Penalty. Anvar G'ofurov: “Abramov jamoasida o'ynashni istamaganman”
06 may 2017 15:09
Yangiliklar
Penalty. Anvar G'ofurov: “Abramov jamoasida o'ynashni istamaganman”
Aslida loyiha yakunlangani haqida elon qilingandi. Biroq ko'plab talab va istaklarni inobatga olgan holda loyihani yana tiklashga qaror qildik. Penalty'ning bir qator muxlislaridan iliq fikrlar eshitdik. SHu sabab loyiha yana davom etadi...
O'zbekiston terma jamoasi sobiq futbolchisi, o'z vaqtida “Paxtakor”, “Mashal” va “Bunyodkor” kabi klublarda faoliyat olib borgan, ayni paytda Toshkentning “Obod” klubida o'ynayotgan tajribali himoyachi Anvar G'ofurovni loyihamiz mehmoni bo'ldi. G'ofurovning faoliyati qiziq voqealarga boy bo'lgan ekan.
- Dadangiz tug'ilmasingizdan oldinoq futbolchi bo'ladi deb orzu qilgan ekanlar. Bu qanchalik rost?
- Bu to'g'ri (kuladi). Haqiqatdan ham dadam tufayli futbolchi bo'lganman. O'zlari futbolchi bo'la olmaganlari uchun o'zlariga o'g'limmi futbolga beraman deb vada bergan ekanlar. Akam Jamshid ham futbolchi bo'lgan. Ammo juda yosh futbolga kirib kelgan va birinchi ligada o'ynagandi. Jarohat tufayli faoliyati uzoq davom etmadi.
- Valeriy Ivanovich Makovenko haqida gapirib bering.
- Bu inson mening futboldagi birinchi murabbiyim hisoblanadi. Samarqanddagi futbol maktabida shu kishining qo'l ostida futbolning ilk saboqlarini olganman. Juda ham qattiqqo'l va talabchan inson edi. Bu insondan har doim minnatdorman.
- Salbiy hislatlaringiz qaysilar?
- Bilmayman. Yutqazishni yomon ko'raman. Agar qo'limizdan kelsayu lekin yutqazayotgan bo'lsak g'azablanaman. Lekin jahlim chiqsa ham raqibga qo'pollik ishlatmayman, hakamga ham etiroz bildirmayman. SHu bois ham kam qizil kartochka olgan bo'lsam kerak.
- Professional faoliyatingiz 2000 yil “So'g'diyona”da boshlangan. Ikkinchi ligadan sizni kim oliy ligaga chaqirgan?
- “Oltin boshoq” jamoasi bilan birinchi ligaga chiqish uchun bizning jamoa kurashgandi. Ammo yakunda aynan “Oltin boshoq” birinchi ligaga yo'l olib meni tarkibiga chaqirgandi. Men asosiy raqobatchimiz safiga qo'shilishni istamaganman. Biroz vaqt o'tib oliy ligada o'ynayotgan “So'g'diyona” ustozi Rauf Inileev meni jamoaga chaqirgandi. O'sha yil ilk bor oliy liga klubi yig'inida ishtirok etganman. Juda ham qiyin bo'lgan. Ikkinchi ligadan darhol oliy ligaga o'tish men uchun juda og'ir bo'lgan. Futbolda pul topish uchun “temirdan tish” kerak degan odam juda ham to'g'ri aytgan.
- 4 yil oldin bergan intervyuingizda – “Tuxum qovurishni bilaman. Ovqat tayyorlashda tajribam juda kam”, - degan ekansiz. Hamon shundaymi?
- (kuladi) Tan olaman hamon shunday. Oshxonadan ancha yiroq insonman. “CHumchuq so'ysa ham, qassob so'ysin”. SHukurki turmush o'rtog'im shirin shirin ovqatlar tayyorlab beradi. Men uchun esa ovqat qilishdan ko'ra futbol o'ynash osonroq (kuladi).
- 2002 yil “Paxtakor”ga o'tgansiz... Bu tranfser qanday amalga oshgan?
- “So'g'diyona”da o'ynab yurganimda terma jamoaga chaqiruv olib turardim. O'sha yillarda “Paxtakor” terma jamoa bazasi sifatida shakllantirilayotgandi. SHu bois bo'lsa ham “Paxtakor” murabbiylari meni klubga chaqirishgandi. O'sha mavsum O'zbekistonga bir chiziqli himoya taktikasi kirib kelgandi. 4-4-2 taktikasiga o'tilgandi. “SHerlar” safida 2002 yil ko'p o'ynaganman, ammo 2003 yil boshida jarohat olib o'zimni yaxshi his qilmaganman. “Paxtakor” safida faoliyatimda ilk bor O'zbekiston chempioni bo'lganman va O'zbekiston kubogi sohibiga aylangandim. Tabiiyki xursand bo'lganman, lekin qanday yutuqqa erishganimni u qadar yaxshi tushunib etmagandim. Yosh edim juda. Osiyo chempionlar ligasida ham “Paxtakor” safida debyut qilgandim.
