So’nggi yangiliklar

09:21Александр Хомяков: «Ёзги йиғинни қандай ўтказганимизни иккинчи давра ўйинлари кўрсатиб беради»  0 08:48«Фулад» Ўткир Юсуповни қанчага сотиб олди?  7 08:20"Футбол бола тилидан" лойиҳаси давом этади. Меҳмонимиз - 12 ёшли Арслан Шакиров  0 07:55Мадрид «отмен». Артём Довбик фаолиятини Италияда давом эттиради  2 07:29Расман. "Бунёдкор" хорватиялик ҳужумчи билан шартнома тузди  2 00:49"Интер" Депайга таклиф юборди  4 00:22Дуглас Коста "Флуминенсе"ни тарк этди  4 23:45Куртуа — жирафа, Рюдигер — псих, Менди — генерал. "Реал Мадрид" футболчилари бир-бирларини қандай чақиришади?  8 23:28"Барселона" Фликни бош мураббий сифатида таништирди  13 23:01Ўзбекистонлик ўсмирлар Японияни тор-мор этди  12 22:44Париж-2024. Ўзбекистон ОТЖ легионери терма жамоа ихтиёрини вақтинчалик тарк этди  21 22:22Ўртоқлик ўйини. Бразилиялик футболчини кўрикдан ўтказаётган "Динамо" "Бунёдкор"ни мағлуб этди  6 22:05"Ювентус" ўз футболчисини "Борнмут"га 18 миллион еврога сотади  1 21:48"Реал" Кепа эвазига Лунинни "Челси"га қўйиб юборишга тайёр  2 21:31Гвардиола "Реал Мадрид" футболчилари "Олтин тўп"га фаворит эканлигини айтди  24

Penalty. Rustam Ashurmatov "Qizlar, Babayan, tog'asi va maoshi haqida" Yangiliklar

Penalty. Rustam Ashurmatov "Qizlar, Babayan, tog'asi va maoshi haqida"

O'zbekiston terma jamoasiga nomzod va “Bunyodkor” klubi markaziy himoyachisi Rustam Ashurmatov loyihamizning navbatdagi mehmoni bo'ldi.

Himoyachi ayni paytda jaroahtini davolamoqda va jamoadan alohida mashg'ulot o'tkazmoqda. Futbolchi bilan samimiy va qizg'in suhbat bo'lib o'tdi.

- Rustam Ashurmatov futbolga qanday kirib kelgan?

- Futbolga kirib kelishimga birinchi o'rinda tog'am, Baxtiyor Ashurmatov sabab bo'lganlar. Ularning o'yinlarini tomosha qilib futbolga qiziqishim paydo bo'lgan. Bobom xuddi tog'am sinagri futbolchi bo'lishimni istagan va Qo'qondagi "Kimyogar" futbol maktabiga olib borganlar. 6 yoshimdan "millionlar o'yini" sir asrorlarini o'rgana boshlaganman.

- “Bunyodkor”ga kelish tarixi qanday bo'lgan?

- O'sha paytda jamoa nomi "Quruvchi" edi. Klub barcha viloyatlarda yosh futbolchilar ishtirokida turli musobaqalar tashkil etardi. Qo'qondagi musobaqada murabbiylar 20 nafar futbolchini tanlab olishgan va Toshkentga kelganmiz. Poytaxtda 20 nafar futbolchi o'rtasida ham tanlov bo'lgan hamda murabbiylar 3 nafar o'yinchini jamoaga qabul qilishni elon qilishgan. Mana shu uch futbolchi orasida men, Akrom Komilov va Ibrohim G'ofurov bor edi.

- Nima uchun hujumchidan himoyachiga aylangansiz?

- Yoshligimda hujumchi bo'lganim rost. "Bunyodkor"ga ham aslida hujumchi bo'lib kelganman. Ammo bu erga kelganimdan so'ng to'g'risi o'zim xohlagandek o'ynay olmaganman. Murabbiyimiz Sergey Lushandan meni himoyada o'ynatib ko'rishini so'ragandim. Oqibatda hujumchidan himoyachiga aylandim. Himoyachiga aylanish tashabbusi faqat o'zimdan chiqqan.

- Futboldagi kumiringiz kim? Tog'angiz Baxtiyor Ashurmatovdan tashqari.

