Sherzod Jo'raev: “Qaysi yo'nalishda bo'lsa ham “Navbahor” muvaffaqiyatlariga hissa qo'shish men uchun sharaf”
13 iyu 15:29
Yangiliklar


Sherzod Jo'raev: “Qaysi yo'nalishda bo'lsa ham “Navbahor” muvaffaqiyatlariga hissa qo'shish men uchun sharaf”
Shu munosabat bilan "Navbahor" matbuot xizmati Sherzod Jo'raevdan intervyu oldi.
– Assalomu alaykum! Sherzodbek, avvalo Sizni U-21 jamoamizning birinchi davra yakunidagi peshqadamligi bilan tabriklaymiz...
– Vaalaykum assalom, tabrik uchun rahmat.
– Aytingchi, “Navbahor-U-21” jamoasiga o'tishingiz qanday sodir bo'lgandi?
– Joriy mavsum avvalida o'sha paytdagi “Navbahor” PFK vice-prezidenti Otabek Samatov hamda jamoa bosh murabbiyi Sergey Lushanlar chaqirib, bo'lajak mavsumda “Navbahor – U-21” yoshlar jamoasi boshqaruviga o'tishimni aytishdi. Mazkur taklif borasida ko'p ikkilanmadim va yangi chaqiriqqa labbay, deb javob berdim. Qaysi yo'nalishda bo'lsa ham “Navbahor” muvaffaqiyatlariga hissa qo'shish men uchun sharaf. Shuning uchun ushbu taklifga darrov rozi bo'ldim.
– Yoshlar jamoamizning birinchi davradagi muvaffaqiyati siri nimada?
– Namangan azaldan istedodli hamda iqtidorli futbolchilar maskani hisoblanadi. O'sha istedodli bolalarni to'g'ri yo'lga yo'naltirsangiz, ular bilan ko'proq ishlab, kerakli tavsiyalarni berib, vaqtida etarli o'yin amaliyoti taqdim etib turilsa, yoshlarning o'zlariga bo'lgan ishonchlari ortadi. Yigitlarning ayrimlari bilan o'zaro suhbat orqali, bazilari bilan esa individual tarzda ish olib bordik.
– Bu yilgi U-21 musobaqasining o'yinlari borasida fikringiz qanday?
– So'nggi yillarda yurtimizda o'smirlar va yoshlar futbolida katta o'sishga erishdik. Turli yosh toifalaridagi terma jamoalarimiz qita chempionligini qo'lga kiritmoqda. Shu nuqtai nazardan olib qaraganda, U-21 turniri o'yinlari tomoshabop hamda yuqori darajada o'tmoqda. Ushbu turnirda yaxshigina o'sish bor.
– Yoshlar jamoamizning birinchi davradagi eng yorqin va eng qiyin o'yinlari haqida ham to'xtalib o'tsangiz...
– Men shogirdlarimga har doim yurtimizning bayroqdor jamoalariga qarshi yaxshi o'yin namoyish etinglar, deya takidlayman. “Paxtakor”, “Nasaf”, “Bunyodkor” jamoalari o'z akademiyalariga ega hamda ushbu klublarning turli yosh toifalaridagi jamoalarida istedodli yoshlar ko'pchilikni tashkil etadi. Ushbu klublarning yoshlar jamoalariga qarshi kechadigan bahslarda ijobiy natijaga erishsak, bu qolgan bellashuvlarga motivaciya bo'ladi.
Shundan kelib chiqib, aytishim mumkinki, “Bunyodkor-U-21” (10-tur, yoshlar jamoamiz 4:3 hisobida g'alaba qozongan) va “Paxtakor-U-21” (15-tur, yoshlar jamoamiz 3:1 hisobida g'alaba qozongan) jamoalari bilan bo'lgan uchrashuvlarni biroz qiyin, ammo yorqin o'yinlarimiz bo'ldi, deya olaman.
