So’nggi yangiliklar

13:426+4+3. Кузги имтиҳондан яхши ўтдик  0 13:16Родри Пеп ва Симеоне ўртасидаги фарқни айтди  0 12:11"Реал" 11 ойдан бери "Бернабеу"да 15 млн. евро даромад келтириши кутилаётган бар-ресторанни очолмаяпти  0 11:39Пети: "Анчелотти ва яна бир неча футболчилар Мбаппе "Реал"га ўтишини хоҳламаганига ишончим комил"  14 10:54Аморимнинг МЮдаги илк трансфери бразилиялик футболчи бўлиши мумкин  1 10:20Кейн Холландга тегишли бўлган Бундеслига рекордини янгилади  2 09:47Лунин А Серияга кўчиб ўтиши мумкин  1 09:11Goal мундиал фаворитлари рўйхатини янгилади. ТОП-10да ўзгаришлар бор  6 08:45Аморим «Манчестер Юнайтед»да нималарни ўзгартириш кераклигини айтди  1 08:18Sofascore. «Ал Ваҳда» дуранг ўйнади. Ҳожимат Эркиновнинг ҳаракатлари неча баҳога лойиқ кўрилди?  3 07:46Суперлига. Бугун турнинг қизиқарли баҳсига гувоҳ бўламиз  5 03:00Франция. ПСЖ "Тулуза" дарвозасига 3та гол урди  0 03:00Бундеслига. "Бавария" йирик ғалабага эришди, Кейндан хет-трик  0 01:47Арне Слот: "Гвардиоланинг қолишидан хурсанд бўлдим"  0 01:13"Манчестер Сити" Чемпионшипга тушириб юборилса, Пеп жамоада қоладими? Унинг ўзи жавоб берди  2

Samvel Babayan - Bahrayn, Muhammadiev, Jeparov va Abramov haqida Yangiliklar

Samvel Babayan - Bahrayn, Muhammadiev, Jeparov va Abramov haqida

Samvel Babayan boshchiligidagi milliy terma jamoamiz jahon chempionati saralash o'yinlarida ikkita o'yin o'tkazib, uning har ikkalasida ham g'alaba nashidasini surdi.

Dastlabki uchrashuvda Yaman kichik hisobda “taslim” etilgan bo'lsa, keyin biz uchun biroz xavotirli bo'lib ko'ringan Filippin “parchalanib” tashlandi. Aytish kerak, mazkur g'alabadan keyin termamizda keyingi bosqichga chiqishga bo'lgan imkoniyat saqlanib qoldi. Kuni kecha bosh murabbiy Samvel Babayan bir qator jurnalistlar bilan salkam bir soat davomida suhbat qurdi va bir qator savollarga javob qaytardi.

 - Filippinga qarshi o'yin bu darajada oson kechadi, deb o'ylaganmidingiz yoki taxmingiz bo'yicha uchrashuv qiyin kechishi kerakmidi? Umuman, tezkor gol qanchalik foydamizga xizmat qildi?
 - Murabbiy agar bo'lajak o'yinda nimalar bo'lishini oldindan bilganida undan baxtli inson bo'lmasdi. Umumiy manoda biz o'yinga tayyorgarlik ko'rdik. Raqibni juda yaxshi o'rgangandik. Ayniqsa, kuchsiz taraflariga ahamiyat qaratgandik. Qanday bo'lishidan qatiy nazar, biz o'yinni boshqardik, nazoratni o'z qo'limizda ushlab turdik. Golga kelsak, albatta birinchi daqiqadayoq hisob ochilishi har qanday mutaxassisni xursand qiladi. Bunday gollar mag'lubiyatga uchrayotgan jamoaga ruhiy zarba bo'ladi. Qolaversa, bizda yaxshi zaxira bor edi. Ammo o'yinimizni bemalol kuchaytirishi mumkin bo'lgan Geynrixni kutilmagan jarohati sabab maydonga tushira olmadik. Agar vaziyat boshqacha bo'lganida og'riqni qoldiruvchi ukollar bilan ham uni o'yinni qo'yardik. Lekin futbolchilar bunga imkoniyat qoldirishmadi. Umuman, aytganimdek, o'yinda ustunlik qildik. Futbolchilar 90 daqiqa davomida maydonda nima qilishlari kerakligi bo'yicha reja asosida to'p surishdi. Bu men uchun juda muhim. Ular men xohlayotgan futbolni tushunib borishmoqda.

