SHota Arveladze bilan katta intervyu: hibsga olinishi, Archil uchun La Liga etakchisiga yo'q degani va halollik uchun jazo
12 iyu 2020 21:15
Yangiliklar
SHota Arveladze bilan katta intervyu: hibsga olinishi, Archil uchun La Liga etakchisiga yo'q degani va halollik uchun jazo
- Gruziya, Gollandiya va SHotlandiya chempioni, o'tgan yili "Paxtakor" bilan O'zbekiston chempionati oltin medalini qo'lga kiritdi
- Mavsum restartiga tayyorlanayotgan SHota 23 yoshida nega Ispaniyaning top-klubi taklifini rad etganini
- "Ayaks"dagi birinchi mashg'ulotida uni Ronald de Bur qutqarib qolgani
- Va nima uchun van Galni darvozabonsiz o'ynashga ko'ndirmoqchi bo'lganini aytib berdi
"Yoshligida Vitaliy Daraseliya haqida to'rtlik to'qigan"
— Uni juda yaxshi eslayman. Men Vitaliy Daraseliya haqida to'rtlik to'qiganimdan xursand edim. Aynan u g'alaba to'pini kiritgandi (gruzinchadan tarjima qilganda, taxminan: "Vitaliy Daraseliya ajoyib g'alaba golini urdi, — Bizlarga kubok egalari kubogini olib berdi"). Men etti yoshda edim, futbol uchrashuvlarini oila azolarim, do'stlarim bilan tomosha qilardim. Hamma o'yin borasidagi taxminlarini aytardi. O'yin qanday kechishini oilamiz do'sti to'g'ri topgandi — u ayol nafaqat Gruziya futboli muxlisasi edi, balki Braziyaga ham befarq emasdi. U avvaliga bitta to'p qo'yib yuboramiz, keyin ikkita uramiz dedi. Afsuski, kattalar nishonlashga bizni olib ketishmadi. Tbilisida shunday vaziyat ediki, shu sabab tinchgina bolalarni uyda qoldirishgandi.
— Oradan yigirma yil o'tib siz "Karl Ceyss"ni Tbilisiga olib keldingiz. Bu qanday sodir bo'ldi?
— Bu biz aka-ukalar fondining (ushbu fond bugungi kunda ham mavjud) birinchi loyihasi edi. Yoshlikdagi kumirlarimiz bizga taqdim etgan quvonch uchun minnatdorchilik bildirdik xolos. Buyuk David Kipiani avvaliga o'yindan bosh tortdi — oyoqlari og'riyotgandi, — lekin biz uni hech bo'lmasa 15-20 daqiqaga maydonga tushishga ko'ndirdik. Avtofalokat natijasida hayotdan ko'z yumgan Vitaliy Daraseliyaning o'rniga uning o'g'li o'ynadi.
Maqsadimiz, shunchaki ko'z-ko'z qilish uchun o'yin tashkil qilish emas, afsonalarni Gruziya uchun tarixiy o'sha kunga qaytarish edi. Tribunalarda ellik ming muxlis to'plandi. Biz 1981 yil finalini to'liqligicha hosil qilishni istardik, shu sabab nafaqat "Karl Ceyss" futbolchilarini, balki italiyalik hakam Rikkardo Lattancini ham qidirdik. Hamma uni Kote Maxaradzening gapidan keyin eslab qolgandi: "Demak, Lattancining final hushtagi chalindi!". Afsus, 2001 yil u olamdan o'tganiga o'n yil bo'lgandi.
— Sizning ota-onangiz — shifokorlar. Uchala o'g'illari ham futbolchi bo'lishiga ular qanday munosabatda bo'lishgan?
— Otamning o'zi ham 18 yoshigacha futbol o'ynagan. Darvoqe, u texnik jihatdan juda kuchli bo'lgan, ammo tizzasidagi jarohat sabab futbol bilan xayrlashishga majbur bo'lgan. Akademik darajasiga erishdi. U bizning qiziqishimizni qo'llab-quvvatlardi, onam, buvam va buvim esa faqat bir gapni takrorlashardi: "Futbol — bu kasb emas. O'qish kerak". Bu borada juda ko'p bahs-munozara bo'lgan, lekin biz universitetni (Revaz — kimyo fakultetini, men va Archil — iqtisodiyot) bitirdik, diplomni stolga qo'ydik va bor etiborimizni futbolga qaratdik.
— "Trabzon"da siz va Archilni huddi Maradonani Neapolda kutib olishgandek qarshilashgani rostmi?
