So’nggi yangiliklar

19:42Франция футбол Федерация ПСЖнинг "Мбаппе иши" бўйича апелляциясини рад этди  0 19:31Суперлига. "Нефтчи" – "Насаф" 2:0. Highlights  1 19:20Суперлига. "Қизилқум" — "Навбаҳор" 1:3 (матнли трансляция)  5 19:17Анвар Бердиев: "Мақсадимиз — Суперлигага чиқиш"  0 18:59Фарҳод Нишонов: "Ҳакам қарорини муҳокама қилишни истамайман, аммо..."  0 18:34Моуринью яна Роналду билан бирга ишлаши мумкин  0 18:08ПРО-Лига. Расман — "Шўртан" плей-оффнинг иккинчи иштирокчиси!   2 18:05Чемпион "Насаф" Фарғонада "Нефтчи"га мағлуб бўлди  40 17:43Суперлига. "Қизилқум" - "Навбаҳор": Асосий таркиблар маълум  2 17:09ПРО-Лига. 5 та гол урилган ўйинда "Бухоро" "Арал"дан устун келди  2 16:49ПСЖ янги машғулот марказини очди  0 15:32Жорж Микаутадзе фаолиятини "Ювентус"да давом эттириши мумкин  1 15:01"Манчестер Сити" Холандга янги шартнома таклиф қилмоқчи  2 14:40Тимур Кападзе: "Ўйин томонлама "Насаф"ни эътироф этаман, мавсум ўртача ўтмоқда"  16 14:27ПРО-Лига. "Бухоро" - "Арал": Асосий таркиблар маълум!  0

Pavel Leus: "Buxoro" o'yinlariga afisha ham kerak bo'lmasdi" Yangiliklar

Pavel Leus: "Buxoro" o'yinlariga afisha ham kerak bo'lmasdi"

Teglar :  IntervyuPavel Leus
Litvalik sobiq darvozabon Pavel Leusni muxlislar yaxshi eslaydi. U o'z paytida oliy liganing beshta klubida faoliyat olib borgandi.

Uning O'zbekistondagi ilk klubi 2008 yil “Nasaf” bo'lgandi, oxirgi jamoasi esa “Navbahor”. 22-30 sentyabr kunlari “Inter Sport” kompaniyasi tashabbusi bilan Boltiqbo'yi mamlakatlarida bo'lishimga to'g'ri keldi.

“Inter Sport” futbolchilari Evropada uchta o'rtoqlik uchrashuvi o'tkazgan bo'lsa, oxirgi o'yin Kaunas shahrida “Jalgiris”ga qarshi kechdi. SHundan so'ng biz Litva poytaxti Vilnyusga yo'l olib, u erda ikki kun qoldik. Biz joylashgan mehmonxonaga Pavel Leus ham tashrif buyurdi. Leus hozirda yosh darvozabonlarga futbol sir-asrorlarini o'rgatayotgan ekan. Men esa fursatdan foydalanib undan intervyu olishga muvaffaq bo'ldim.

- Pavel, futbolni qachon tugatdingiz?
- Faoliyatimni rasman o'tgan yil yakunladim. Bungacha yuqori divizion jamoasida o'ynovchi murabbiy bo'lib kelayotgandim. So'ngra qo'lqoplarimni mixga ilishga qaror qildim.

- Oxirgi jamoangiz?
- Utena shahrining “Utena Utenis” klubi faoliyatimdagi oxirgi jamoa bo'lib qoldi. Men o'ynagan payt bu jamoa oliy ligada edi. Lekin hozir birinchi ligada qatnashyapti.

- SHundan so'ng birdaniga murabbiy bo'ldingizmi?
- Menda bungacha diplom bor edi. CHunki o'z vaqtida licenziya uchun o'qib qo'ygandim. Hozir akademiyada yosh darvozabonlarni tarbiyalayapman.

