklanish bo'limini ochamiz. Buning natijasida futbolchi ovora bo'lib chetda reabilitaciya klinikalari qidirmaydi, balki klubga kelib tiklanish jarayonini shu erda o'taydi. Bundan tashqari, har bir futbolchining statistikasini chuqur hisoblab boruvchi ilmiy guruh ish bolib boradi. Biz shunga qarab kimda qanday kamchilik borligini aniqlab olamiz va shunga yarasha qo'shimcha yuklama beramiz. Umuman olganda, “Paxtakor” futbol klubida o'zgarishlar katta. Marketing, media bo'limlarimiz ham astoydil ish olib bormoqda.

- Yaqin orada klubda qanday yangiliklar bo'ladi?
- Oktyabr oyi boshlarida Gollandiyaning “Ayaks” klubidan murabbiylar tashrif buyuurib yosh futbolchilarga mahorat darslari o'tishadi. Bu har ikki klubning o'zaro hamkorligi tufayli amalga oshiriladi va gollandiyalik murabbiylarga pul to'lanmaydi. Yaxshi bilasiz, Gollandiyada futbol ancha rivojlangan. Bu yurtdan ko'plab yulduzlar etishib chiqqan, ularning futbolchilari doim “Real”, “Barsa” kabi kuchli klublarda o'ynashadi. Buning sababi nimada? Agar sizni qiziqtirsa gollandiyaliklar kelganida so'rashingiz mumkin. Ular 9 kun davomida Toshkentda bo'lib bolalar bilan ishlaydilar.

- Klub akademiyasi bugungi kunda qanday faoliyat olib bormoqda? Bu haqda nima deya olasiz?
- Bolalar futboli har doim biz uchun poydevor bo'lib qoladi. “Paxtakor” avvaldan o'z tarbiyalanuvchilariga katta etibor qaratib kelgan va bundan keyin ham shu anana davom etadi. Ammo muammo shundaki, bolalarga yaxshi maydonlar etishmayapti. Ko'p maydonlarda echinish xonalari, yuvinish uchun sharoit yo'q. Bazan esa bolalarning maydonning to'rtdan bir qismida shug'ullanishiga to'g'ri kelyapti. Qolgan uch qismida boshqa jamoalar mashg'ulot o'tkazadi. 

Bularning hammasi maydon yo'qligidan. Natijada ko'pincha murabbiylar yosh futbolchilar bilan hatto 40 daraja issiqda ishlashga majbur bo'lishyapti. SHunga qaramay, bolalar bilan ishlayotgan murabbiylarga alohida rahmat aytaman. Ular bor kuch bilan ishlab, yoshlarga futbol sir-asrorlarini o'rgatmoqda. Bu tomonlama ham infratuzilmani jiddiy o'rganib chiqishimizga to'g'ri keladi. Toshkent o'z imkoniyatlari bilan yanada ko'prog'iga loyiq, o'ylaymanki, tez orada bunday muammolar bartaraf etiladi.

- Sizda yosh bolakaylarni kuzatish uchun vaqt bo'lyaptimi?
- Mashg'ulot va o'yindan bo'sh kunlari imkon qadar akademiyamiz tarbiyalanuvchilarini kuzatib boraman. Masalan, bir haftacha bo'sh qolgan paytimda “Paxtakor”ning U-12 va U-14 tarbiyalanuvchilari ishtirokida o'ziga xos o'yin tashkil etdik. Bunda har bir yosh toifasidan uch-to'rtta eng yaxshilarni tanlab aralash tarkib bilan o'yin o'tkazdik. Har xil bolalar yig'ildi: kimdir 11 yoshda, kimdir 14da. Lekin yoshlar kattalar orasida yo'qolib qolmadi. Ular ham o'zlarini ko'rsatishga harakat qilishdi. Juda qiziq o'yin bo'ldi. Bolalar futboldan zavq olishdi. Turli yoshdagi bolalarni aralashtirib o'ynatib turish yaxshi. Negaki vaqti kelib ular kattalar jamoasida o'ynaydi, shunda ham yoshlar, ham kattalar bilan birga to'p tepganda unchalik qiynalishmaydi.


