So’nggi yangiliklar

09:11Goal мундиал фаворитлари рўйхатини янгилади. ТОП-10да ўзгаришлар бор  2 08:45Аморим «Манчестер Юнайтед»да нималарни ўзгартириш кераклигини айтди  1 08:18Sofascore. «Ал Ваҳда» дуранг ўйнади. Ҳожимат Эркиновнинг ҳаракатлари неча баҳога лойиқ кўрилди?  0 07:46Суперлига. Бугун турнинг қизиқарли баҳсига гувоҳ бўламиз  2 03:00Франция. ПСЖ "Тулуза" дарвозасига 3та гол урди  0 03:00Бундеслига. "Бавария" йирик ғалабага эришди, Кейндан хет-трик  0 01:47Арне Слот: "Гвардиоланинг қолишидан хурсанд бўлдим"  0 01:13"Манчестер Сити" Чемпионшипга тушириб юборилса, Пеп жамоада қоладими? Унинг ўзи жавоб берди  2 00:43Флик Левандовскининг оффсайди борасида тушунтириш беришларини сўради  4 00:10Саудия Арабистони. Обамеянгнинг голи "Ал Насср"ни мағлуб қилди, Роналдудан 911-гол  15 23:33Россия. "Рубин" "Акрон"ни йирик ҳисобда мағлуб қилди  1 23:17Рубен Аморим: "Ўзимга, футболчиларга ва клубга ишонаман"  2 22:44Месси Флик "Барселона" бош мураббийи бўлгани ҳақида гапирди  8 22:08"Интер Майами"ни ким бошқариши аниқ  1 21:48Виталий Левченко: "Нефтчи"да ёшлар йўқ? Бунинг учун шароитлар йўқ"   9

Rostovdagi o'zimizning yigit yoxud Andrey Akopyanc bilan dildan suhbat Yangiliklar

Rostovdagi o'zimizning yigit yoxud Andrey Akopyanc bilan dildan suhbat

Teglar :  Andrey Akopyanc
Muxlislarimizga yaxshi tanish bo'lgan Andrey Akopyanc ayni paytda Rossiyada. Malumki, u o'tgan yili chempionatimizga qaytgan va “Buxoro” bilan “Neftchi”da faoliyat olib borgandi.

Biroq uning bu erdagi ishlari yurishmadi. Keyin yana Rossiyaga qaytib ketdi. 38 yoshli Akopyanc hozirda nima ish bilan mashg'ul? Nega uning chempionatimizdagi ishtiroki muvaffaqiyatli chiqmadi? Xullas, u bilan gaplashadigan gaplarimiz ko'p edi.

- Andrey, agar sir bo'lmasa ayting-chi, ayni chog'da qanday ishlar bilan mashg'ulsiz?
- Hozir viloyat miqyosida o'ynayapman, yosh bolalarga ustozlik qilmoqdaman.

- Sizni o'ynovchi murabbiy deb aytish mumkinmi?
- Ha, bemalol shunday atasangiz bo'laveradi.

- O'zingiz shug'ullantirayotgan jamoa haqida biroz gapirib bersangiz?
- Avvallari bo'lgani kabi asosan bolalar va o'smirlar maktabida ularga talim beryapman.


- O'sha maktab Rostov viloyatidami?
- Ha, shunday.

- Adashmasam, o'zimizda to'p surgan oxirgi jamoalaringiz – “Buxoro” va “Neftchi” hisoblanadi, to'g'rimi?
- Ha, yanglishmadingiz.

- Lekin o'sha klublarda faoliyatingiz ko'ngildagidek chiqmagan. Buni qanday izohlagan bo'lardingiz?
- Agar hammasini gapirib bersam, buni oqizmay-tomizmay yozadigan bo'lsangiz, O'zbekistonda men haqimda noto'g'ri tushuncha paydo bo'lishi turgan gap. Vaholanki, menda futbol borasida tajriba, orttirgan obro' va hurmat bor edi. Rostini aytadigan bo'lsam, futbolda teran tushunmaydigan murabbiylar qo'liga tushib qolgandim. Bularning biri – Edgar Gess edi. Ikkinchisi haqida gapirishni ham istamayman. Xullas, bir-birimizni tushunmaganmiz. Siz mening maydonga tushgan holda ko'rsatgan o'yinimdan kelib xulosa chiqarasiz. Lekin o'sha kezlarda o'yingacha bo'lgan jarayonlardan xabaringiz yo'q.   

