O'zbek futboliga natija beradigan uslub qanday? Superligaga VAR kerakmi? - Jasur Abduraimov bilan intervyu Yangiliklar

O'zbek futboliga natija beradigan uslub qanday? Superligaga VAR kerakmi? - Jasur Abduraimov bilan intervyu

Bekobodning "Metallurg" jamoasi Superligani Termizda "Surxon"ga qarshi o'yin bilan boshladi va mag'lubiyatga uchragandi.

Ushbu uchrashuvdan so'ng bosh murabbiy Andrey SHpilov istefoga chiqarildi. Ikkinchi turdan o'rin olgan "Bunyodkor"ga qarshi bahsdan keyin esa jamoani tajribali mutaxassis Jasur Abduraimov qabul qilib oldi. Natijada jamoaning o'yinida ham o'zgarishlar yuz berdi. Avvalgidan farqli ravishda hujumkor va taktik tomondan futbol ko'rsatishga harakat qila boshladi. Superligada "Lokomotiv", "Nasaf" kabi kuchli jamoalar mag'lub etildi. Biz "Metallurg"ning birinchi davradagi ishtiroki hususida jamoa bosh murabbiyi Jasur Abduraimovning fikrlari bilan qiziqdik.

- Boshqa uslub ostida yig'ilgan futbolchilardan iborat jamoada o'zingizning uslubingizni singdirish qiyin bo'lmadimi? 

- Superligada birinchi davradagi ishtirokimizni olib qaraganda, taktika va o'yin jihatdan hech qaysi jamoaga mag'lub bo'lmadik. Jamoaning o'yin uslubini hujumkor futbolga o'zgartirdik. Bir narsani tushuning, futbolchilarga ham moslashish va o'zlashtirish uchun malum vaqt kerak. O'zingiz ham aytyapsiz, jamoa oldin boshqacha falsafada o'ynagan. Lekin himoyaviy va ehtiyotkor futbol mening uslubim emas. Men o'zimning qarashlarimni, uslubimni singdirishim kerakligini bilardim. Murabbiy o'zining taktikasiga qarab futbolchi tanlaydi. Lekin men mavsum boshlangandan so'ng jamoaga keldim. Oldimda tanlov imkoniyati yo'q edi. Klub prezidenti taklif qilgach roziligimni bildirdim. Muhimi klubning maqsadlari bor. Jamoaviy o'yinga qaysidir futbolchi tezda moslashib ketadi, yana bazilari qiynaladi. Aqlli va tezkor futbolchilarda bu jarayon oson kechadi. Masalan, "Paxtakor"da Jaloliddin Masharipov va Dragan CHeran. Tez fikrlash, to'pni nazorat qilish muhim. Agar jamoang gol urishni istasa, doim oldinga harakat qilishi lozim. To'pni yo'qotdingmi, 5 soniyadayoq olib qo'yishing kerak. Tavakkal qilmasang, oldinga o'tmasang hech qanday natija qila olmaysan. Bugungi zamonaviy futbol shuni talab qilmoqda. Hattoki o'sha himoyaviy o'yini yani "katenachcho" bilan tanilgan Italiya ham ayni paytga kelib boshqacha futbol o'ynayapti. Futbolning talablari o'zgarmoqda. Angliya uslubini qay darajada o'zgartirganini ko'ring. Bizga ham shu narsa kerak. Mayli qaysidir joyda xatolarga yo'l qo'yarmiz. Biroq bizga g'alaba va natija keltira oladigan o'yin shu. Men buni "Paxtakor" misolida ko'rdim. Evropa chempionatini ko'ryapmiz. SHunchaki emas, o'zimiz uchun nimadir foydali narsa olishga intilmoqdamiz. To'p bilan, to'psiz, qaysi poziciyada, qaysi futbolchi, taktik chizmalar va hokazo. Futbolchi juda kam vaqt ichida tez qaror chiqara olishni bilishi darkor. O'zbekistonda "Nasaf", "Paxtakor" biz kabi chiroyli o'yin ko'rsatmoqda. Bevosita o'tkazgan o'yinlarimizga to'xtaladigan bo'lsam, ko'rgan bo'lsangiz "Paxtakor" bilan ikki metrlik ofsaydni ko'ra olishmadi. "Navbahor" bilan bahsda g'alabaga yaqin edik. Yosh bolalarcha qilgan xatolarimiz qimmatga tushdi. Nimadir etishmayotgani ko'rinmoqda. Bitta o'yinda yaxshi o'ynasak, ikkinchi o'yinda o'xshamayapti. Lekin mashg'ulotlar jarayonida buni to'g'irlaymiz. So'nggi turda o'yinimiz chiqmadi, tan olaman. Ikkita asosiy qurolimiz Akbar va Salamatning yo'qligi pand berib qoldi. Birinchi gol penaltidan, ikkinchisini esa raqib futbolchisi boshi bilan gol urdi. Biz yaqin masofadan to'p kirita olganimiz yo'q. Buni futbol deyishadi. "Turon"ning oxirgi 4-5ta o'yinini kuzatdim. "Paxtakor", AGMK bilan tengma-teng o'ynashdi. 