- Tog'amdan tashqari deb aytingiz (kuladi). Anzur Ismoilovning o'yinlari menga yoqadi. Haqiqiy markaziy himoyachiga kerakli barcha hususiyatlar mujassam. Xayrulla aka Karimovdek himoyachini kamdan-kam uchratish mumkin. Xorijdan Serxio Ramosning o'yinlariga qiziqaman. Uning ishtirokidagi barcha uchrashuvlarni qoldirmay tomosha qilib boraman.


- Xayrulla Karimov ko'p qizil kartochka olardi...
- To'g'ri balki qizil kartochka ko'p olgan bo'lishlari mumkin. Ammo bu futbolning ajralmas qismi. Xayrulla Karimov hech qachon raqibning oyog'iga atayin tepmagan, bunga yuz foiz ishonaman. SHunchaki futbolga kirishib ketganlari tufayli kutilmagan qo'polliklar bo'lib turadi. O'zimning faoliyatimda hali qizil kartochka olmadim, keyinchalik ham olmasam bundan xursand bo'laman.

- Tog'angiz futbolchi bo'lmaganida siz ham boshqa kasb vakili bo'larmidingiz? Baxtiyor Ashurmatov futbolchilik faoliyatingizda qanchalik yordam bergan? Tanish-bilishchilik bo'lganmi?

- Agar Baxtiyor Ashurmatov tog'am bo'lmaganida balki 6 yoshimdan futbolga bormasligim mumkin edi. Ammo keyinroq menimcha baribir futbolchiga aylanardim. Tog'am yoshligimdan butsalar, formalar sovg'a qilardilar. Lekin "Bunyodkor"ga kelishimga, asosiy tarkibda tushishimga yoki terma jamoaga chaqiruv olishimda Baxtiyor Ashurmatovning hech qanday aloqalari yo'q deb o'ylayman. Bu borada tanish bilishchilik haqida gap so'z bo'lishi mumkin emas.

- Akangiz Nodirjon Ashurmatov ham futbolchi, darvozabon ekanini bilamiz. Biroq uning faoliyati sizniki kabi yorqin chiqmayapti.

- Bilsangiz akam  Aleksey Evstafeev boshchiligidagi 1994 yilda tug'ilgan futbolchilardan iborat terma jamoada Toshkentda o'tgan Osiyo chempionatida ishtirok etganlar. To'g'ri maydonga tushmaganlar, ammo tarkibda bo'lgandilar. Turkiyadagi yig'inda akamning qo'li singan va operaciyadan so'ng davolanish ancha cho'zilib ketgan. Yana oldingi holatga qaytishda qiyinchilikka duch keldilar. "Paxtakor" yoshlar jamoasida yaxshi o'ynab kelayotgandilar. Jarohatdan so'ng ko'plab klublarda faoliyat olib bordilar. Ammo ishonaman akam ham bir kun o'zini ko'rsatadi.

- Evropadagi markaziy himoyachilar hujumga o'tishda va gol urishda ancha faol bo'ladilar. Masalan, Serxio Ramos, Jerard Pike, Jon Terri...Bizda nega shunday himoyachilar yo'q.

- Balki murabbiylarda boshqacha ko'rsatma bo'lar. Ularni yoshligidan shunga tayyorlab kelishgan. Bizda himoyachiga murabbiylar hujumga o'tayotganida o'z joyingda qol deb ko'rsatma beradi. Seni asosiy vazifang darvozani himoya qilish deb uqtiradi. Evropadagilar esa yoshligidan hujumga ham o'taveradi va natijada yillar o'tgan sari gollar urish ham ko'payib boraveradi.

- Darvozabonlar jarima zarbalarini qaytarishda, hujumchilar zarba berishda, yarim himoyachilar pas berish ustida ko'proq ishlashadi. Himoyachilar uchun individual mashg'ulotlar nimalardan iborat.

- Himoyachilarda individual mashg'ulotlar ham bor. Raqibdan to'pni olib qo'yish, himoyalanayotganda joyni to'g'ri tanlash... "Bunyodkor"da ayni paytda Aleksandr Volkov aynan himoyachilar bilan individual tarzda shug'ullanadi.


- Sizga xorij klublaridan taklif bo'lganmi?
- Balki klubga meni so'rab taklif bo'lgandir. Ammo hozirgacha shaxsan menga hech qaysi chet el klubidan taklif bo'lmagan. Agarda taklif tushsa dastlab "Bunyodkor" rahbariyati bilan gaplashamiz. CHunki bu klub meni katta qildi, hech qachon "Bunyodkor"ning "yuzi"ga oyoq qo'ymayman.