– Yoshlar jamoamiznig maqsadi, asosiy jamoaga futbolchilar etkazib berishdan iborat. Shunday ekan. siz hozirda “Navbahor- U-21” yoshlar safidagi kimlarni asosiy jamoaga tavsiya qila olasiz?
– To'g'ri aytdingiz, bizning asosiy vazifamiz “Navbahor”ning asosiy tarkibiga mahoratli futbolchilarni etkazib berish. Ayni paytda yoshlar jamoamiz tarkibida o'ynayotgan barcha o'yinchilar yuqori potencialga ega yoshlar hisoblanishadi. Ular orasidan, shunday o'yin namoyish etishda davom etishsa, vaqti kelib, Ozodbek Marupov, Sherzodbek Abdulboriev, Alisher Miraliev, Isoxon Musoxonov va Habibullo Japaralievlar asosiy jamoada tarkibidan o'rin olishadi, degan umiddaman.
– Bir paytlari “Navbahor”ning asosiy jamoasi murabbiylar shtabida faoliyat olib borgansiz.Bu yilgi Superliga musobaqasi borasidagi fikrlaringiz qanday?
– Superliga musobaqasi har doim qiziq kechadi. Bu yilgi "Navbahor" yangilanib, tubdan o'zgardi, deya olaman. Jamoa oldingi mavsumlarga qaraganda, tomoshabop futbol namoyish etyapti hamda buni ko'pchilik etirof etmoqda. “Lochinlar”ning o'yini hammaga yoqyapti, mening nazarimda. Joriy mavsumda “Nasaf”, “Navbahor”, “Paxtakor” va OKMK jamoalari ishtirokidagi o'yinlarni tomosha qilish maroqli bo'lyapti. Mazkur jamoalar raqiblarning o'yin taktikasidan kelib chiqqan holda, turli uslublarda o'ynamoqla. Ular qatoriga “Dinamo”ni ham qo'shishimiz mumkin. Qolaversa, “So'g'diyona” jamoasi amalga oshirayotgan transferlardan kelib chiqib, ikkinchi davrada jizzaxliklar ham kuchlilar qatoridan o'rin olish uchun harakat qilishsa, musobaqa yana ham qiziqarli tus oladi, deb o'ylayman.
– Joriy mavsum avvali siz va jamoangizga og'ir keldi. Dastlabki turdagi texnik mag'lubiyat, 2-turdagi Jizzaxdagi alamli, yirik - 2:6 hisobidagi mag'lubiyatdan keyin yoshlar jamoamiz futbolchilarining ruhiy holatlari juda yomon holatga tushib qolgan edi. Ushbu vaziyatdan qanday chiqib ketdingiz? Shogirdlaringizga qanday so'zlarni topib gapirdingiz?
– Juda to'g'ri aytdingiz, mavsum starti juda og'ir bo'ldi, yani, 2-turdan keyin jamoamizda ahvol juda tang edi. O'sha paytda ichimdan o'tgan hissiyotlarni o'zim juda yaxshi bilaman. Lekin mazkur vaziyatdan chiqib keta olishga ishonchim komil edi. Biz to'g'ri yo'lda ekanligimiz, hech narsani o'zgartirish shart emasligini bilardim. Sababi, “Navbahor-U-21” jamoasini qabul qilib olganimdan so'ng, Farg'onada bo'lib o'tgan “Hokim kubogi-2025” musobaqasida ham start qiyin bo'lgan, turnirni erta tark etishimizga oz qolgan edi. Allohga tavakkal qilgn holda, shogirdlarim bilan gaplashib, ularga ruhiy dalda berib, yakunda kubokni qo'lga kiritgandik. Bu safar ham tanlagan yo'limiz to'g'ri ekanligini bilardim va o'sha yo'ldan qaytmadik. Buni amalga oshirish uchun esa biroz ko'proq ishladik, futbolchilar bilan birga 3-4 soatlab o'tirib, o'yinlarni tahlil qilib, o'yinchilarning xatolarini aytdik.