- 2003 yil yozda “Navbahor”ga Viktor Jalilov chaqirgan ekan. Namangandagi faoliyatni qanday yodga olasiz?
- Ha, Viktor Romanovich tufayli Namanganga o'tgandim. Tajribali futbolchilar ham, yosh futbolchilar ham bor edi. Yoshlik va tajriba uyg'unlashgan edi. Esimda bor vazifa uchinchi o'rinni olish edi. “Qizilqum”dan birinchi davrada 12 ochkoga ortda qolayotgandik. Ikkinchi davrada faqat bir marta Toshkentda “Paxtakor”ga yutqazgandik qolgan o'yinlarda, shu jumladan “Qizilqum”ni safarda mag'lub etib, yakunda bronza medali sohibiga aylangandik.
- Agar futbolchi bo'lmasam geografiya o'qituvchisi bo'lardim degansiz. SHu rostmi?
- Rost shunday deganman. Sababi geografiya o'qituvchimiz maktabimiz direktori edi. Ularning darslari bo'lishini doim kutardim. O'zim ham geografiga qiziqardim.
– Buni sinab ko'rish uchun bir nechta savol beramiz
Argentina poytaxti?
– Buenos Ayres
– Yaponiya poytaxti?
– Tokio
– Eng baland tog'?
– Everest bo'lsa kerak.
– Evropa va Osiyoni ajratib turuvchi tog'?
– To'g'risi bilmas ekanman.
– To'g'ri javob: Ural.
- 2005 yil Samarqandning “Dinamo” klubiga kim chaqirgan? O'sha jamoada hozirda og'ir dardga chalingan Sirojiddin Sayfiev bilan birga o'ynagansiz...
- O'sha mavsum oldidan Buxoroda yig'inda ham ishtirok etgandim. “Dinamo” esa yoki birinchi liga yoki oliy ligada o'ynashi kerak edi. Samarqand jamoasi murabbiylari meni chaqirishgandi. Uydagilar bilan maslahatlashib “Dinamo”ga o'tishga qaror qilgandim. O'tish o'yinida “Andijon”ni taslim qilgandik. Sirojiddin Sayfiev insoniylik, tarbiya tomonidan juda ajoyib. Futbolchi sifatida o'z ishini yaxshi bajarardi. Sayfiev o'ng yoki chap qanot yarim himoyasida harakat qilardi. Men chap qanot himoyasida o'ynaganman. Yani deyarli elkama-elka to'p tepganman desam ham bo'ladi. Sirojni barchamiz qo'llab-quvvatlayapmiz, xudo xohlasa barchasi yaxshi bo'ladi.
- Keyin “Mashal”dagi faoliyatingiz boshlangan...
- Muborakka ham Viktor Jalilov chaqirgandi. Jamoa bir mavsum oldin kumush medali olib OCHLga yo'llanma olgandi. Tarkibdagi deyarli barcha yigitlarni yaxshi tanirdim. Men, Kamoliddin Kenjaev, Zafar Xolmurodov, Botir Qoraev va Viktor Klishin kabi futbolchilar 2006 yil jamoaga kelgandik. SHaxsiy fikrim o'sha tarkib bilan Osiyo chempionlar ligasida guruhdan chiqishimiz kerak edi. O'z imkoniyatlarimizdan to'liq foydalana olmagandik.
- Futbolchilikdan tashqari erishgan eng katta yutug'ingiz qaysi?
- Oilam. Ota-onam. Do'stlarim, tanishlarim.
- Siz himoyachisiz 2008 yil “Navbahor” bilan o'yinda dublga erishgansiz. Bu qanday sodir bo'lgandi?
- Juda ham yaxshi eslayman. Yirik hisobda yutgandik. Birinchi golimni boshim bilan urgandim, ikkinchi golimni esa chap oyoqda raqib darvozasiga urgandim. O'shandan keyin oliy ligada boshqa dublga erishmadim.
- “Mashal”dan keyin “Bunyodkor”da o'ynadingiz. Faoliyatingizning bu davri qanday o'tgan?
- Ajoyib o'tgan. Bir necha bor O'zbekiston chempioni bo'lganman, O'zbekiston kubogi sohibiga aylanganman. Osiyo chempionlar ligasida yarim finalga chiqqandik. Yulduzli “Bunyodkor”da o'ynaganimdan faxrlanaman. Men uchun juda katta maktab bo'lgan. Pul ko'p bo'lgan, buni hamma biladi. Biroq futbolchilar pulni o'ylashmasdi. Mashg'ulotlarga kelib maza qilib uyga qaytardik. Jamoa juda ahil edi.