- Yaqinda jamoadosh do'stingiz Eldor SHomurodov Rossiyaning “Rostov” klubiga ko'chib o'tdi. Ushbu transferdan so'ng u bilan gaplashdingizmi?

- Uning Rossiya klubiga o'tishi aniq edi, faqat klub nomi malum emasdi. Eldor bilan gaplashib turibmiz. Dastlab yakka tartibda shug'ullandi, keyinroq umumiy guruhga qo'shildi. Debyut uchrashuv oxirida 5 daqiqaga maydonga tushdi, menimcha o'zidan yomon taassurot qoldirmadi. Rossiyada faqat o'sish mumkin, agar maydonga tushaversa futbolchi sifatida o'sishga erishadi. Agar murabbiylar Eldorga imkoniyat berib ishonishsa albatta o'zini ko'rsatadi.

- Agar faoliyatingizda besh daqiqani ortga qaytish imkoniyati bo'lganida qaysi damni qaytargan bo'lar edingiz...

- Qiziq savol. U-17 Jahon chempionatida Gondurasga qarshi uchrashuvda o'tkazib yuborilgan golni qaytargan bo'lardim. O'shanda alamli tarzda mag'lub bo'lgandik.

- Akrom Komilov bilan raqobat tufayli qanotdan markaziy himoyachiga aylanganmisiz?

- Avvalo qanotda Akrom Komilov mendan ko'ra kuchliroq, buni tan olaman. Lekin raqobat tufayli markazga o'tdim deyish noto'g'ri. CHunki men aslida markaziy himoyachi bo'lganman. Faqat o'smirlar terma jamoasida Dilshod Nuraliev meni o'ng qanot himoyasiga qo'ygandi. Klubda deyarli barcha o'yinlarda markazda harakat qilganman.

- SHu yil Osiyo chempionlar ligasi guruh bosqichi doirasida “Al Ahli”ga qarshi kechgan Saudiya Arabistonidagi o'yinda siz va Akrom Komilovning qo'pol xatolari tufayli mag'lubiyat kuzatilgan. O'sha paytda nimalarni his qilgansiz?

- Uchrashuv biz uchun yomon boshlanmagandi. Akrom ham, men ham, butun jamoa o'ziga ishonayotgandi. Komilovning xatosidan so'ng unga etibor qilmadik, ikkinchi taym boshida men ham qo'pol xatoga yo'l qo'ydim...Uchrashuv paytida xatoni tezda unutish kerak. Ikkalamiz shokda edik. Yigitlar ham, murabbiylar ham bizni qo'llab quvvatlashdi.

- Mana shunday xatolar, mag'lubiyatlar yoki jarohat olganingizda “bo'ldi futboldan to'ydim”, “boshqa futbol o'ynamayman”, “etar bas, ketaman” degan fikrlar tug'ilganmi?

- Yo'q, hech qachon bunday bo'lmagan. O'zim tanlagan kasbim, kelajakda ham bunday bo'lmaydi deb o'ylayman. Inson o'zi yoqtirgan ishini sitqidildan qiladi. O'zim sevgan kasbdan hech qachon to'ymasam kerak.

- Futbolni yo'q deb hisoblaymiz. Siz qaysi kasbni egallagan bo'lar edingiz?

- To'g'risi bu haqda hech o'ylab ko'rmaganman. Agar siz etgandek futbol bo'lmaganida bir yaxshiroq o'qishga kirishga harakat qilardim. Qandaydir kasbni tanlashdan oldin instituda o'qish kerak-ku.



- Yaqinda siz O'zbekiston davlat jismoniy tarbiya institutiga hujjat topshirdingiz. O'qishga kirishga qanchalik ishonayapsiz?

- To'g'ri 1 avgust kuni imtixondan o'tdik. O'zimga ishonaman, o'qigan va o'zim bilgan savollarim tushdi. Javoblarni belgilayotganimda to'g'ri javob ekanligini his qilib turdim. Nasib qilsa shu yil albatta talaba bo'laman.

- Konfederaciyalar kubogida FIFA videotakrorlarni sinovdan o'tkazdi. Bunga munosabatingiz qanday?