- Edgar Gess ishlagan oxirgi klub “Andijon” hisoblanadi. Uning bu jamoada ham ishlari yurishmagan...
- Men uni futbol murabbiyi deb atashni ham istamagan bo'lardim.

- Ehtimol, bu savolim sizga yoqmasdan javob berishni istamasligingiz ham mumkin. Agar javob bermagan taqdiringizda ham buning uchun xafa bo'lib o'tirmayman. Sizni “Neftchi”ga Andrey Fyodorov olib kelgandi. O'shanda Fyodorov “Men Andrey Akopyancga xuddi o'zimga ishongandek ishonaman” degandi. Biroq jamoada o'ynab keta olmaganingizning sababi nimada bo'lgan?
- Andrey Fyodorov haqida salbiy fikr bildirishga botina olmayman. Ammo jamoada undan tashqari yana boshqa odamlar ham bor bo'lib, ular ham klub vakillari edi. Nimaga shunday bo'lganini bilmayman-u, u hech qanday sababsiz menga bo'lgan sovuq munosabatini ilk kunlardan namoyish etishga tushgan. Ehtimol, o'sha kishiga qolgan o'yinchilarni ruhlantira olishi mumkin bo'lgan tajribali ijrochi shart bo'lmagan ko'rinadi. Akmal Xolmatov ham men bilan tengqur, biroq Murod Ismoilovga nimam yoqmagan ekan, hech anglab etmaganman. Men uchun qiziq, hozir Ismoilov qaerda? U biror jamoani boshqaryaptimi?   

- “Neftchi”dan ketganidan so'ng u “Qo'qon-1912”ni qabul qilib olgandi. SHunday jamoa borligini unutib qo'ymagan bo'lsangiz kerak?
- Ha, bilaman.


- Xullas, Qo'qonda 5 yoki 7 tur ishlaganidan so'ng u erdan ham istefoga chiqishga  majbur bo'lgan. Hozir yana “Neftchi”da ishlayapti. Endi u Fyodorovning yordamchisi hisoblanadi.  
- Demak, bu murabbiylar haqida gapirgan chog'imda xatoga yo'l qo'ymaganimni anglatadi. Agar ular o'z ishining haqiqiy ustalari bo'lib, boshqarayotgan klublari bilan g'alabalarga erishgan taqdirda hozir ham bosh murabbiy vazifasini bajarayotgan bo'lardilar. Albatta, bunday ohangda gapirib ularning ustidan mag'zava ag'darishni istamayman. Menga shunisi alam qilganki, faoliyatimni boshlagan joyda tamomlash imkoniyatidan mahrum bo'ldim. Bu esa kishiga juda alam qilar ekan.

- O'sha kezlarda ayrim odamlar “Andrey Akopyanc ancha qarib qolibdi, shuning uchun ham ortga qaytishga qaror qilgan shekilli...” degan gaplarni ham aytgandilar...
- Bu ularning huquqi. Odamlarni u gapni aytma, buni gapirma, deya cheklab qo'ya olmaysiz. Ular istagan gapini gapirishlari mumkin. Televidenie orqali namoyish etilgan o'yinni tomosha qilgan holda hammasi aksincha bo'lganini ko'rasiz. Adashmasam, o'sha uchrashuvlardan birida “Lokomotiv”ga qarshi maydonga tushgandim. Menda o'sha bellashuvning diski ham bor. Qaerda o'ynamay, bor kuchimni ishga solishga odatlanganman. Garchi yoshim boshqalarga nisbatan katta bo'lsa-da, bemalol o'ynashda davom etardim. Hammasi murabbiyga bog'liq. Agar u senga ishonsa, ishonchini oqlash uchun joningni jabborga bergudek to'p surasan. Buning aksi bo'lsa-chi, maydonga tushib to'p surishga bo'lgan ishtiyoqing ham so'nishi turgan gap. Agar murabbiyga yoqmay qolgan bo'lsang, u seni zaxiradan maydonga tushirishi, oradan 10 daqiqa o'tar-o'tmas, seni boshqa o'yinchiga almashtirib yuborishi ham mumkin. Bunday munosabat esa o'yinchini ruhan cho'ktirib qo'yadi.   

- “Rostov” klubida bir necha yil muvaffaqiyatli to'p surgansiz. Ayting-chi, sobiq jamoangizni kuzatishda davom etyapsizmi? “Rostov” nihoyasiga etgan mavsumda kumush medallarga ega chiqishdan tashqari, kelgusi mavsumni CHL saralashida boshlash imkoniyatini ham qo'lga kiritdi.
- Ha, “Rostov”ning o'yinlarini kuzatib boraman. Boz ustiga tez-tez jamoaga tashrif buyurib turaman. Biz Qurbon Berdiev tashkil etgan seminarlarda undan murabbiylik sirlarini o'rganamiz. Umuman, ushbu jamoada olib borilayotgan ishlar juda qoniqarli yo'lga qo'yilgan. Ustiga-ustak endi ”Rostov”da bir paytlar o'zim bilan to'p surgan ayrim kishilar, jumladan Kirichenko ham ishlamoqda.