Yigitlarni ushbu vaziyatdan chiqib keta olishlariga ishontira oldik. Natijada ular buni uddalashdi. Buning uchun ularga minnatdorchilik bildiraman. Qolaversa, mazkur muvaffaqiyatga bir o'zim erishdim, degan fikrga umuman qo'shilmayman. Futbol jamoaviy o'yin. Shunday ekan, og'ir vaziyatdan chiqib ketishimizda yonimizda bizni qo'llab-quvvatlab turgan turgan insonlarning ham munosib hissalari bor. Bu borada “Navbahor” PFK rahbariyati, jumladan, o'sha paytdagi klub vice-prezidenti Otabek Samatov, jamoa boshlig'i Farhod Umaraliev, ustoz murabbiy, tajribali murabbiy Usmonjon Ahmedovich Asqaraliev o'z maslahatlarini berib turdilar, shuningdek, murabbiylar shtabidagi yordamchilarim - Azam Rajabbaev, Alisher Mahmudov va Hasan Rizaevlar ham juda katta yordam berishdi, klub xodimlari, hamda muxlislar ham barchasi oldinda ekanligini takidlagan holda, ruhiy jihatdan dalda berishdi.
Mazkur omillar o'z mevasini berib, yoshlar jamoamiz davralar oralig'idagi tanaffusga peshqadam sifatida chiqib ketdi va bundan juda xursandman.
– Siz ko'p yillar davomida “Navbahor”ning asosiy jamoasi murabbiylar shtabida faoliyat olib borgansiz. Aytingchi, mazkur jamoada olingan tajriba asqotyaptimi?
– Albatta, asosiy jamoada olingan tajribadan yoshlar jamoasidagi faoliyatimda foydanayapman. Men o'ziga xos uslubga ega murabbiylar bilan birga ishladim. Masalan, Andrey Kancheleskis futbolchilarning jismoniy holatlariga, No'mon Hasanov esa taktik holatlariga, Samvel Babayan esa tartib-intizomga qattiq etibor qaratishardi va ularning barchalari f.utbolchilarning ruhiyatlarini ko'tarish borasida tengsiz edilar. Marhum Viktor Jalilov esa yangi futbolchilarni kashf etadigan mutaxassis edi. Ayni paytdagi “Navbahor” bosh murabbiyi Sergey Lushanning ham o'ziga xos uslubi bor, u yoshlarga ishonch bildirishdan qo'rqmaydigan, hujumkor taktika qo'llaydigan mutaxassis.
Yuqorida nomlari keltirilgan murabbiylardan o'rgangan bilim hamda ko'nikmalarimni ayni paytda faoliyatimda qo'llamoqdaman.
– Oldinlari “Navbahor”da bitta kamchilik ko'zga tashlanardi, yani, yosh futbolchilarning o'tish davrida yo'qolib qolishlarini kuzatardik. So'nggi yillarda yorqin o'yinchilar etishib chiqmayotgan edi. Nazarimda, siz ushbu muammoni bartaraf etishga erishayotgandeksiz. “Navbahor-U-21” jamoasi safida 18-19 yoshli yuqori darajada o'yin ko'rsatayotgan futbolchilar ko'zga tashlanmoqda. Qolaversa, yoshlar jamoamizdagi o'yinlari orqali asosiy jamoa tarkibidan o'rin olatganlarni ko'rmoqdamiz. Shu haqda ham to'xtalib o'tsangiz...
– Bu haqda hozir bir narsa deyishga biroz erta. To'g'ri, hozirda istedodli yoshlar juda ko'p, ammo ularni asosiy jamoaga jalb etib, Mirzohid G'ofurov, Azimjon Ahmedov. Abbosjon G'ulomov, Ruslanbek Jiyanov kabi futbolchilar qatorida asosiy jamoa havosidan nafas olib, ularga 5 yoki 10 daqiqa bo'ladimi, qisqa bo'lsada, asosiy jamoada imkon berib turilsa, avlodlar almashinuvi davrida qiynalmaymiz, deb o'ylayman.