 Menga ikkinchi o'yin muhim edi. Sababi, Filippinni mag'lubiyatga uchratish orqali yana turnirga qaytdik, desam bo'laveradi. Terma jamoa qaytadan “tug'ildi”, yani maydonga tushadi, kurashadi va g'alaba qozonadi, buni xohlaydi. Men uchun bu juda muhim. SHunday sharoitda, to'qqiz soat tafovuti bor davlatga uchib borib, yomg'ir yog'ib turgan o'yinda yigitlar borini berib harakat qilishdi. To'g'ri, hozir hamma ham bizni talablarini to'liq tushunib ulgurgani yo'q. Lekin o'yin tashkil qilish, xususan, qanotlardan hujum, pressing, hujumga o'tish va himoyalanish haqidagi qarashlarimizni aksar yigitlar tushunib ulgurdi.



 - Tan olish kerak, Yaman va Filippin nisbatan kuchsiz raqib. Keyingi turda jiddiy raqib bilan to'qnash kelamiz. Bahrayn qanchalik o'rganilmoqda? Ilgari bizni asosiy muammolarimizdan biri bo'lgan Bahrayn hozir ham o'sha kuchga egami? O'zi umuman bugun Bahrayn haqida qanday tasavvurga egasiz?
 - Yaman, Filippin kuchsiz raqiblar degan fikringizga qo'shilmayman. Yaman bizga qarshi o'yinda shunday o'yin ko'rsatdiki, maydonda hamma o'z vazifasini aniq bajardi. O'sha Bahraynga qarshi bahsda ham dastlabki ikkita 100 foizlik imkoniyatga yamanliklar ega bo'lishdi. Bizga qarshi o'yindan farqli ravishda Bahraynga nisbatan ochiq futbol ko'rsatildi. Toshkentda ular raqib barcha zonalarni “yopishga” harakat qilishgandi. Filippin borasida ham fikringizga qo'shilmayman. Sababi, tarkibida yaxshi ijrochilar bor. Murabbiyning “qo'li” jamoaning o'yinida ko'rinib turibdi. Bahrayn haqiqiy arab jamoasi. Tarkibiga mahoratli o'yinchilar jamlangan. Ularni Filippinga qarshi o'yinini ko'rib chiqdim. Etarlicha malumotim bor. Qolaversa, Yaman bilan bahsni ham tomosha qildim. Albatta raqibni yanada o'rganib chiqamiz. Ularning ham kuchli va kuchsiz taraflariga ahamiyat qaratamiz. Baribir himoyasida muammolar topiladi. Biz o'z vazifalarimizni bajaramiz. Bahrayn jiddiy raqib, hozir o'ynagan jamoalarimiz orasida eng kuchlisi. Bu borada fikringizga qo'shilaman. Aslida biz uchun har bir keyingi o'yin jiddiy hisoblanadi.

- Yaman bilan o'yinda “ko'rinmagan” himoyamizning asl holati Filippinga qarshi bahsda “ko'ringandek” bo'ldi. Sababi, Filippin tezkor qarshi hujumga o'tsa, himoyamizda pala-partishlik kuzatildi. Markaziy himoyada bir qator xatolar yuz berdi. Bir vaziyatda Lobanov jamoani goldan qutqarib qolgan bo'lsa, yana bir vaziyatda mezbonlar azosining bosh bilan yo'llagan zarbasiga aniqlik etishamadi. Aks holda darvozabonimiz ham bizni goldan qutqara olmasdi.
 - O'sha vaziyatlarda haqiqatdan ham xatolar kuzatildi. CHunki yigitlar endigina yig'ilib, ikki haftagina birga bo'lishdi. Xursand bo'ladigan jihati shuki, ular biz talab qilayotgan uslubga moslashib borishmoqda va bundan o'zlari ham rohatlanishyapti. Ishlashda davom etar ekanmiz, xatolarni ham tuzatishdan to'xtamaymiz. Xatolar bo'yicha katta hajmda ish olib boriladi. Videoda, maydonda xatolarni ko'rsatamiz. Ammo ochig'i, to'liq shakllanishimiz uchun hali vaqt bor.

