So’nggi yangiliklar

00:47МЮ Мактоминейни АПЛнинг бошқа бир клубига сотмади  0 00:35Кьеза фаолиятини Англияда давом эттиришга яқин турибди  1 00:05"Динамо" Жаҳонгир Ўрозов ва Муҳаммадали Турсуновни ўз таркибига қўшиб олди  0 23:30Жоау Канселунинг кейинги манзили Саудия Арабистони бўладими?  0 22:55Ханс-Дитер Флик: "Ямалнинг оёғи ердан узилмаслиги керак"  1 22:15ОКМК назорат ўйинида "Олимпик"ни йирик ҳисобда мағлуб қилди  1 21:35Матс Хуммелс Еврокубокларда ўйнайдиган А Серия клубига ўтиши мумкин  0 20:54"Қизилқум" назорат ўйинида "Локомотив U21"га мағлуб бўлди  0 20:31Расман: Стадиондаги муаммо сабаб "Динамо" — "Навбаҳор" учрашуви қолдирилди  51 20:00Де Хеа фаолиятини А Cерияда давом эттирадими?  1 19:39Ана холос! "Рома" ва "Тоттенхэм" собиқ ҳужумчиси 11 йилдан сўнг фаолиятини тиклашга қарор қилди  4 19:13УEФА Суперкубоги ўйинини ким бошқариши маълум  0 18:49Погбанинг акаси Бельгиянинг учинчи лигасида ўйнайди  4 18:25"Бунёдкор" собиқ бош мураббийи Парижда ўғриликка учради  14 18:01"Шўртан" учта трансферни амалга оширди  3

Quvondiq Ro'ziev: “Qo'qonlik muxlislarni qo'msayapman” Yangiliklar

Quvondiq Ro'ziev: “Qo'qonlik muxlislarni qo'msayapman”

O'tgan yilgi mavsumni “Qo'qon-1912” jamoasi safida ijara asosida to'p tepgan Quvondiq Ro'ziev bu yil “Lokomotiv” klubida harakat qilmoqda.

O'z oldiga yuqori maqsadlarni qo'ygan “temiryo'lchilar” OCHLda ham bo'sh kelgisi kelmayapti. Biz “Lokomotiv” klubi futbolchisi Quvondiq Ro'ziev bilan uchrashib undan oldindagi musobaqalar va faoliyati to'g'risida intervyu oldik.  

-  CHempionatimizning birinchi davrasi “Lokomotiv” uchun qanday o'tdi?
-  Birinchi davra biz uchun ko'ngildagidek o'tdi deb o'ylayman. Kerakli o'yinlarda ochkolar jamg'arishga muvaffaq bo'ldik. Umumiy qilib aytganda, birinchi davrani mag'lubiyatsiz o'tkazdik. Hamma narsa ikkinchi davraga bog'liq. To'g'ri, bu yil “Metallurg” jamoasi ko'p jamoalarga bosh og'riq bo'lmoqda. Birinchi davrada “Metallurg” bilan to'qnash kelganimizda ushbu jamoadan bunday o'yin ko'rsatishini kutmagan edik. “Metallurg” darvozamizga gol urib olganidan so'ng, ularda qandaydir o'ziga bo'lgan ishonchi yanada ortdi. Uni ortidan ikkinchi va uchinchi gollarni o'z darvozamizdan olib chiqdik. SHunga qaramasdan jamoadoshlarim o'zlariga kelib olishdi, ruhan tushkunlikka tushib qolmadi. O'zimizga bo'lgan ishonch evaziga mag'lubiyatdan qutilib qoldik. Bu yil “Lokomotiv” uchun omadli yil bo'lmoqda.

-  OCHL musobaqasidada shu bosqichgacha etib keldinglar...
-  OCHL juda ham yuqori saviyadagi musobaqa. Bu yil OCHLda guruh bosqichidan boshlab shu erga kelgunimizgacha mag'lubiyatga uchraganimiz yo'q. Jamoadoshlarim bilan o'zimiz uchun maksimal darajadagi vazifasi bajarib bo'ldik. Endi buyog'iga qaergacha bora olarkanmiz, o'zimizni sinab ko'rmoqchimiz. O'zimiz finalga qadar etib borishni maqsad qilganmiz. Menimcha buni ustidan chiqsa bo'ladi, qiyin ish emas. CHorak finalda eng qiyin jamoa bizga to'g'ri keldi. Agarda, ushbu bosqichdan o'ta olsak, finalga qadar etib boramiz. Bir tomondan bizga qarshi “Al-Ayn” tushgani yaxshi bo'ldi. Agarda “Al-Ayn” to'sig'idan o'ta olsak qolgan bosqichlarda bizga osonroq bo'ladi.



