O'ziga kelgan qanot himoyachilari, o'yinni o'zgartira olgan Qosimov, AGMKdan "super kambek"
23 apr 2021 08:07
Yangiliklar
![](https://championat.asia/upload/storage/633190_original.jpg)
![](/upload/storage/633190_220.jpg)
O'ziga kelgan qanot himoyachilari, o'yinni o'zgartira olgan Qosimov, AGMKdan "super kambek"
Musobaqaning "A" guruhidan joy olgan AGMK jamoasi 3-turda BAAning "SHabab Al Ahli" klubi bilan bahs olib bordi. Qiziqarli kechgan uchrashuvda Mirjalol Qosimov shogirdlari "super kambek"ni amalga oshirishdi.
AGMK Jovan Djokic - 87', Akramjon Komilov - 90' |
AFC Champions League Grp. A . 3-tur 22/04/2021, 01:00 1
:
2
Tugadi
|
Shabab Al-Ahli Dubai FC Ahmed Al Hashmi - 28' |
Bir xil taktik sxemani tanlagan murabbiylar, AGMKda Fortes, "SHabab Al Ahli"da Masharipov asosiy tarkibga qaytdi
Uchrashuvga har ikkila jamoa bosh murabbiylari ham bir xil 4-2-3-1 taktik sxemasini tanlashdi. Mirjalol Qosimov Elvin Fortesni boshlang'ich tarkibga qaytargan bo'lsa, Mahdi Ali ikki o'yinlik diskvalifikaciyani o'tkazgan Jaloliddin Masharipovni asosiy tarkibda tushirdi.
OCHL-2021 guruh o'yinlarining dastlabki ikki turida bahsni zaxirada boshlagan Elvin Fortes bu safar asosiy tarkibdan joy oldi.
Amirliklar safida esa hamyurtimiz Jaloliddin Masharipov boshlang'ich tarkibda maydonga tushdi.
Mirjalol Qosimov "Istiqlol" bilan bellashuvdagi asosiy tarkibga uchta o'zgartirish kiritdi. Hujumchi ortida Sanjar SHoahmedov o'rniga Mirjamol Qosimov, o'ng qanot vingeri Murod Toshmatov o'rniga Elvin Fortes va darvozada Valijon Rahimov o'rnini Suhrob Sultonov egalladi.
O'tkazib yuborilgan gol, Polvonovning jarohati va ustun... AGMK uchun yoqimsiz birinchi bo'lim
Uchrashuvning 38-soniyasida Fortes markazda Komilovga pas beraman deb to'pni Harib Abdallaga berib qo'ydi. U esa Karlos Eduardoni Sultonov bilan birga-bir vaziyatga chiqarib yubordi. Braziliyalik to'pni darvozabondan o'tkazdi, yaxshi ham Bobur Yo'ldoshev to'pni qaytarib qoldi. Aks holda, dastlabki daqiqadayoq oddiy vaziyatdagi xato evaziga gol o'tkazib yuborilgan bo'lardi. Olmaliqliklar 9-daqiqaga kelib javob zarbasini berishdi. Jokichning pasidan keyin Zafar Polvonov chap oyoqda juda ham xavfli zarba yo'lladi. Majid Nosir to'pni qaytarib qolishga ulgurdi.
11-daqiqada nohush holat kuzatildi. M.Qosimov to'pni jarima maydonchasiga havolab uzatganidan keyin biryo'la uch o'yinchi (darvozabon Majid Nosir, markaziy himoyachi Salmin Hamis va AGMK hujumchisi Zafar Polvonov) to'qnashib ketishdi. Takroriy lavhalarda Polvonov raqib kiperidan qanday kuchli zarba qabul qilib olganini ko'rish mumkin edi. Aynan shu to'qnashuv sabab to'purarimiz 30-daqiqada o'z o'rnini Aleksandr Kasyanga bo'shatib berdi. Elkasidagi og'riq unga o'yinni davom ettirish imkonini bermadi.