— Bu ikkinchi kelishimizda edi. Yarim yillik ijaradan so'ng biz "Dinamo"ga qaytdik va mustaqil Gruziya tarixida ilk bor Evropa CHempionlar Ligasida o'ynadik. Keyin jamoamizni diskvalifikaciya qilishdi va biz to'liqligicha "Trabzonspor"ga ko'chib o'tdik. Ana o'shanda aeroportda bizni mingdan ortiq muxlis kutib olib, qo'llarida olib ketmoqchi bo'lishgan.
— Turkiyada ikki marta vice-chempion bo'lgansizlar. CHempionlikka yaqinroq kelgan mavsumingiz qaysi?
— 95/96-yilgi mavsumda 15 o'yindan buyon mag'lub bo'lmagan va peshqadam edik. CHempionati yakuniga yaqin qolganda jahon chempioni Perreyra qo'l ostidagi "Fenerbaxche" bilan o'yinda bizga durang ham etarli edi. 1:0 hisobida oldinda ketayotib tanaffusga yo'l oldik, ammo yakunda 1:2 mag'lub bo'ldik va ikkinchi o'ringa tushib qoldik. Muxlislar agressiv holatda edi va bizni bazaga olib ketishdi. O'yinchilarni uylariga jo'natish xavfli edi.
Ertasiga men terma ixtiyoriga etib borish uchun samolyotga chipta olgani bordim va jaxl to'la nigohlarni uchratdim. Hech kim bir so'z demasdi. Haykaldek qotib qolgandik va vaqt ham to'xtagandek edi. Huddi oxiri yomonlik bilan tugaydigan kinolardagidek. Biz Kubokni qo'lga kiritgandik, men chempionat to'purari bo'ldim, lekin hammasidan chempionlik muhimroq edi va biz uni qo'ldan chiqardik.
— O'shanda sizga "Deportivo" taklif bilan chiqqan. Nega rad egansiz?
— Kubok egalari kubogidan keyin "Depor" men va Archilni tarkibida ko'rishni istagan, lekin u og'ir jarohat olgan va jarrohlik amaliyotiga murojaat qilgan hamda yarim yilga safdan chiqqandi. Muzokaralarga ispanlar 1996 yil may oyida tashrif buyurishdi — ECHL finali "Ayaks" — "Yuventus" bo'ladigan kun. Biz kunduzi uchrashdik va men kechki payt o'yinni ko'rishimga ishonchim komil edi, lekin uchrashuvda kechgacha, o'n soatlar o'tirdik va kelisha olmadik.
— Nega?
— Ular faqat men bilan shartnoma imzolashni xohlashgan, men esa Archilni bir o'zini yana bunday vaziyatda, jarohati bilan qoldirib keta olmasdim. "Trabzonspor" bilan shartnoma muddati tugagan va men "Depor"ga ketganimda, Archil Gruziyaga qaytishiga to'g'ri kelardi. U vaqtlar yurtimizda davolanish uchun sharoitlar maqtanishga arzigulik emasdi. Men ispanlarga Archilni ham olib, u sog'ayib safga qaytganidan keyin oylik to'lay boshlashlarini taklif qildim, ular rad etishdi. Men aytdim: "Archilni ham olishni istamasangiz — men ham hech qaerga ketmayman". Ular hayron bo'lishgan — "Depor" o'shanda Primera etakchilaridan biri edi.
— Keyinroq siz "Man Siti"dan Nemsadzeni qanday "ilib ketgandingiz"?
— Men aytarli hech nima qilmagandim. U "Siti"ga Kinkladze va Kavelashvilining oldiga borgan, deyarli shartnoma shartlarini kelishib olgandi, lekin oxirgi pallada bitim imzolanmay qoladi. Xafsalasi pir bo'lgan Giya Frankfurtga keladi, aynan o'sha vaqtda, o'sha erda "Trabzonspor" yig'in o'tkazayotgandi va uni bosh murabbiyimiz SHenol Gyuneshga tavsiya qilishimni so'radi. Murabbiy shundoq ham Nemsadzeni yaxshi bilardi va jon deb jamoaga oldi. Keyinroq Gocha Jamarauli ham keldi, shu sabab Archil sog'aygandan keyin biz limitdan chiqib keta boshladik (uch nafar legioner) va kimdir doim zaxirada qolardi. Yaxshi ham terma jamoada bunday cheklovlar yo'q edi.
— Terma jamoa safida eng esda qolarli uchrashuvlar?
