Osiyo kubogi-2023. Eng, eng, eng...
11 jan 10:30
Yangiliklar
Osiyo kubogi-2023. Eng, eng, eng...
Eng ko'p o'yin o'tkazgan futbolchi
Hassan Al Haydos Qatar safida 175 ta o'yinda maydonga tushgan holda turnir ishtirokchilari orasida terma jamoa libosida eng ko'p o'yin o'tkazgan futbolchi bo'lib turibdi. "Al Sadd" forvardi to'rtinchi marotaba ushbu turnirda ishtirok etadi. Hindistonlik Sunil CHxetri 145 uchrashuvda maydonga tushgan bo'lsa, Eron vakili Ehson Hojisafi 132 bellashuvda ishtirok etgan.
Eng yoshi ulug' futbolchilar
Turnirdan ro'yxatdan o'tgan 624 nafar o'yinchi ichida Tailand darvozaboni Sivarak Tedsungnoen eng keksasi hisoblanadi. "Buriram Yunayted" posboni 20 aprel kuni 40 yoshni qarshi oladi. Hindistonlik Sunil CHxetri esa undan to'rt oy kichik bo'lsa, bahraynlik Said Jafar 38 yoshga to'lgan.
Eng yosh futbolchilar
Qirg'iz Respublikasi yarim himoyachisi Beknaz Almazbekov musobaqaning eng yosh futbolchisi hisoblanadi — 18 yosh 6 oy. Iroqlik yarim himoyachi Muntazir Majid esa undan ikki oylik kattaroq. Indoneziyalik Marselino Ferdinan esa 19 yoshni qarshi olgan.
Eng ko'p futbolchisi ishtirok etayotgan klub
Malayziya chempioni "Johor Darul"ning 15 nafar futbolchisi turnirda qatnashadi — ularning 13 nafari Malayziya sharafini himoya qilsa, Jordi Amat Indoneziya, Jalil Elias esa Suriya safida ro'yxatdan o'tgan. Livanning "Al Ahad", Qatarning "Al Sadd" va Tojikistonning "Istiqlol" klublaridan 10 nafar futbolchi qita birinchiligidan maydonga tushish imkoniyatiga ega bo'ldi.
Legionerlardan holi terma jamoalar
Turnirda ishtirok etayotgan besh mamlakat — Qatar, Hindiston, Saudiya Arabistoni, Birlashgan Arab Amirliklari va Vetnam terma jamoalarining barcha o'yinchilari mahalliy chempionatda to'p tepadi.
Eng bo'ydor futbolchilar
Bo'yi salkam 2 metr (1.98 metr)ni tashkil etadigan avstraliyalik Harri Suttar musobaqaning eng bo'ydor futbolchisi sanaladi. "Lester" markaziy himoyachisi nafaqat himoyada, balki standart vaziyatlar payti hujumda ham havodagi kurashdi raqiblarga xavf tug'dira olishiga jahon chempionati saralash bahslarida guvoh bo'ldik. Hindistonlik Gurprit Sing (1.97 metr) bu borada ikkinchi sanaladi.
Eng ko'p gol urgan futbolchilar
Hindistonlik Sunil CHxetri terma jamoa libosida 93 ta gol urgan holda ishtirokchilar orasida eng goleadori bo'lib turibdi. Keyingi o'rinda Birlashgan Arab Amirliklarining asosiy figurasi bo'lgan Ali Mabhut 85 ta to'p kiritgan. Eron forvardi Sardor Azmun raqib darvozasini 49 marotaba ishg'ol qilgan.
Nagatomoning rekordi uchun kurash
Yaponiyalik Yuto Nagatomoning Osiyo kuboklari tarixidagi 16 ta o'yindan iborat rekordi yangilanishi mumkin. Janubiy Koreya yulduzi Son Xyon Min va BAA vakili Ali Mabhut hisobida 12 tadan o'yin mavjud. Avstraliyalik Metyu Rayan, xitoylik CHJan Linpeng va eronlik Ehson Hojisafi ulardan bitta kam o'yin o'tkazgan.
Ligalar bo'yicha eng ko'p futbolchi
Qatar chempionatida to'p tepuvchi 33 nafar futbolchi musobaqada ishtirok etadi. Malayziya va BAA ligalarida o'ynaydigan 31 nafar futbolchi ham qita birinchiligi uchun ro'yxatdan o'tgan. O'zbekiston chempionatidagi klublarning 22 nafar o'yinchisi ham Osiyo kubogi-2023 turnirida ishtirok etadi.