- "Metallurg" hujumkor uslubga o'tgach orqa chiziqda muammolar yuzaga kela boshladi. Himoyachilar aksariyat vaziyatlarda poziciyalarni egallashga qiynalishmoqda. Raqib qarshi hujumlarda gol urib ketmoqda...

- Jamoada murabbiy aytayotgan narsani barcha birdek tushunishi qiyin. Maydonda barcha bir-birini qo'llab-quvvatlashi kerak. Aytganliringizni 6ta o'yinchi tushunib, 5tasi tushunmasa, o'ylaganlaringiz amalga oshmaydi. CHunki jarayon shunday. Darvozabon faqat qo'l bilan emas, aql va oyoq bilan ham o'ynashni bilishi zarur. Buning uchun ishlash kerak. Hammasi birdaniga bo'lib qolmaydi. Uch yil boshqacha taktikada to'p tepgan futbolchi uch oyda yangi uslubga o'rganishi oson bo'lmaydi. Ikkinchi davraga jamoani munosib tayyorlashga vaqtimiz bor. Raqobatni kuchaytiramiz. 4-5 nafar futbolchi bilan tarkibimizni to'ldiramiz. Birinchi galda tiklanishga etibor qaratamiz. 

- Intervyularingizda futbolda doim tashkilotchilik yaxshi bo'lishi kerak, degan fikrni ilgari surib kelgansiz. "Metallurg"da tashkilotchilik masalalariga etibor qanday? 

- Klubda bu borada vaziyat yaxshi. Baza bor, mashg'ulotlar uchun sharoitlar yaratilgan. Futbolchilarning ovqatlanishi va boshqa narsalar yaxshi yo'lga qo'yilgan. Hammasi rejadagidek. Sekin-asta tashkilotchilikdagi qolgan masalalarni ijobiy tomonga o'zgartirib bormoqdamiz. 

- May oyidagi tanaffusda jamoaga jismoniy tayyorgarlik bo'yicha yangi mutaxassis kelgani haqida xabar chiqdi. Ayrimlar uni piar uchun keldi, degan fikrlar ham bildirdi...

- Bu hech qanday piar emas. Ushbu murabbiy yaqin tanishim. O'zim ham sog'lig'im uchun uning qo'l ostida shug'ullanaman. Masalahatlarini olaman. U klubda doimiy ishlamaydi. Tanaffus vaqtida futbolchilarga zarur mashqlarni beradi, tavsiyalari bilan o'rtoqlashadi. CHunki futbolchilarda jarohat olish holatlari ko'p uchraydi. Muskullarida muammolar paydo bo'ladi. Murabbiy o'zidan buni o'tkazgan. To'g'ri oldin futbolda ishlamagan. Lekin o'zining yordamini berishga harakat qildi. 

- Yozgi transferlar oynasi vaqtida tarkibga qo'shib olingan Ibrohim Ibragimov, Bobur Davlatovni o'zingiz taklif qildingizmi yoki bu rahbariyat, selekcionerlarni tavsiyasimi? Ular jamoani qay darajada kuchaytira oladi?

- Ibrohim Ibragimovni o'zim taklif qildim. Undan oldin klubda faoliyat olib borayotgan selekcioner murabbiy, texnik direktor, bosh direktor futbolchini ko'rishimni aytishdi. Toshkentda "Bunyodkor" - "Navbahor" uchrashuvini bevosita stadiondan kuzatdim. O'yini va harakatlari maqul keldi. O'ylaymanki, bizga foydasi tegadi. Boz ustiga ayni o'ynaydigan yoshda. Bobur Davlatov haqida ham eshitgandim. Uning ham xizmatidan foydalanamiz. Ular uslubimizga qay tariqa moslashib ketadi vaqt ko'rsatadi. Muhammad Isaev va Xudoyshukur Sattorov ijaradan qaytdi. Yana bir nechta futbolchilar bilan muzokaralar ketmoqda. Hozircha 50/50 bo'lib turibdi. Legioner olmaymiz. 

- Joriy yildan etiboran Superligamizda ilk bor qo'llanilayotgan VAR tizimi haqida fikringiz qanday? Etirozlar va bahsli holatlar ko'p bo'layotganini hisobga olsak bizga VAR kerakmi, degan savol tug'iladi....

-  Menimcha, biz hali tayyor emasmiz. O'yinning intensivligini yo'qotib qo'ymoqdamiz. Evropada bunga astoydil o'qishgan, tayyorlanishgan. Juda ko'p to'xtalishlar sabab toza o'yin vaqti kamayib ketmoqda. O'yinda to'xtalishdan so'ng yana hammasini boshidan boshlashga to'g'ri kelyapti. Har bir to'xtalish 5-6 daqiqani olmoqda. VAR tizimida ham hakamlar tezkor qaror qabul qilishni o'rganishlari kerak.

Abdulaziz Iskandarov suhbatlashdi

Reyting: +8   

Fikrlar

championat.asia
< so’nggi yangiliklarni ko’rish
Яндекс.Метрика