- Qurbon Berdiev boshchiligidagi mazkur klubda eronlik Sardor Azmun to'p surmoqda. Bilsangiz kerak, O'zbekiston jahon chempionati saralash bahslarining oxirgi bosqichida Eronga qarshi ham to'p suradi. Guruhimizda bundan tashqari, Qatar, Janubiy Koreya, Xitoy va Suriya terma jamoalari ham o'rin olganlar. “Rostov”da o'ynayotgan Sardor Azmun haqida sizdan bejiz so'ramadim. U haqida nima degan bo'lardingiz?
- Terma jamoamiz haqida nima deyishim mumkin? Oxirgi saralash raundlarida termamiz juda yaxshi o'yin ko'rsatgan bo'lsa-da, yakunda omad yuz o'girdi. Omadsizlik muttasil ravishda davom etavermaydi-ku! Bir kun kelib omadsizlikka chek qo'yilishi kerak. Umid qilamanki, terma jamoamiz uchun bunday payt etib keldi. Bizda iqtidorli o'yinchilar juda ko'p. Qolaversa, hozir terma jamoada o'zim bilan to'p surgan bir qancha ijrochilar ham bo'lsa kerak. Yigitlarimizga omad kulib boqishi tarafdoriman. O'zim o'ynagan paytlarda ham termamizga oxirgi paytda nimadir etishmay qolardi. Bu safar hammasi yaxshi nihoyasiga etishidan umid qilib qolaylik. Azmunni esa o'yinlar chog'ida ko'rdim, chakki emas. Futbolda har qanday raqibni engish mumkin.   

- Sobiq klubingiz, oxirgi ikki yil davomida mamlakat chempionligini qo'lga kiritgan “Paxtakor” joriy mavsumda barqaror ko'rinmayapti. SHuning evaziga natijalar ko'ngildagidek emas. Qolaversa, qoniqarsiz natijalar uchun bosh murabbiy No'mon Hasanov istefoga chiqdi...
- Ie, uni ishdan bo'shatishdimi? Darhaqiqat, imkon qadar “Paxtakor”dagi ishlar qanday ketayotganini kuzatib borishga harakat qilaman. Yaqinda musobaqa jadvalini ko'rdim, “Paxtakor” jadvalda 6- yoki 7-o'rinda borayotgadi, shekilli...  


- 7-o'rinni egallab turibdi...
- Ochig'ini aytsam, klubni bu o'rinda borayotganini ko'rish meni hayron qoldirdi. Ehtimol, Babayan ketganidan so'ng jamoada nimadir o'zgargan bo'lishi mumkin. O'zim u erda bo'lmaganim bois klubdagi vaziyatdan bexabarman.

