So’nggi yangiliklar

07:54"Барселона" клуби яна бир афсонаси билан хайрлашганини эълон қилди  0 07:26Суперлига. Бугун Олмалиқда яна бир супер ўйин бор  3 01:46Команнинг "Барселона"га ўтиши истисно этилмаган, аммо "блауграна"ни вингернинг жароҳатлари ва маоши хавотирга солмоқда  2 01:22"Ливерпуль" ван Дейкка янги шартнома таклиф қилмайди?!  0 00:58Александр Хомяков: "Бугунги ўйинда ҳеч нарса ўхшамади, нима бўлганини тушуна олмаяпман"  7 00:34Иван Бошкович: "Ишлашимиз лозим бўлган жиҳатлар бор"  1 00:21Григорий Колосовский: "Натижа адолатли бўлди"  0 00:04Илёс Зейтуллаев: "Бугунги уч очконинг қиймати олтинга тенг эди. Биз ҳафа қилган "болбой" йигитчага дастхатлар туширилган футболка совға қиламиз"  5 23:52Альварес Мадридга учиб келди ва эртага тиббий кўрикдан ўтади. Форвард "Сити"дан "Атлетико"га 75+20 млн евро эвазига ўтади  3 23:30Аброр Имомхўжаев "Пахтакор-79" авиаҳалокатини ёдга олди  0 23:11Туркия Суперлигаси. "Сивасспор" илк турда ўз майдонида "Трабзонспор" билан дуранг ўйнади  2 23:03МЮ ва Бруну бир йилга узайтириш банди билан 2027 йилга қадар шартнома бўйича келишувга эришишди  2 22:31Педру Нету 60+3 млн евро эвазига "Вулверхэмптон"дан "Челси"га ўтди  2 22:15Суперлига. "Бунёдкор" - "Андижон" 2:0  4 21:59Суперлига. "Бунёдкор" мавсумдаги иккинчи ғалабасини "Андижон" билан ўйинда қайд этди  64

Samvel Babayan: “CHempionlikka erishganimizdan hayron bo'lmayapman” Yangiliklar

Samvel Babayan: “CHempionlikka erishganimizdan hayron bo'lmayapman”

Mavsum-2014ning chempionligi “Paxtakor”ga nasib etganidan yaxshi xabardorsiz. “SHerlar” o'z oldiga qo'yilgan vazifani chempionat tugashiga ikki tur qolganida rasmiylashtirishdi.
Ochig'ini aytganda, yil boshida ularning shohsupaga birinchi bo'lib etib kelishini kutmaganlar ko'pchilikni tashkil qilgandi. Negaki, klub boshqaruv tizimizda o'zgarish yuz bergan bo'lib, bosh murabbiy mansabi bekor qilindi va o'rniga menejerlik lavozimi tasis etildi. Tabiiyki, ushbu jarayonni Samvel Babayan o'z bo'yniga oldi. Uzoq yillardan beri klubda faoliyat ko'rsatib, “Paxtakor”ning yuziga aylangan mutaxassis yangi boshqaruv tizimi qanchalik samara keltirganini barchaga ko'rsatib qo'ydi. U nafaqat jonkuyar rahbar, balki murabbiy sifatida ham bilimli ekanligini amalda isbotladi. Deyarli mahalliy tarbiyalanuvchilari bilan oltin medalni qo'lga kiritish bu boshqalar uchun orzuga intilish bilan barobardir. Babayanni qo'lga kiritgan chempionlik bilan tabriklash va qilgan mehnatlarining samarasi qanday bo'lganligini bilish uchun u bilan uchrashishga qaror qildik. Samvel Vyacheslavovichni “Paxtakor” stadionida uchratdik. Menejerga maqsadimizni obdon tushuntirganimizdan keyin kechki payt soat 17.00 da suhbatlashishga vada berdi. Har tomonlama professionallikka intiladigan ushbu mutaxassis bilan oldindan kelishilganidek ushbu vaqtda “Paxtakor” stadionining mehmonlarni kutib olish zalida suhbatlashdik.  



- Avvalo “Paxtakor”ning chempionlikni qo'lga kiritgani bilan sizni qizg'in tabriklayman. Bu klub tomonidan erishilgan katta muvaffaqiyat bo'ldi. Bunga qadar sizni kuchli tashkilotchi sifatida yaxshi bilardik. Lekin ko'rib turibmizki, murabbiy sifatida ham o'zingizni ko'rsata oldingiz. Navbatdagi chempionlik haqida o'ylaganingizda hayolingizga dastlab qanday fikrlar keladi?
- Hozir menda futbol borasidagi ko'nikmalarimni amalda sinovdan o'tkazish uchun qulay imkoniyat paydo bo'ldi. SHogirdlarim o'yin borasidagi qarashlarimni maydonda amalga tatbiq qila olishlarini ko'rish men uchun muhim edi. Albatta, o'zim haqimda balandparvoz gaplarni aytish niyatida emasman. SHogirdlarim mashg'ulotlar chog'ida berilgan ko'rsatmalarimni maydonda amalga oshirdilar. O'ylaymanki, mavsum avvalidagi ayrim kamchiliklarni keyinchalik bartaraf etishga erishdik.

