Qosimovdan Denisovgacha: Rossiyada zafar quchgan o'zbekistonlik futbolchilar qatoriga Fayzullaev ham qo'shildi
02 iyu 15:15
Yangiliklar


Qosimovdan Denisovgacha: Rossiyada zafar quchgan o'zbekistonlik futbolchilar qatoriga Fayzullaev ham qo'shildi
Bu g'alaba nafaqat klub uchun, balki o'zbekistonlik futbol muxlislari uchun ham esda qolarli voqea bo'ldi deya olamiz. Jamoaning yosh yulduzi — Abbosbek Fayzullaev "armiyachilar" safida Rossiya futbolidagi ilk katta sovriniga erishdi. U shunday yirik musobaqani yutib olgan ilk o'zbekistonlik futbolchi emas, albatta. Undan avval ham bir qator yurtdoshlarimiz Rossiya maydonlarida sovrinlar yutib, milliy futbolimiz sharafini himoya qilganlar. Quyida ana shu yulduzlar haqida.
Mirjalol Qosimov — "Alaniya"
O'zbekiston futbolining afsonalaridan biri Mirjalol Qosimov 1995/1996 yilgi mavsumda "Alaniya" (Vladikavkaz) tarkibida Rossiya chempionatida g'olib chiqqan. O'zbek futbolining afsonasi hisoblangan Qosimov jamoaning asosiy tarkib futbolchisi va muhim figuralaridan biri bo'lgan va yarim himoyadagi o'zining oqilona o'yini bilan jamoasiga katta yordam bergan. Bu orqali u jamoasi bilan Evrokuboklarga yo'llanmani qo'lga kiritgan.
Valeriy Kechinov — "Spartak"
Toshkentda tug'ilgan Valeriy Kechinov Rossiya futbolidagi eng muvaffaqiyatli o'zbek legionerlardan biri sifatida etirof etiladi. U Moskva shahrining mashhur "Spartak" klubi safida 1993–2000 yillar davomida olti marta Rossiya chempioni, bir marta Rossiya Kubogi g'olibi bo'lgan. Hujumkor yarim himoyachi sifatida u o'z davridagi eng yorqin o'yinchilardan biri sanalgan.
Vladimir Maminov — "Lokomotiv"
O'zbekiston terma jamoasi sharafini himoya qilgan yana bir futbolchi — Vladimir Maminov, Moskvaning "Lokomotiv" jamoasi safida bir necha yillar davomida to'p tepgan. U faoliyati davomida 2 marta Rossiya chempioni (2002, 2004), 5 marta Rossiya Kubogi g'olibi, 2 marta Rossiya Superkubogi sohibiga aylangan. Vladimir Maminov o'zining maydondagi aqlli harakatlari, paslari va maydonni ko'ra olishi bilan etirof etilgan.
Aleksandr Geynrix - CSKA
O'sha kezlari Geynrixga "Paxtakor" menejeri Samvel Babayandan kutilmagan qo'ng'iroq bo'lgandi: "Sasha, tezda kiyimlaringni yig'ishtir. Ertaga Moskvaga uchasan. Bu men uchun yangi yil hangomasi bo'lib ko'rindi",- deydi Geynrix. Futbolchiga Rossiya grandi CSKA qiziqish bildirdi va shartnoma ham imzoladi. Biroq katta futbolda o'z o'rniga endigina ega bo'layotgan o'yinchi kuchli legionerlar soyasida yo'qolib qoldi. "Armiyachilar" safida bor-yo'g'i ikkita uchrashuvda maydonga tushdi, xolos.
"Rossiyaga birinchi borganimda juda yosh edim. U erda futbol o'ynash oson emasligini tushundim. Qiyin chempionat, nomdor futbolchilar. O'zim uchun kerakli xulosalarni chiqarganman", - degandi Geynrix o'z intervyusida. Shunga qaramay u CSKA bilan Rossiya chempioni qatorida etirof etilgan.
Aleksey Polyakov - "Lokomotiv" (Moskva)
Terma jamoamizning mahalliylashtirilgan rossiyalik kiperi Aleksey Polyakov "Lokomotiv" bilan Rossiya Kubogida bosh sovrinni boshi uzra baland ko'targan. Darvozabon 2006/2007 yil ushbu natijaga erishgan.
Oleg Pashinin - "Lokomotiv"
O'zbekiston milliy terma jamoasida to'p tepgan Oleg Pashinin "Lokomotiv" mudofaa qo'rg'onining mustahkam vakili hisoblangan. Oleg Pashinin "Lokomotiv Moskva" jamoasi bilan Rossiya chempioni bo'lgan (2002, 2004). U 1992 yildan 2007 yilgacha "Lokomotiv" safida to'p tepgan va jamoa bilan bir qator muvaffaqiyatlarga erishgan.
Andrey Fyodorov - "Rubin"
O'zbekistonlik himoyachi futbolchilik faoliyatining yakunida "Rubin" bilan Rossiya chempionligini qo'lga kiritishga muvaffaq bo'lgan. U 2008 yilgi mavsumda Qurbon Berdiev qo'l ostida mamlakat oltin medallariga ega chiqqan. Fyodorov qozonliklar safida oz emas ko'p emas 8 yil to'p tepgan.
Vagiz Galiulin - "Rubin", "Tosno"
Andijonlik Vagiz Galiulin juda yosh vaqtidayoq legionerga aylangan va "Rubin" jamoasiga yo'l olgan. U qozon jamoasi bilan Andrey Fyodorov singari 2008 yil chempionlikni tantana qilgan. Bundan tashqari 2017/2018 yilgi mavsumda "Tosno" tarkibida Rossiya Kubogida zafar quchgan.
Vitaliy Denisov — CSKA, "Lokomotiv"
Balki ko'pchilik bilamas, ammo o'zbekistonlik himoyachi Vitaliy Denisov 2005 yili CSKA Moskva tarkibida harakat qilgan va jamoa bilan birgalikda UEFA Kubogini qo'lga kiritgan. Bu o'sha davr o'zbek futbolchisi tomonidan yutib olingan ilk va hozircha yagona Evropa klubi sovrini hisoblangan edi. Futbolchi CSKA bilan 2 bor Rossiya Kubogida (2004/2005, 2005/2006) zafar quchgan bo'lsa, "temiryo'lchilar" bilan Rossiya chempionligi (2017/2018) va 2 bor mamlakat kubogi (2014/2015, 2016/2017) sohibiga aylangan.
O’xshash yangiliklar

Fikrlar