Pedru Moreyra "Al Hilol"ga qarshi kechadigan bahs oldidan nimalar dedi? (to'liq matbuot anjumani)
03 mar 16:00
Yangiliklar


Pedru Moreyra "Al Hilol"ga qarshi kechadigan bahs oldidan nimalar dedi? (to'liq matbuot anjumani)
"Biz uchun kutilmagan saralash bo'ldi. Qiyin bahs bo'lishi aniq, ertaga juda tartibli va kuchli jamoaga qarshi o'ynaymiz. So'nggi matbuot anjumanida bu haqda gapirib o'tmagandim, lekin biz o'yindan o'yinga kuchayib borishni maqsad qilganmiz. Ertaga pley-off bosqichidagi dastlabki uchrashuvni o'tkazamiz. Bizning bu bahsga qadar etib kelishimizga o'tgan mavsumdagi mehnatlar sababchi. Shuningdek, Maksim Shackixga ham minnatdorchilik bildiraman. "Al Sadd"ga qarshi kechgan bahsda futbolchilar namoyish etgan mahorat tufayli biz o'z yurishimizni davom ettiryapmiz. Osiyoning eng kuchli jamoalaridan biriga qarshi qiyin o'yin bo'lishini kutmoqdaman. Raqibimiz ushbu musobaqada eng ko'p g'olib chiqqan jamoalardan biri. Bunday sovuq ob-havoga qaramay biz muxlislarni xursand qilishga intilamiz va jamoam ertaga chiroyli o'yin namoyish etishiga ishonaman" - dedi Pedru Moreyra.
Shahzod Azmiddinov
"Bosh murabbiyimiz bilan raqibning kuchli va kuchsiz jihatlarini o'rganib chiqdik. Biz shundan kelib chiqib, ertangi bahsda "Paxtakor" shanini munosib ravishda himoya qilishga harakat qilamiz"
- "Al Hilol" jamoasining so'nggi o'yinlardagi natijalari unchalik quvonarli emas. Raqib jamoani yaxshi o'rganib chiqdik deb aytib o'tdingiz. "Al Hilol"ning kuchli va kuchsiz jihatlari haqida to'xtalib o'tsangiz...
- Biz juda-juda kuchli jamoaga qarshi o'ynaymiz. O'tgan mavsumda "Al Hilol" mag'lubiyatsiz seriya qayd etdi va rekord o'rnatdi. Jamoa bosh murabbiyi esa ushbu musobaqada ishtirok etayotgan murabbiylar orasida eng ko'p sovrin yutgan murabbiy hisoblanadi. Jamoa fantastik darajadagi sifatli futbol namoyish etadi. Biz "Al Hilol"ni hurmat qilamiz, ammo o'zimiz nimaga qodir ekanligimizni ko'rsatishimiz ham kerak. Biz nimaga qodir ekanligimizni va qanday futbol o'ynash olishimizni ko'rsatishimiz kerak. To'g'risini aytaman, biz keyingi bosqichga osonlik bilan chiqa olishimizni kutmagandik. Endi biz o'z kuchimizni namoyish etishimiz kerak.
"Al Hilol" guruh bosqichini birinchi o'rinda yakunladi va ular har bir o'yinda o'rtacha 60% vaqt davomida to'pga egalik qilishadi. Biz o'z imkoniyatlarimiz uchun kurashamiz. Bizning ham rejalarimiz bor. Avvalroq aytib o'tganimdek, biz "Paxtakor" uchun barqaror kelajak yaratishni maqsad qilganmiz va mana shunday o'yinlardagi natijalar orqali o'z maqsadimizga erishishimiz mumkin.
- Janob bosh murabbiy, "Paxtakor" ertaga Osiyoning eng kuchli jamoasiga qarshi kurash olib boradi. Ertaga jamoangiz ko'proq himoyaviy o'yin namoyish etadimi yoki imkon qadar raqib bilan tengma-teng o'ynashga intilasizlarmi? Masalan, o'tgan matbuot anjumanida siz "Paxtakor" har doim dominant bo'lishi va hujumkor futbol namoyish etishni maqsad qilganini aytib o'tgandingiz. Ertangi uchrashuvda ham ushbu falsafaga sodiq qolasizlarmi?
- Biz har bir musobaqaga va har bir raqibga o'zgacha yondashishimiz kerak. Biz o'z rejamizga ko'ra ish tutamiz, biroq o'yin har doim ham biz istagan scenariy ostida kechmasligi mumkin. Biz bahsning turli xil rivoj olishiga tayyor bo'lishimiz kerak. Biz ertangi bahsning har bir detallarini o'rganib chiqdik.
Biz qanday raqibga qarshi o'ynayotganimizni bilamiz. Agar raqib bosim qilsa, bosimga moslashishimiz kerak. Imkoniyatimiz paydo bo'lsa, undan foydalanishimiz kerak. To'pga egalik qilsak, imkon qadar uni saqlab qolishimiz kerak. Shunday harakatlar orqali biz raqibga jang taklif qilamiz. To'g'ri, biz ertaga musobaqada g'olib bo'lish uchun asosiy favoritlardan biriga qarshi o'ynaymiz, biroq musobaqadagi ishtirokimizni davom ettirishni istasak kurashishimiz kerak.