Yaxshi eslasangiz, o'shanda kamroq gollar kiritdik. Mavsumning yakuni shuni ko'rsatdiki, yigitlar meni juda to'g'ri tushunibdilar. Ular o'zlaridan nimani talab qilganimizni his etgan holda to'p surdilar. Ustoz uchun shogirdlarining o'gitlariga quloq solishlari juda yoqimlidir. Aynan shu jihatlar chempionat davomida men uchun eng muhim omil bo'ldi. Natijalar qanday bo'lganligini hamma ko'rib turibdi. O'z ishimga bo'lgan ishtiyoq va klubni boshqarish borasidagi qarashlarimdan sira chekinmaganman. “Paxtakor”ning mashg'ulotlar o'tkazish rejalarida doim ishtirok etaman. Muayyan o'yinlarning xulosalari borasida ham hammamiz o'zaro muhokama qilamiz. Uchrashuvlarga qanday taktika tanlash xususida ham shunday fikr bildirishim mumkin. Aytishim kerakki, chempionlikka erishganimizdan sira hayron bo'lmayapman. Men uchun yangi bo'lgan xususiyat shundan iboratki, 2013 yilning 20 dekabrdan boshlab butun diqqatimni murabbiylik ishiga qaratdim. O'yinchilarga aytgan dastlabki gaplarim shunday bo'lgandi: “Agar meni oldinlari kam ko'rgan bo'lsangiz, bundan buyog'iga tez-tez ko'rishingizga to'g'ri keladi”.

O'zimni butunlay jamoa ishiga bag'ishladim. O'tgan vaqt mobaynida birorta ham mashg'ulotni o'tkazib yubormadim. Avvaliga yigitlar “bir nechta mashg'ulotlardan so'ng ketadi-da” degan hayolda bo'ldilar. Ularni ham tushunish mumkin. CHunki yigitlar jamoada masuliyatli vazifani bajarishim kerakligini his qilib turardilar. SHukrki, klubda bunday masalalar bilan shug'ullanadiganlar topiladi. Ular o'zlariga yuklatilgan vazifani ado etish uchun astoydil mehnat qilmoqdalar. SHu bois o'zimni butunlay murabbiylik ishiga bag'ishladim. Bu rolda qanday ko'ringanim haqida yaxshisi boshqalar xulosa chiqarganlari maqul. Asosiysi, oldimizga qo'yilgan vazifani bajardik. To'g'ri, jamoamiz o'yiniga salbiy munosabatda bo'ladiganlar ham topiladi. Ularga erishgan natijamiz bilan javob qaytardik, deb hisoblayman.

- “Paxtakor” – o'z tarbiyalanuvchilariga tayanib ishlash siyosatini yo'lga qo'ygan. Aynan yoshlar evaziga jamoa katta natijaga erishdi. Lekin mavsum boshida hech kim buni kutmagandi. Nega deganda, “Lokomotiv”, “Bunyodkor” va “Nasaf” klublarida nomlari chiqqan futbolchilar to'p surishlari bois ko'pchilik aynan ularni chempionlikka asosiy davogarlar sifatida etirof qilgandi. Ammo “Paxtakor” bu borada qilingan barcha taxminlarni yo'qqa chiqardi. CHempionat boshlanishi oldidan g'olib chiqishingiz mumkinligiga qay darajada ishongandingiz?
- Agar rostini aytsam, ixtiyorimdagi o'yinchilarning qobiliyatiga ishongandim. Ammo baribir tan olib aytishim kerakki, ushbu chempionlik og'ir mashaqqatlar evaziga qo'lga kiritildi. Nega deganda, boshqa davogar klublar ham chempionlik yo'lida oxirigacha kurash olib bordilar. Bu yili oldingi mavsumlardan farqli ravishda chempionlik uchun birdaniga to'rtta jamoa davogarlik qildi. Yana qaytaraman: biz juda yaxshi jamoani shakllantira oldik.



Davogarlar xususida ham faqat iliq fikrlarni bildirishim mumkin. Masalan, “Nasaf”ning tarkibi bir necha mavsum davomida shakllangan. Tarkibda iqtidorli o'yinchilar ko'pchilikni tashkil etadi. Ehtimol, ular chempionat davomida barqaror o'yin ko'rsata olmagan bo'lishlari mumkin. Biroq ayrim pallalarda “Nasaf” vakillari har qanday ishqibozga yoqadigan o'yin ko'rsatdilar. “Lokomotiv” ishtirokchilar orasida eng kuchli tarkibni yiqqandi, desam mubolag'a bo'lmaydi. Tarkibda nomdor futbolchilar borligiga qaramasdan jamoa yozda yana bir qancha xaridlarga qo'l urdi. Ularning orasida milliy terma jamoaga nomzodlar borligi hammasini ko'rsatib turibdi. Jiddiy raqobatga qaramasdan g'alaba qozonganimiz ajoyib ish bo'ldi.