- Savolim biroz qo'pol chiqsa, sizdan oldindan uzr so'rayman. Biz jurnalistlar dangal gapirishga odatlanganmiz. O'zbekiston chempionatiga qaytishingiz baribir omadsiz chiqdi. Buning sababini hech o'zingizdan izlab ko'rganmisiz? Yuqorida murabbiylarni aybdor sifatida ko'rsatdingiz...
- Bilasizmi, agar murabbiylar menga ishonishda davom etganlarida hozir ham yurtimizda o'ynayotgan bo'lardim. CHunki sportchi bo'lganim bois jismoniy imkoniyatlarimni yaxshi bilaman. Ishonmasangiz, buni “Buxoro” va “Neftchi”da o'zim bilan to'p surgan boshqa yigitlardan ham so'rashingiz mumkin. Qolaversa, ishqiboz xalqi yolg'on gapirmaydi. Muxlislar ham bu savolga bemalol javob bera oladilar. SHunday ekan, buxorolik yoki farg'onalik ishqibozlar bilan uchrashib ularga “Klubingizga Akopyanc kelganini va qanday o'ynagani esingizdami?” – deya savol berishingiz ham mumkin. SHuni ishonch bilan aytishim mumkinki, ular bu savolingizga “Ha, Akopyanc faxriy yoshda bo'lishiga qaramasdan, maydonda juda yaxshi o'ynadi” degan javobni beradilar. Xullas, ko'p narsa murabbiyga bog'liq. Men ham odamman, bazida murabbiy bilan aytishib ketgan bo'lishim mumkin. Lekin quyushqondan chiqib ketishim kamdan-kam hollarda yuz beradi. Aksariyat vaziyatlarda o'zimga ustozlik qiladigan murabbiylarning ko'rsatmalariga amal qilishga odatlanganman. Bilasizmi, “Neftchi”da klub raisi bo'lib ishlagan Tohir Kapadze ham uzoq qolmaganimdan karaxt ahvolga tushgandi. CHunki o'yinchi uchun jamoada oxirgi so'zni doim murabbiy aytadi. Maydonga tushgan paytlarimda murabbiyning ishonchini oqlash uchun doim astoydil harakat qilganman. Bu bilan Andrey o'zini oqlamoqchi bo'lyapti, degan xayolga bormang. O'zingiz o'ylang, men yurtimga sharmanda bo'lish uchun qaytganmidim? Yo'q, aksincha, yana malum vaqt yuqori saviyada to'p surib faoliyatimni O'zbekistonda nihoyasiga etkazishni maqsad qilgandim. Bu erda mantiqni ko'rmayapman. CHaqirishdi, keldim, mavsumoldi yig'inlarida qatnashdim. CHempionat boshlangan paytda esa aksariyat hollarda zaxirada qolib ketdim... Ayniqsa, “Buxoro”dagi holat xavfsalamni pir qilgandi. Lekin “Neftchi”ga o'tgan chog'imda hammasi boshqacha bo'lishidan umidvor edim. Aksiga olib u erda ham shu holat takrorlandi. Agar murabbiy ishonch bildirishda davom etganida mavsumni bemalol yuqori saviyada o'yin ko'rsatgan holda nihoyasiga etkazishim mumkin edi. Mabodo, Ro'zim Ahmedovdan intervyu oladigan bo'lsangiz, unga shunday savolni berishingiz mumkin: “Andrey Akopyanc haqida nima deya olasiz? U “Neftchi”da qanday o'yin ko'rsatgan? Qariligi pand berib qo'ymaganmi?” Yoki Vyacheslav Ponomaryovdan shu haqida so'rashingiz mumkin. O'ylaymanki, ikkisi ham bu savolga “Akopyanc yaxshi o'yin ko'rsatgan” deya javob qaytarishi tayin. Bilasizmi, Farg'onadan ketayotgan paytimda o'yinchilar “Andrey, yaxshisi qol, shu erda katta futbol bilan xayrlashsang ko'ngildagidek ish bo'lardi” deyishgan.   

- O'yinchilik faoliyatingiz davomida O'zbekiston, Rossiya, Belorussiya va Latviyada ham to'p surgansiz. Faqat rostini ayting, qaysi birinchilikda o'zingizni qulay his qilgansiz?
- Faoliyatimning ko'p qismi o'tgan Rossiyadan tashqari uyimga, O'zbekistonga qaytgan chog'imda o'zimni har tomonlama qulay sezganman. Belorussiya bilan Latviya chempionatlarining saviyasini yuqori deya olmayman. Baribir menga o'zimizda o'ynash ko'proq yoqardi. Avvallari qaytgan paytimda “Paxtakor”, keyinchalik “Dinamo”da o'ynaganman. 37 yoshimda yurtimizga qaytib kelganimda qanday ahvolga tushganimni o'zingiz yaxshi bilasiz. Men – professionalman. Mayli, asosiy klubda o'ynamay, lekin o'rinbosarlar uchun to'p surishim kerakligini aytgan taqdirda ham murabbiylarning gapini ikki qilmasdan o'rinbosarlar jamoalarida miq etmasdan to'p surgan bo'lardim. 


- Yaqinda Aleksandr Grigoryan bilan ham suhbatlashgandim. U siz haqingizda juda iliq gaplarni aytdi...  
- Grigoryanmi, u menga murabbiylik qilgandi.

- U o'tgan yili malum vaqt “Paxtakor”da ishladi. Endi esa Xabarovskda “SKA-Energiya”ni boshqarmoqda.
- Bundan xabarim bor. Qolaversa, o'sha jamoada ikki o'rtog'im bor.

- Andrey, O'zbekiston chempionatini kuzatib boryapsizmi?
- Yuqorida aytib o'tganimdek, ko'pincha internet orqali O'zbekiston chempionatining musobaqa jadvalini kuzatib boraman. Hozir adashmasam, birinchilikda “Lokomotiv” peshqadam bo'lib turibdi. Undan keyingi o'rinlarni esa “Bunyodkor” va “Nasaf” klublari band etganlar.