-  Jamoaga bir nechta legionerlar taklif qilindi. Ushbu legionerlar haqida qanday fikr bildirasiz?
-  Gevorkyanni barcha yaxshi biladi. O'zbekistonda juda ham saviyali legioner futbolchi. Gevorkyan tarkibimizga kelganidan so'ng jamoaga tezda qo'shilib ketdi. 5 ta uchrashuv o'tkazgan bo'lsa, deyarli barcha o'yinlarda foydasi tegdi. Gollar urdi, gollarga paslar ham berdi.  Stepanovich haqida gapiradigan bo'lsam, ushbu futbolchini texnikasi yuksak darajada. Menimcha bu futbolchi o'zini sport formasida emas, agarda mukammal sport formasini tiklay olsa bizga juda ham katta foydasi tegadi. Agarda o'z o'yinini ko'rsata olsa “Al-Ayn”ga qarshi bahsda ularga qarshi xavfli qurol bo'lishi mumkin.


-  O'tgan yili chempionatimiz ancha qizg'in tarzda o'tgandi. Bu yil chempionatimiz qanchalik qizg'in tarzda o'tyapti deb o'ylaysiz?

-  O'tgan yili men “Qo'qon–1912” jamoasi safida ijara asosida o'ynagan edim. Menimcha o'tgan yili “Lokomotiv”ni chempionlikdan mahrum qilgan jamoa, bu “Qo'qon-1912” klubi bo'lsa kerak. O'sha paytda “Lokomotiv” bilan bo'lgan o'yinda juda ham qimmatli ochkoni tortib olgandik. Agarda o'sha uchrashuvda “temiryo'lchilar” bizni mag'lub etishganda balki amaldagi chempion nomiga ega bo'larmidi. Meni o'ylashimcha chempionatimizning qizg'in damlari hali oldinda. Bu yil bizni juda ham qiyin bo'lgan o'yinlar kutib turipti. Bizda ham "Bunyodkor”, “Paxtakor” va “Nasaf” jamoalarida ham. O'tgan yilgiga qaraganda, bu yil chempionatimiz ancha qiziqarliroq o'tyapti. Bunga oddiy misol, “Paxtakor” quyi pog'onalarda yurgani. Etibor bergan bo'lsangiz hech kim shunchaki ochko tortib olmayapti. “Paxtakor” Andijonga borib safarda mag'lubiyatga uchradi. Bunday natija hali kuzatilmagan bo'lsa kerak deb o'ylayman. Aytmoqchimanki, uyda o'ynayotgan jamoalar raqiblarga shunchaki ochkoni taqdim etishmayapti. “Neftchi” biz bilan durang o'ynadi, o'z uyida “Bunyodkor”ni mag'lub etdi “Andijon”ga mag'lub bo'ldi. Bu yil yuqori pog'onalar uchun ham OCHL yo'llanmasi uchun ham o'yinlar qiziqarli o'tmoqda. “Buxoro” bilan “Qizilqum” jiddiy kurash olib bormoqda. “Buxokro” va “Qizilqum”da OCHLga chiqish imkoni bo'lsa men xursand bo'lgan bo'lar edim. CHunki, ularni maydonidagi muhitni ko'rganman. Muxlislari futbolni juda ham yaxshi ko'rishadi. Ushbu jamoalar OCHL yo'llanmasini qo'lga kiritishsa muxlislar uchun juda katta sovg'a bo'lar edi va biz uchun ham yangilik bo'lardi. To'g'ri, “Metallurg” ham ijobiy natija qayd etishga intilmoqda. Lekin, bekobodliklar ikkinchi davraga kelib birinchi davradagi o'yinini namoyish eta olmayapti. Menimcha “Metallurg”ga qaraganda “Buxoro” va “Qizilqum”da imkoniyat ko'proq deb o'ylayman. “Buxoro” jamoasining  tarkibi “Lokomotiv” tarkibidan keyingi o'rinda tursa kerak. “Buxoro” klubidan ham milliy terma jamoaga futbolchilar chaqirilmoqda. Ularda ham katta o'zgarishlar bo'lmoqda. Bizni maqsadimiz chempion bo'lish. Biz yonimizdagi raqiblarni, “Bunyodkor”, “Nasaf” va “Paxtakor” jamoasini mag'lub etishimiz kerak. Agarda ushbu jamoalarni mag'lub eta olsak chempionlik shirin bo'ladi. CHempionat davomida bizni safardagi qiyin uchrashuvlar kutib turipti. Safarda “Qizilqum” va “Buxoro” klublari mehmoni bo'lamiz, ushbu jamoalardan ochko olish juda qiyin. Sentyabr oyida chempionatimiz juda ham qizg'in pallaga kiradi. SHu bahslar chempionlik masalasini hal qilib beradi. CHempionlikni maqsad qilganmizmi, demak mana shu uchrashuvlarda g'alaba qozonishimiz shart.