SHuning uchun qo'lga kiritilgan chempionlikdan har qancha faxrlansak arziydi. Bu yili har safargidan ko'ra bizga og'ir bo'ldi. “Paxtakor”ning marraga birinchi bo'lib etib kelishiga oldindan ishongandim. Bunday ishonch Turkiyada mavsumga tayyorgarlik ko'rish chog'idagi yig'indan boshlangandi. CHunki futbolchilar o'yin borasidagi qarashlarimni maydonda alo darajada amalga oshira oldilar. Yaxshi eslasangiz, o'sha yig'in davomida Rossiya premer-ligasi vakillari bilan tengma-teng o'yin ko'rsatdik. Ularning aksariyatida g'olib chiqdik. O'shandayoq jamoamizning chempionatda qanday ishtirok etishi mumkinligi borasida dastlabki taassurotlarga ega bo'lgandim. Yani, to'g'ri yo'ldan borayotganimizni tushunib etganman. Farg'ona va Andijonda maydonlarning holati ko'ngildagidek bo'lmasa ham juda yaxshi o'yin ko'rsata oldik. Biz o'sha bahslarda to'pni o'z nazoratimiz ostida saqladik va mezbonlarga nisbatan ko'proq hujumlar uyushtirdik. Himoyadagi o'yinlarimiz ham tahsinga loyiq bo'ldi. Maqtanyapti demang-u, jamoamning g'olib chiqishiga ishongandim. Biz shunday natijaga haqli edik.

Muxlislarimiz haqida ham iliq fikrlarni bildirib qolaman. SHogirdlarim maydonga katta ishtiyoq bilan tushib, nimalarga qodirligini ko'rsata oldilar. Bunday o'yinlar esa muxlislarga yoqadi. Umuman aytganda, “Paxtakor” o'yinning barcha jabhalarida uyg'unlikka erisha oldi. Bunday bo'lishida esa yigitlarimizning xizmati beqiyosdir.

- “Paxtakor”ni xalq jamoasi deb bejiz atamaydilar. CHunki “Paxtakor”ning nafaqat Toshkentda, balki barcha viloyatlarda o'z muxlislari bor. Esingizda bo'lsa, Andijondagi o'yinga stadionga 18221 nafar ishqiboz tashrif buyurdi. CHempionat davomida boshqa birorta stadionda bunchalik ko'p muxlis yig'ilmadi. CHunki “Andijon”ning raqibi “Paxtakor” edi. Boshqa viloyatlarda ham jamoangizning o'ziga yarasha ixlosmandlari bor. Nima deb o'ylaysiz, mavsum davomida bu hol jamoangizga qanchalik yordam berdi?
- Uchrashuvlar chog'ida muxlislarning daldasi jamoaga yordam berishiga shubha qilmayman. Lekin safardagi uchrashuvlarda hamma faqat bizga ishqibozlik qilmaydi-ku! “Andijon”ning muxlislari vaziyatga teran nigoh bilan qaraydilar. Yaxshi o'yin ko'rsatganimiz uchun ular bizni olqishlab turdilar. Albatta, menga ham ixtiyorimdagi klubning muxlislar bilan to'lib-toshgan stadionda to'p surishini ko'rish yoqadi.

Namangan, Samarqand, Farg'ona va Qashqadaryoda to'p surish oson bo'lmadi. O'sha bellashuvlarda hamma bizga qarshi bo'lsa-da, bunday muhitda to'p surish boshqacha kayfiyat bag'ishladi. Ishqibozlar bilan gavjum arenalarda o'ynash biz murabbiylarga ham boshqacha kayfiyat taqdim etadi. Maydondagi o'yinchilarni-ku, gapirmasam ham bo'laveradi. Bunday vaziyatda to'p surish ulardagi ishtiyoqni yanada kuchaytiradi xolos. Albatta, “Paxtakor” juda ommabop klub.



Afsuski, Toshkentdagi o'yinlarimiz borasida bunday fikr bildira olmayman. O'zbek futbolining bayroqdor jamoasi hisoblanadigan “Paxtakor”ga ishqibozlarning daldasi katta yordam beradi. O'z navbatida yigitlarga “Paxtakor”ning futbolkasini egnilariga ilish qo'shimcha masuliyat yuklaydi. Albatta, bunday sharoitlarda to'p surish bizga yordam beryapti. Etibor bilan kuzatayotgan bo'lsangiz, har chempionat oxirida o'yinimizni yanada kuchaytiryapmiz. G'oliblik ananalari futbolchilarga ijobiy tasir ko'rsatmasdan qolmaydi. Albatta, mamlakatimizning ko'plab ishqibozlari jamoamizni yoqtirishlarini bilaman. O'z o'rnida biz ham uchrashuvlarda ishqibozlarga yoqadigan o'yin ko'rsatishga harakat qilyapmiz. CHunki bunday etiborga munosib bo'lishimiz kerak. Bu gap klubimizda ishlayotgan har bir kishiga tegishlidir.