 - Raqib himoyada “avtobus” qo'yib olsa, uni “buzish”ning iloji bormi? Aytmoqchimanki, Yamanga qarshi o'yinda standart vaziyatlarni inobatga olmasa, darvozaga yaqinlashish juda qiyin bo'ldi.
 - Nega unaqa deysiz, o'sha kuni bizda imkoniyatlar bo'ldi. SHunchaki, Yaman himoyada alo darajada to'p surdi. Men o'yinni qayta-qayta ko'rib chiqdim, tahlil qildim. Hamkasbimning harakatlarini kuzatdim. Kuchli mutaxassis, o'yinga yaxshi tayyorgarlik ko'rishgan va ajoyib ravishda himoyalanishdi. Albatta “avtobus”ni “buzish” bo'yicha qo'llanmalar bor va buni terma jamoaga singdirishga harakat qilamiz.

 - Nima deb o'ylaysiz, o'sha kuni standartdan gol urmaganimizda o'yinning qolgan qismida raqib darvozasini ishg'ol qila olarmidik?
 - O'ylashimcha, gol urardik. Bizda Geynrix hisobni ochguniga qadar ham, undan keyin ham gol urish uchun imkoniyatlar bo'ldi. Himoyadan tashqari, darvozabon ham ajoyib o'yin ko'rsatdi.


 
- Xohlaysizmi-yo'qmi, milliy terma jamoa rasmiy o'yindan uch-to'rt kun oldin to'liq yig'iladi. Tabiiyki, bu vaqt har qanday murabbiyga kamlik qiladi. So'ramoqchi bo'lganim, falsafangizni qisqa vaqt ichida qanday qilib terma jamoa azolariga singdirmoqchisiz? Yana ham aniqrog'i, bu muammodan chiqib ketmoqchisiz?
 - Milliy terma jamoada ishlashning yaxshi jihatlaridan biri, bu erda yuqori saviyadagi futbolchilar o'ynaydi. Terma jamoaga o'yinchi taklif qilganda falsafangga to'g'ri keladimi-yo'qmi, o'yin uslubingiz mos tushadimi, shu jihatlarga ahamiyat qaratasan. Bugun Haydarov va Ahmedov singari tayanch yarim himoyachilariga ega bo'lish – fantastika! Ikkalasi eng kuchli tayanch yarim himoyachilaridir. Ular bilan Jeparov o'ynayapti. Server barcha chiziqlarni bog'lay oladi. Ikki nafar markaziy himoyachi. Raqibning barcha standart vaziyatlarini yo'qqa chiqaradi. To'g'ri, menga vaqt kamlik qiladi, lekin bu saviyadagi o'yinchilar bilan ishlash orqali ishim biroz engillashadi. Yarim so'z bilan bir-birimizni tushunamiz. Biroq baribir eng optimal holatga chiqishimiz uchun bir oy vaqt kerak. Yani, kim qaerda qanday o'ynashini to'liq tushunib olishi uchun biz bir oy mashg'ulot o'tkazishimiz lozim. SHunday bo'lsa-da, o'tkazgan ikki o'yinimiz anchagina yordam berdi. Ayniqsa, Filippinga qarshi ikkinchi bahs. Men birinchi o'yindan keyingi matbuot anjumanida safar o'yinlarida oson bo'lishini aytgandim. CHunki o'yinimiz sezilarli darajada chiqishni boshlagandi. O'sha Rashidov, Jeparov, Ahmedov, Sergeev hujumlarda raqib o'yinini “buzayotgan”di.