- Qaysi akademiyada?
- Boltiqbo'yi futbol akademiyasi (BFA)da ishlayapman. Akademiyamiz nomi Boltiqbo'yi bo'lgani bilan Vilnyusda joylashgan va faqat mahalliy futbolchilar mashg'ulotlarda qatnashadi. Bizda chetdan kelganlar yo'q.

- Akademiya kattami?
- Ha, o'ziga yarasha katta. 300ga yaqin bola tahsil oladi. Bu erda 10 nafar murabbiy ishlaymiz. Darvozabonlar bo'yicha murabbiy esa faqat o'zimman.

- Nechta darvozabon bilan ishlaysiz?
- Bolalar ko'p, lekin sonini aytmay qo'ya qolay. Faqat shuni aytishim mumkin, qo'l ostimda 10 yoshdan 19 yoshgacha darvozabonlar shug'ullanadi. Har bir guruhda ikkitadan darvozabon bor deb hisoblasak, endi tasavvur qilavering qancha bola shug'ullanishini. Men tarbiya qilayotgan 19 yoshli darvozabon Litva yoshlar terma jamoasiga jalb qilindi. Bundan juda xursandman.

- 10 yoshli darvozabonlar bilan ishlash qiyin emasmi?  
- O'ziga yarasha qiyinchiliklari bor. Lekin bola 10 yoshdan keyin yakuniy qarorga kelishi kerak: u darvozabon bo'ladimi yoki maydondagi o'yinchimi? Ungacha esa turli chiziqlarda o'ynab yuraveradi.

- Qaerda o'ynashni bolaning o'zi tanlagani maqulmi yo murabbiymi?
- Albatta, murabbiyga yaxshiroq ko'rinadi. Agar men birorta futbolchida darvozabonga xos xislatlarni payqab qolsam, darvozabon bo'la qolgin, qo'lingdan keladi deb maslahat beraman. Lekin bazan bolalarning darvozada turgisi kelmaydi, hamma yugursam, gol ursam deydi.

- Akademiyada har bir yosh toifasidagi guruhda darvozabon bormi?
- Hech bo'lmasa bitta bo'lsa ham bor. CHunki darvozabonsiz o'yinlarni o'tkazish ilojsiz. Lekin bazan shunday bo'ladiki, bolalar darvozabonlikni tashlab boshqa sportga o'tib ketishadi yoki men o'qishim kerak deb futboldan butunlay voz kechishadi. Natijada boshqa darvozabon qidirishga to'g'ri keladi.

- O'zbekistonda ayniqsa bolalar futbolida darvozabonlar muammosi bor. CHunki ko'pchilik darvozada turishni xohlamaydi. Litvada-chi?
- Bizda aksincha darvozabonlarga etibor katta, shuningdek yoshligidan darvozabon bo'lishni xohlaydiganlar ko'p. Statiskaga qarasangiz, Litva futbolidan ko'plab yaxshi darvozabonlar etishib chiqqanini va ularning aksariyati kuchli chempionatlarda o'ynaganini ko'rasiz.

- Sizda har kuni qaysidir guruh bilan mashg'ulot bor, shundaymi?
- Ha, shunday. Kichkinalar kunora mashg'ulot o'tkazadi, kattalar esa har kuni shug'ullanadi. Bo'sh vaqt deyarli kam. Bundan tashqari, haftaning shanba-yakshanba kunlari musobaqalar, o'yinlar bo'ladi. Borib darvozabonlar harakatini kuzataman. Xullas, ish ko'p. Akademiyamiz hududida bir nechta maydon bor va hech qaysi guruh kutib qolmaydi.

- Mashg'ulotlar qanday tartibda olib boriladi?
- Ko'pincha har xil yoshdagi darvozabonlarni bir joyga yig'ib birgalikda shug'ullanamiz. Masalan, 9-10-11 yoshlilar birga, 12-13-14 yoshlilar ham birgalikda mashg'ulotlarda ishtirok etishadi. 15-19 yoshlilarni ham bir joyga jamlashga harakat qilaman. Men turli yoshdagi darvozabonlarni yig'ib birgalikda mashg'ulot o'tkazgan maqul deb o'ylayman. CHunki yoshlar o'zidan kattalardan nimadir o'rganib boradi.