- “Paxtakor” bundan bir necha yil oldin chempion bo'lganida raqiblarini asosan yirik hisobda mag'lubiyatga uchratardi. Bu yilgi chempionlik bilan solishtiradigan bo'lsak, jamoa katta mashaqqatlar evaziga g'alaba qozondi. Bundan kelib chiqib aytsak, chempionatimiz yil sayin rivojlanib boryapti, deyishimiz mumkinmi? Nega deganda, klublarning saviyasi ham ortib bormoqda.   
- Mavsum davomida biror-bir o'yin biz uchun oson o'tgani yo'q. Bu esa jamoalarning saviyasi ortib borayotganini ko'rsatib turibdi. G'alabalarga katta mashaqqatlar evaziga erishdik. CHempionlikni muddatidan oldin hal qila olganimizdan keyingina yigitlar bosimni unutgan holda to'p surishga tushdilar. Albatta, o'z kuchiga bo'lgan ishonchni his qilgan futbolchilarimiz o'yinlarni  ijobiy natija bilan hal qilishga erishdilar. Mavsum boshida esa ularda bunday hotirjamlikni ko'ra olmagandik. “Paxtakor” markaziy stadionining o'ziga yarasha salobati bor. Har qanday o'yinchi bu stadionda maydonga chiqqan mahalda o'zida qandaydir o'zgarishlarni sezadi. “Paxtakor”ning chempionlikka osonlikcha erishdi deb hisoblayotgan kishilarning fikriga qo'shilmayman. CHempionatimiz juda yaxshi shakllangan. Raqobat ham ancha yuqori.

Agar har bir ishtirokchi o'z oldiga katta maqsadlarni qo'ygan holda maydonga tushar ekan, birinchiligimiz yanada qizg'in tus oladi. Agar kelgusi mavsumda g'oliblik uchun to'rt emas, balki olti jamoa kurashadigan bo'lsa, shubhasiz birinchiligimizning saviyasi ortadi. Hozir musobaqa jadvali go'yo ikkiga bo'linib qolgandek taassurot uyg'otmoqda. Uning yuqori qismida joylashganlar g'oliblik uchun, pastki qismdagilar esa kuchlilar safidagi o'rinlarini saqlab qolish uchun kurashmoqdalar. Nima bo'lgan taqdirda ham chempionatimiz saviyasi yildan-yilga ortib boryapti deyishim mumkin. Jamoalarning tarkibi esa yosharib bormoqda. Yoshlar va o'smirlar o'rtasidagi jahon chempionatlarida qatnashgan futbolchilar bugungi kunda oliy liga ishtirokchilari safida to'p surmoqdalar. Aksariyat klublarda maydonga tushayotganlar orasida yoshlar ko'pchilikni tashkil qilmoqda.

O'z navbatida bu hol har bir jamoada sog'lom raqobatni yuzaga keltirmoqda. Raqobat bor joyda esa albatta o'sish kuzatiladi. Aytishim kerakki, yoshlarning klublarga kirib kelishlari ulardan ancha tajribali bo'lgan o'yinchilarni ham sergak torttiradi. Nega deganda, bunday vaziyatda ular astoydil ishlamasa bo'lmasligini tushunib etadilar.

Raqobatning o'sishi har tomonlama foydalidir. Bugun klublarda o'zlarini ko'rsata boshlagan yoshlar ertaga terma jamoa safida porlashga tushadilar. CHempionatimizning saviyasi haqida salbiy fikr bildirayotganlarning gapiga qo'shila olmayman. Aksincha, birinchiligimizdagi saviya yil sayin ortib bormoqda.



- “Paxtakor” chempionga aylandi. Biroq ayrim ishqibozlar klubning faqat natija uchun o'ynaganligini gapirmoqdalar. SHu bois klub chiroyli o'yin ko'rsatishni unutdi, deb firklayotganlar ham yo'q emas. Bunday fikrdagi muxlislarga qanday javob bergan bo'lardingiz?
- Yomon o'yin ko'rsatgan holda ijobiy natijaga erishib bo'lmaydi. Futbolda yuqori natijaga erishish uchun esa yaxshi o'yin ko'rsatish kerak bo'ladi. Ehtimol, ayrim uchrashuvlarda minimal hisobda g'alaba qozonganimiz uchun shunday fikrlayotganlar ko'payib ketgan ko'rinadilar. Lekin mavsum davomida kimga qarshi o'ynamaylik, har bir raqib jiddiy qarshilik ko'rsatdi. Aytishim kerakki, biz himoyada ham yaxshi harakatlanadigan jamoani shakllantirdik. Bundan boshqacha bo'lishi mumkin emas. Negaki, kuchsiz deb qaralgan raqib ham himoya ojiz bo'lsa senga qator muammolar tug'dirishi turgan gap. Himoyadagi ishonchli o'yinimiz evaziga chempionatda boshqalarga nisbatan darvozamizdan kamroq gol o'tkazdik.