 - Samvel Vyacheslavovich, yaxshi futbolchi kuchli chempionatdan etishib chiqadi. Xohlaysizmi-yo'qmi, bugun termamizning asosini tashkil qilib turgan legionerlar bir kun faoliyatini yakunlaydi. Oliy ligadan kuchli chempionatga futbolchilarimiz ketmayapti. Tabiiyki, ularning xizmatiga ham muhtoj bo'lasiz. Oliy liganing bugungi ahvoli hech kimga sir emas. Milliy terma jamoaning bosh murabbiyi, natijaga javobgar shaxs sifatida oliy liga murabbiylariga qandaydir talablar qo'ya olasizmi? Xususan, kelishilgan o'yinlardan butunlay voz kechishni to'g'risida. Kerak bo'lsa, O'FF prezidenti Mirabror Usmonovga murojaat qilish orqali.
- Haqiqatdan ham chempionat kuchli bo'lsa, u erdan kuchli ijrochilar etishib chiqadi. Futbolchilarning saviyasi oshadi, tabiiyki, raqobat ham kuchayadi. Siz takidlagan holatlar bo'yicha keng ko'lamda ishlar olib borilmoqda. Uzoqqa bormaylik bu yil chempionatimiz ancha mazmunli va qiziqarli o'tyapti. Uchrashuvlarda hisoblarni oldindan aytib bo'lmayapti. Kutilmagan natijalar qayd etilmoqda. Xabaringiz bor, terma jamoa bosh murabbiyi etib tayinlanganimdan so'ng OAV xodimlari, muxlislar va murabbiylar bilan ham uchrashdim. Uchrashuvda terma jamoaga nomzodlar, men tasavvur qilayotgan o'yin uslubi haqida suhbatlashdik. Men o'sha yig'ilishda hamkasblarimdan ramziy terma jamoasini yozib berishlarini so'radim. Bunga kimdir hazil tariqasida, kimdir jiddiy yondoshdi. Asosiysi, bu menga kerak edi. Menga ular bilan suhbatlashish zarur, boisi, murabbiylar o'z qo'l ostidagi futbolchilarning har qanday holatini juda yaxshi biladi. SHundan kelib chiqib aytadigan bo'lsam, men barcha murabbiylar bilan suhbatlashib turaman. Garchi uning shogirdi yig'inlarda ishtirok etib, terma jamoa tarkibidan joy olmasada, baribir munosabatimiz o'sha-o'shaligicha qoladi. Qolaversa, tarkibga kira olmagan o'yinchisi men bu erda qo'llab-quvvatlayman. Unga hammasi yaxshi bo'lishini, hali terma jamoadan joy olishini takidlayman. Bundan tashqari, klubdagi ustozi ham unga dalda bo'ladi. Uzoqqa bormaylik, “Nasaf” futbolchilari bilan hozir shunday vaziyat. Bosh murabbiy Ro'ziqul Berdiev bilan doimo aloqadaman. Kuni kecha hamkasbim bilan yana bir marta suhbatlashdim. Bugun tarkibdan joy olmagan futbolchilarga eshik yopildi, degani emas. Ularga doimo eshik ochiq. SHunchaki, milliy terma jamoaga futbolchi bugungi holatidan kelib chiqqan holda chaqiriladi. Yana, uning terma jamoada o'ynashga bo'lgan xohishi, yani, vatanparvarlik xislati va murabbiylar shtabi xohlayotgan o'yin uslubiga mos kelish-kelmasligi inobatga olinadi. SHuning uchun Ro'ziqul Berdievga ham buni tushuntirdim. Bir-birimizni tushundik, deb o'ylayman. Bugun tarkibdan joy ololmayapsanmi, bu – hayot! Hech kim bunday holatlardan kafolatlanmagan.

 - Tajribali mutaxassis, qolaversa, xorijlik murabbiy Deyan Jurjevich raqiblarni bevosita ularning stadionida kuzatmoqda. Muhim o'yinlar vaqtida bu yordamchingiz siz bilan bo'lgani maqul emasmi?
 - Murabbiylar shtabida faoliyat ko'rsatayotgan har bir mutaxassisning o'z vazifasi bor. Men Jurjevichga raqiblarni kuzatishni topshirdim. Rasmiy o'yinlar vaqtida yonimda menga yordam beradigan kuchli mutaxassislar bor. Nega Viktor Jalilov olimpiya terma jamoasi bilan Slovakiyaga bormadi, degan savol tug'ildi. Agar bilsangiz buni men O'FF rahbariyatidan shaxsan iltimos qildim. CHunki Viktor Romanovich “Paxtakor”da ishlash orqali aniq bir uslubga ega bo'lgandi. Milliy termaning olimpiyachilarga qarshi o'rtoqlik o'yinida o'sha uslub bizga yaqqol etishmadi. Natijada gol o'tkazib yubordik. Boisi, zaxiradagilar meni hali to'liq tushunmagandi. Jalilovning aniq bir vazifasi bor. Viktor Romanovich zaxirani ko'rib chiqadi, kuzatadi va ishlaydi. Bir narsa bor: vaziyat har daqiqada o'zgarib ketishi mumkin. Aytganimdek, uni o'z vazifasi bor. SHuning uchun ham O'FF rahbariyatidan Jalilov milliy terma jamoada bo'lishini so'radim. Sababi, ayni vaqtda milliy terma jamoaning o'yinlari olimpiya termasinikidan muhimroq. SHuning uchun ham Jurjevichni raqiblarni kuzatish uchun jo'natib, Jalilovni olib qoldik. Deyan Filippinga borganimizda bizga raqib haqida etarlicha malumot berdi.

