Rafinya hali ham "Oltin to'p" alamida "yonmoqda"... Ammo uni tushunish mumkin
25 noy 18:50
Yangiliklar
Rafinya hali ham "Oltin to'p" alamida "yonmoqda"... Ammo uni tushunish mumkin
Bu kuzda Rafinya ayniqsa Vinisiusni eslatib yubormoqda: u futbolga aloqasi bo'lmagan narsalar haqida juda ko'p gapirishni boshladi va buni ko'proq ijtimoiy tarmoqlarda amalga oshirmoqda. Sabab esa o'sha-o'sha: "Oltin to'p"ni qo'lga kirita olmagan braziliyalik xafa bo'lgan va barchaga barchasini isbotlashga kirishgan... Internetda!

Vini izidan
Rafinya chindan zo'r mavsum o'tkazdi, chinakamiga jahon yulduzi darajasiga ko'tarildi, "Oltin to'p"ga nomzodlar qatoriga kiritildi va...
Aslida uning vaziyati Vinisiusnikidan ham ayanchliroq bo'ldi. "Oltin to'p"ni yutishiga ishonchi komil Rafinya bor yo'g'i beshinchi o'rinda qoldi, etiborli jihati ovoz berganlarning hech biri uni birinchi o'ringa qo'ymagan. Undan tashqari braziliyalik yil ramziy terma jamoasiga ham kiritilmadi.
Ana shundan so'ng zumerlar tili bilan aytganda Rafinya portladi. Braziliyalik ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarida muvaffaqiyatlari va yutuqlari haqidagi katta-katta postlarni qalashtirib tashladi. Statistik faktlar, turli sovrinlar bilan tushgan suratlari. Hammasi bo'lib — 17 ta! "Barselona" etakchilaridan biri qanchalik xafa bo'lganini tasavvur qilish qiyin bo'lmasa kerak.
Undan so'ng ishning ikkinchi qismiga o'tildi. Bir yil avval Vinisiusda bo'lgani kabi, Rafinya birdan o'zida shunday iqtidorni "kashf" qildiki, millionlab odamlarni ortidan ergashtira olishi, hech bo'lmaganda ularga yo'l ko'rsata olishiga chin dildan ishona boshladi. Noyabr oyidagi bir nechta intervyularida u quyidagicha fikr bildirdi: "Biz insoniyatning global muammolariga ko'z yuma olmaymiz, va "men o'zimni shunchaki sportchi sifatida ko'rmayapman, — men insonman, fuqaroman".