— Evro-1996 saralashida biz Giggz bor Uelsni va kuchli, yaqindagina JCH yarim finalida o'ynagan Bolgariyani engdik. Hamma bizni ishyoqmas, o'zidan ketib qolgan deb o'ylardi va g'alabalarimiz tufayli karaxt axvolga tushib qolishgan. Bolgar bilan 2:1 dan keyin men "Barsa" yulduzi Stoichkovdan futbolkasini so'raganman, u esa meni qo'li bilan chetroqqa surib, yo'lida davom etdi. G'alati vaziyatga tushib qolgandim — o'shandan buyon hech kimdan futbolka almashishni so'ramaganman. Undan keyin biz Xristo bilan bir necha marta ko'rishdik (masalan Berbatovning xayrlashuv uchrashuvida), lekin men unga o'sha voqea haqida hech nima demaganman.
— "Uembli"da Angliyaga qarshi bellashuv haqida aytib bersangiz...
— Deyarli barcha ushbu buyuk stadionda to'p tepishni orzu qiladi. Ustiga-ustak u qisqa vaqt ichida rekonstrukciya uchun yopilayotgandi. Londonga futbolchilarning yaqinlari ham tashrif buyurgandi va 0:2 hisobidagi mag'lubiyatdan keyin biz katta guruh bo'lib, shaharni aylandik. Kinkladze bilan ikkimizdan qay birimizni tezroq tanib qolishlari borasida bahslashdik. Yutqazgan 15 kishilik kechki ovqat pulini to'laydigan bo'ldi. Kinkladze Angliyada yulduz edi, lekin men Archildan iltimos qildim: "Sal uzoqroqqa ketib, baland ovozda meni ismimni ayt". Londonda turklar ham kam emasdi va ismimni eshitib, ular shu zahoti suratga tushish uchun meni o'rab olishdi. Ularga rahmat. Mana shunday yo'l bilan biz Kinkladzeni dog'da qoldirgandik.
"Ayaks"dagi ilk mashg'ulotda butsalarimni unutib qoldirganman"
Kinkladze chindan Angliya futboli yulduzi edi, lekin birinchidan, premer-liga o'shanda mashhurlik bobida A seriya va primeradan ortda edi, ikkinchidan, "Man Siti" quyi divizionga tushib ketgan va ikkinchi divizionda o'ralashib yurardi. SHotaning yangi jamoasi "Ayaks", ikki bor ECHL finalida o'ynagan, mashhurroq edi, shuning uchun Arveladze "Milan"ga yo'l olgan Klyuyvertni o'rninini egallashiga dastlab Gruziyada ham ishonishmagan. "Seni birinchi jamoaga olishdimi o'zi yoki ikkinchisigami?" — aniqlik kiritmoqchi bo'ldi jurnalist «Ayaks» bilan shartnoma imzolagan SHota Tbilisiga kelganda.
— Men shu qadar hayajonlanardimki, "Ayaks"dagi ilk mashg'ulotda butsalarimni unutib qoldirganman. Kiyinish xonasida bir qarashda tayyor o'tiribman, lekin oyoqlarimda hech nima yo'q. Birovga bir nima deyish g'alatiku. Ichimda o'ylayapman: "Ahmoq — "Ayaks"ga kelish ham shunday bo'ladimi. Kurtka, sumka, yon daftarcha, mashinaning nima keragi bor edi. Undan ko'ra butsalaringni olmaysanmi". Ronald de Bur menga qarab, gap nimadaligini tezda tushundi: "Unutib qoldirdingmi?" — "Ha, shunday bo'lib qoldi". — "Oyoq o'lchaming nechchi?" — "Sakkiz yarim". Va u menga o'zining butsalarini olib keldi. Biz Ronald bilan hozirgacha juda yaqin do'stmiz.
Murabbiy borasida ham omadim chopgan. Morten Olsen taxminan o'nta tilni bilardi. Sobiq himoyachi, lekin o'ta hujumkor futbolni xush ko'radi. Mening Gollandiyadagi birinchi mavsumimda chempionatning o'zida 112ta gol urdik. Qizig'i, mavsum avvalida men umrimda birinchi marta "Breda"da o'ynayotgan akamga qarshi maydonga tushdim.
U erdan Archil "Keln"ga ketdi, o'zi uchun noodatiy chap qanot yarim himoyachisi poziciyasida to'qqizta gol urdi, lekin keyin yana tizzasidagi jarohat o'zini eslatdi. Jarrohlik amaliyotidan keyin u deyarli o'ynamadi. Davolanishdan charchab, o'ttiz ikki yoshida faoliyatini yakunladi.
— 1998 yil kuzida siz ham tizzangizdan jarohat olgandingiz — "Olimpiakos" bilan o'yinda. Nega jarrohlik stoliga yotmadingiz?