- Superliganing bu yilgi formati haqida qanday fikrdasiz?
- Bu haqda ko'p gapirmoqchi emasman. Faqat shuni aytishim mumkin, birinchi bosqichni hammadan ko'p ochko jamg'arib birinchi o'rinda tugatgan jamoa bu yilgi format tufayli chempion bo'la olmasligi mumkin. Hammasi “oltin ochkolar”ni deb. Bu adolatdanmi? Men bir narsa deya olmayman. CHunki reglamentni PFL ishlab chiqqan. O'yinchilik paytimda SHotlandiyaning “Glazgo Reynjers” klubida o'ynaganman. U erda chempionat tartibi xuddi bizdagiga o'xshardi, yani 12ta jamoa qatnashar va keyin ikkita guruhga bo'linardi. Lekin “oltin ochkolar” qoidasi bo'lmasdi. Kim necha ochko yig'gan bo'lsa, o'z hisobidagi ochkolar bilan kurashni davom ettirgan.    

- Baribir sizga og'ir botadi, to'g'rimi? Birinchi bosqichni peshqadam sifatida tugatib, ikkinchi bosqichni uchinchi o'rinda boshlash g'alati.
- Endi nima desam bo'ladi, albatta bu g'alati, lekin yuqorida aytib o'tganimdek, musobaqa reglamentini men yozmaganman. Biz birinchi o'rinni olib tanaffusga chiqdik va uchinchi o'rin bilan qaytdik deya olaman.

- Bilamizki, ukangiz Archil Arveladze bilan egizaksiz. Odamlar bir-biringizni adashtirib yuborishi tez-tez sodir bo'lib turadimi?
- Juda ko'p. Toshkentda ham shunaqasi bo'lgan. Qaysidir o'yinning birinchi taymidan so'ng Archil “Paxtakor” stadioni vip-lojasida turgandi. SHunda bir tanishim uning oldiga kelib Archilni men deb o'ylagan va o'yin payti “Paxtakor” bosh murabbiyi vip-lojada nima qilyapti deb hayron bo'lgan.

- Aytaylik, o'yindan keyingi matbuot anjumaniga ukangizni kiritib yuborsangiz nima bo'ladi? Jurnalistlar payqab qolishadimi?
- Avvalo shuni aytishim kerak, men barcha OAV xodimlarini hurmat qilaman. Lekin bazan shunday bo'ladiki, o'yindan keyin matbuot anjumaniga kirganimda u erda bitta jurnalist o'tirgan bo'ladi. U ham bo'lsa klubimiz xodimi. Bu albatta meni xafa qiladi, jurnalistlarda futbolga qiziqish yo'qmi deya o'ylab qolaman. Men bosh murabbiy sifatida matbuot anjumanlarida qatnashishim shart. CHunki bo'lib o'tgan bahs haqida gapirish vazifamga kiradi. Lekin yaxshi fikr berdingiz, balki bu haqda o'ylab ko'rarman.

- Faraz qiling, o'yin tugadi va siz birozdan so'ng matbuot anjumaniga kirasiz. Kiyim almashtirish xonasidan chiqib matbuot xonasi tomon kelayotganda nimalar haqida gapirish kerakligini o'ylaysizmi yoki xayolga nima kelsa shuni gapirasizmi?
- Men nima deyish kerakligini tezda o'ylab olaman. Ammo gapirish uchun alohida tayyorgarlik ko'rmayman, chunki bunga vaqt bo'lmaydi. SHuni aytishim mumkin, matbuot anjumanida meni muvozanatdan chiqarish qiyin. Hatto ig'vo keltirib chiqaruvchi savollar berilsa ham kerakli javobni ayta olaman. Men matbuot uchun doim ochiqman, bu borada hech qanday muammo yuzaga kelmaydi.


- Birinchi bosqichdagi eng qiziq uchrashuvni ayta olasizmi?
- O'z maydonimizda “Lokomotiv”ga qarshi o'yin.

- Eng zerikarli bahs-chi?
- (Biroz o'ynlanib). Zerikarli o'yin bizda bo'lmadi deb o'ylayman. CHunki har bir bahs o'ziga yarasha qiziq kechdi. Men hamma vaqt futbolchilardan oxirigacha kurashishlarini so'rayman.