 


- Lekin baribir Viktor Romanovich ko'proq vaqtini olimpiya termasi bilan ham o'tkazishi kerakku?! Har holda termamiz yanvar oyida Osiyo chempionatida ishtirok etadi. Vaqt oz qolmoqda.
 - To'g'ri bo'lishi kerak, lekin vaqt etarlicha. 13 oktyabrda olimpiya termasini yana bir marta yig'ib, o'rtoqlik uchrashuvi o'tkazamiz. Olimpiya termasi Viktor Romanovichni ham o'ylantirmoqda. Slovakiyada o'tkazilgan o'yinlarning barchasini video yozuvi bor. Dilshod Nuraliev Jalilov bilan maslahatlashgan holda tarkibni aniqladi, o'yin uslubini shakllantirdi. Qisqasi, Jalilov bu erda menga kerak edi, shuning uchun qoldi.

 - Terma jamoada barcha qarorlarni o'zingiz qabul qilasizmi yoki yordamchilaringiz bilan to'liq maslahatlashasizmi?
- Qo'l ostimda kuchli mutaxassislardan iborat murabbiylar shtabi yig'ilgan. Yuqorida takidlaganimdek, hammaning o'z vazifasi bor. O'sha vazifani men beraman. Men yonimda shunchaki yuradigan emas, balki o'z fikriga ega mutaxassis bo'lishini xohlayman. O'yin paytida bosh murabbiyda vaqt kam bo'ladi. Qolaversa, vaziyat daqiqa sari o'zgarib borishi mumkin. Menga shunday paytlarda o'z fikrini tushuntira oladigan yordamchi kerak. Uni fikrini qabul qilish-qilmaslik keyingi masala, asosiysi, fikr. Hamma yordamchilarimdan o'z fikrlarini aytishlarini so'rayman. Qo'l ostimdagi murabbiylarga ishonaman. Ularni chetdan kuzatganimda ham talab qilinadigan ishlarni olib borishlarini bilaman. Aytganimdek, futbolda vaziyatlar tez o'zgaradi. Hamma o'z fikrini aytadi, lekin so'nggi qarorni men qabul qilaman.

 - O'ng qanotga majburlikdan aslida markaziy himoyada to'p suradigan Islom To'xtaxo'jaevni qo'ydingiz. Oliy ligada 16ta jamoa bor. Qanot himoyasiga “Nasaf”dan ikki nafar nomzod bor ekan. Qolgan klublarimiz nima ish qilyapti? Bitta chiziqqa bir nafar futbolchi etishtirib bera olmasa?!
 - Hamma jamoa o'yinchilarini ko'rib chiqdik. Oddiy misol, Lobanov terma jamoaga qadar klubda qancha o'ynadi, chempionlikni qo'lga kiritdi. Osiyo CHempionlar ligasida toblandi. Terma jamoada to'p surish hammaga ham nasib qilavermaydi. CHunki bu libosni kiyishning o'ziga yarasha masuliyati va “og'irligi” bor. Ha, klublar safida yaxshi o'yinchilar bor, ammo terma jamoada to'p surish hammaga emas. Buni avvalo Xudo taqdiriga bitgan bo'lishi kerak, yana ham aniqrog'i, tanlanganlargagina termada to'p surish nasib qiladi. Lobanov oddiy vaziyatda qo'pol xatoga yo'l qo'ydi. Bilardim, baribir bir kun u xato qilardi. Qilgan xatosi uchun qanchalik kuyunganini ko'rdim. Islomga kelsak, u yuqori saviyadagi himoyachi. SHunday bo'lsa-da, unda ham xatolar kuzatildi. Aniqrog'i, markazga ko'proq tortib ketyapti. Navbatdagi yig'inda u bilan alohida gaplashib olamiz.
 Qanot masalasi haqida to'xtalsam, aytganimdek, himoyachilar bor. Lekin saviya boshqa. “Paxtakor”da Hoshimov bor. U o'z qanotining haqiqiy “egasi”. Ammo milliy terma jamoada futbolchining saviyasi biroz balandroq bo'lishi shart.