— Ha, o'shanda tizzamdan jarohat olganjim, lekin u paytlar uni operaciya qilishmasdi (menimcha hozir ham shunday). Lekin men tizzamning yana boshqa bir qismini jarohatlab olganman va bir necha yil davomida har mavsum oxirida meni og'riqli muolajalar kutardi. "Olimpiakos" bilan o'yindan keyin esa bir necha oy maydondan tashqarida qoldim va keyin safga qaytdim. Bu paytga kelib Olsenning o'rnini Yan Vouters egallagandi.
— U sabab Kinkladze "Ayaks"da o'ynab keta olmaganmi?
— Bunda uning o'zi ham aybdor. "Siti"da etakchi bo'lishga o'rganib qolgandi, "Ayaks"da esa hali Litmanen bor edi va Kinkladzeni qanotga o'tkazishdi. Bu nuqtada u o'zini erkin his qilmasdi va Angliyaga qaytishni orzu qilardi. Hattoki golland tili darslarini ham rad etardi, bir-ikki marta bu ishi uchun jazolangan ham. Keyin "Vitess" bilan uchrashuv bo'lib o'tdi. Kinkladze uch oydan buyon o'ynamasdi va shu sabab o'yin uchun tarkibga qarab ham o'tirmagandi. Ertasi kuni men kiyinish xonasiga kirdim va yonimdagi joyda #11 bilan Gioning libosini ko'rdim. Lekin uning o'zi yo'q. U o'ynamasligiga ishonchi komil edi va shuning uchun meni stadionga tashlab qo'yib, o'zi sayr qilishga ketgandi.
— Siz nima qildingiz?
— Unga qo'ng'iroq qilaman — javob bermayapti. Telefonini uyda qoldirgan ekan. "Ex, bunisi endi nima bo'ldi", deb o'yladim. Sandi Olisedan mashinasi kalitini olib va shaharga do'stimni qidirish uchun oshiqdim. O'yingacha olti soatcha vaqt bor edi, lekin men baribir uni topa olmadim va jamoaviy tushlikka 10-15 daqiqa kech qoldim. Natijada Vouters meni qaydnomadan chiqarib yubordi.
Jaxlim chiqib ketdi: "Aqlingiz joyidami? Siz golland tili darslarida Kinkladzeni 150 marta eslardingiz. Uch oydan beri ilk bor uni maydonga tushirishingiz haqida bir og'iz ogohlantirib qo'yishingiz mumkin edi-ku. Hozir men shunchaki shaharga uni qidirish uchun bordim va tushlikka biroz kech qoldim, o'yinga emas".
Keyin boshqa bir murabbiy Bobbi Xarmsga murojaat qildim — qirq yildan beri "Ayaks"da ishlayotgan afsona: "Bob, bu nohaqlik-ku. Sizning ham do'stlaringiz bordir. Siz meni tushunishingiz kerak". Xarms Vouters bilan gaplashdi va meni zaxirada qoldirib bo'lsa ham, qaydnomaga kiritishdi.
— Keyinchi?
— Hisob 1:1 edi, Yan meni chaqirdi va dedi: "Bugun men sen uchun bir nima qildim, endi sening navbating". Men tabassum bilan qarab: "Aynan sen men uchun hech nima qilmading-ku", - dedim. Lekin yana omadim keldi va g'alaba to'pini urdim.
Keyinroq Vouters qo'l ostida "Reynjers"da o'ynadim, u o'shanda Advokatga yordam berardi, yana o'n yil o'tib Yan "Qosimposhsho"da meni yordamchim sifatida ishladi. Biz do'st bo'lib qolgandik va uzoq suhbatlar qurardik. U o'sha Kinkladze bilan bog'liq vaziyat haqida takrorlayverardi: "Inson professional bo'lishi kerak va kimdirlarning orqasidan yugurmay, o'z ishini bajarishi lozim". Unga Kinkladze bilan biz huddi aka-ukadekligimizni, deyarli bir oila ekanligimiz, men o'g'lining cho'qintirgan otasiligimni tushuntirguncha… Xullas, tushuntirguncha birinchi taym tugaydi.
Eng yomoni Gio menga: "Nega meni qidirasan? Telefonimni qoldirib ketibman — mayli, bo'lar ish bo'ldi". Siz butun Amsterdam bo'ylab do'stingizni qidirasizu, keyin u sizga shunday deb tursa. Biroq men uni baribir yaxshi ko'raman.