Har bir o'yinda raqib “Paxtakor”ga osonlik bilan taslim bo'lishni istamadi. To'g'ri, chempionat avvalida unchalik ko'p gol ura olganimiz yo'q. Lekin bu bilan o'sha o'yinlarda golga tortadigan vaziyatlarni barmoq bilan sanarli darajada yuzaga keltirdik, demoqchi emasman. Igor Sergeev o'yinlar chog'ida qator qulay imkoniyatlarga ega bo'ldi. Ulardan samarali foydalanishiga balki tajribasi kamligi imkon bermagan bo'lsa kerak. O'yindan-o'yinga o'tib borgan sari natijalarimiz ham yaxshilana boshladi. “Buxoro” va “Lokomotiv”ga qarshi uchrashuvlarni misol qilib keltirishim mumkin. O'sha bahslarda tomoshabop o'yin ko'rsata oldik.

Natijaga erishishni maqsad qilgan har qanday jamoa himoyada ishonchli harakat qilishni ham bilishi kerak. “Lokomotiv”ga qarshi shogirdlarimning ko'rsatgan o'yinlari menga juda maqul bo'ldi. Biz o'sha kungi bellashuvda o'yinning barcha jabhalarida o'sishga erishganligimizni ko'rsatdik. Birinchi bo'lim davomida raqib darvozamiz tomon birorta ham aniq zarba yo'llay olmadi. Uchrashuv davomida keskin qarshi hujumlar uyushtirib raqibni sarosimaga sola oldik. Asosiysi, shogirdlarim standart vaziyatardan ham samarali foydalana olishlarini ko'rsatdilar. Egor Krimec, Boyan Miladinovich, Kamol Tojiev va Igor Sergeev singari o'yinchilarimiz atletik jihatidan juda yaxshi shakllanganlarini ko'rsata oldilar. Biz hujumda ham, himoyada ham hamjihatlikda o'ynay olishimizni ko'rsatdik.

- “Lokomotiv”ga qarshi o'yinda gollarni Boyan Miladinovich, Egor Krimec va Aleksandr Mezrlyakov kiritishdi. Garchi bu bahsda gollarni himoyachilar kiritgan bo'lsalar-da, jumchilarga etirozingiz bo'lmadimi?
- Bizda gollarni kim kiritishining farqi yo'q. CHunki “Paxtakor” hujumda va himoyada 10 kishi bo'lib harakat qila oladi. Krimec va Miladinovich beshtadan gol kiritishdi. Sasha Merzyalkov esa menimcha, uchta to'p kiritgan. Bizda himoyachilar ham hujumga qo'shilishni xush ko'rishadi. Vaqti kelsa, hujum chizig'ida etti o'yinchi bilan harakat qilishimiz mumkin. Bizda birinchi eshelon Sergeev boshchiligidagi hujum chizig'i hisoblanadi. Bugungi kunga kelib u har tomonlama etuk ijrochi sifatida shakllanishga ulgurdi.

Igor maydonda katta hamjda ish bajara oladi. Jamoa to'pni yo'qotib qo'ygan paytda u darhol himoyaga qaytib, ushbu chiziqdagi jamoadoshlariga yordam berishga oshiqadi. Bu ham o'yin falsafamizning maydondagi bir ko'rinishidir. Klubda hamma bir tan-u, bir jon bo'lib harakat qiladi. Merzlyakov kiritgan golda Sergeevning hissasi katta bo'ldi. CHunki u o'sha vaziyatda qanotdan raqib jarima maydonchasiga bostirib kirishga urinib, himoyachilarni o'ziga jalb etdi. Yoki bo'lmasa o'yindagi dastlabki golni olaylik, unda Vladimir Kozakning ter to'kkani katta foyda keltirdi. SHuningdek, o'sha pallada Kozak Sergeev bilan raqiblarga bosim o'tkazishga kirishgandi. Bahodir Pardaev ham oxirgi paytlarda standart vaziyatlardan qanday foydalanish kerakligini juda yaxshi his qilmoqda. Burchak to'plarini o'yinga kiritish chog'ida ham ko'proq Bahodir hammasini o'z zimmasiga olyapti. Bu gaplarim bilan o'yinchilarni ajratib ko'rsatmoqchi emasman. “Paxtakor”ning navbatdagi chempionligida hamma birdek ter to'kdi.



- O'sha o'yindan keyin Vadim Abramov matbuot anjumaniga tashrif buyurmadi. Ertasi kuni esa u bu ishini sizga javob tariqasida amalga oshirgani bilan izohladi. Matbuot orqali unga gapingiz bormi?
- Unga hech qanday gapim yo'q. CHunki chempionlik taqdiri hal bo'lgan o'yindan keyin extiroslar anchagacha so'nmaydi. Bularning barini faqat his-tuyg'ular junbushi bilan izohlash mumkin xolos. Men boshqalarga jamoam ko'rsatayotgan o'yin bilan javob qaytarishni maqul ko'raman.

Hamkasblarimning qizishib turgan paytda aytgan gaplariga javob qaytarishlik mening tamoyillarimga to'g'ri kelmaydi. Abramovning o'sha gaplarini izohsiz qoldiraman.

