O'zbekiston va Vetnam o'zaro o'yinlar tarixi yoxud "qorli final"ni eslab
23 apr 19:01
Yangiliklar
O'zbekiston va Vetnam o'zaro o'yinlar tarixi yoxud "qorli final"ni eslab
Bugun O'zbekiston olimpiya terma jamoasi guruh bosqichi so'ngi tur bahsida Vetnam vakillariga qarshi maydonga chiqishadi. 23 yoshgacha bo'lgan futbolchilar o'rtasidagi musobaqa yaratilganiga endigina 11 yil va ushbu musobaqa bor-yo'g'i ettinchi marotaba o'tkazilayotganiga qaramay, o'zbek futboli va muxlislarimiz uchun katta ahamiyatga ega. Sababi aynan 2018 yil yanvarida Xitoyda o'tkazilgan musobaqa, 1994 yilgi Osiyo o'yinlaridagi chempionlik va 2012 yiladgi U17 Osiyo chempionatidagi oltin medallardan keyingi futbolimiz tarixidagi uchinchi chempionlik bo'lgan. Dastlabki uchrashuvda Qatarga mag'lub bo'lib, keyinchalik esa Xitoy va O'mon terma jamoalarini bir hil 1:0 hisobida taslim qilgan Ravshan Haydarov shogirdlari, yakunda chempionlikni nishonlashadi. CHorak finalda Yaponiyani 4:0 va yarim finalda Janubiy Koreyani 4:2 hisobida mag'lubiyatga uchratgan yoshlarimiz. 2018 yil 27 yanvar sanasida Vetnam yurti vakillariga qarshi final bahsida maydonga tushishadi. "Qorli final" nomi ostida qolgan o'sha uchrashuvda Andrey Sidorovning 119-daqiqadagi goli evaziga chempionlikni qo'lga kiritadi. Bugun o'sha "qorli final" yana bir bor eslaymiz.
Xitoyda o'tkazilgan musobaqa tarixdagi bor yo'g'i uchinchi musobaqa edi. Aslida, bu turnir 2013 yil 22 yoshli futbolchilar o'rtasidagi o'tkazilgan, ammo keyinchalik Olimpiya o'yinlariga yo'llanma beradigan va yosh chegarasi 23 yoshgacha etib belgilangandi. Dastlabki musobaqaga Tailand mezbonlik qilishi ammo ayrim bir sabablarga ko'ra musobaqa 2014 yil qishiga va O'mon mamlakatiga ko'chirilgandi. SHuhrat Maqsudov shogirdlari musobaqani Xitoyga qarshi boshlashgan va dastlabki turda Xitoyga qarshi dahshatli "kambek" amalga oshirishgan edi. Aynan shu uchrashuv men ko'rgan terma jamoamizning eng "dahshatli kambek"i bo'lgan(2006 yildagi O'zbekiston-Kuvayt (3:2) uchrashuvini tomosha qilmaganman va 2006 yil gapirishni ham bilmas edim). Egor Krimec va Igor Sergeevlarning so'ngi daqiqadagi gollari evaziga dastlabki turda g'olib bo'lganmiz. Keyingi turlarda esa Iroq va Saudiyaga 2:1, 1:0 hisoblarida mag'lub bo'lib musobaqani guruh bosqichidayoq yakunlaganmiz. 2016 yil Qatarda o'tkazilgan musobaqada Rio-2016 olimpiya o'yinlariga yo'llanma berilar edi. O'sha vaqti milliy terma jamoamiz bilan JCH-2018 saralashida ajoyib natija qayd etayotgan Samvel Babayan Olimpiya terma jamoamizni ham boshqarayotgandi. Birinchi turning o'zidayoq musobaqa favoritlari Janubiy Koreya bilan to'qnash kelganmiz, yakuniy hisob 1:2 Koreya foydasiga. Ikkinchi turda esa bizni yana bir qiyin raqib Iroq terma jamoasi kutib turgandi, Iroqqa mag'lub bo'lish haqqimiz yo'q edi, sababi mag'lubiyatga uchrasak olimpiya yo'llanmasi bilan hayrlashishga to'g'ri kelardi. Hakamning o'yin boshlanganini bildiruvchi hushtagidan 11 sekund o'tar-o'tmas Dostonbek Hamdamov hisobni ochgan edi, ammo birinchi bo'limdayoq Iroq darvozamizga ikkita gol uradi va hisobda oldinga chiqib oladi. Ikkinchi bo'limda esa Samvel Babayan Timur Hakimovni maydonga tushiradi. 78-daqiqada esa Hakimov boshi bilan gol urib, hisobni tenglashtiradi. Biroq Iroq terma jamoasi darvozamizni yana bir marotaba ishg'ol etadi va qiziqarli kechgan uchrashuvda 3:2 hisobida g'alaba qozonadi. O'zbekiston yana guruhda qolib ketdi, uchinchi turda esa Yamanni 3:1 hisobida mag'lub etamiz, ammo so'ngi uchrashuvning umuman ahamiyati yo'q. Aynan Iroqqa qarshi uchrashuvdagi mag'lubiyatdan so'ng Otabek SHukurovning ko'z yoshlari ko'pchilikning yodida bo'lsa kerak.