"Policiya idorasida uch kun qolib ketgan"
— Xayrlashuv uchrashuvingizdan keyin "Ayaks"da siz bilan birga o'ynagan Mikael Laudrup shunday degan: "Men juda band edim, lekin qanday qilib Arveladzega yo'q deb bo'ladi — axir u "Ayaks"daligimizda doim menga qartada yutqazardi.
— Men ham pokerni yomon o'ynamasdim, lekin ha, u ko'proq yutardi. Har ikki Laudrup — ajoyib futbolchilar bo'lgan, ayniqsa Mikael. U menga qanchadan-qancha ajoyib uzatmalarni amalga oshirgan. U "Ayaks"dan ketganda juda xafa bo'lgandim.
— Litmanenning oxirgi o'yinida siz bo'sh qolgan darvoza qarshisida turib, to'pni unga oshirgansiz.
— "Ayaks" tarixidagi eng yaxshi futbolchilardan biri klub tarkibida so'nggi o'yinini o'tkazayotgandi — boshqa qanday yo'l tutishim mumkin edi. Oxirgi daqiqada darvozabon van Deykni aldab o'tib, Yarini ko'rdim va to'pni unga etkazdim. Aytarli hech gap yo'q.
— SHunday bo'lsada, o'shanda sizga butun stadion qarsak chalgandi. Nima sababdan mag'ulotdan avval "Ayaks"ning yana bir murabbiyi Ko Adrianse bilan tortishgansiz?
— Bu tortishuv ham emasdi. SHunchaki — qish, fevral, shamol, muzdek havo. Biz u talab qilgandek "shitki"lar bilan tayyor, maydonga tushishga hozirlanayotgandik. Birdan Adrianse so'rab qoldi: "CHarchaganlar bormi?". Men qo'limni ko'tardim. Keyin menga Vitchge, Vinter, Maxlas qo'shildi. Bitta "banda", birga qarta o'ynardik. Ko juda jaxli chiqti: "Qanday qilib sevimli ishidan charchash mumkin! Ko'plab odamlar bundan og'irroq ishlariga ertalab soat oltida turib boradilar. Siz shuncha pul topasiz, oddiy odamlar qiynalib yotibdi". Men unga: "O'zingiz kim charchadi deb so'radingizku. Biz to'g'risini aytdik. Keyingi safar hech kim charchamadi deb yolg'on gapiramiz". Umuman olganda biz yaxshi chiqishardik. U dangalchi bo'lgan, lekin juda yaxshi murabbiy edi.
— Soliq qo'mitasi arizasiga muvofiq sizni hibsga olishganda nimalarni his qilgansiz?
— So'roqlar — bu stress, albatta. Men policiya idorasida uch kun qolib ketganman. Avvaliga meni ingliz tilida so'roq qilishdi, keyin rus tili tarjimoni bilan. Keyin murakkab savollar bera boshlashdi va men gruziyalik tarjimon talab qildim. "Qaerdam uni topamiz?" — "Rusni topibsiz-ku, uni ham toping". Agar topa olmasangiz — meni qo'yib yuboring.
— Qo'yib yuborishdimi?
— Bitta gruziyalik ayolni topishdi! Men undan iltimos qildim: "Yaqinlarimga qo'ng'iroq qilib qo'y, mendan xavotir olishmasin". U rad etdi: "Menga mumkin emas".
— "Ayaks" sizga advokat berdimi?
— O'zim oldim. Leo Spixta. O'ziga xos erkak. Uzun amerikancha mashinada yuradi. U barcha muammolarni tez hal qildi. Hamma meni boshqa hisob raqamim yo'qligini va barcha pulim "ABN Ambro"daligini bilardi. SHuning uchun tinch qo'yishdi. Ammo keyin "Ayaks" bilan moliyaviy savollar bo'yicha uzoq yil sudlashishga to'g'ri keldi.
— Ozodlikka chiqqach nima qildingiz?
— Darhol terma jamoaga, Italiyaga qarshi o'yinga uchdim. Murabbiylar Zodzuashvili va Kipiani mendan so'rashdi: "SHotik, asosiy tarkibda boshlayverasanmi?" — "Yaxshisi, keragi yo'q. Nima bo'lsa ham uch kun o'tirdim". Kipiani fikrimni qo'llab-quvvatladi, Zodzuashvili esa: "Strelcov etti yil o'tirgan! Keyin chiqqan va uch bor ketma-ket mamlakatning eng yaxshi futbolchisi bo'lgan. Senga uch kun nima bo'libdi? Maydonga tush va o'yna. Kerak". Biroq men tanaffusdan keyin maydonga tushdim va Gaxokidzega golli uzatma bera oldim.
— "Ayaks" shartnomani uzaytirmaguningizcha Adriansega sizni tushirmaslikni tayinlaganmi?