O'rtacha yosh
Xitoy, Eron, Livan va Malayziya terma jamaoalari futbolchilarining o'rtacha yoshi 29 yosh sanaladi, bu eng yuqori ko'rsatkichdir. Eng yosh jamoa esa Indoneziya hisoblanib, jamoa azolarining o'rtacha yoshi 24 ga teng. O'zbekiston MTJ futbolchilarining o'rtacha yoshi 26 yoshni tashkil etadi.
Murabbiylarning mamlakatlar bo'yicha taqsimoti
Turnirda Xorvatiya, Germaniya va Ispaniyaning uchtadan vakili bosh murabbiy sifatida ishtirok etadi. Argentina, Yaponiya va Janubiy Koreyada tavallud topgan ikki nafar murabbiy ham faoliyat olib boradi. O'z mamlakatining yagona vakili sifatida Osiyo mintaqasidan faqatgina eronlik mutaxassis faoliyat yuritadi.
Eng ko'p chempionlikka erishgan jamoa
Yaponiya musobaqada to'rt marotaba — 1992, 2000, 2004 va 2011 yillarda g'olib chiqqan.
"Samuraylar" so'nggi sakkizta finalning beshtasida ishtirok etishdi, bundan besh yil avval Birlashgan Arab Amirliklarida yagona mag'lubiyat alamini totib ko'rdi.
Ketma-ket chempionlik
Yaponiya eng ko'p chempionlik unvoniga ega bo'lsa-da, Eron 1968, 1972 va 1976 yillarda musobaqada ketma-ket uch marotaba g'alaba qozonib, bu borada rekordchi sanaladi.
Mezbonlikning afzalligi
Dastlabki etti Osiyo kubogining beshtasida mezbonlar zafar quchgan bo'lsa, keyingi o'nta turnirning atigi ikkitasida turnirni qabul qilgan jamoa kubokni mamlakatida olib qoldi. So'nggi bor Avstraliya 2015 yil bu ishni uddaladi.
To'purar
Eronlik afsonaviy futbolchi Ali Dayi Osiyo kubogida 14 ta gol urgan bo'lib, bu eng yaxshi natija hisoblanadi. Jumladan, u 1996 yil Janubiy Koreya darvozasiga ikkinchi bo'limning o'zida to'rtta to'p kiritishga muvaffaq bo'lgan.
Ikkinchi o'rinda Janubiy Koreya vakili Li Dong Guk o'z hisobiga 10 ta gol yozdirib qo'ygan.
Samarali Almoez
Almoez Ali 2019 yildagi musobaqa singari sermahsullik namoyish eta olsa, Dayining rekordini yangilashi mumkin. Oxirgi turnirda qatarlik hujumchi etti o'yinda to'qqizta gol urib, mamlakatiga dastlabki chempionlikni tuhfa etishda katta hissa qo'shgandi.
Eng tezkor gol
To'qqizta gol urgan yana bir futbolchi Ali Mabhut 2015 yilgi musobaqaning guruh bosqichida atigi 14 soniya ichida Bahrayn darvozasiga yo'l topgandi, bu musobaqa tarixidagi eng tezkor gol hisoblanadi. Unda ham Dayidan o'zib ketish uchun imkoniyat mavjud.
Yagona Nesterov
Osiyo kubogida ishtirok etish bo'yicha hech kim Ignatiy Nesterovga teng kela olmaydi. O'zbekistonlik darvozabon 2004–2019 yillar oralig'idagi beshta turnirda maydonga tushgan va barchasida jamoasi pley-off bosqichiga yo'llanmani qo'lga kiritgan.
Penaltilar qiroli
Faqatgina ikkita Osiyo kubogi finali penaltilar seriyasi bilan yakunlangan va ikkalasida ham Saudiya Arabistoni zafar quchgan. Arablar 1988 yil Janubiy Koreya, 1996 yil BAA ustidan "lotoreya"da g'alaba qozongan.
Eng ko'p g'alabaga erishgan jamoa
Eron Osiyo kubogi tarixida boshqa jamoalarga qaraganda ko'proq g'alaba qozongan, forslar 68 o'yinning 41 tasida raqiblaridan ustun kelgan.
Debyutant
SHu kunga qadar Osiyoning 36 mamlakati ushbu turnirda ishtirok etdi. Qatardagi musobaqada yagona debyutant bo'lgan Tojikiston 37-jamoaga aylandi.
Oqil Abdubarnoev tayyorladi.
Fikrlar