 KXDR bilan bo'lgan uchrashuvni ko'rgan bo'lsalaring kerak. O'sha bellashuvda himoyamiz “bardak” bo'ldi. Muhammadiev hurmat qilgan holda aytishim mumkin: u himoyachi emas. SHuhrat himoyadagi asl vazifani bajarishi qiyin. Men uni hujumkor himoyachi sifatida ko'raman. Bugungi kun futbolida raqibdan to'pni olib qo'ygan va yaxshi himoyalangan taraf muvaffaqiyatli erishadi. Agar men xolis bo'lmaganimda bu chiziqqa “Paxtakor”dan Hoshimovni jalb qilardim, lekin uning ham hozirgi holati terma jamoaga mos emas! Unda ham hujum bor, himoyalanishda muammolari etarlicha.

 Bitta narsani to'g'ri tushuninglar. Klub uchun hissiyotlar bugun ikkinchi darajaga tushishi kerak. CHunki vaqtida biz shu masala bo'yicha kuyib qolganmiz. Terma jamoada hech kimga joy kafolatlanmagan. CHempionatda terma jamoaga nomzod futbolchining o'yinida pasayish kuzatilsin, uni tarkibdan chiqariladi. Qaysi klub sharafini himoya qilishining ahamiyati yo'q. Men sizlarga xolis aytaman: terma jamoa safida kuchli o'yinchilar to'p tepishi kerak. Uning pasportiga ham, klubiga ham qaralmaydi. Menga terma jamoani boshqarishni ishonib topshirishdimi, avvalo o'zimga nisbatan talabchan bo'lishim shart! Keyin boshqalardan talab qilaman. Bu erda hammasiga obektiv tarzda yondoshilmoqda.



 - “Lokomotiv” bosh murabbiyi Vadim Abramov “Paxtakor”dan qabul qilib olingan mag'lubiyatni o'z bo'yniga oldi-yu, lekin sabab sifatida milliy terma jamoaga chaqirilgan o'yinchilarni safarga turistdek borib kelganini ko'rsatdi. Xuddi terma jamoa “Paxtakor” manfaati uchun xizmat qilayotgandek?!
 - Keling, vaziyatga oddiy yondoshamiz. Milliy terma jamoada “Paxtakor”ning ham maydonga tushmagan o'yinchilari bo'ldiku?! Fikrimcha, u vaziyatga obektiv tarzda yondoshmayapti. U uchun har doim kimdir aybdor, hech qachon aybni o'z bo'yniga olmaydi. Doim tarix qaytariladi, shuning uchun bu mavzuga to'xtalishni istamayman. Qaytaraman: terma jamoada kuchlilar o'ynaydi, klub bo'yicha ajratilish yo'q.

 - Agar “Paxtakor”ga bog'liq inson bo'lmaganingizda bunday gap-so'zlar bo'lmasdi? Muammo shunda!?
- Men “Paxtakor”da o'zimni ko'rsatmaganimda milliy terma jamoaga bosh murabbiy etib tayinlashmasdi ham! Bitta narsa: men ayni vaqtida “Paxtakor”dan rasman ketganman! Klubga rasmiy manoda umuman aloqam yo'q. Muammoni inson avvalo o'zidan izlashi kerak, terma jamoadan emas. Bu eski qo'shiqni oldin ham eshitganmiz. SHuning uchun muhokamani xohlamayman. O'tgan yili ham “Paxtakor” “Lokomotiv”ni yutganida aybdor milliy terma jamoa bo'lgandi, bu yil ham! Nima milliy terma jamoa azolari safarga chiqib, bozorda “belyashi” sotadimi? Biz professional tarzda ishlaymiz. Kerak bo'lsa, o'sha mashg'ulotlar video tasmaga tushiriladi. Xohlasa janob Abramovga o'sha video tasmalarni beramiz. Ko'rsin, o'zi shunday ishlarmikan, bu savol?! Terma jamoadagi futbolchilar katta hajmdagi ishlarni bajarmoqda. Funcional, taktik tomondan professional tarzda ishlaymiz. Klub rahbariyati oldiga qo'yilgan vazifani bajara olmasa, aybni terma jamoaga to'nkashi bu uning vijdoniga havola.