— Ha. Men jamoa etakchisi edim, CHempionlar Ligasi saralashi doirasida "Selta"ga qarshi o'yinga tayyorlanayotgandik. Mavsumlar oralig'i davrida "Roma" va "Liverpul"ga qarshi o'rtoqlik o'yinlarida uchrashuvning oxirida maydonga tushidim. SHunday bo'lsa ham har ikki safar gol urishga muvaffaq bo'ldim. Keyin tushunib qoldim: bu erda boshqa bir gap bor. Keyin Adrianse teleintervyuda tan oldi: "Menga SHota shartnomani uzaytirmaguncha uni tushirmaslikni tayinlashdi". Menga jurnalistlar qo'ng'iroq qila boshladi, ammo men murabbiy so'zlariga qo'shimcha hech nima deya olmasdim. Ko'p o'tmay meni "Reynjers"ga sotib yuborishdi.
— Glazgoda SHon Konnerini uchratganmisiz?
— CHempionlar Ligasi doirasida "Sparta"ga qarshi o'yinlan oldin u bizning mashg'ulotimizga keldi. O'sha vaqtda Pragada suratga olish ishlari bo'layotgan ekan, keyin klub bazasiga ham kelgan. Ronald de Bur unga: "Oxirgi filmingizni ko'rdim. Dabdala". SHon javoban: "Bu Amerika. U erda asosiysi — foyda. Film ellik million foyda ko'rdi. Hamma jim bo'lib qoldi, qandaydir g'alati holat bo'lib qolgandi va men chalg'itish uchun: "SHon, siz de Burning oxirgi o'yinini ko'rdingizmi? Dabdala", - dedim.
"Irlandiyaga qarshi o'yindan keyin ichki qon ketishi sabab o'lishim mumkin edi"
— Nega 2003 yil bahorida Rossiya bilan o'yinni televizor orqali tomosha qilgansiz?
— Men terma jamoaning yangi ustozi Ivo SHushak bilan kelishgandim, "Seltik" bilan o'yin tufayli termaga qolganlardan keyinroq etib borishim kerak edi. O'yindan keyin Glazgodan Parix orqali Tbilisiga etib bordim va kech qolganim sabab tarkibga kiritilmagandim. Hech kimga hech nima demay, sumkamni oldim va bazani tark etdim. Albatta, bu noto'g'ri ish edi — hayotimda birinchi marta shunday qilgandim. Juda xafa edim, lekin hech kim bilan janjallashmagandim. SHunchaki jimgina kettim. Xudoga shukur, biz yuttik. Agar yutqazib qo'yganimizda hamma aybni menga ag'darishardi.
SHushak meni Irlandiya bilan o'yinga chaqirdi va yana o'sha voqea takrorlandi — lekin endi Kinkladze bilan. Tarkibga kiritilmaganini bilgach, u narsalarini yig'ishtirib ketishga otlandi. Men undan qolishini o'tinib so'rardim, lekin u fikrida turib oldi. Biz 0:2 yutqazdik. O'sha o'yindan keyin hayotdan ko'z yumishimga bir bahya qolgandi.
— Nega, nima bo'lgandi?
— Keragidan ortiq "voltaren" qabul qilgandim. Boshim aylanar, yuragim qattiq urardi. Iashvili kabi egan ovqatim yoqmagan deb o'ylardim va shunchaki ko'proq suv ichardim. Ammo vaziyat yomonlashaverdi. Oshqozonimda ichki qon ketishi bo'lgan ekan. Biz bilan bo'lgan moksvalik ishbilarmon Anzor Kikalishvili meni zudlik bildan Dublindagi shifoxonaga etkazish kerakligini aytdi, u erda to'rt kun qolib ketdim. Yaxshi ham o'shanda jamoa bilan Tbilisiga uchmagan ekanman — xudo biladi, samoletda nimalar bo'lardi.
— Nega Gollandiyaga qaytdingiz?
— "Reynjers" bilan juda jiddiy shartnomam bor edi, menga uni uzaytirishni taklif qilishdi, lekin tizzam og'rirdi va men klub bilan bunday tavakkal qila olmasdim. Erkakning ishi bo'lmasdi. Klubdagilar bunday yo'l tutganimdan hayratda qolishdi va jarrohlik amaliyoti muvaffaqiyatli o'tib, o'zimni yaxshi his qilsam, taklifni takrorlashlarini aytishdi.