-  Jamoani ichki muhiti ayni damda qay darajada?

-  Jamoani ichki muhiti alo darajada deb bemalol ayta olaman. Jamoadagi futbolchilar bir biri bilan juda ham ahil oiladek bo'lib ketgan. Bunday muhitni xali ko'rmaganman. Yoshlarga kattalar o'rnak bo'ladi, yoshlar esa kattalarni xurmatini joyiga qo'yadi. Menimcha ko'p narsa mana shu kollektivga bog'liq  deb o'ylayman. Bu tarafdan bizda hech qanday muammolar yo'q. SHu paytgacha hech kim bilan men senga borganimiz yo'q.


-  “Lokomotiv” klubi tarkibida tajribali futbolchilar ko'p. Demak raqobat ham kuchli. Siz mana shu raqobatdan qo'rqmaysizmi?
-  To'g'ri, birinchi davrada kamroq o'yin amaliyotiga ega bo'ldim. O'zim 2, 3 marotaba murabbiylarni oldiga borib menga ruxsat berishini va boshqa jamoada ijara asosida to'p tepishimni, keyingi yili qaytib kelishimni iltimos qilib so'ragandim. CHunki, men o'yin amaliyotiga ega bo'lishni xohlagandim. Ammo, menga ruxsat berishmadim. Hamma narsani vaqti kelishini va o'z o'rniga tushishiga vada berishdi. Bir tomondan men bu narsadan ranjiganim yo'q. Oddiy misol, meni pozitciyamda o'ynaydigan Jeparov va Kapadze O'zbekiston tarixida eng ko'p o'yin o'tkazgan futbolchilar. Bir tomondan bu futbolchilar menga katta yordam berishyapti. Mashg'ulotlarda qo'ldan kelgancha ulardan ko'p narsani o'rganyapman. Boshqa tomondan o'sishim uchun zamin yaratyapti. Harqalay qaysi jamoada zaxirada o'tirishingizga ham bog'liq. “Lokomotiv” klubida zaxirada o'tirgan ekanman, demak jamoaga kerakman. Agarda jamoaga kerak bo'lmaganimda meni qo'yib yuborishgan bo'lar edi. CHunki, men 1 marotaba emas balki 2, 3 marotaba iltimos bilan murabbiylar oldiga kirganman. Menga ruxsat berishmadi. SHuning uchun qo'limdan kelgancha mashg'ulotlarda ko'proq ter to'kib, asosiy tarkibga kirish uchun intilyapman. Xayotda hamma narsa bo'lishi mumkin. Balki imkon bo'lib qolar. Biz o'zimizni imkoniyatimizni kutib mehnat qilyapmiz. Qaysi pozitciya bo'lishiga qaramay murabbiyimiz zaxiradan maydonga tushirayotganining o'ziga xursandman. Kerak bo'lsa himoyada, qanot yarim himoyasida sinab ko'rishdi. Men bundan ranjiganim yo'q. O'yin amaliyotiga ega bo'lishim uchun menga shunday imkoniyat taqdim etishmoqda. Bir tomondan bundan xursandman.

-  ROZKda o'qib yurgan paytlaringizda elkangizdan jiddiy jarohat olganingizda “bo'ldi futboldan ketaman” degan ekansiz...