28-daqiqaga kelib bellashuvda hisob ochildi. 34-raqamdagi Harib Abdalla bir qarashda bartaraf etilgandek ko'ringan hujumni ikkinchi tempda keskinlashtirib yubordi. Avvaliga u ikki raqibni aldab Salmin Hamis (2-raqam)ga pas berdi, Ahmadaliev to'pni Hamisni oyog'i ostidan qaytarib qolganidan keyin yana o'sha Abdalla (34) to'pni egallab oldi va biroz ichkariga kirib sheriklariga erlatib pas berdi. Bu safar ham Ahmadaliev pasni yo'qqa chiqardi, ammo qaytgan to'p yana o'sha Abdallaga kelib tushdi va uchinchi urinishdagi pas golga olib bordi. Ahmed Al Hashmi (77) to'p uchun havodagi kurashda Akrom Komilov bilan kurash olib bordi va boshi bilan Sultonov darvozasini ishg'ol qildi. Bo'yi u qadar baland bo'lmagan va ikkinchi qavatda kuchli bo'lmagan Komilovni o'sha epizodni boy bergani uchun ayblash to'g'ri bo'lmaydi, nazarimda. Golda faqat Bobur Yo'ldoshev sustkashlikka yo'l qo'ydi. Abdallaning birinchi pasiga chiqib borgan himoyachi pasni o'tkazib yuborganidan keyin na raqibni taqib qildi va na jarima maydonchasi markaziga qaytmadi. Balki, passiv harakat bilan jarayonning tomoshabiniga aylandi. Dastlabki daqiqada goldan qutqargan epizodidagi kabi faol bo'lmadi. Umid qilamiz, keyingi o'yinlarda bu jihatga himoyachi etibor qaratadi. Zero, xalqaro maydonda birorta epizodda sustkashlikka yo'l qo'yib bo'lmasligini har o'yinda ko'rib kelyapmiz.
Olmaliqliklar birinchi bo'limni qutqarib qolishlari mumkin edi. Ammo, 40-daqiqada Tursunovdan chiroyli uzatmani qabul qilib olgan va oldinga intilgan Fortesning yaqin burchakka yo'llagan zarbasini darvoza ustuni qaytarib qoldi. Jarohat, o'tkazilgan gol va ustundan keyin AGMK uchun yoqimsiz o'tgan birinchi bo'lim yakunlandi.
Birinchi bo'lim statistikasi
AGMK:
Zarbalar: 3
Aniq zarba: 1
"SHabab Al Ahli":
Zarbalar: 3
Aniq zarbalar: 2
VIDEO "Tezkor studiya". AGMKdan ajoyib kambek va tarixiy g'alaba haqida
Tanaffusda raqib o'yinidagi kemtikni topa olgan Qosimov o'sha "nuqta"ga bosimni oshirdi
Mahdi Ali jamoasining dastlabki 45 daqiqalikdagi o'yinida bir jihat kuzatildi, buni himoyalanishda kemtik bo'lishi mumkin edi va murabbiylar buni payqashdi.
Yuqoridagi chizma har ikkala jamoa o'yinchilarining 1-bo'limdagi "qaynoq xaritasi". Ko'rib turganingizdek, AGMKning to'rt himoyachisi o'z zonasida harakat qilgan va tartibli o'yinni buzmagan. Amirliklarda esa 9-raqamdagi o'ng qanot himoyachisi Abdulaziz Haykalning "qaynoq karta"dagi o'rni qolgan chiziqdoshlaridan ancha yuqori. Haykal hujumlarda juda faol qatnashdi, bu oldinga o'tishda zo'r, lekin himoyalanishda etarlicha muammolarni olib kelishi mumkin. Suratda ko'rinib turganidek Haykalning oldinga o'tishi uning zonasida katta bo'sh zonani yuzaga keltirgan. Ammo, o'sha qanotda o'ynagan vinger SHohrux Gadoev markazroqqa siljib harakat qilgani sabab bundan foydalana olmadi. Keyin esa...
