Sardor Sulaymonov: "Hozir chempionatimizda yaqqol ajralib turadigan jamoa yo'q"
11 may 2018 09:48
Yangiliklar
Sardor Sulaymonov: "Hozir chempionatimizda yaqqol ajralib turadigan jamoa yo'q"
O'sha o'yinda avval farg'onaliklar hisobni ochishgandi. Zaxiradan maydonga tushirilgan Sardor Sulaymonov esa mehmonlar darvozasini aniq nishonga olib, muvozanatni tikladi va “lochinlar”ning 2 yillik yoqimli ananasi, yani o'z maydonidagi mag'lubiyatsiz seriyasini saqlab qoldi. Etiborlisi, bu Sardorning joriy mavsumdagi ilk goli edi. Mazkur futbolchini muxlislarga yaqinroq tanishtirish maqsadida undan intervyu oldik.
Sardor, avvalo Superligada gollar hisobini ochganingiz bilan tabriklayman. Aytingchi, “Neftchi” klubiga qarshi kechgan “vodiy derbisi” bahsidan qanday taassurot oldingiz?
Tabrik uchun rahmat. Xabaringiz bor, “Navbahor” tarkibida bu yildan boshlab to'p suryapman. Jamoamizning “Neftchi” bilan azaliy raqibligini bilardim va farg'onaliklar bilan o'tkaziladigan “vodiy derbisi” bahslarining juda shiddatli hamda kurashlarga boy tarzda o'tishini eshitgandim. Lekin shunday o'yinda o'zingiz ishtirok etsangiz, buning zavqi o'zgacha bo'larkan. “Neftchi” bilan bo'lgan bahs alo darajada o'tdi. Buni so'z bilan tariflash qiyin. Bunday derbi o'yinlarida jamoalarning turnir jadvalida qaysi pog'onani egallab turishganining ahamiyati yo'qligi 29 aprel kungi uchrashuvda ham o'z isbotini topdi. Mehmonlar garchi turnir jadvalining so'ngi pog'onasida borishayotgan bo'lsa-da, bizga munosib qarshilik ko'rsatishga intilishdi va uchrashuvda hisobni ochishdi. Xudoga shukr, menga hisobni tenglashtirish nasib etdi. Bundan esa juda xursandman. ☺•
O'z o'rnida takidlash joizki, bundan oldin ham safarda “Qo'qon-1912” hamda O'zbekiston kubogi 1/16 finali doirasida “Andijon” klublari bilan bo'lgan “vodiy derbisi” o'yinlarida ham qatnashdim. Lekin baribir Superliganing muntazam ishtirokchisi bo'lgan “Neftchi”ga qarshi kechgan uchrashuv menda o'zgacha taasurot qoldirdi.
Bungacha “Navbahor” o'z maydonida “Lokomotiv” (2:1) va “Bunyodkor” (2:1) singari kuchli jamoalarni mag'lubiyatga uchratgan, “Nasaf” kabi yana bir kuchli klub bilan durangga imzo chekkandi. Joriy mavsumda ishlari unchalik yurishmayotgan “Neftchi” ustidan g'alaba qozonish uchun “Navbahor”ga sizningcha, nima etishmadi?
To'g'ri, jamoamiz farg'onaliklarni mag'lubiyatga uchratishga qodir edi. Lekin aytganimdek, bunga birinchidan, mehmonlarning “vodiy derbisi” bahsiga o'zgacha ishtiyoqda tayyorgarlik ko'rishgani va maydonda oldingi bahslarga qaraganda, boshqacha to'p surishgani sabab bo'ldi. Bundan tashqari, o'sha o'yinda diskvalifikaciya sababli, tajribali himoyachi Jahongir Mehmonov maydonga tusholmadi. Bu ham o'yinimizga o'z tasirini o'tkazdi va himoyadagi birgina xato qimmatga tushib, “Neftchi” futbolchilari gol urishga muvaffaq bo'lishdi. Endi keyingi o'yinlarda g'alaba qozonib, muxlislar ishonchini oqlashga intilamiz.
“Navbahor” ko'pchilik uchun kutilmaganda O'zbekiston kubogi 1/16 finali doirasidagi bahsda safarda “Andijon”ga 0:1 hisobida yutqazib qo'ydi. Vaholanki, “Andijon” Pro-liga vakili edi. O'sha mag'lubiyatni qanday izohlaysiz?
To'g'ri, O'zbekiston kubogi bahslarining ilk uchrashuvidayoq mag'lubiyatga uchrab, kubok bahslarini tark etganimiz, buning ustiga Pro-liga jamoasidan mag'lubiyatga uchraganimiz alamli bo'ldi. Bunga esa garchi mezbonlar quyi liga vakili bo'lishsa-da, baribir o'sha uchrashuvning o'ziga xos “vodiy derbisi” maqomiga ega bo'lganligi uchun ularning maydonda o'zgacha ishtiyoqda to'p surishgani, bizning esa raqib Pro-liga azosi bo'lganligi sabablimi, biroz xotirjamlikka berilganligimiz, shuningdek, jamoamizdan omad yuz o'girganligi sabab bo'ldi, menimcha. Andijonliklar yuzaga kelgan kam sonli standart vaziyatlarning birini golga aylantirishdi, biz esa...