-  To'g'risi o'sha damlar biz uchun juda ham og'ir kechgan. ROZKda o'qib yurgan paytlarimizda, meni va Ikrom Aliboevni talabga javob berishmaydi, bulardan futbolchi chiqmaydi deb o'qishdan chetlatishgan. Keyin o'zimiz pedagogika kollejiga hujjatlarimizni topshirganmiz. O'sha erda Rustam aka Oripov qo'l ostida mashg'ulotlar olib borar edik. Ikkinchi ligada “Toshkent” nomli jamoada o'ynaganmiz. O'shanda elkamni sindirib olgan edim. Og'ir operaciyani boshimdan o'tkazganman. Olti oy futbol bilan shug'ullanmaganman. O'sha paytda, “Lokomotiv” birinchi ligadan oliy ligaga chiqish yo'llanmasini qo'lga kiritgandi. O'shanda meni o'rinbosarlar tarkibida sinab ko'rish uchun sinov muddatiga chaqirishdi. Birinchi nazorat uchrashuvida yana elkamni sindirib oldim. Men tushkunlikka tushmaganman, ko'proq ota-onamni o'ylaganman. Ayniqsa onam men haqimda ko'p qayg'urgan. “Bo'ldi boshqa futbol o'ynamaysan, boshqa ish qilasan” deyishganda uydagilarga tushuntirganman. “Futbol bu meni kasbim, qon qonimgacha singib ketgan. Boshqa ish qila olmayman, qo'limdan boshqa ish kelmaydi, so'ngi bor imkon beringlar” deganman. O'sha qiyinchiliklardan so'ng Toshkentga keldim, “Lokomotiv” 2 ligasiga chaqiruv oldim. O'rinbosarlar bilan birinchi o'rtoqlik uchrashuvidayoq Marat aka Muftaxiddinov ko'ziga tushdim va ikkinchi davradan “Lokomotiv” o'rinbosarlarida to'p tepishni boshladim. O'sha yilning o'zidayoq jamoa asosiy tarkibidagi mashg'ulotlarga chaqiruv oldim. Bungacha ROZKdan chetlatishgandan so'ng, futbol o'ynash uchun kerak bo'lsa ofitciantlik qilganman. Pul topish uchun maydonlarni chimlarini o'rib yurganmiz. Hamza tumanida “metrostroy” nomli maydonda yotib pollarini artib chimlarini o'rganmiz, bizga maosh berishar edi. Futbol o'ynash uchun shu ishlarni ham qilganmiz. Yaxshiyamki u damlar ortda qoldi, lekin buni esdan chiqarib bo'lmaydi. Bizga katta yordam bergan, bu Rustam aka Oripov bo'ladilar. Men, Ikrom Aliboev, Xurshid Muhtorov birga bo'lganmiz. Yana 5, 6 ta bolalar qiyinchiliklarga bardosh bera olmasdan futbolni tark etishgan. SHu inson futbol o'ynashimiz uchun qo'lidan kelgan barcha ishni amalga oshirgan. Kerak bo'lsa o'zini maoshidan bizga oziq-ovqat olib bergan paytlar ham bo'lgan. Og'ir jarohat olganimda shu inson “sen meni eng yaxshi shogirdimsan” degan edilar. Rustam aka xuddi meni otamdek bo'lib qolgan. Futbol shunday sport turiki senga sinov beradi, agar mana shu snovdan o'tsang, seni buyuk kelajak kutmoqda. Sen barchasiga tayyor turishing kerak. Hozirgacha nima bo'lsa birinchi bo'lib Rustam akadan maslahat so'rayman.

Ko'pchilik aytadi, yoshligimdagi murabbiyim unaqa unisi bunaqa deb, men uchun murabbiyim bitta, Rustam aka Oripov. To'g'ri, Evstafeev qo'l ostida ham shug'ullanganman, lekin hech kim Rustam aka Oripovchalik menga yordam bermagan va futbol yo'l yo'riqlarini ko'rsatmagan.

-  “Qo'qon-1912” jamoasidan ketayotganingizda “muxlislarni sog'inib qolaman” degan ekansiz. Hozir ham ularni qumsab turasizmi?

-  To'g'risini aytaman, muxlislarim hozirgacha men bilan aloqada bo'lib turishadi. Men ham o'zimni ulardan olib qochmayman. Qo'qondagi damlarim hech qachon esimdan chiqmagan. “Qo'qon-1912” jamoasi safida juda katta o'sishga erishdim deb o'ylayman. Qo'limdan kelmaydigan narsalarni aslida uddasidan chiqsam bo'lar ekan. SHu narsalarni “Qo'qon-1912” jamoasi safida to'p tepib yurgan kezlarim bildim. Muxlislarni va maydonlarni juda ham sog'indim. Ayniqsa grand jamoalarga qarshi o'yin bo'lib qolsa, stadion muxlislar bilan to'lib toshar edi. Juda ham chiroyli xotiralar yodimda qolgan. O'tgan yili mag'lub bo'lsak ham, muxislar juda ham qattiq qo'llab-quvvatlashardi. Xattoki mashg'ulotlarimizga 2,  3 ming nafar muxlislar tashrif buyurishardi. Yaqinda ham bordim, Ko'ziga yosh keladi. Qo'qon xuddi meni ikkinchi uyim bo'lib qolgandek. Muxlislarning barchasi ortga qayt deb baqirishlarini eshitib juda ham xursand bo'lib ketdim. Ikkinchi davrada “Qo'qon-1912” jamoasiga qaytishga harakat qildim, lekin murabbiylar ruxsat berishmadi.

