O'zbekiston U-23 terma jamoasi hisobot topshirdi
05 apr 2018 16:40
Yangiliklar
O'zbekiston U-23 terma jamoasi hisobot topshirdi
Bu haqda O'FA rasmiy sayti xabar berdi.
SHu yilning 14 avgustidan 1 sentyabrigacha Indoneziyaning Jakarta shahrida bo'lib o'tadigan Osiyo o'yinlariga tayyorgarlik ko'rayotgan O'zbekiston U23 yoshlar terma jamoasi mart oyida Andijon va Farg'onada 1 haftalik o'quv-mashg'ulot yig'inini o'tkazdi. Yig'in davomida jamoa Keniya yoshlar terma jamoasi bilan 2 ta o'rtoqlik o'yinida maydonga tushdi.
Yig'in davomida murabbiylar 4ta asosiy vazifa ustida ish olib borishdi.
Birinchisi, Osiyo o'yinlariga boradigan futbolchilar ro'yxatini shakllantirish uchun nomzodlarning funkcional tayyorgarligini sinovdan o'tkazish bo'ldi. Ikkinchisi, himoya va hujumdagi o'yinni tashkil qilishda o'zaro o'yin va harakatlarni takomillashtirish bo'lib, bu borada maxsus dastur va reja asosida ish olib borildi. Uchinchi vazifa, futbolchilarning yuqori tezlikdagi texnik va taktik harakatlarni guruh va jamoa bo'lib ijro etish darajasini oshirishdan iborat bo'lib, buning uchun yuqori intensiv o'yin va pressingdagi o'yinning joyida ekanligiga etibor qaratildi. To'rtinchi vazifa esa, yuqori natijalarni qo'lga kiritadigan inoq va birlashgan jamoani tuzish bo'ldi.
Yig'inga O'zbekiston Superligasidagi 11ta jamoadan 24 nafar, Rossiya premer ligasidan esa bir vakil chaqirildi. Bu vaqtda milliy terma jamoa Marokashda yig'in o'tkazayotganligi munosabati bilan jamoaning 6 nafar azosi – Rustam Ashurmatov, Odilbek Hamrobekov, Javohir Siddiqov, Jasur Yaxshiboev, Botirali Ergashev, Akrom Komilovlar yig'inda qatnasha olmadi. Ularning o'rniga zahiradan 9 nafar yangi futbolchi taklif etildi: darvozabon – Umidjon Ergashev (Nasaf), himoyachi Avaz Mamatxo'jaev (Qo'qon 1912), yarim himoyachilar – SHarof Muhiddinov (Nasaf), Muhammadanas Hasanov (Qo'qon 1912), Oston O'runov (Navbahor), Aziz Turg'unboev (Navbahor), Islom Kenjaboev (Nasaf), Aziz Amanov (Lokomotiv) va Nurullo To'xtasinov (So'g'diyona)lar zaxiradan chaqirilib, xalqaro o'yin amaliyotiga ega bo'ldilar. “Nasaf” azosi Doniyor Narzullaev va “Paxtakor” futbolchisi Doston Ibrohimovlar jarohatlari sabab yig'inni o'tkazib yuborishga majbur bo'ldilar.
Mart oyidagi yig'in davomida 8ta jismoniy, 6ta nazariy mashg'ulot o'tkazib, jamoa 2ta o'rtoqlik uchrashuvida maydonga tushdi.
Keniyaga qarshi birinchi uchrashuv 23 mart kuni Andijon shahrida bo'lib o'tdi. O'yin keskin kurashlarga boy bo'ldi, ammo O'zbekiston U23 yoshlar terma jamoasi himoyadagi o'yinni yaxshi tashkil qila olmagani, hujumlarni tashkil etish va samarali tugatishda boshlang'ich harakatlarning sustligi, qolaversa, raqib jamoaning o'yinga yaxshi tayyorgarlik ko'rgani sababli chiroyli o'yin ko'rsata olmadi. Natijada esa O'zbekiston U23 yoshlar terma jamoasi 1-2 hisobida mag'lubiyatga uchradi.
Ikkinchi o'yingacha bo'lgan davr oralig'ida jismoniy va nazariy mashg'ulotlarda birinchi o'yinlardagi xatolar ustida ishlandi. Mashqlarda, ayniqsa, himoya va hujumda umumjamoaviy harakatlarning takomillashuviga etibor kuchaytirildi. Bundan tashqari, standart vaziyatlar bo'yicha ham alohida dastur asosida mashqlar olib borildi.