- Bolalar bilan ishlash qiziqmi?
- Boshida qanday bo'larkin deb hayron bo'lgandim. CHunki O'zbekistondagi faoliyatimni tugatib qaytib kelganimdan so'ng “Utena Utenis”da uch yilcha o'ynovchi murabbiy bo'ldim. Ham darvozabonlarni shug'ullantirdim, zarur bo'lib qolsa o'zim ham maydonga tushdim. Ammo shunday bo'ldiki, futbolni butunlay tugatganimdan so'ng klub xizmatlarimga ehtiyoj sezmadi. Natijada boshqa ish qidirishga to'g'ri keldi. SHundan so'ng akademiyaga ishga joylashdim.

- Litvada darvozabonlar murabbiylari uchun kurslar tashkil qilinadimi?
- Afsuski, yo'q. Lekin Latviyada shunday seminar tashkil etilganida borib qatnashgandim. U erda Angliya va Belgiyadan mutaxassislar kelib bizga dars o'tgandi.

- Murabbiylar o'rtasida raqobat qanday?
- Raqobat kuchli deya olaman. CHunki bizda futbol maktablari ham, murabbiylar ham ko'p. Har bir manejda ko'plab bolalar shug'ullanadi, shunga yarasha murabbiylar ham ko'pchilikni tashkil etadi.

- Bizda aksariyat futbol maktablarida darvozabonlar bilan alohida murabbiy ishlamaydi. Ular o'zlari shug'ullanadi.
- Ha, bundan xabarim bor. CHunki O'zbekistonda o'ynagan kezlarim bolalar futbolini kuzatganman. Bizda har bir maktabda hech bo'lmasa bitta darvozabonlar murabbiyi ishlaydi. CHunki busiz iloji yo'q. Bizda shuningdek, darvozabonlarni etishtirib beradigan alohida maktab ham bor. U erda uchta guruh faqat darvozabonlardan iborat. Hozir bu maktab akademiyamizga raqobatchi hisoblanadi.


- Ayting-chi, O'zbekistondagi faoliyatingizdan qanday xotiralar qolgan?
- Juda iliq xotiralar bor deb bemalol ayta olaman. Men O'zbekistonga birinchi bor 2008 yil borgandim. Ilk jamoam “Nasaf” bo'lgan. O'zbekistonda ko'plab do'stlar-tanishlar orttirdim. Hamma bilan iliq munosabatda bo'lishga harakat qilganman.

- Birinchi tashrifingiz qanday ro'y bergan?
- Meni 2008 yil Edgar Gess taklif qilgandi. O'shanda Qozog'iston chemipionatida o'ynardim va Edgar Yakovlevich Qarshining “Nasaf” klubini qabul qilib olgandi. Gess bilan Qozog'istonda birga ishlaganmiz.

- Qanday qiyinchiliklarga duch kelgansiz?
- O'zbekiston - Osiyo mamlakati va urf-odatlari ham boshqacha. Lekin Qozog'istondan kelganim uchun tezda kirishib ketganman. CHunki madaniyat bir-biriga yaqin.

- Siz hech qaerda ko'rmagan, lekin O'zbekistonda bor odat nima?
- Aytish qiyin. Ammo meni hayron qoldirgan jihatlar bo'lgan. Masalan, O'zbekistonda odamlar bir-biriga juda ishonuvchan. Keyin yoshlar doim kattalarga quloq soladi. Haftaning har juma kuni odamlar juma namozga borishadi, bu ham boshida hayron qoldirgandi. Litvada yoshlar "quloqsiz" bo'lib ketgan. Ular kattalarning gapini eshitmaydi. Bizda yana shunday futbolchilar bor: hatto murabbiyga gap qaytarishadi. Ammo O'zbekistonda bunaqasini ko'rmaganman.