Ko'p o'tmay, ishga "Barselona" arashlashdi. Ammo "Real"dan farqli joyi "ko'k-anorranglilar" futbolchisini qo'llab, FIFA va qolganlarga qarshi "qilich ko'tarmadi", ular Rafinyaning o'ziga ruhshunos tayinladi, natijada, harorat biroz pasaygandek bo'ldi. Rafinya tinchlangandi, "mikrofonni" uning ayoli oldi: "Biz haqqimizni talab qilishimiz va bizga tegishli bo'lgan narsani olishimiz kerak". U FIFA tomonidan topshiradigan "The Best" sovrini haqida.
Gaplarimizda qisman istehzo bordir, ammo Rafinya Vinisius yo'lidan borgani fakt, lekin ularning tarixi turlicha. Rafinya aslini olganda u qadar injiq emas, Rafinya — mehnatkashroq futbolchi. Uning muvaffaqiyati ham — aqlbovar qilmas mehnat samarasi, u barchasiga aynan tinim bilmagani tufayli erisha oldi. Aynan shuning uchun u iqtidorini havoga sovurmas, erishganlarining qadriga etardi. Siz hech kim kutmaganida, ishonmagan bir vaziyatda yillar davomida ko'p narsadan voz kechib mehnat qilganingiz tufayli cho'qqiga chiqsangizu, u sizni qabul qilmasa, chindan alam qiladi.
Favelladan "Kamp Nou"gacha yo'l
Rafinya Portu-Alegrida dunyoga keldi va bolaligini Braziliya futbolining bo'lajak yulduzlarining deyarli barchasi kabi o'tkazdi. Favela (bu Braziliya shaharlaridagi kambag'allarning norasmiy aholi punktlari yoki xarobalardir), qashshoqlik, butun oilaga bitta umumiy xona. Tozalik, sanitariya talablari aylanib ham o'tmagan makonlar... Uncha uzoq bo'lmagan uzoqlikda avtomatlardan o'q otilayotgani ovozi eshitilib turadi. Otasi — ko'cha musiqachisi — deyarli pul topmagan.
Agar siz Portu-Alegridan bo'lsangiz va futbol borasida iqtidoringiz, salohiyatingiz bor, deb taxmin qilinsa, oldingizda ikkita yo'l bo'ladi: "Internasonal" yoki "Gremio". Bu shaharning ikki asosiy jamoasi. Ikkita yirik gigant, ikkita sovrindor klub, ularning 14-15 yoshdagi tarbiyalanuvchilari evropalik skautlar ro'yxatlariga tushadi.
Rafinyani na "Internasonal"ga, na "Gremio"ga qabul qilishdi. Oqibatda yigitcha qo'shni shtatga ko'chib o'tishiga to'g'ri keldi. "Avai" klubi akademiyasida futbolning sir-asrorlarini o'rgandi. Bu jamoa ham mahalliy darajadagi grand Florianapolis (Santa-Katarina shtati poytaxti). Bu erda ham skautlar bor. Farqi ular top-klublardan emas, asosan Portugaliya va Ispaniyaning o'rtamiyona klublaridan kelishadi. Rafinya akademiyani tamomlaydigan yili "Avai" A Seriyadan tushib ketadi. Vinger "Vitoriya Gimaraysh" skautlari etiboriga tushadi. Oqibatda u "Avai" safida debyut qilishga ham ulgurmay, Portugaliyaga uchib ketadi.
Keyingi olti yil Rafinya uchun mehnatda o'tadi: u ham sifatli futbolchi ekanligini isbotlash uchun. Braziliyalikka hech qachon, hech kim "tilla bolakay" — yangi Pele yoki Ronaldo sifatida qaramagan. "Barselona" uni endigina balog'at yoshiga etgan iqtidor sifatida emas, APL maydonlarida toblangan tayyor futbolchi sifatida o'z tarkibiga qo'shib oldi. ECHLda u 26 yoshida, terma jamoada esa 25 yoshda debyut qildi. Solishtirish uchun Vinisius endi 25 yoshda.
Rafinya bugungi kunga etib kelguncha, Portugaliyada o'zini ko'rsatib, "Sporting"dan taklif olish, "sherlar" asosiy tarkibi uchun kurashda yutib chiqishi, "Renn"dagi omadsiz ijara, jarohatlar azobidan o'tishiga to'g'ri kelgan. APLga uni Belsa taklif qiladi. Futbolchi doimo ishonch uchun murabbiydan minnatdor ekanligini takidlaydi. Va faqatgina "Lids"dagi omadli mavsumdan keyin braziliyalik "Barsa" skautlari etiborini o'ziga qarata oladi.

Tan olish kerak, Rafinya bosib o'tgan yo'lni boshqa biror futbolchi u kabi muvaffaqiyatli o'ta olishining o'zi aniq emas. Hozir u 28 yoshda va u chinakamiga jahon futboli yulduzlaridan biri hisoblanadi.
Albatta, "taqdir kuchlilarni sinaydi" deyishimiz ham mumkin edi, lekin... Bu vaziyatda Rafinyaning nega bunchalik jaxli chiqqanini tushunish mumkin, desak, to'g'riroq bo'lardi.
O’xshash yangiliklar
championat.asia
Элит ОЧЛ. "Насаф" ўз майдонида Ҳамробеков тўп тепаётган "Трактор"га ютқазди
МЛС. Мессининг супер ўйини "Интер Майами"ни ярим финалга олиб чиқди
Винисиус "Реал"дан йилига 30 млн. евро талаб қиляпти, аммо "Реал"...
Ла Лига. "Реал" "Эльче" билан ўйинда қоқилди, аммо биринчи ўринда қолди — "Барселона" билан орадаги фарқ 1 очко
Fikrlar
Олдинги мавсумда Беллингем ҳам шундай бўлганди.