-  “Futbolchi bo'lish qiyin lekin noni shirin” deyishadi...

-  Bu gapga 100 foiz qo'shilaman. Ayrim odamlar bor, futbolda to'p tepish oson deb o'ylashadi. Futbolchidan juda katta mehnat talab qilinadi. Kerak bo'lsa sog'lig'ingizni yo'qotasiz. Futbolni nonini eyish juda ham qiyin. Lekin futbolchi bo'lib etishganingizdan so'ng zavq bag'ishlar ekan. CHunki, minglab odamlar etiborida bo'lasiz. Menimcha futbol dunyodagi eng chiroyli kasblardan bittasi bo'lsa kerak deb o'ylayman.

-  Futbol orqali olgan ilk maoshingizni eslay olasizmi?

-  Albatta eslay olaman. “Lokomotiv” o'rinbosarlari tarkibida to'p tepib yurgan kezlarim 215 ming so'm olganman. Birinchi oyligimni uyimga, Surxondaryoga yubormoqchi bo'lganman. Onam aytgan “o'g'lim birinchi maoshinga shirinlik olgin, topgan puling shirin bo'lsin, shirin narsalarga sarflansin” degan edilar.


-  Siz surxondaryoliksiz, lekin Surxondaryoda futbol rivojlanmayotganiga nima deya olasiz?
-  Surxondaryoda futbol yo'qolib ketayotgani odamni tashvishga soladi. Bir paytlar Surxondaryodan qanday darajadagi futbolchilar etishib chiqqan? Terma jamoamizga foydasi tegadigan futbolchilar bor edi. Hozirgi kunda birinchi ligada ishtirok etadigan jamoaning o'zi yo'q. Bu juda ham achinarli hol. O'zim surxondaryolik bo'lganim uchun achinib gapirmasam bo'lmaydi. Uyimga borganimda tengdoshlarim bilan to'p tepib turaman. Talantlar bor, ular nima qilarini bilmay ko'chada yuripti. Imkon bo'lib kichik turnirlar tashkil etilib qolsa bitta yoki ikkita yoshlar chiqib qolishi mumkin. Bu menimcha o'zbek futboli uchun katta yo'qotish deb o'ylayman. CHunki, qanchadan-qancha futbolchilar, Vali Keldiev, Bozorovlar, Annamatovlar to'p tepishgan. Hozir, SHomurodovlar terma jamoaga chaqirilmoqda. Surxondaryo futbolini ham rivojlantirish yo'lga qo'yilsa juda ham xursand bo'lar edim. Buning uchun qo'limdan kelgan barcha ishni amalga oshirgan bo'lar edim. Kerak bo'lsa birinchi ligasidan oliy ligaga chiqish uchun imkoniyat bo'lsa, borib o'ynab berishga ham tayyorman. 3 ta 4 ta katta maydonlar bor, lekin hech kim qaramaydi, etibor bermaydi.  Yaqinda borib keldim, kichik turnir o'tkazildi. Ayrim futbolchilar ushbu turnirga tashrif buyurishdi. Mana shu kichik turnir uchun ham 3, 4 ming muxlis tashrif buyurdi. Surxondaryoda odamlar qanchalik futbolga chanqoqligini guvohi bo'ldim. Viloyatda jamoa tuzilsa bular uchun ham katta sovg'a bo'lar edi. Misol uchun, yaqin qo'shnimiz Qashqadaryoda 3 ta jamoa bor, bizda esa bitta ham klub yo'q. Meni eng katta orzum Surxondaryo jamoasini oliy ligada ko'rish. Surxondaryo futboli yo'lga qo'yilsa o'zbek futboli uchun juda katta foydasi tegadi.
   
Blic savollar
-  Ko'proq qanday taomlarni sevib istemol qilasiz?