– Siz avvalgi mavsumlarda asosiy jamoada futbolchilarning jismoniy tayyorgarliklari bo'yicha faoliyat olib borgansiz. O'sha vaqtda asosiy jamoada jarohatlar nisbatan kamroq ko'zga tashlanardi. Endi shu holat “Navbahor-U-21”da ham ko'zga tashlanmoqda. Ko'z tegmasin, futbolchilarning jarohatlanishlari deyarli kuzatilmayapti. Bu borada qanday ishlarni amalga oshiryapsiz?
– Har doim o'z ustimda ishlashga harakat qilaman. Ko'p yillik tajribamdan kelib chiqib, o'z uslubim va mavsumiy rejalarim, dasturim mavjud. Shu dastur asosida ish tashkil qilaman. Xudoga shukr, hozircha jarohatlar kamroq kuzatilyapti. Sportchining birinchi raqamli dushmani - bu jarohat hisoblanadi. Shuning uchun shogirdlarimni jarohatdan uzoqroqda ushlashga harakat qilaman.
– Yoshlar jamoamizning asosiy raqiblari – “Bunyodkor U-21” (10-tur, 4:3), “Nasaf-U-21” (12-tur, 2:0) va “Paxtakor-U-21” (15-tur, 3:1) jamoalari safarda mag'lubiyatga uchratildi. Bunga qanday erishildi?
– Yuqorida takidlaganimdek, siz sanab o'tgan jamoalar kuchli akademiya va istedodli futbolchilarga ega hisoblanadi. Biz barcha o'yinlarga jiddiy qaraymiz hamda yaxshi tayyorgarlik ko'ramiz. Ammo sanab o'tilgan jamoalarga qarshi kechadigan uchrashuvlarga nisbatan boshqacharoq yondoshib, raqib o'yinlarini o'rganib, shunga yarasha tayyorgarlik ko'ramiz.
– Raqibni o'rganish ishlari qanday kechadi?
– Bu borada yordamchi murabbiy Azam Rajabbaev bizga katta yordam beradi. U raqibning jamoamiz bilan bo'ladigan bahslardan oldingi 2-3 ta o'yinlari videoyozuvini olib keladi. Biz murabbiylar shtabi vakillari birga o'tirib, raqibning kuchli va kuchsiz tomonlarini tahlil qilamiz hamda shundan kelib chiqqan holda, raqibga nisbatan taktika qo'llaymiz.
– Sizning boshqaruvingizda yoshlar jamoamiz alohida futbolchi atrofida o'yin qurmayapti. O'tgan mavsumda biz ko'proq Navro'zbek Iminjanov atrofida o'yin qurishga urinishlarni ko'rardik...
– Biz qaysidir futbolchiga bog'lanib qolish uslubidan to'liq voz kechdik. Bizda hamma futbol o'ynashi kerak. Zamonaviy futbolning talabi - 11 nafar o'yinchi hujum qilishni ham, himoyalanishni ham bilishi kerak. Vaziyat taqozo etsa, darvozabon ham gol urishi mumkin yoki hujumchimiz darvozamizga to'p kirishining oldini olishi mumkin. Men biror futbolchiga bog'lanib qolishni to'g'ri deb, hisoblamayman. Jamoamizda kimdir xato qilsa, jamoadoshlari uning xatosini to'g'rilash uchun o'ynaydi. Futbol bu - jamoaviy o'yin. Masalan, Jiyanov va Odilovlar maydonda rang-barang futbol o'ynashadi, juda tez fikrlashadi. Men ham shogirdlarimga tezroq qaror qabul qilish hamda fikrlashni takidlayman.
– Yaqin o'tmish futbolchisi sifatida shogirdlaringiz yomon va zararli illatlardan nari bo'lishlari uchun qanday yo'l tutasiz?