 - Jeparov milliy terma jamoada asosiy tarkibda maydonga tushayotgan ekan, hurmat yuzasidan sardor bo'lib qolaversa bo'lmasmidi? Albatta Odil Ahmedov ham sardorlikka munosib, biroq hali Server boshlang'ich tarkibda maydonga tushyapti. Jeparovda maydonda o'yinni, futbolchilarni boshqarish xislati bor.
 - Har qanday davrning etakchilari bo'ladi. Etakchilar uch toifaga bo'linadi. Echinish xonasida, maydonda va maydon tashqarisidagi hayotda. Jeparov “Paxtakor”da sardor bo'lguniga qadar Aliqulov bog'ichni taqib yurardi. Quvaytda CHempionlar ligasi o'yinida mezbonlarni yutib turgan holatimizda so'nggi daqiqalarda ikkita gol o'tkazib yuborib, yutqazgandik. O'shanda maydondagi etakchini almashtirishga majbur bo'lganmiz. O'shanda Server ham qaerga tushib qolganini, maydondagi etakchi nimalar qilishi lozimligini tushunmagan. Unga bir xona o'tirib, video qo'yib, maydondagi etakchi qanday xislatlarga ega bo'lishi lozimligini uqtirgandim.

Aytganimdek, hamma davrning o'z etakchilari bo'ladi. Bizning vaziyatda bu mening qarorim emas. Futbolchilar anonim ovoz berish jarayonida sardorni aniqlashdi. Ovoz berish jarayonida Odil birinchi, Server ikkinchi, Haydarov uchinchi bo'ldi. Aslida ularning barchasi etakchi. Ahmedov maydonning o'zining tajribali, qobiliyati, maydonni ko'ra olishi bilan jamoadoshlarini ortidan etaklaydi, o'yinni boshqaradi. Jeparov echinish xonasida etakchi. Haydarov esa, ham echinish xonasida va maydon tashqarisida etakchi. Bundan xafa bo'lmaslik kerak. Maydondagi etakchi termaning kuchini, o'yin uslubi ko'rsatib beradi. Server bizdan xafa bo'lgani yo'q. U hali ham echinish xonasi va maydon tashqarisida etakchi. Biz shunday terma jamoa tuzyapmizki, yagona bir oilamiz. Hech kim bir-biridan xafa bo'lmaydi. Qandaydir savollar tug'ilsa yigitlar bir-birini ko'ziga bemalol qaramoqda. Eng keraklisi ahil. Futbolchi faqat o'zining klubdoshlari bilan birga yurmasligiga ham etibor qaratyapmiz. Kerak bo'lsa, o'zbek millatiga mansub o'yinchini rus bola bilan bir xonaga joylashtiryapmiz. Nega? CHunki bir-biri haqida malumot bo'lsin, do'st bo'lishsin. Biz ko'p millatli terma jamoamiz. Ularni alohida-alohida bo'lib yurishlarini xohlamaymiz. Xullas, biz foydamizga xizmat qiladigan barcha kichik holatlarga ham etibor berishni unutmayapmiz. Qisqasi, terma jamoada oilaviy muhit tashkil qilishni qaysidir manoda uddaladim, deb o'ylayman. 



 - Terma jamoa bosh murabbiyi sifatida ishingizga ko'nikib ulgurdingizmi? Yoki hali ham qandaydir hayajon bormi?
- Milliy terma jamoa bosh murabbiyi bo'lish men uchun katta baxt! Bu yo'lda uzoq “masofani” bosib o'tdim. Agar men o'zimning kuchimga ishonmasam qo'l ostimdagi futbolchilar ishonchli to'p surishmaydi. Men yigitlarga har bir yig'ilishda “sizlar bu vazifani uddalashga qodirsizlar”, deb aytaman. Mabodo o'zimda qandaydir ikkalanish bo'lsa, o'z-o'zidan bu yigitlarning ruhiyatiga salbiy tasir qiladi. Psixologiya, pedagogika hammasi meni ishim, ammo birinchi navbatda o'zim ishonishim kerak. Albatta milliy terma jamoa bosh murabbiyi bo'lish katta masuliyatni talab qiladi. Hozir futbol bilan voleybolni farqiga boradigan inson meni qanday natija ko'rsatishimni kutmoqda. Lekin bu meni o'ylaytirmaydi, qiynamaydi, o'zimga bo'lgan ishonchni susaytirmaydi. Qandaydir jiddiy qarorlar qabul qilishimga to'sqinlik qilmaydi. Qo'l ostimdagi terma jamoa o'zbek futboli tarixida iz qoldirishi mumkin.

 Furqatbek NISHONOV yozib oldi.
"Futbol Ekspress" gazetasi

Reyting: +7   

Fikrlar

championat.asia
< so’nggi yangiliklarni ko’rish
Яндекс.Метрика