-  To'g'risini aytsam, taom tanlash borasida injiqroqman. Menimcha palovni sevib istemol qilsam kerak. CHunki ko'proq chet davlatlarga chiqsak ham ko'proq oshni sog'inamiz. SHuning uchun ham eng yoqtirgan taomim palov.

-  O'zingiz ham taom tayyorlab turasizmi?

-  Albatta, aytib o'tganimdek qiyinchilik paytlarimizda o'zimiz taom tayyorlab, o'zimiz istemol qilar edik. O'zim mustaqil ravishda bemalol ovqat tayyorlay olaman.

-  Qaysi jamoaga muxlislik qilasiz?

-  “Manchester Yunayted” hamda “Real Madrid” jamoalariga muxlislik qilaman. Lekin kumirim Andrea Pirlo, to'g'ri ancha qarib qolgan, lekin o'z davrida haqiqiy yulduz darajasidagi futbolchi bo'lgan. Hozirgi davrda Ronalduni insoniy taraflama xurmat qilaman. Yaqinda qaysidur bir davlatda yong'in sodir bo'lganida o'z hisobidan yordam puli ajratdi. Etibor bergan bo'lsangiz, bundan tashqari Ronalduda hech qanday tatuirovkasi yo'q. CHunki, u har yili bolalarga o'z qonini beradi. Ijtimoiy tarmoqlarda ko'p ko'rganman, Ronaldu ko'pchilik insonlarga yaxshiliklar qiladi. Oddiy misol, Evropa chempionatining final uchrashuvida jiddiy jarohat olib maydonni tark etdi. Zaxirada o'tirib ham jamoasiga yordam berdi. Jarohat olgandan so'ng o'zini o'ylab bemalol zaxirada o'tirsa bo'lardi. Lekin, u o'z jamoasini shanini himoya qilish uchun har narsa qilib ko'rdi. Messi texnik jixattan buyuk, mahoratli futbolchi. Baribir Ronaldu boshqacharoq.

-  Qanday avtomobillarni yoqtirasiz?

-  Ochig'ini aytaman avtomobillarga qiziqmayman. Xattoki haydovchilik guvohnomasini ham olmaganman (kulib).

-  Qanday ranglarni yoqtirasiz?

-  Oq rangni yoqtiraman. Agarda kelajakda avtomobil sotib olsam rangi oq bo'ladi (kulib)

-  Mustaqilligimizning 25 yilligiga tilak bildirsangiz.

-  Mustaqil bo'lganimizdan so'ng juda ham katta o'sishga erishdik. Sportga bo'lgan etibor yanada oshdi. Mana, mustaqilligimizning 25 yilligi uchun Olimpiadada sportchilarimiz katta sovg'a tayyorlab kelishmoqda. Mana shular mustaqilligimizning mevasini ko'rsatib turipti. O'ylardimki g'alabalarimiz davomiy bo'lsin. Eng muhimi tinchlik bo'lsin. Tinchlik bor joyda mana shunday g'alabalar bo'ladi. Tilaklarim, nasib qilsa futbol bo'yicha jahon chempionatiga yo'llanmani qo'lga kiritamiz. Mustaqilligimiz abadiy bo'lib yurtimiz tinch bo'lishini istayman. Biz bemalol uxlab, uyqudan tura olyapmiz. Yurtimiz tinch, hech narsadan qo'rqmaymiz. Bizning eng katta yutug'imiz ham shu. SHuning evaziga yutuqlar kelib chiqmoqda. Ushbu fursatdan foydalanib yurtboshimizga chuqur minnatdorchilik bildiraman. Tinchligimiz abadiy bo'lsin. Championat.asia sayti hodimlarini ham mustaqillik bayrami bilan chin qalbimdan tabriklayman.  O'zbekistonda ushbu futbol saytga etadigan, raqobatlasha oladigan sayt yo'q deb o'ylayman. Juda ham tiniq, yorqin fikrlar yoziladi. Xohlagan paytimiz bizni qiziqtirgan malumotlarni topishimiz mumkin. Dunyo futbolida ro'y berayotgan yangiliklardan xabardor bo'lib turamiz. Bundan keyingi ishlaringizga omad tilayman. Yana bir bor mustaqilligimizning 25 yilligi bilan shampionat.asia saytini chin qalbimdan tabriklayman.


Jahongir Sotvoldiev suhbatlashdi.

Reyting: +4   

Fikrlar

championat.asia
< so’nggi yangiliklarni ko’rish
Яндекс.Метрика