– Men shogirdlarim bilan doimo birgaman. Kezi kelganida og'ayni, aka, uka bo'laman. Hech qachon futbolchilarga to'siq qo'yishga urinmaganman. Yigitlar bilan birga ovqatlanamiz. Men faqat maydonda qattiqqo'llik qilishim, uchrashuvlar davomida asabiylashib, baqirishim mumkin. Maydon tashqarisida esa do'stona fikr almashib, barcha bilimlarimni berishga harakat qilaman. Shogirdlarim uchun doim ochiqman. Agar men ularga yopilib olsam, futbolchilar dardlarini kimga aytishadi? Axir, ular yoshlar jamoamiz yuzi hisoblanishadiku!
– Namangandan ko'plab taniqli futbolchilar etishib chiqqan, ammo viloyatimizdan oliy va Superligada ishlagan sanoqli murabbiylar bor, xolos. Usmon Asqaraliev shular jumlasidan. Ko'p yillardan buyon Namangandan yaxshi mutaxassis etishib chiqmayapti. Sizning bunga munosabatingiz qanday?
– Har bir sohaning o'ziga yarasha qiyinchiligi, pastu balandliklari bor.Balki, buning vaqti-soati bo'lmayotgandir. Hozir murabbiy sifatida ishlash qiyin.
– Sizga Superliga jamoalaridan taklif bo'lsa, qabul qilasizmi?
– Ko'p yillardan buyon juda kuchli mutaxassislar bilan birga faoliyat yuritsh nasib etdi. O'tgan davr davomida shunchaki vaqtni zoe qilib yurmadim. Har bir ishlagan mutaxassislarimdan nimanidir olishga harakat qilib, o'zimga yarasha bilim va ko'nikmalarga ega bo'ldim. Bilganlarimizni amalda sinovdan o'tkazyapmiz, bilmaganlarimni esa o'qib o'rganyapman. Bordi-yu Superligada ishlash imkoniyati tug'ilsa, o'zimda ishonch bor, albatta bunga tayyorman. Yuqoriroqdan kelgan chaqiruvga tayyor bo'lmasam, faoliyatimni shu nuqtada yakunlaganim yaxshi. Barcha mutaxassislar o'sishni istashadi va shunga intilishadi. Men ham shunga arakat qilyapman, hali yana tajriba orttirishim kerak.
– Ortda qolgan birinchi davradagi qaysi o'yinni imkoni bo'lsa, boshqatdan o'ynar edingiz?
– “So'g'diyona-U-21” jamoasiga qarshi kechgan bellashuvni. Boisi, o'sha uchrashuvda yirik hisobda imkoniyatni boy bergandik (2-tur, 2:6).
– Birinchi davradagi yoshlar jamoamiz uchun eng eng qiyin kechgan o'yin qaysi bo'ldi?
– “Xorazm-U-21” (9-tur, 1:1) bilan bo'lgan uchrashuv. O'sha bahsda urganchliklar shogirdlarimga munosib qarshilik ko'rsata olishgandi.
– Muxlislarga tilaklaringiz...
– Avvalo, yoshlar jamoamizni qo'llab-quvvatlab turishgani uchun muxlislarga rahmat aytaman. Ularning oilalari tinch-totuv bo'lsin. Ishqibozlar doimo U-21 jamoamizning o'yiniga ham kelib, eng og'ir damlarda qo'llab-quvvatlab turishdi. Buning uchun ularga o'z minnatdorchiligimni bildiraman. Qolaversa, bizga ko'mak va yordam berayotgan barchaga rahmat aytaman. “Navbahor” jamoamiz ham bu yil chiroyli o'yinlar namoyish etmoqda. Ilohim, asosiy jamoamizga joriy mavsum yakunida sovrindorlar safidan joy olish, O'zbekiston kubogini qo'lga kiritib, barchani xursand etish nasib etsin.
“Navbahor” PFK matbuot xizmati.
O’xshash yangiliklar

Fikrlar