"Paxtakor" stadioniga muxlislar tashrifini oshirgan sabab qaysi?
21 iyu 2021 17:40
Yangiliklar
"Paxtakor" stadioniga muxlislar tashrifini oshirgan sabab qaysi?
Malumot uchun, 2020 yilning mart oyida karantin holati elon qilinguniga qadar Superliganing dastlabki 3 ta tur o'yinlari o'tkazilgan edi. O'sha bahslarda "sherlar"ning uy uchrashuvlariga o'rtacha hisobda 10 mingga yaqin muxlis tashrif buyurgan.
Joriy mavsum doirasidagi dastlabki 3 o'yinda "Paxtakor" markaziy stadioniga tashrif buyurganlar soni esa 3 349 nafarni tashkil qildi ("Mashal" bilan o'yinda (2-tur) → 1679, "Metallurg" (4-tur) → 413, "Qo'qon-1912" (8-tur) →1257). Yani, har o'yinga o'rtacha 1 116 muxlis. Bu Superliga ishtirokchilari orasida eng yomon natija bo'lib turgandi. Toki...
... toki 10-turga qadar. "Paxtakor" 19 iyun kuni Jizzaxning "So'g'diyona"sini qabul qildi. Mazkur o'yinni 10 560 nafar futbol ishqibozi bevosita stadionning o'zidan kuzatib bordi va tur rekordi qayd etildi. Malumot uchun, bu oldingi 3 ta o'yindagi umumiy ko'rsatkichdan 3 barobarga ko'proq.
Fakt: "Paxtakor" stadioniga so'nggi bor 10 mingdan ortiq muxlis 2020 yilning 27 fevralida kelgan edi. O'shanda "sherlar" "Navbahor"ni 2:1 hisobida mag'lub qilgan.
Muxlislar tashrifi bo'yicha oldingi turlarda "Navbahor" jamoasi etakchi bo'lib kelayotgan edi. 10-turda esa Namangandagi o'yingohga "Paxtakor"ga nisbatan 2 barobar kamroq muxlis tashrif buyurdi (5 100).
Fakt: So'nggi bor bunday holat 2019 yilning 1 oktyabrida sodir bo'lgan. Eng qizig'i, o'shanda ham "Paxtakor" "So'g'diyona"ni qabul qilgan va o'yinni 10 270 kishi bevosita stadionning o'zidan kuzatgandi. O'sha kuni "Navbahor" 5 332 nafar muxlis guvohligida "Dinamo"ni qabul qilgan.
"Paxtakor" markaziy stadioniga muxlislar tashrifining keskin oshishiga nima sabab bo'ldi?
Buni bir nechta sabab bilan izohlash mumkin.
1. O'zPFL barcha o'yinlar startini 20:00 ga ko'chirdi. Bu nafaqat o'yinchilarga futbol o'ynash uchun, balki muxlislarga tomosha qilish uchun ham qulay vaqt.
Qo'shimcha qilamiz, shunga mos ravishda jamoat transportlarining qatnovi ham qulaylashtirilsa, futbol muxlslari uchun ayni muddao bo'lardi. 20:00 da start oladigan futbol matchi 22:00 lar atrofida yakunlanadi. Xabaringiz bor, poytaxtda bunaqa vaqtda avtobuslar harakati deyarli to'xtaydi. Viloyatlardagi holatniku tasavvur qilib olavering.
2. "SFI Management Group" kompaniyasi "Paxtakor" klubining 80 foiz akciyasidan voz kechgach, bu akciyalar Toshkent shahar hokimiyatiga qaytdi. Hokimiyat "So'g'diyona" bilan o'yindan oldin kichik konsert dasturini tashkil qildi va tanaffusda muxlislar uchun yutuqli sovg'alar o'ynaldi. Bu ham ishqibozlar etiborini tortadigan jihatlardan biri hisoblanadi.
3. Markaziy o'yin. Ikkala klub 10-turga qadar musobaqa jadvalida 1 va 2-o'rinlarni bo'lishib turgandi. O'zbekiston chempionatining etakchilari to'qnashgani uchun ham o'yinga nisbatan muxlislarning qiziqishi ortgan bo'lishi mumkin.
4. Jizzaxlik muxlislarning salmog'i. "Paxtakor" oldingi turlarda Muborak yoki Qo'qon jamoalarini qabul qilgan bo'lsa, bu gal nisbatan yaqinroqdagi Jizzax klubi bilan to'qnashdi. Bu o'z-o'zidan mehmon jamoa muxlislari raqamlarni ko'tarib yubordi, degan xulosani ham o'rtaga tashlaydi.
P.s. Lekin, bunga qo'shilmaymiz. Stadionga kelganlar "So'g'diyona" muxlislari joylashgan sektor to'lmaganiga guvoh bo'lishdi.
5. Futbol sog'inchi. FIFA kunlari sabab Superligada 1 oylik tanaffus yuzaga keldi. Tabiiyki, ishqibozlar futbolni sog'inishgan va raqamlarning o'zishiga bu ham o'z tasirini ko'rsatgan bo'lishi mumkin.
6. "Majburiy-ixtiyoriy" tashrif. O'yindan keyin muxlislarning asosiy qismini hokimiyat va shahar hokimiga aloqador bo'lgan boshqa korxonalar xodimlari tashkil qilgani haqida gapirganlar ham topildi. Ammo, hozircha hech qaysi korxona xodimlarining etirozlari haqida eshitmadik.
Xullas, "Paxtakor"ning uy uchrashuvini kuzatish uchun katta tanaffusdan keyin yana 10 ming nafar muxlis keldi. Bu ko'zni quvontiradigan holat, albatta. Yuqorida muxlislar oqimining o'sishiga tasir ko'rsatgan ehtimoliy omillar haqida shaxsiy qarashlarimizni keltirdik. Qadrli muxlis, sizning bu boradagi fikringiz qanday?
F. Ro'ziev
Fikrlar