Men qaytdim, oxirgi 10 uchrashuvda 8ta gol urdi, biz chempion bo'ldik, ammo menga umuman boshqa shartnoma taklif qilishdi — avvalgisidan 75%ga yomonroq. Bunday muomala menga yoqmadi va men "Ayaks" murabbiyi Denni Blindga qo'ng'iroq qilib, uning jamoasida faoliyatimni yakunlashni istashimni aytdim. U rahbariyat bilan gaplashdi, lekin ular shveciyalik Rozenbergni maqul ko'rishdi. O'shanda menga Lui van Gal qo'ng'iroq qildi va AZ ga chaqirdi.
— Hamkorligingiz qanday boshlandi?
— Men birinchi mashg'ulotdayoq uxlab qoldim. Tanqid yoki jarimani kutib turgandim, lekin u: "Uyqiga to'ydingmi?" — "Ha". — "Unda, yaxshi". Mana shunday murabbiy u. Bazan hordiq har qanday mashg'ulotdan foydaliroq. CHarchagan bo'lsang — dam ol", degandi u menga.
— Lui van Galning AZ stadionini suniy qoplamalaga o'tkazish taklifiga qanday munosabatda bo'ldingiz?
— Men sintetikani yomon ko'rardim. Undan keyin hamma joyim — belim, mushaklarim og'rirdi… Yodimda, van Gal bilan matbuot-anjumanida o'tiribmiz. U suniy qoplamaning barcha ijobiy jihatlarini sanab chiqdi, lekin men uni gapini bo'lib: "Futbolchilar ham bir nima desin. Maydonda biz harakat qilamiz-ku", dedim. - Suniy qoplamadagi futbol haqiqiy futbol emas.
— Nega siz van Galga "Ekselsior" bilan darvozabonsiz o'ynashni taklif qilgansiz?
— O'shanda hamma darvozabonlarimiz jarohatlangandi — asosiy tarkibda ham, ikkinchi jamoadagilar ham. Butun hafta biz darvozabonlarsiz shug'ullangandik. Ularni o'rnini baquvvat himoyachi Steynsson va men egallagandik. Darvozaga Steynsson turadi deb turgandik, lekin bizga U19 jamoadan kiper yuborishdi. Men Luidan darvozabonsiz o'ynashni so'rardim: "Kel, darvozabonsiz tushaylik". — "Seni toming ketib qolibdi!"" — "Nima bo'pti, lekin ertaga hamma biz haqimizda gapiradi". — "Bu raqibga nisbatan hurmatsizlik".
O'n sakkiz yoshli yigitcha bilan 5:0 hisobida g'alaba qozondik. "Ekselsior" oltmish ettinchi daqiqada ilk zarbasini berdi. U o'yinni darhol unutishdi, agar biz darvozabonsiz yutganimizda — haligacha eslab yurishardi.
— "Ekselsior" bilan boshqa bir o'yin ko'proq eslanadi.
— Ha, 2006 yil "Ekselsior" quyi dviizionga tushib ketayotgandi va biz ularni engsak, chempion bo'lardik. Biroq — darvozabonning chetlatilishi, penalti… Yutqazdik. Ammo keyinchalik men van Galning yordamchisi bo'ldim va biz baribir chempion bo'ldik. Tarkibda Dembele, Ari, de Zeuv, El-Xamdaui bilan. Men AZ loyihasida ishtirok etganimdan bahtiyorman. Hozir u erda ajoyib akademiya va ko'plab yosh iqtidorlar to'p tepishmoqda.
— AZ da futbolchilik va murabbiylik faoliyati o'rtasida siz bir yilni "Levante"da o'tkazdingiz. O'sha mavsum nimalari bilan yodingizda qoldi?
— Ikki jarohat sabab bor yo'g'i bir nechta o'yinda ishtirok etdim. "Zato" faoliyatimni "Bernabeu"da yakunladim. CHiroyli yakun. Hozirgacha Pedro Leon bilan do'stmiz. U keyinroq "Real"ga o'tdi, shuningdek Luis Rubiales ham yaqin o'rtog'im, o'shanda u ham "Levante" himoyasida to'p tepardi, hozir — Ispaniya futbol federaciyasi prezidenti.
"Mimino" — bizning bibliyamiz"
— Vaxtang Kikabidze sizga qanday qarindosh bo'ladi?
— Oyimning (qarindosh) akasi. U ishtirok etgan filmlarni sevib tomosha qilaman, "Mimino"ni ayniqsa. Rejisser Giya Daneliya, kompozitor Giya Kancheli, akterlar Kikabidze, Leonov, Mkrtchyan shunchaki ajoyib. CHindan ular daho edilar. Avvallari hamma "Mimino"ni komediya deb hisoblardi, lekin u bizning bibliyamiz — ushbu filmdan qancha narsani bilib olishiingiz mumkin!