- Faoliyatingiz mobaynida O'zbekiston terma jamoasida ko'plab uchrashuvlarda maydonga tushgansiz. Muxlislar ham sizni yoqtirardilar. Termadagi faoliyatingizdan qolgan iliq xotiralar bilan o'rtoqlashsangiz.
- Ha, O'zbekiston terma jamoasi safida maydonga tushgan kezlarimni yaxshi eslayman. Bundan menda faqat iliq taassurotlar qolgan.

- Hozir 38 yoshdasiz. Agar biror-bir klub xizmatingizga ehtiyoj sezib, taklif yuborsa qabul qilgan bo'larmidingiz?
- Ko'cha-ko'yda tanishlarim uchratib qolishsa, “Andrey, shu yoshingda ham navqiron yigitlardek ko'rinasan” deb qolishadi. Ha, men futbolchi uchun faxriy yoshda bo'lsam ham ortga qaytishni va o'yinchilik faoliyatimni yurtimda tamomlashni istadim va bunga harakat qildim. Lekin o'zim bilan yuz bergan oxirgi ikki holat ruhiyatimga aks tasir o'tkazmasdan qolmadi. Ammo men osonlikcha taslim bo'lmayman. Agar pasportimga qaramasdan xizmatimga ehtiyoj sezadigan klub topilsa, bemalol 1-2 mavsum to'p sura olishimga ishonchim komil.  


- Tez orada Evropa chempionati bahslariga start beriladi. Ishtirokchilardan qaysi biriga muxlislik qilasiz?
- Birinchi navbatda Rossiya terma jamoasiga. SHuningdek, menga qitaning oxirgi yillardagi chempioni hisoblanadigan Ispaniya terma jamoasi yoqadi.

- Agar futbolchi bo'lmaganingizda qaysi kasbni tanlardingiz?
- (kuladi)  Rostini aytsam, bu haqida sira o'ylashga vaqtim bo'lmagan. CHunki bolalik chog'imdan to'pga oshno tutinganman. Keyin professional darajaga ko'tarildim. Menimcha, bundan keyin ham futbolda qolsam kerak. Savolingizni javobsiz qoldirmasligim kerak, agar futbolchi bo'lmaganimda, balki ingliz tili bo'yicha mutaxassis sifatida ishlarmidim?!  

- Arman millatiga mansub bir qancha mutaxassislar – Samvel Babayan, Yuriy Sarkisyan, Vadim Abramov futbolda ancha tanilganlar. Masalan, Babayan endilikda milliy terma jamoamizning bosh murabbiyi hisoblanadi...
- Ha, albatta bundan xabarim bor. (kulgancha) Bu gap bilan nimaga ishora qilmoqchi bo'lganingizni tushunib turibman. Ularning orasida birgina Abramov hozir ishlamayapti. Darhaqiqat, keyinchalik o'zimni murabbiy sifatida sinab ko'rish niyatim yo'q emas. Kim bilsin, balki oradan yillar o'tib yurtimga klublardan birini boshqarish uchun qaytib kelarman... Hozircha bu yo'ldagi harakatni bolalar bilan ishlash orqali boshlab yubordim. Qolaversa, viloyat miqyosida bo'lsa ham o'yinlarda ishtirok etib turibman. Darvoqe, Xolmatov hali ham faoliyatini davom ettiryaptimi?   

- Ha, yaqinda u “Neftchi”ga qaytgan.
- Ko'ryapsizmi, u men bilan tengdosh bo'lsa ham o'ynashda davom etmoqda. O'zim ham xuddi u kabi milliy chempionatimizda jon deb to'p surgan bo'lardim. Lekin oxirgi voqealar sabab endi menda bunday imkoniyat yo'q.  Ketganimdan beri ortga qaytganim yo'q.

- Oxirgi savol: muxlislarimizga nima degan bo'lardingiz?
- O'zim o'ynab yurgan kezlarda ularning menga bo'lgan iliq munosabatini umrbod esdan chiqarmasam kerak. Muxlislarimiz uzoq yillardan beri terma jamoamizning jahon chempionatida ishtirok etishini intiqlik bilan kutmoqdalar. Nasib qilsa, shunday kunlar ham albatta keladi. Ularga sihat-salomatlik, oilaviy baxt, omad yor bo'lishini tilab qolaman.  


FIRDAVSXON suhbatlashdi.
   

Reyting: +7   

Fikrlar

championat.asia
< so’nggi yangiliklarni ko’rish
Яндекс.Метрика