- O'zbekistondagi faoliyat davomida beshta klubda o'ynagansiz: “Nasaf”, “SHo'rtan”, “Buxoro”, “Qizilqum” va “Navbahor”. Qaysi biri yurakka yaqin joy olgan?
- O'zim o'ynagan hamma jamoalardan yaxshi xotiralar qolgan, lekin eng ko'p “Buxoro”ni eslab turaman. “Buxoro” muxlislari ajoyib edi, har o'yinda 15-18 ming muxlis bizni qo'llab turardi. Esimda, mavsumning ilk uy uchrashuvidan oldin shaharni aylanib o'yinga oid birorta afisha ko'rmagandim. SHunda hayron bo'lganman: o'yin borligi reklama qilinmasa odamlar bilarmikan. Ammo kiyim almashtirish xonasidan maydonga chiqar ekanman, tribuna to'la ishqibozlarni ko'rib og'zim lang ochilib qolgan. O'shanda bilganman, “Buxoro”ga hatto afisha ham kerak emas ekan. Bu jamoada hammasi yaxshi ketayotgandi, biroq jarohat olib ketishga majbur bo'lganman.

- Legioner sifatida O'zbekiston - futbol mamlakati ekani sizga darhol sezilganmi?
- Agar Braziliya chempionatidan kelganimda balki bunday deya olmasdim. Ammo litvalik darvozabon bo'lib borganim uchun menga O'zbekistonda futbolni naqadar yoqtirishlari darrov sezilgan. Litvada odamlar futbolga bu darajada qiziqmaydi. Bizda basketbol birinchi o'rinda turadi, undan keyin xokkey va futbol. O'zbekistonda bo'sh o'rindiqlar qarshisida futbol o'ynalganini deyarli ko'rmaganman.

- Dastlabki to'rt mavsumni to'rtta jamoada o'tkazgansiz. Bitta jamoada hech bo'lmasa ikki yil o'ynashning imkoni bo'lmaganmi?
- Buning ham o'ziga yarasha sabablari bor. O'zbekiston klublarida rahbariyat va murabbiylar tez-tez o'zgarib turadi. Ko'p joylarda faqat bir yil ishlashadi. Agar futbolchi yulduz bo'lmasa, uni jamoadan olib qolishdan foyda yo'q deb o'ylashadi. Men ham yulduz emasdim va har yil oxirida ketish kerakligini bilardim. Qolaversa, ko'p narsa murabbiyning qaroriga bog'liq. Kimgadir sen yoqasan, kimgadir esa yo'q.

- Edgar Gess bilan gaplashib turasizmi?
- Har doim emas. Bilganim shuki, Edgar Yakovlevich hozir hech qaerda ishlamayapti. 15 sentyabr kuni tug'ilgan kunimda Jafar Irismetov tabrikladi. Bundan juda xursand bo'ldim. Irismetov bilan 2006 yil Qozog'iston Kubogida zafar quchgandik. Hozir ham iliq munosabatlar saqlanib qolgan.

- 2008 yil oliy ligada “Nasaf” tarkibida 15ta o'yinda ishtirok etgansiz. Ammo keyingi mavsum “SHo'rtan” safida atigi bitta uchrashuv o'tkazgansiz.
- Darvoqe, Edgar Yakovlevich “Nasaf”dan “SHo'rtan”ga yo'l olgach, meni ham chaqirgandi. Ammo u erga borganimda hech omad kelmagan. Axir faqat bitta o'yinda darvozani qo'riqlaganman. Umuman, G'uzor jamoasida muammolar ko'p edi. Pul tomonlama ham, tartib-intizom tomonlama ham. Lekin bu haqda gapirishni xohlamayman.

- O'shanda yagona uchrashuv Toshkentda “Bunyodkor”ga qarshi kechgandi.
- Ha, esimda. Biz “Jar” stadionida o'ynagandik. Mashhur Rivaldosi bor “Bunyodkor”ga qarshi. Afsuski, bahs biz uchun ayanchli tugagan. Biz 0:5 hisobida yutqazganmiz. Aslida bu o'yin kechroq o'tkazilishi lozim edi, lekin nimadir bo'lgan-u, federaciya o'yinni yozning qoq chillasiga qo'ygan. Juda issiq bo'lgandi. Biz ikkinchi davraga reja asosida tayyorgarlik ko'rayotgandik, ammo federaciyaning qarori deb majbur o'ynaganmiz.