- Oilangiz haqida gapirib bering.
- 2009 yil oila qurganman. Xudoga shukur ikki nafar farzandim bor. Qizim Aysel 7 yoshda, o'g'lim Miron 3ga to'ldi.
- Skolari qanday murabbiy edi? O'sha “Bunyodkor”ning hech bo'lmaganda OCHL finaliga chiqishiga nima etishmagan deb o'ylaysiz?
- O'sha davrda Skolari juda kuchli murabbiy edi. O'yinni o'zgartirib yuborishga usta edi. Esingizda bo'lsa “Paxtakor”ga qarshi derbilardagi qizil kartochkadan keyingi g'alabalar... Skolari hujumchi Xose Luis Vilyanuevani almashtirardi. Hujumchisiz qanday g'olib bo'lamiz deb o'ylardik. Ammo yakunda baribir yutardik. Barchasi Skolarining xizmatlari edi. Menimcha Skolarining nima talab qilganini oxirgacha tushuna olmaganmiz. Gap tarjimonlarda emas, murabbiy bizga g'alabaning oddiy formulasini berardi. Futbolchilar esa yangicha formula orqali yutishga urinardik. Sababi shunda bo'lsa kerak.
- 2013 yil oxirida “Lokomotiv”ga o'tgansiz ammo ikki oydan so'ng shartnomani bekor qilib “Bunyodkor”ga qaytgansiz. O'shanda nima bo'lgandi?
- Abramov tufayli shartnomani bekor qilgandim. Men kelganimda Hakim Fuzaylov bosh murabbiy edi. Ammo fevral oyida OCHL pley-off bahsida yutqazib qo'ygach Fuzaylov ketgan o'rniga Abramov kelgandi. Vadim Karlenovich bosh murabbiy bo'lgach u bilan sizning jamoaingizda o'ynamayman deb aytganman. Buning o'ziga xos juda katta sababi bor. Ammo hozir buning sababini aytishni istamayman. Bu doim ichimdagi sir bo'lib qolsa kerak. “Lokomotiv” rahbariyatiga o'sha paytda mening holatimni to'g'ri tushunib shartnomani bekor qilishganiga rahmat aytaman.
- Siz borgan eng chiroyli shahar qaysi?
- Barchasi yoqqan. Ko'proq Sidney manzur bo'lgan. O'zbekiston terma jamoasi safida Avstraliyaga borgandim. Bundan tashqari “Bunyodkor” bilan Adelaidaga ham borgandim.
- O'tgan yil yozda “Obod”ga o'tgansiz. O'sha paytda oldingizga qanday maqsad qo'ygandingiz?
- O'zimga savol bergandim: “Qani yangi jamoaga yordam bera olasanmi, nimaga qodirligingni ko'rsata olasanmi?”. SHukurki o'tgan mavsum oliy ligada qolgandik. Bu mavsumda ham maqsadimiz shunday desak bo'ladi. Sababi barcha klublar o'z saflarini kuchli futbolchilar evaziga kuchaytirib olishgan. Biz ham ularga osongina mag'lub bo'lmaymiz, albatta. Har bir o'yinda oxirigacha kurashamiz.
- 2013 yil Tailand klubida ko'rikda bo'lib qaytgansiz. Transfer nimaga amalga oshmay qolgandi?
- To'g'ri aytdingiz ikki hafta davomida klub yig'inida bo'lgandim. O'sha murabbiydan ham o'zim uchun kerakli jihatlarni olgandim. Ammo transfer nimaga amalga oshmaganini men bilmayman. Agent va o'sha klub rahbariyati biladi xolos. O'zimga qolsa legioner sifatida sinab ko'rishga tayyor edim.
- Futboldagi eng og'ir davrni esga ololasizmi?
- Mag'lubiyatlardan keyin doim qiynalaman. Ammo u qadar juda og'ir davrni eslay olmayman. SHukurki jiddiy jarohat ham olmaganman.
- O'zbekiston terma jamoasida 20dan ortiq o'yin o'tkazgansiz. Eng yodda qolgan o'yin qaysi?
- Barcha o'yinlarim yodda qolgan. Vatanimiz terma jamoamiz safidagi har bir bahs men uchun sharafli va yodda qolarli bo'lgan.
- Ananaviy so'nggi savol yodingizda qolgan penalti yoki penaltilar seriyasi?
- JCH-1994 yil finalida Roberto Badjoning noaniq zarbasi. 2005 yil Evropa chempionlar ligasi finalida Andrey SHevchenkoning penaltilar seriyasida gol ura olmagani. Taqdirni hal qilgani uchun gol ura olmaganlarni ko'proq eslayman. Gol urganlarni hech kim eslamaydi (kuladi).
Narzulla Saydullaev suhbatlashdi
Foto: Tolibjon Qosimov
Fikrlar