- Eng alamli mag'lubiyat?
- Yutqazishni hech kim xohlamaydi. Birinchi bosqichda uch marta imkoniyatni boy berdik va uchala mag'lubiyat ham safarda ro'y berdi. “Bunyodkor”, “Buxoro”, “Navbahor” bilan kechgan bahslarda yutqazib qo'ydik. Har uchta mag'lubiyatni alamli degan bo'lardim, chunki hech birida raqib bizdan yaqqol kuchlilik qilmagan.

- Birinchi bosqichda “Paxtakor” jami 36ta gol urganini eslat o'tdik. Gollardan 22tasi Bezerra bilan Gonsalveshga tegishli. SHundan kelib chiqib legionerlardan ko'nglingiz to'q desa bo'ladimi?

- Legionerlar bo'yicha muammo yo'q. CHunki hamma o'z ishini yaxshi bajaryapti. Siz aytgan ikki futbolchidan tashqari himoyachi Marko Simich ham birinchi bosqichda yaxshi o'yin ko'rsatdi. Jamoamizda to'p tepayotgan legionerlardan ko'nglim to'q. Mahalliy futbolchilardan ham qoniqyapman. Xohlardimki, ikkinchi bosqichda Jasur Yaxshiboev bilan Jaloliddin Masharipov ko'proq gol ursa.  

- Taniqli biznesmen Alisher Burxanovich Usmonov klub rivoji uchun 100 million dollar ajratishi haqida eshitdik. Bu haqda nima deya olasiz?
- Qisqa qilib aytadigan bo'lsam, Alisher Burxanovich “Paxtakor” uchun pul ajratishni boshladi. Bu pul birinchi navbatda yangi stadion hamda akademiya qurilishi uchun ishlatiladi. Qolaversa, tarkibni kuchaytirish uchun ham mablag' ajratiladi. Alisher Usmonov klub oldiga katta maqsadlarni qo'ygan: shulardan biri yaqin uch yil ichida Osiyo chempionlar ligasida g'olib chiqish yoki finalda o'ynash.

- Ayting-chi, bo'sh paytni qanday o'tkazasiz?
- Bo'sh vaqtim juda kam, lekin yaxshi o'tkazishga harakat qilaman.

- Xobbingiz bormi?
- Bor. Maza qilib dam olish, telefonni o'chirib qo'yib uch kun hech kimga ko'rinmaslik. CHang'i uchish, parashyutdan sakrash - mana shu mening xobbilarim.

- Nechta tilda gaplasha olasiz?
- Oltita. Gruzincha, ruscha, turkcha, gollandcha, inglizcha va ispancha. Endi esa o'zbek tilini o'rganyapman.

- Jamoangiz yutqazib qo'ygan paytda mag'lubiyatni tezroq unutish uchun nima qilasiz?
- Birinchi navbatda futbolchilarga keyingi bahs kutib turganini aytaman. Qolaversa o'zim ham navbatdagi bahsga tayyorgarlikni boshlayman. Qatarda ekanimizda mashhur murabbiy Bora Milutinovich oldimizga kelib futbolda eng muhim narsa nima deb so'ragandi. O'shanda hamma har xil javob bergandi. SHunda Milutinovich futbolda eng asosiysi keyingi o'yin degandi.

- “Paxtakor” mashg'ulotlarida hammadan ko'p ishlaydigan kim?
- Jamoamizda bunday o'yinchilar ko'p. Darvozabonlar qattiq ishlaydi, maydondagi o'yinchilardan esa Sayfiev, Rahmatullaev, Ahmedov, Azamov, SHorahmedov, Sergeevni ayta olaman.

- Oxirgi savol. Oilangiz haqida qisqacha malumot bersangiz.
- Oila qurganimga 25 yil bo'ldi. Turmush o'rtog'im Tamara Meladze, Tbilisidan. Ikki nafar farzandim bor. O'g'lim Giorgi Arveladze 21 yoshda va hozir Angliyada o'qiyapti. Qizim Elena avgustda 15 yoshga to'ldi, u Istanbulda tahsil olyapti. O'g'lim ham futbolchi bo'lishni xohlagandi, lekin keyinchalik o'qishga qiziqib ketdi.

- SHota Yustinovich, vaqt ajratib intervyu berganingiz uchun rahmat. Keyingi ishlaringizda omad tilab qolamiz.

X.Xoliqov suhbatlashdi.  

Reyting: +26   

Fikrlar

championat.asia
< so’nggi yangiliklarni ko’rish
Яндекс.Метрика