Bu suratda zaxiradan maydonga tushganlarning ham harakatlanish zonalari "qaynoq xarita"ga kiritilgan. Mirjalol Qosimov tanaffusdan keyin Fortesni zaxiraga olib Gadoevni o'ngga o'tkazdi va Fortesni o'rniga tushgan Husniddin G'ofurov chap qanotga joylashdi. G'ofurov ko'proq aynan qanotda, chiziq yaqinida o'ynashni hush ko'radi. Bu esa yuqoridagi zonada Haykalga katta bosim o'tkazishi kerak edi va shunday bo'ldi ham.
SHu o'rinda 2-bo'limdagi zarbalar statistikasini ham keltirib o'tamiz. Eslatib o'tamiz, darvoza ustuni yoki to'siniga tekkan zarbalar aniq zarba deb hisoblanmaydi.
Ikkinchi bo'lim statistikasi
AGMK:
Zarbalar: 9
Aniq zarba: 2
"SHabab Al Ahli":
Zarbalar: 5
Aniq zarbalar: 4
Sultonov va Kasyanning seyvlari AGMK uchun kambek umidini saqlab qoldi
"SHabab Al Ahli" bahs taqdirini ikkinchi bo'limning dastlabki 20 daqiqaligida hal qilib qo'yishi mumkin edi. Ammo, AGMK kiperi va hujumchisi bunga yo'l qo'ymadi desak xato bo'lmaydi. 56-daqiqada Masharipov jarima zarbasini ijro etdi. Uzoq pastki burchakka yo'llangan zarbani Sultonov maydon tashqarisiga chiqarib yubordi. Oradan 9 daqiqa o'tib bu safar Masharipovning pasidan keyin Karlos Eduardo bosh bilan juda xavfli zarba yo'lladi. Lekin, bu safar ham "Valuev" (Suhrob Sultonov bu tashbehimizdan hafa bo'lmaydi deb umid qilamiz) o'zini qoyilmaqom tarzda ko'rsatdi. CHiroyli pas, undan chiroyli zarba va har ikkisidan ham chiroyli seyv. Suhrob ikki bor jamoasini muqarrar goldan qutqardi va umid uchqunlari o'chmasligini taminladi. Umuman 90 daqiqa davomida darvozabon raqiblarimizning 6ta aniq zarbasidan beshtasini bartaraf etdi.
Xuddi o'sha Eduardoning zarbasi va Sultonovning seyvidan keyin amirliklar burchak zarbasi ijro etishdi. Jaloliddin standartni amalga oshirdi va bu safar olmaliqliklar hujumchisi Aleksandr Kasyan ketma-ket ikki bor katta sahnaga chiqdi. Burchakdan keyin Tursunov to'pni qaytarib yubordi, ammo qaytgan to'pni markaziy himoyachi Salmin (2)ga kelib tushdi. Uning zarbasini Kasyan boshi bilan qaytarib qoldi. Qaytgan to'pga bu safar boshqa bir markaziy himoyachi Marzuq (4) zarba berdi. Avalgi "seyv"dan keyin biroz muvozanatini yo'qotgan Kasyan o'zini o'nglab oldi va ikkinchi zarbani ham qaytardi. Ajoyib dabl blok. SHu uchrashuv davomida AGMK vakillari raqibning jami 6ta zarbasiga blok qo'yishgan. Yani, oltita zarba Sultonovgacha etib bormasligini uning maydondagi sheriklari taminlashgan. Solishtirish uchun "SHabab Al Ahli" o'yinchilarida bu raqam - 0.