- Janob Moreyra, siz asosiy savolga javob bermadingiz. "Paxtakor" ertaga himoyaviy uslubni tanlaydimi yoki ochiq futbol ko'rishimiz mumkinmi? Masalan, "Navbahor" ikki mavsum avval "Al Hilol" bilan to'qnash kelgan. O'shanda "Navbahor" himoyaviy o'yin namoyish etgan va deyarli 85 daqiqa himoyalangan, lekin shunga qaramay namanganliklar "Al Hilol"dan ochko tortib olishgan edi.
- Bir narsani tushunishimiz kerak. Futbolda barcha jamoalar har bir uchrashuvda g'alaba qozonishni istaydi, ammo har doim ham bunday bo'lavermaydi. Biz ertaga mintaqadagi eng kuchli jamoalarning biriga qarshi o'ynaymiz. Agar to'pga egalik qiladigan bo'lsak, o'z o'yinimizni raqibga taklif qilamiz. Imkoniyatimizdan kelib chiqib, hujumkor futbol namoyish etishga intilamiz.
Masalan, "Al Garafa"ga qarshi kechgan o'yinda umuman vaziyatlar yarata olmadik. Biroq "Al Sadd"ga qarshi o'yinda esa vaziyatlarga ega bo'ldik va o'yinimizni o'zgartira oldik. Vada beraman, biz imkon qadar ochiq o'yin namoyish etishga harakat qilamiz. Qolgani esa raqibdan bog'liq. "Al Hilol" fantastik tarkibga ega va 60% to'pga egalik qiladi. Ular zo'r hujum qilishadi, zo'r himoyalanishadi va zo'r pressing qilishadi. Barchasi eng yuqori darajada. Biz qanday kuchli jamoaga qarshi maydonga chiqishimizni anglab olishimiz kerak. Faqatgina shunday keyin, o'z qurollarimizni ishga solsak bo'ladi.
Shahzod Azmiddinovga savol
- "Al Hilol"ning asosiy hujumchisi Aleksandr Mitrovich jarohati tufayli ertangi bahsni o'tkazib yuboradi. Biroq Saudiya chempionining ikkinchi hujumchisi Markos Leonardo joriy yilning o'zida 15ta gol urishga muvofiq bo'libdi. Bu "dahshatli" ko'rsatkich. Umumiy olganda, ertaga "Paxtakor" himoyachilari "Al Hilol"ning hujumchilarini qanday to'xtatib qolmoqchi?
- O'yinga 100% tayyormiz. "Al Hilol" Osiyoning eng kuchli jamoasi ekanligini va jamoa tarkibida TOP futbolchilar borligini bilamiz, ammo biz ham o'zimizni ijobiy tomonlama namoyish etishga va darvozamiz daxlsizligini saqlab qolishga intilamiz.
Shahzod Azmiddinovga savol
- Bugun shahrimizda qor yog'di va havo ancha sovuq. Ushbu jihat ertangi bahsda bizga ustunlik berishi mumkinmi? "Al Hilol" futbolchilari bunday ob-havoda futbol o'ynashga ko'nikmagan...
- Ertaga maydonda ikki jamoadan 11 nafar futbolchi maydonga tushadi va jamoalar bitta maydonda futbol o'ynashadi. Mening fikrimcha, bu bizga kichik ustunlik bo'lishi mumkin.
- "Al Sadd"ga qarshi o'yindan oldin barcha etibor ushbu bahsga qaratildi degan edingiz. Yani jamoa bir hafta davomida faqatgina "Al Sadd" haqida o'yladi va tayyorgarlik ko'rdi. "Al Hilol"ga qarshi tayyorgarlik ham xuddi shunday bo'ldimi? Masalan, yondashuv, ishtiyoq va etibor jihatidan...
- Biz o'zimiz namoyish etishni istaydigan futbol nusxasini yaratishimiz kerak. Shu orqali o'zimiz uchun eng ideal o'yin uslubiga ega bo'lishimiz mumkin. Biz buni Antaliyada sinab ko'rdik. Shuningdek, biz ancha adaptiv va ko'nikuvchan jamoa bo'lishimiz kerak. O'z falsafamizni bilishimiz va qo'shimchasiga turli xil raqiblarning o'yiniga tayyor bo'lishimiz kerak. Bunday musobaqada motivaciyasiz ishtirok etib bo'lmaydi.
- "Paxtakor"ning yosh futbolchisi Muhammadali O'rinboev hozir ajoyib sport formasida. O'rinboevga ham yaqin vaqt ichida imkoniyat beriladimi?
- O'rinboev ancha iqtidorli futbolchi, ammo men u bilan bor-yo'g'i ikkita mashg'ulotda ishladim. O'rinboev hozircha bizga kerakli bo'lgan darajada tayyor emas. O'zbekistonda ko'p iqtidorli futbolchilarni ko'rgandim. Bizning jamoada kuchli futbolchilar ko'p va har bir sportchi asosiy tarkibdan joy olishga munosib ekanligini isbotlashi kerak. Agar O'rinboev ertangi uchrashuvda bizga kerakli bo'lsa, men unga imkoniyat berishga tayyorman. Sizlarda sifatli va ambiciyaga to'la yoshlar ko'p, ammo ular muntazam ravishda qanday iqtidorli futbolchi ekanliklarini isbotlab kelishi kerak. Har bir futbolchi o'z ambiciyalarini maydonda namoyish etishi kerak. Agar ular maydonda buni ko'rsatib berishga, men ularga imkoniyat taqdim etaman. Menga futbolchining yoshi, pasporti qiziq emas. Menga futbolchining maydondagi o'yini qiziq.
O’xshash yangiliklar

Fikrlar