- Suhbatimiz boshida sizni bejiz kuchli tashkilotchi deb aytmadim. Murabbiy sifatida ham ixtiyoringizdagi jamoani chempionga aylantirib, o'zingizni ko'rsatdingiz. Klubda shundoq ham qiladigan ishlaringiz juda ko'p ekanligidan yaxshi xabardorman. Bir yoqda akademiya, bir yoqda futbol maktabi... Hammasiga qanday ulgurmoqdasiz?   
- Keling, yana hammasini biroz tushuntirib o'tay: menejerning vazifasi nimalardan iborat? Menejer o'quv mashg'ulot jarayonlaridan tortib, o'yin uchun tanlanadigan taktikaga qadar hammasi bilan shug'ullanishi kerak. Biz klub rahbariyati va tasischilari bilan birga shunga kelishganmiz. Aslini olib qaraganda, bunday ishlar bilan murabbiy shug'ullanishi kerak. Farm-klublarimizda ham menejer shunday ishlar bilan mashg'ul bo'ladi. Menejer klubimizda hamma ishlarni tashkil etishda boshidan oxirigacha shug'ullanadi. Bu ham menejerning bevosita zimmasidagi majburiyatlariga kiradi. Klubimiz yuritayotgan transfer siyosati haqida mendan hech kim so'ramadi.

Aslida “Paxtakor”ning transfer ishlari bilan ham faqat o'zim shug'ullanaman. Akademiya va futbol maktabida tarbiyalanayotgan iqtidorli yoshlarni asosiy jamoaga jalb etish bilan ham o'zim bosh-qosh bo'laman. Klubda tashkilotchilik ishlari bevosita mening vakolatimga kiradi. Qolaversa, “Paxtakor”da vice-prezident hisoblanaman va hech kim meni bu lavozimdan chetlatgani yo'q. Ha, yordamchilarim juda malakali. Ular o'z ishlarini professional darajada olib bormoqdalar. Baribir har qanday holatda ham ularga yordam berishim va jamoada amalga oshirilayotgan ishlardan ko'z-quloq bo'lib turishga harakat qilaman. Murabbiylikdan ko'ra menejerlik ishi keng qamrovli hisoblanadi. Agar qolganlar bunday ishlarni bajara olishlariga umid qilib, ertaga o'zlarini menejer deb atasalar, qiynalib qolishlari turgan gap. Axir men bunday ishlar bilan 14 yildan beri shug'ullanib kelaman.



Klub akcionerlar kengashi meni shu vazifaga bir ovozdan tanlagan. Yuqoridagi gaplardan xulosa chiqarib, o'zini maqtayapti demang-u, bu mavsumda faqat tashkilotchi murabbiy bo'ldim xolos. Har qanday vaziyatda ham jamoadagi barcha jarayonlarga bevosita aralashishimga to'g'ri keladi. Joriy yildan boshlab “Paxtakor”ning moddiy-manaviy taminoti yangi bosqichga ko'tarildi. Bugun klubda barqarorlik yuzaga kelgan. Bilasizmi, endi bemalol telefonimni ham o'chirib xotirjam yurishim mumkin. Albatta, bu darajaga etish uchun jamoa juda katta ko'lamdagi ishni amalga oshirdi. SHu bois butun diqqatimni jamoa oldiga qo'yilgan asosiy vazifani bajarishga qaratdim. Moddiy tomondan barqarorlikka erishganimiz bois endi bemalol yanada yuqori darajaga chiqish haqida o'ylashimiz mumkin.

- Bunga qadar ham sizda murabbiylikka bo'lgan qiziqish borligini bilardik. Amalga oshirgan ishlaringiz aynan shu yilga kelib samara berishini bilarmidingiz?
- Rostini aytsam, shunday bo'lishiga umid qilgandim. Ishga eng shimarib kirishganimiz o'z samarasini berdi. Agar eslasangiz, oldinlari bosh murabbiy ishlagan kezlarda ham o'yin chog'ida maydon chetiga chiqib ketardim. Bunday paytlarda yigitlarga dalda berishga harakat qilardim. Futbol borasidagi tushunchalarimni mashg'ulotlar va o'yin jarayonida shogirdlarim amalga tatbiq etayotganini ko'rish meni quvontirmoqda. To'g'risini aytadigan bo'lsam, buni chetdan turib tomosha qilish o'zimga juda yoqadi. Albatta, hammasi risoladagidek kechmaydigan holatlar ham uchrab turadi.

Bunday kezlarda o'yinning ertasi hammasini bir boshidan tahlil qilib, qaerda xatoga yo'l qo'yganimni anglashga harakat qilaman. O'yinni tomosha qilar ekanman, kelgusi mashg'ulotda qanday ishlashimiz kerakligini rejalashtirib boraman. Yana bir bor qaytaraman: bir kun kelib hammasi shunday bo'lishini bilardim. Bugungi kunga kelib “Paxtakor” har tomonlama to'liq oyoqqa turib olgan. Homiylarimiz jamoaga pul sarflayotgan ekanlar, ularning ishonchini oqlashimiz kerak bo'ladi. Bularning barchasi zimmamizdagi masuliyatni ikki hissa ortishiga turtki beradi. Mehnatlarim zoe ketmaganligini his qilganimdan juda baxtiyorman. “Paxtakor”da ulkan potencial bor. O'ylaymanki, klubimiz xalqaro maydonlarda ham oldingidan ko'ra raqobatbardosh bo'la oladi.