Yana ustun, AGMKdan ikkita jamoaviy gol
Bellashuvning 84-daqiqasida Ahmadalievning jarima maydonchasiga uzatgan to'pidan keyin palapartishlik yuzaga keldi va to'p Marzuqning tanasidan Sanjar SHoahmedovning oyog'iga kelib tushdi. 11 metrlik nuqtadan sal oldinroqda hech qanday qarshilik va bosimsiz qolgan Sanjar zarba yo'lladi. Afsuski, ikkinchi bor AGMKni goldan darvoza ustuni mahrum qildi. Qosimov shogirdlari bosimni oshirib borishardi va jamoa golga yaqinlasha boshladi.
87-daqiqaga kelib nihoyat muvozanat tiklandi. Kasyan va Marzuq to'p uchun kurashganidan keyin Muhammad Jobir (21) to'pni oldinga tepib yubordi. Dilshod Ahmadaliev havodan kelayotgan to'pga yugurib chiqib bordi va uni egallab olib oldinga intildi. Keyin SHoahmedovga, u Jokich, u G'ofurovga pas berdi. Husniddinning zarbasini yana ustun qaytardi. Qaytgan to'pni esa Toshmatov ichkariga ko'tardi, Kasyan boshi bilan yanada ichkariga yo'naltirdi va Jokich oyog'i bilan yakuniy nuqtani qo'ydi - 1:1. Ushbu golda AGMKning jami 6 o'yinchisi bevosita ishtirok etdi, ajoyib jamoaviy gol.
90+1-daqiqada Akrom Komilov kuchli zarbasi bilan tarixiy g'alabani taminladi. Bu gol ishtirokchilari soni va kombinaciya nuqtai-nazaridan birinchisidan ham o'tib tushdi. Darvozabon Majid Nosir to'pni oldindagi jamoadoshi Masharipov tomon tepib yubordi. Ammo, bu safar ham Ahmadaliev to'pga chiqib bordi va jamoasining ikkinchi golini ham boshlab berdi. Ahmadaliev Toshmatovga, u Jokichga, u Jo'raevga, u Ahmadalievga, Dilshod esa Volid Abbos (5)ni aldab o'tib Jokichga, u G'ofurovga, Husniddin esa bir soniya pauza ushlab oldinga yugurgan Komilovga pas berdi. Akrom esa yaqin burchakni ochiq qoldirgan kiperni kuchli zarbasi bilan ojiz qoldirdi. Bu gol jami sakkizta paslar ketma-ketligidan keyin kiritildi, bunda Dilshod va Yovan kombinaciyada ikki bor qatnashishdi. AGMK ikkinchi golini ham chiroyli kombinaciya evaziga kiritdi. Ikkita jamoaviy gol va super kambek.
SHu kuni AGMKning ikki qanot himoyachilari oldingi xatolardan to'g'ri xulosa chiqara olganliklari hursand qildi. Akrom g'alaba golida kerak paytda va kerakli joyga ochila olgani va zarbani ham samarali yakunlay olgani bilan 3 ochko taqdim etdi.Dilshod Ahmadalievni esa alohida etirof etishni xohlardim. Oldingi ikki o'yindan keyin "Tezkor studiya"da Ahmadalievni keskin tanqid qilgandim. Bugun esa uning ajoyib performans namoyish etib berganini olqishlayman. Har ikkala golni ham aynan Dilshod boshlab berdi, ikkinchisida ikki martalab qatnashdi kombinaciyada. SHaxsan men uchun AGMK - "SHabab Al Ahli" uchrashuvida eng yaxshi o'yinchi aynan Ahmadaliev bo'ldi.
Umid qilamiz, Mirjalol Qosimov boshchiligidagi AGMK navbatdagi o'yinlarda ham raqiblarga mana shunday jang taklif qiladi va kerakli ochkolarni jamg'aradi. Biz esa xalqaro maydonda klublarimizdan ijobiy natija kutishda davom etamiz.
O’xshash yangiliklar
![AMP Logo](https://championat.asia/image/logo-amp.png)
Fikrlar