Ikkinchi o'yin 26 mart kuni Farg'onada bo'lib o'tdi va unda O'zbekiston U23 yoshlar terma jamoasi tarkibida qator o'zgarishlar amalga oshirildi. Bu safar o'yin O'zbekiston jamoasi azolarining tashabbusi ostida kechdi. Himoya va hujumda o'yinni tashkil qilish, to'pning nazoratini boy bermaslik, yuqori darajadagi kombinacion harakatlarni mujassamlashtirgan hujumkor o'yin namoyish etishning uddasidan chiqildi. O'yinda ko'plab hujumlar uyushtirildi, ammo ulardan foydalanish darajasi kam bo'ldi. Yakunda O'zbekiston U23 yoshlar terma jamoasi 1-0 hisobidagi g'alaba bilan yig'inni yakunladi.
O'yindan keyin jamoa murabbiylar shtabi O'FA “Terma jamoalar” boshqarmasi bilan birgalikda ikkala o'yinni tahlil qildi. Keniyaga qarshi o'rtoqlik uchrashuvlari va vodiydagi o'quv mashg'ulot yig'inlari yuqori saviyada tashkil qilinib, O'zbekiston U23 yoshlar terma jamoasining xalqaro maydondagi tajribasining yanada oshishiga xizmat qildi. Ayniqsa, Osiyo o'yinlari arafasida afrikalik jismonan baquvvat futbolchilarga qarshi o'yinlarning o'tkazilishi tayyorgarlikning borishi uchun kerakli jihatlar ustida ishlar olib borilishi kerakligini ko'rsatdi. Qolaversa, murabbiylar futbolchilarning funkcional holati, mahorati va psixologik barqarorligi bo'yicha qo'shimcha malumot va axborotga ega bo'ldi.
Keyingi yig'inlar oldidan jamoa oldiga himoyalanish asnosida standart vaziyatlarni bartaraf etish, tezkor va qarshi hujumlardagi beqarorlikni yo'qotish va vaziyatlardan unumli foydalanish hamda himoyada tartibli o'yin namoyish etish kabi jihatlarga etibor qaratilishi belgilab olindi.
Malumot o'rnida aytib o'tish kerakki, O'zbekiston U23 yoshlar terma jamoasi Osiyo o'yinlariga tayyorgarlik strategiyasiga ega bo'lib, shu yilning boshidan beri ana shu strategiya asosida tayyorlangan dastur asosida Indoneziyadagi katta musobaqaga tayyorgarlik ko'rmoqda. Dastur 3 bosqichda amalga oshirilmoqda. Birinchi bosqichda O'zbekiston U23 yoshlar terma jamoasi musobaqaga odatiy tayyorgarlik asosida yig'inlar o'tkaziladi va bu hol aprelning oxirigacha davom etadi. Ikkinchi bosqichda esa, yig'inlar intensiv darajaga ko'tariladi va futbolchilarga beriladigan mashq va nagruzkalar nisbatan ko'payadi. Intensiv davr may va iyun oylarini o'z ichiga qamrab oladi. Iyul va avgust oylarida esa terma jamoa non-stop bosqichiga chiqadi va bu davrda bor etibor faqat va faqat Osiyo o'yinlariga qaratiladi.
Osiyo o'yinlarining futbol turniri 14 avgustdan 1 sentyabrga qadar Jakartaning 4 stadionida bo'lib o'tadi. Musobaqa reglamentiga ko'ra, jamoadagi futbolchilar 1995 yil 1 yanvarda yoki undan keyin tug'ilgan bo'lishi kerak. Faqatgina 3 nafar futbolchining yosh limitidan chiqilishiga ruxsat beriladi. Yakuniy qaydnoma uchun taqdim etiladigan futbolchilar ro'yxati 18 kishidan kam, 20 kishidan ko'p bo'lmasligi talab etiladi. Ayni paytda futbolchilarni ro'yxatga olish jarayoni davom etmoqda va u iyun oyiga qadar davom etadi. Qura tashlash marosimi esa, dastlabki malumotlarga ko'ra 27 iyulga rejalashtirilgan.
Fikrlar