- Kelgusi mavsumda jamoa tarkibida katta o'zgarishlarni ko'rmaymizmi? Osiyo CHempionlar ligasida ishtirok etadigan tarkib va qo'yiladigan vazifa qanday bo'ladi?
- Yigitlarimizda OCHLda ishtirok etish borasida etarlicha tajriba bor. Mazkur musobaqada qanday ishtirok etish borasida o'tgan yillar mobaynida o'zimda ham katta malaka to'plandi. Hozirdan biror narsani vada qila olmayman. Bu mening tamoyillarimga to'g'ri kelmaydi. Yuqorida aytganimdek, bizda raqobatbardosh jamoa bor. OCHLda qanday natijalarga erishishimiz faqat Yaratganga ayon.

- Hozirda “Paxtakor”ning ko'plab o'yinchilariga chetdan qiziqishlar bo'lmoqda. Agar shogirdlaringizdan biriga rad etib bo'lmaydigan taklif kelib tushsa, qanday chora ko'rasiz?
- Gapingiz rost, hozirdanoq shunday takliflar bor. O'yinchilarimizga ko'pchilik qiziqib qolgan. Ularning orasida juda zo'r takliflar bilan chiqqanlar talaygina topiladi. CHempionlik masalasi hal qilinganidan keyin yigitlarni to'plab ularga oldimizga qo'yilgan vazifani bajarganimiz yuzasidan minnatdorchilik bildirdim. Bugun jamoa o'ziga juda ishonadi. Oldinlari “Paxtakor”ga donor klub sifatida qarashardi. SHunday holatda ham jamoa natijalar berardi. Bugungi vaziyat oldingisidan tubdan farq qiladi. Biz endi chetdan kuchli ijrochilarni tarkibga chaqirishimiz mumkin. O'z navbatida asosiy va o'rinbosarlar jamoalarida to'p surayotgan iqtidorli yigitlarimizga esa boshqalar qiziqib qolganlar. CHunki ular turli yosh toifalaridagi milliy terma jamoalarimizda o'ynaydilar. Xalqaro maydonlarda yaxshi natijalar ko'rsatsak, yigitlarimizning obro'i bundan ham ortadi. O'z navbatida bu o'yinchilarimizga jiddiyroq klublardan qiziqish bo'lishini taminlaydi.



- Joriy mavsumda “Paxtakor”ning asosiy raqibi “Lokomotiv” bo'ldi. Ular katta pullar sarflab tarkibga eng kuchli futbolchilarni jalb etdilar. Lekin “Paxtakor” xotirjamlik bilan o'z maqsadiga erishdi. “Lokomotiv” ham Kubokdan ko'ra, o'z oldiga chempionlikni maqsad qilib qo'ygandi. Ammo “Paxtakor” yuritayotgan siyosat o'zini oqlaganligiga guvoh bo'ldik. Ushbu masalada boshqa klublarga qanday maslahatlar bergan bo'lardingiz?
- Har bir klub o'z yo'lidan boradi. Masalan, biz o'zimizga xos tizimni ishlab chiqib, uni yo'lga qo'yganmiz. Birinchi navbatda ishni munosib vorislarni tarbiyalashga qaratib, maktab va akademiyaga etibor qaratdik. Tarkibimizni ham asosan akademiya tarbiyalanuvchilari bilan to'ldirib boryapmiz. Albatta, bir klubning ish uslubini ikkinchisiga olib kirish amiramhol. CHunki yuqorida aytganimdek, har bir jamoaning o'z yo'li bo'ladi. Ularning o'z falsafasi bor. Masalan, “Lokomotiv” nomi chiqqan o'yinchilarni sotib olish orqali ish tashkil qiladi. Bizda ham 2000-yillarning boshida natijani talab qilganlar. O'shanda bizga oson bo'lmagan. CHunki tarkibda yosh o'yinchilar ko'pchilikni tashkil qilardi. Urg'uni akademiyaga berganimiz samarasini mana endi ko'ryapmiz. “Lokomotiv” moliyaviy imkoniyatlaridan kelib chiqqan holda shunday yo'lni tanlagan. SHuning uchun savolingizga mana shu variant eng to'g'risi, deya javob bera olmayman.