Haqiqatanam Andijondagi mag'lubiyat kutilmagan va alamli bo'ldi. Nimayam qilardik, bu futbol, unda esa doimo g'alaba qozonolmaysiz va tasodifiy mag'lubiyatlar ham uchrab turadi.
Joriy mavsum bahslari borasida nima deya olasiz?
Oliy liga Superligaga aylantirilganidan keyin milliy chempionatimizda shunga yarasha kuchayish bo'ldi. Hozir chempionatimizda yaqqol ajralib turadigan jamoa yo'q. Barcha jamoalarning kuchi teng. Uchrashuvlarning natijalarini oldindan bashorat qilish qiyin bo'lyapti. Masalan, “So'g'diyona”ning Qarshida “Nasaf”ni mag'lubiyatga uchratishini kim ham o'ylabdi, deysiz? Bundan tashqari, 9-turga kelib, Superligada mag'lubiyatga uchramagan birortayam jamoa qolmadi. Bu ham joriy mavsumning qiziqarli tarzda kechayotganligidan dalolat.
Ortda qolgan bahslarda sizningcha, jamoangiz uchun eng qiyin o'yin va eng alamli mag'lubiyat qaysi klublar bilan kechgan bahslarda yuz berdi?
Ortda qolgan uchrashuvlarda eng qiyin uchrashuv o'z maydonimizda “Bunyodkor” jamoasiga qarshi kechgan bahs bo'ldi. Boisi, Mirjalol Qosimov ajoyib tarkib shakllantirgan. Bundan tashqari, o'sha o'yinda o'z darvozamizdan birinchi bo'lib to'p o'tkazib yubordik. SHunday bo'lsa-da, o'zimizga bo'lgan ishonch ancha kuchli edi. Murabbiylarimizning ko'rsatmalariga amal qilgan holda hamda muxlislarimizning qo'llab-quvvatlashlari natijasida hali mag'lubiyat alamini totmagan “Bunyodkor” ustidan irodali g'alabaga erishib, tomoshabinlarga xursandchilik ulashdik. Eng alamli mag'lubiyat sifatida esa O'zbekiston kubogi /16 finali doirasidagi Andijonda kechgan bahs hamda Jizzaxda “So'g'diyona” bilan bo'lgan o'yinni keltirish mumkin. Andijonda Pro-liga vakiliga imkoniyatni boy bergan bo'lsak, Jizzaxda 2:0 hisobida oldinda borayotib, yakunda 2:3 hisobida mag'lubiyatga uchradik.
Ustozingiz Ilhom Mo'minjonov haqida nima deya olasiz?
Meni “Navbahor”ga Ilhom Ibrohimovich taklif qilgan. U yosh bo'lishiga qaramay, kuchli mutaxassis. Barcha futbolchilar bilan munosabatlari yaxshi. Mashg'ulotlarni qiziqarli va rang-barang tarzda olib boradi. Uchrashuvlar oldidan kerakli so'zlarni topib, bizni ruhlantira oladi. Uning boshchiligida jamoamizning oldiga qo'yilgan vazifani bajarishmizga ishonaman.
“Navbahor”da eng yaqin do'stingiz kim?
Jamoamiz ahil-inoq. Barcha jamoadoshlarim bilan munosabatim yaxshi va ular bilan xuddi aka-ukadekmiz. Bir so'z bilan aytganda, bahamjihatlikda harakat qilamiz.
11-turda “Navbahor” o'z maydonida “Qizilqum” jamoasini qabul qiladi. Bo'lajak o'yin borasida nima deya olasiz?
12 may kuni o'tkaziladigan uchrashuvga astoydil tayyorgarlik ko'rdik.Biz har bir o'yinda maydonga g'alaba ishtiyoqida tushamiz va muxlislarning ishonchlarini oqlashga intilamiz. Albatta, "Qizilqum"ga qarshi kechadigan bahs ham bundan mustasno bo'lmaydi.
Blic-savollar
Yoqtirgan rangingiz?
Oq.
Yoqtirgan avtomobilingiz?
“Ferrari”.
Muxlislik qiladigan jamoangiz?
“Liverpul”.
Havas qiladigan futbolchingiz?
“Lester” klubi hujumchisi Jimmi Vardi.
Bizning malumot
Sardor Sulaymonov – 1994 yil 5 avgustda Buxoro shahrida tug'ilgan.
Futbol bilan 13 yoshidan shug'ullanishni boshlagan.
Birinchi murabbiyi: Sulaymon Rahmatov.
Ampluasi: hujumchi.
O'ynagan jamoalari: “Buxoro” (Buxoro) – 2011-2014 yillar, 2015 yilning 2-davrasi- 2016 yil, “Mashal - 2” (Muborak) – 2015 yilning 1-davrasi, “Dinamo” (Samarqand) – 2017 yil.
2018 yildan “Navbahor”da.
Ulug'bek Umarov suhbatlashdi.
Fikrlar