- Videotakrorlar umuman kerakmas. Bu shaxsiy fikrim. CHunki o'yinlarni ko'rdim, golni aniqlashdi, penalti belgilashda hakam videotakrorlarga murojaat qilayapti, futbolchilar esa sovub qolayapti. Futbolchi sifatida bu menga yoqmadi.

- Videotakrorlar bo'lsa hakamlarning xatolari yo'qolayaptiku...

- Futbolchi ham, murabbiy ham, hakam ham xato qiladi. Xato ham futbolning ajralmas qismi. Balki atayin xato qilishi mumkin, bu Har bir insonning vijdoniga havola. Ishlamagan odamgina xato qilmaydi.

- Nega o'zbek futbolchilarining jismoniy holati past? O'yindan oldin futbolchilar yaxshilab uxlab olishadimi?

- Jismoniy holat past deb o'ylamayman. Qishda va yozda jismoniy holatni yaxshilash uchun yig'inlarda mashg'ulotlar o'tkaziladi. Birinchi davrada "Bunyodkor"da ikkinchi taym oxirida ham futbolchilar charchab qolishmadi. Boshqa klublarni bilmayman, ammo bizda shunday bo'ldi. Evropadagi futbolchilarning jismoniy holati bizdan u darajada yuqori emas. Agar bizning futbolchilar Rossiya yoki boshqa davlatga borsa klubga qo'shilib ketishi qiyin bo'ladi xolos. Agar qo'shilib ketsa o'sha erdagi futbolchilar bilan birga, tengma-teng o'ynay oladi. 30-40 foiz futbolchilarimiz Rossiyada o'ynab keta oladi, faqat murabbiylar ishonch bildirishsa bo'lgani.

- Kelishilgan o'yinlarga tarif bering...

- Kelishilgan o'yin O'zbekiston futboliga, yoshlarga, O'FFga zarar deb o'ylayman. Aytaylik tajribali futbolchi unga kelayotgan to'pni ataylab o'tkazib yuborsa  jamoadagi qolgan yoshlarda futbolga qiziqish tushib ketadi. Futbolchilar sovub qolishadi. Hozir bizda kelishilgan o'yinlar bormi yoki yo'qmi bilmayman, agar bo'lsa uni yo'qotish shart.

- Sergey Lushan haqida nima deya olasiz?

- Sergey Lushan yaxshi inson, yaxshi murabbiy... Balki u klubda yaxshi natija qayd etmagan bo'lishi mumkin, ammo yomon natija ham qayd etmadi. Agar shu inson bo'lmaganida Doston Hamdamov, Eldor SHomurodov, Akrom Komilov, Otabek SHukurov va Rustam Ashurmatovni hozir hech kim tanimagan bo'lardi. Katta ehtimol bilan yuqoridagi futbolchilar endi-endi oliy ligada maydonga tushishni boshlayotgan bo'lardilar. Eldor va Otabek “Mashal”da o'ynab yurgan bo'lisharmidi. SHu bois Sergey Ivanovichga qancha rahmat aytsak ham kam.

- “Bunyodkor”da qancha maosh olasiz?

- Maoshni aniq ayta olmayman. Lekin jamoadoshlarimdan ko'ra kamroq pul olaman. Sababi klub bilan professional shartnomani yoshlar jamoasida o'ynab yurganimda tuzganman. O'shandagi maoshim o'zgarmadi, sababi shartnomam o'zgarmadi. Yaqin orada yangi shartnoma borasida muzokara o'tkazamiz.

- Rustamjon Ashurmatovning yoqtirgan qizi bormi?

- Menimcha har bir yigit kishi yoshligida qizlar bilan gaplashgan, gaplashadi... Futbolchilarda ham shunday. Lekin hozircha uylanish rejamda yo'q.

- Agar uchrashib qolsangiz Serxio Ramosdan nima so'ragan bo'lardingiz?

- Futbol o'ynashdan maqsadingiz nima deb so'ragan bo'lardim. Nimagaki bizda futbol o'ynashdan maqsad birinchi navbatda pul topish. Balki ularda ham shundaydir, balki boshqachadir. SHuni bilishni istardim. Men uchun ham birinchi o'rinda pul topshimi? Bundan oldin maoshim kamligini aytdimku (kuladi). To'g'ri har bir futbolchi yaxshi maosh olishni istaydi, ammo hech bir futbolchi maydonga tushib hayolida pul sanamaydi.