Boshqa klublarga qanday maslahat berishim mumkinligi haqidagi savolingizga kelsak, bunga javob berishim dargumon. Negaki, o'sha jamoalarning moddiy va manaviy imkoniyatlari qay darajada ekanligidan bexabarman. Faqat shuni aytishim mumkinki, har qanday jamoa o'z oldiga yuqori maqsadlarni qo'yib, unga erishishga intilmog'i kerak. Albatta, buning samarasi darhol bo'y ko'rsatmasligi mumkin. Misol uchun, “Anji”ni olaylik. Bu klub yulduz o'yinchilarni sotib olishga intilgan holda ijobiy natijaga erishishni ko'zladi. O'z vaqtida bunday siyosat samara berdi. “Anji” ikki bor Evropa Ligasida qatnashdi. Keyinchalik klub asosiy urg'uni akademiyaga qaratish kerakligini ham tushunib etdi. Yuksak marralarni ko'zlagan jamoa avvalo buning uchun poydevor qo'ymog'i kerak. Bu yo'lda moliyaviy barqarorlik muhim ahamiyat kasb etadi. “Lokomotiv”ning akademiyasi ham yaxshi ishlamoqda. Nima bo'lgan taqdirda ham natijaga erishish uchun avvalo poydevor mustahkam bo'lishi shart.

- “Paxtakor”ning “Anji” bilan hamkorlikni yo'lga qo'ygani yaxshi, albatta. Bundan tashqari klubingizning boshqa hamkorlari haqida nima deya olasiz?
- Men “Krasnodar” klubi akademiyasi qanday ishlayotganini ko'rib keldim. Borgan paytimda bu erga Fabio Kapello ham kelgan ekan. U erdagi tashkil qilingan shart-sharoitlar bilan yaqindan tanishdim. Menga ko'p narsalarni, jumladan tiklanish jarayoni o'tkaziladigan markazni ko'rsatdilar. Klubning bosh direktori buni ko'rsatar ekan, maqtanib ham qo'ydi. Ular bilan hamkorlik qilishga kelishib oldik. “Krasnodar” mutasaddilari ham “Paxtakor”da qanday o'yinchilar to'p surayotganlarini ko'radilar.

Bu katta loyihadir. “Krasnodar” rahbariyati jamoaga chetdan ham nomi chiqqan o'yinchilarni jalb etmoqda. U erda klubning bosh akcioneri va xo'jayini hisoblanadigan Galickiy tashkil etgan yig'ilishni ham kuzatdim. Butun diqqatini biznesga qaratgan o'sha kishining klubga vaqt ajratganligini ko'rish juda boshqacha bo'ldi. Odil Ahmedov menga jamoaning mashg'ulotlari qay tarzda o'tkazilishi haqida batafsil gapirib berdi. Biznesga mukkasidan ketgan odamning jamoaga befarq emasligi – bu juda yaxshi namuna. Galickiy bu bilan futbolni teran tushunishini namoyish etdi. Bularning barchasini kuzatish men uchun juda yaxshi amaliyot vazifasini o'tadi. Krasnodar o'lkasiga qilgan safarim foydali bo'ldi. Ular bilan hamkorligimiz har tomonlama foydali bo'lishiga ishonaman. Qanday o'yinchilarni ko'rganlaridan keyin ularning bizga boshqacha munosabatda bo'lishlari turgan gap.

- Keyingi mavsumga oliy ligamizda nechta jamoa ishtirok etgani maqul? 14 tami yoki 16 ta?
- Yurtimiz katta, futbolimiz esa yildan-yilga kuchayib bormoqda. Asosiysi, bizda poydevor bor. O'ylaymanki, ertami-kechmi, chempionatimizda 16 jamoa ishtirok etadi. Masalan, Jizzax va Farg'onada yangi stadionlar barpo etilyapti. Buxoro, Samarqand, Qarshi kabi shaharlarda ko'rkam arenalar mavjud. “Andijon” garchi birinchi ligaga tushib ketgan bo'lsa ham uning stadioni ham talabga javob beradi. O'ylaymanki, chempionat ishtirokchilari soni oshiriladigan bo'lsa, bizda buning uchun barcha imkoniyatlar mavjud. Klublar sonining 16 taga oshirilishidan muxlislar ham xursand bo'lishlari tabiiy.

- 12 noyabr kuni “Lokomotiv” va “Bunyodkor” O'zbekiston Kubogi finalida kuch sinashadi. O'sha o'yinda qaysi klubga muxlislik qilasiz? Faqat bu savolga chiroyli futbol uchun, degan javob olishni istamasdim...
- O'sha kuni oddiy ishqiboz sifatida o'yin tomosha qilishga harakat qilaman. CHempionatdagi asosiy raqobatchilarimizning o'yinidan o'zimiz uchun kerakli xulosalarni chiqarishga harakat qilaman. Finalni futboldan huzur olish va miriqib hordiq chiqarish niyatida tomosha qilmoqchiman. O'yinni eng munosib jamoa yutsin. Uchrashuvga kim yaxshi tayyorgarlik ko'rsa, o'sha klub g'alaba qozonadi. 

“Futbol Ekspress” gazetasi muxbiri
FIRDAVSXON suhbatlashdi.   
Reyting:    

Fikrlar

championat.asia
< so’nggi yangiliklarni ko’rish
Яндекс.Метрика