Yangi yildan avval Buba Konstantinovich Toshkentda koncert berdi. U sakson ikki yoshda va shuncha ishni qila olmoqda. Qoyil qolaman. Ikki soatlik koncert dasturini qo'yib berdi.
— "Kayserispor" boshqaruvini qo'lga olgach, Gerard van der Lemni o'zingizga yordamchi sifatida chaqirdingiz, aynan u oltin "Ayaks"da van Galning yordamchisi edi. Ushbu hamkorlik nimasi bilan yodda qolgan?
— Ajoyib inson. Men uni "Ayaks"ning boshqa bir sobiq xodimi, bugungi kunda ham menga "Paxtakor"da yordam berayotgan Laslo Yambor orqali chiqtim. Men: "van der Lemga bu mening ilk mustaqil ishim. Menga tajribali yordamchi kerak. Kerak vaqtda "To'xta, o'tir va eshit", deya oladigan, gruzinning qaynoq qonini bosa oladigan inson zarur dedim. Mavsum omadli o'tdi: "Kayserispor"ni UEFA Kubogiga olib chiqtik. Van der Lem oilaviy vaziyat tufayli Gollandiyaga qaytdi, men esa "Qosimposhsho"ga kettim.
— Bu jamoa bilan 2013 yil siz oxirgacha ikkinchi edingiz. Keyin nima bo'ldi?
— Bunday kichik klub bilan turk futboli grandlariga qarshi kurashish mushkul. O'zaro o'yinlarda doim ularni engardik. Men hatto prezidentga shunday derdim: "Biz birinchi o'rindamiz!" — "Qanaqasiga?" — "Galatasaroy", "Fenerbaxche", "Beshiktosh" va "Trabzonspor"dan keyin biroinchimiz deganman.
— "Qosimposhsho"ni tark etishingiz juda g'alati bo'lgan. Oxirgi o'yinda nima bo'lgandi?
— "Konyaspor" darvozaboni yiqilib tushdi, sheriklari to'xtab qolishdi va to'pni maydonda chiqarib yuborishni so'rashdi, lekin bizning Rayan Donk qirq metrlardan darvozani nishonga oldi. Bundan keyin muxlislar o'zini qo'yarga joy topa olmay qoldi. Men yigitlarga bu adolatdan emas dedim va "Konyaspor" gol urib olishiga qarshilik qilmaslikni so'radim. Oradan yigirma daqiqa o'tgach, darvozamizga penalti belgilashdi — to'p o'sha vaziyatda Sarining qo'liga jarima maydonidan tashqarida tekkandi. Men hamkasbimga qaradim va u menga: "Biz quyi divizionga tushib ketyapmizku", - dedi. O'yindan keyin natija uchun hamma aybni o'z bo'ynimga oldim, klub prezidenti meni ketishimni so'radi. Lekin biz hamon yaxshi aloqalarni saqlab qolganmiz.
— Siz ishlagan klublarning birini tibbiyot markazi egasi boshqargan. Aytishlaricha, u maslahatlari bilan joningizga tegib ketgan ekan.
— Men emas, futbolchilarning. "Bunday zarba ber. Nega bunday tepayapsan?" Men undan: "Sen ginekolog, xirurg yoki boshqa bir doktorga ham maslahat berasanmi?", dedim. — "Yo'q". — "Nega unda futbolchilarga zarbani qanday berishni o'rgatyapsan?"
— Siz kelgach, "Paxtakor" o'yinlariga muxlislar tashrifi oshdimi?
— Osiyo CHempionlar Ligasida stadion deyarli to'ladi, o'ttiz ming muxlis yig'amiz. Yaqinda yangi stadionimiz ochiladi, u Osiyoda eng yaxshilardan biri bo'lishi kutilmoqda va o'shanda muxlislar tashrifi yanada oshadi. "Paxtakor" rahbariyati futbol bilan yashashlari yoqadi, boshqalarning fikrini ham eshita olishadi va zarur paytda murabbiyga yordamga kelishadi.
— Toshkentga ko'chib o'tgach, o'zbek oshxonasini gruzin oshxonasidan yuqori qo'ydingiz. Sevimli taomingiz qaysi?
— O'zbek oshxonasining barcha taomlari yoqadi. Men taomlarga katta etibor beraman va yaxshi tushunaman-ku. Taomlar shunchalik yoqtiki, endi ortiqcha besh kilogrammdan qutulishni o'ylash kerak.
Nozima Zaripova tarjimasi
Fikrlar