- Xullas “SHo'rtan”da omad kelmadi va tezda jamoani tark etdingiz.
- Negadir o'ynab ketishimga ishonch kam edi. SHu bois uyga qaytib “Tauras”da, undan keyin Finlyandiyaning “Atlantis” klubi tarkibida o'ynadim. 2010 yilni esa to'liq “Jalgiris”da o'tkazganman.

- Keyin yana O'zbekistonga qaytdingiz, faqat bu safar “Buxoro”ga.
- Ha, meni Gennadiy Kochnev taklif qilgandi. “Buxoro” o'shanda oliy ligaga chiqqan va jamoaga darvozabon kerak edi. SHu bois meni taklif etishdi. Undan keyin “Qizilqum”ga o'tdim va bu jamoaga meni Ravshan Haydarov chaqirgandi.

- 2013 yil yana G'uzorga bordingiz.
- Ikkinchi marta borganimda hammasi yaxshi bo'ladi deb o'ylagandim. CHunki yana Edrgar Gess bilan ishlash imkoniyati yuzaga kelgandi. Ammo unday bo'lmadi. Jamoa o'ta omadsiz mavsumni o'tkazdi. SHu bois birinchi davra tugamasdan Gess istefoga chiqarildi, oraliq tanaffusda men ham ketishga majbur bo'ldim va ikkinchi davra oldidan “Navbahor” bilan shartnoma imzoladim.

- O'zbekiston chempionati saviyasi sizga yoqqanmi?
- O'zim o'ynagan chempionatlar bilan taqqsolaydigan bo'lsam, O'zbekiston chempionati hozir ham Litvanikiga nisbatan kuchli. Faqat Qozog'istondan ortda qolyapti. Qozog'istonda “Astana”, “Qayrat” kabi superklublar paydo bo'ldi. Qozog'iston ob-havosidan kelib chiqib u erda texnik futbol ko'rsatish qiyin. CHunki ko'pincha sovuq bo'ladi, qor yog'adi, shu bois jismoniy futbolga ko'proq etibor qaratishadi. O'zbekistonda esa maza qilib texnik futbol o'ynash mumkin. Qolaversa, O'zbekiston chempionatini kuzatish qiziq.

- Bizdagi darvozabonlar haqida nima deya olasiz?
- Yaxshi darvozabonlar bor, lekin ko'pchilikda o'yin texnikasi etishmaydi. Darvozabon yoshligidan maktab ko'rgan bo'lishi kerak. Buning uchun darvozabonlar murabbiylarini ko'paytishirish, har bir futbol maktabida murabbiylarning ish faoliyatini yo'lga qo'yish lozim.

- Siz o'ynagan paytda eng kuchli darvozabon kim edi?
- Legionerlardan Denis Romanenkoning o'yinlari maqul kelgan. U 40 yoshda bo'lishiga qaramay, “Navbahor” safida yaxshi harakat qilgan. Mahalalliy darvozabonlardan esa shubhasiz Ignatiy Nesterov birinchi raqamli bo'lgan.

- Murabbiylikdan tashqari yana nimalar bilan shug'ullanyapsiz?
- Darvozabonlar uchun qo'lqop ishlab chiqaruvchi «4Keepers» firmasi bilan hamkorlikni yo'lga qo'yganman. Ular orqali ko'plab tanish darvozabonlarga pishiq qo'lqoplar etkazib berishga harakat qilyapman. SHuningdek, jamoalarni sport kiyimlari ekipirovkasi bilan taminlash bilan shug'ullanyapman.

X.Xoliqov suhbatlashdi.

Reyting: +16   

Fikrlar

championat.asia
< so’nggi yangiliklarni ko’rish
Яндекс.Метрика