Xitoydagi musobaqaning startini omadsiz boshlagan futbolchilarimiz Qatarga kichik hisobda imkoniyatni boy beradi. Ammo, futbolchilar qolgan ikki uchrashuvda Xitoy va Umonni engib iroda ko'rsatgan holda keyingi bosqich masalasini ijobiy hal qilishadi.
O'yindan o'yinga kuchayib borayotgan olimpiyachilarimizni chorak finalda Yaponiya kutardi. Ochig'i, qanday musobaqa bo'lmasin “samuraylar”dan hadikib turardik. Ular turnirga ancha kichik yoshdagi futbolchilar bilan kelgan bo'lsada, kuchsiz deyish noo'rin edi. Boz ustiga ikki terma jamoa Tailandagi o'rtoqlik turnirida finalda to'qnash kelgan, bir birini yaxshi bilardi. Raqibga imkoniyat qoldirmagan jamoamiz azolari birinchi bo'limdayoq barchasini to'rtta gol urib hal qilishadi. Yarim finalda esa oldimizdan Janubiy Koreya chiqadi. Bilamizki, koreyaliklar asosan jismoniy tomonlama kuchli hisoblanadi. Lekin, shu kuni biznikilar ulardan bir bosh ustun keladi va ekstra taymlarda uchta to'p kiritib final yo'llanmasiga ega chiqadi.
Va nihoyat orzular ushaladigan kun kelgandi. Biroq, Xitoyda finaldan oldin juda qalin qor yoqqandi. Hattoki, tashkilotchilar o'yinni boshqa kunga ko'chirishmoqchi bo'lishgan. Lekin, terma jamoamiz bunga ko'nmagan. O'yin boshlanishidan oldin maydonni qalin qor qoplagandi. Bu ayniqsa to'p bilan erda ko'proq muomala qiladigan jamoag murakkab edi. Stadion xodimlari qorni qanchali kurashmasin foydasi bo'lmaydi. SHuning uchun ko'proq standart vaziyatlardan samara chiqarishga etibor qaratiladi. Amalda uchrashuvning sakkizinchi daqiqasida Doston Hamdamovning burchakdan uzatib bergan to'pidan so'ng Rustam Ashurmatov boshi bilan Tien Dung darvozasini ishg'ol qiladi. Maydon erkin harakatlanishga to'sqinlik qilsada biznikilar to'p uzatishlarda behato o'ynashga harakat qiladilar. Bo'lim so'ngida Vetnam olimpiyachisi Nguen Xai jarima zarbasini qoyilmaqom ijro qiladi va hisobni 1:1 ko'rinishiga keltiradi.
Maydon oq, hammayoq oq qor bilan to'lgan. Natijada ikkinchi bo'limda vakillarimiz ko'k rangli futbolkada maydonga tushib kelishadi. Vetnam birinchi taymdan so'ng o'yinni qoldirish taklifi bilan chiqishadi. Biroq, o'yinda ustunlik to'liq O'zbekiston tomonida edi. Vaqt o'tib borayotgan sari penaltilar seriyasini o'ylay boshladik. Uchrashuvni lotareyagacha olib borish bir tomondan xato sanalardi. Vetnam esa finalgacha Iroq va Qatarni penaltilarda yutib kelayotgandi. Futbolchilarimiz masalani o'yinning o'zida hal qilish payida ekanligini sezish qiyin emasdi. Murabbiy Ravshan Haydarov ohirgi chora sifatida maydonga Bobur Abduxoliqovni tushirdi. Ikki hujumchi bilan o'ynash foyda bermagach 118-daqiqada Andrey Sidorovni Sidiqov bilan almashtirdi. Endilikda yarim himoyachilar to'pni yuqoridan faqat oldindagi uch hujumchiga uzata boshlashdi. Raqib himoyachilari esa to'pni qaytarish bilan ovora bo'lishdi. Ummonlik hakam Al Kafning hushtagi yangrashiga oz fursat qolganda chap burchakdan Doston Hamdamov to'pni to'g'ri jarima maydonchasiga uzatadi. To'pga birinchi bo'lib oyog'ini qo'ygan hujumchi gol kiritib yakunda qahramonga aylanadi. O'zbekiston - Osiyo chempioni.
U-23 Osiyo chempionati. Final
27.01.2018. CHangzou, Xitoy.
Vetnam U-23 – O'zbekiston U-23 1:2
Gollar: Nguen Kuang Xai 41 – Rustamjon Ashurmatov 8, Andrey Sidorov 119.
O'zbekiston U-23: 1. Botirali Ergashev, 2. Rustam Ashurmatov, 4. Akrom Komilov, 5. Abbos Otaxonov (22.Bobur Abduxoliqov, 113), 20. Doston Tursunov, 6. Aziz G'aniev, 7. Odil Hamrobekov, 10. Javohir Sidiqov (11. Andrey Sidorov, 118), 8. Jasur Yaxshiboev (16. Doniyor Narzullaev, 46), 17. Doston Hamdamov, 9. Zabihillo O'rinboev.
Fikrlar