- Mirjalol Qosimovga tarif bering...

- Mirjalol Qo'shoqovich bilan yaqinda birga ishlashni boshladik. O'z ishining ustasi. Futbolchi bo'lganliklari uchun istalgan savolga javob olish mumkin. Kuchli murabbiy.

- Istaysizmi yo'qmi Mirjamol Qosimov faqat dadasi bosh murabbiy bo'lgani uchun asosiy tarkibda maydonga tushayapti deydiganlar ham topiladi. Sizning bunga munosabatingiz qanday?

- Balki shunday deyishar. Sergey Lushan paytida ham Mirjamol maydonga tushib turardi. Dadasi bosh murabbiy bo'lgani uchun Mirjamolga ikki xissa bosim tushadi. Ishoning u bizdan ham ko'proq mashq qiladi. Yani muxlislar “dadasi tufayli o'ynayapti” demasliklari va o'zining kuchli futbolchi ekanligini isbotlashga urinadi.


- Samvel Babayan bilan ozgina bo'lsa ham ishladingiz. U qanday murabbiy?
- Kuchli ruhshunos. Buni menimcha barcha futbolchilar aytgan. Har bir o'yinga futbolchilarni ruhan tayyor qilib tushiradi. Xorij jamoalaridan o'zi uchun kerakli narsalarni oladi va o'yinlardan oldin namuna sifatida ko'rsatadi. Har bir raqibga qarshi o'yinga juda jiddiy tayyorgarlik ko'riladi. Muxlislar Lobanov, Andreev, Sergeevni “Babayanning o'g'li” deb aytishlari mumkin. Lekin futbolchilarda nima ayb? Har qanday futbolchi terma jamoaga chaqiruv olsa xursand bo'ladi  va maydonga tushib o'zining borini berib o'ynaydi.

- Xitoy va Janubiy Koreya bilan o'yinlardan oldin imkoniyatimiz qanday? Jahon chempionatiga chiqamizmi?

- Bunga 100 foiz ishonaman. CHunki ozgina bo'lsa ham jamoada bo'ldim, yigitlar bo'lajak o'yinlarga o'zlarini 100 foiz emas, 1000 foiz tayyorlashadi. Xitoyni bir necha bor yutganmiz, safarda bo'lsa ham g'alaba qozonishimizga ishonaman. To'g'ri Janubiy Koreya kuchli. Jamoadagi barcha futbolchilar Evropada o'ynaydi. Ularni faqat ishtiyoq tufayli yutishimiz mumkin. Hozir taktika ham boshqasi ham kerak emas. O'sha Gvardiola, o'sha Mourinoni olib kelsangiz ham terma jamoaga yordam bera olmaydi. Barchasi futbolchilarning o'ziga bog'liq. SHaxsiy fikrim 90 daqiqa himoyaga yotib olsak hech nima qila olmaymiz. Koreya bunday holatda baribir gol urib ketadi. SHu bois aql o'rgatish emasku tengma-teng hujumkor o'yin bo'lishi kerak deb o'ylayman. Bu futbolchi Rustam Ashurmatovning fikri xolos.

- Ingliz tilini o'rganayotganingizni bilamiz...

- To'g'risi hozircha bu jarayon to'xtab qolgan. O'qituvchi bilan ham gaplashib qo'ydim. Yaqin kunlarda til o'rganishni davom ettiraman. Xorijda o'ynashga tayyorgarlik sifatida ingliz tilini o'rganayapman. Agar chet elga bormasam ham o'zim uchun qo'shimcha til bilish ortiqchalik qilmaydi.  

- Muxlislarga tilaklaringiz.

- Muxlislar terma jamoani etarlicha tanqid qilishdi. Barcha tanqid qilib bo'ldi, barcha aytadigan gaplar aytib bo'lindi. Yomonni yomon deyaversangiz yaxshi bo'lib qolmaydiku to'g'rimi, shunday ekan keling terma jamoani qo'llab-quvvatlaylik. Nasib qilsa o'sha Jahon chempionatiga ham chiqamiz. Barcha muxlislar sog' bo'lishlarini tilab qolaman.

Narzulla Saydullaev


VIDEO. Rustam Ashurmatov: "Jahon chempionatiga chiqishimizga 100 foiz ishonaman"

Reyting: +2   

Fikrlar

championat.asia
< so’nggi yangiliklarni ko’rish
Яндекс.Метрика