O'rnak olsa arziydigan klub yoxud Krasnodar taassurotlari haqida
25 apr 2018 09:22
Yangiliklar
O'rnak olsa arziydigan klub yoxud Krasnodar taassurotlari haqida
Ushbu seminarga tur o'yinlari, shuningdek O'zbekiston Kubogi bahslari davom etayotgani bois barcha klublar o'z matbuot kotiblarini yubora olmadi. “Lokomotiv” bilan “Nasaf” bu paytda OCHL o'yiniga tayyorgarlik ko'rayotgandi. SHu bois bu o'rinda klublarni to'g'ri tushunsa bo'ladi.
“Krasnodar” futbol klubida tashkil etilgan seminarda ishtirok etish menga ham nasib qilgan ekan, fursatdan foydalanib O'FA vice-prezidenti Umid Ahmadjonov, PFL bosh direktori Omon G'ofurov hamda saytimiz rahbariga alohida minnatdorchilik bildirsam arziydi.
O'rinbosarlar bahsi va klub akademiyasi
Quyida safar taassurotlari, umuman safar davomida nimalar bo'lgani haqida hikoya qilmoqchiman. Demak, 13 aprel kuni Toshkent - Krasnodar aviareysi orqali manzilga otlandik. SHaharga etib borgach avvaldan buyurtma berib qo'yilgan "Troya" mehmonxonasiga joylashdik. Mehmonxona stadiondan ko'p uzoq bo'lmagan manzilda joylashgan ekan.
Klub bilan tanishuv ertasi kundan boshlandi. 14 aprel kuni “Krasnodar” o'z maydonida Rossiya chempionati doirasida Tulaning “Arsenal” klubini qabul qildi. Ungacha esa xuddi shu kuni mahalliy vaqt bilan soat 12:00da har ikki jamoaning o'rinbosarlari o'zaro o'yin o'tkazishdi. Bizdagi kabi Rossiyada ham o'rinbosarlar musobaqasi bor, farqi bizda o'rinbosarlar uchrashuvi bir kun oldin o'tkazilsa, Rossiyada ikki jamoaning o'zaro kelishuviga ko'ra bir kunda o'ynashi mumkin. Buni Rossiya hududi ancha kattaligi hamda jamoalar kelib ketishida ortiqcha muammo bo'lmasligi bilan izohlashdi.
Soat 11:30larga o'rinbosarlar o'ynaydigan ixchamgina stadionga borganimizda darvozadan kiraverishda bizni “Krasnodar” futbol klubi matbuot kotibi Denis Danilchenko kutib oldi. Malumot uchun, “Krasnodar” klubi tashkil etilganiga bu yil o'n yil to'ladi. Jamoa yosh. Denis Danilchenko klub paydo bo'lganidan beri, yani 2008 yildan buyon klubda matbuot kotibi vazifasini bajarib kelmoqda. Buni o'zaro suhbat davomida bilib oldik. Danilchenko bizni dastlab o'rinbosarlar bahsini tomosha qilishga taklif qildi va shundan so'ng klub akademiyasi bilan tanishtirishini aytib o'tdi.
SHunday qilib “Krasnodar” va “Arsenal” yoshlari o'rtasidagi bahs boshlandi. Uchrashuv ancha qiziqarli kechdi. Yakunda maydon egalari 3:1 hisobida zafar quchishdi. Etiborimizni tortgan jihat, maydon holati ajoyib, hatto o'rinbosarlar o'rtasidagi o'yin bo'lsa ham. Bizning aksar Superliga klublari bunday maydonda to'p tepishga havas qilsa kerak. O'yin darajasi yuqori, ikkala jamoa ham bir-birini ayamay o'ynadi. To'g'ri-da, mana shunday bellashuvlarda yosh futbolchilar pishib keyinchalik asosiy tarkibga yo'l olishadi.
Yana bir etiborli tomoni shuki, musobaqa o'z nomi bilan yoshlar birinchiligi bo'lganidan keyin bunda faqat yosh futbolchilar o'ynaydi. Masalan, bizda yoshi kattalarni ham amaliyot bo'lsin deb maydonga tushiraverishadi. Ammo Rossiyada bunday emas. SHuning uchun stadion diktori tarkiblarni tanishtirayotganda har bir futbolchining tug'ilgan yilini ham aytib turdi.
SHu kuni o'rinbosarlar bahsi xuddi bayramdek kechdi. Birinchidan, o'yindan avval va tanaffus paytida stadionda kishiga xushkayfiyat ulashuvchi har xil qo'shiqlar yangrab turadi. Ikkinchidan, muxlislar ham ko'p kelar ekan. Jamoani olqishlashga-ku gap yo'q. Vaqti-vaqti bilan butun stadion qarsak chalib turadi. Uchinchidan, muxlislar uchun qulaygina sharoit qilingan. Siz hatto o'rinbosarlar bahsiga borib stadion oldidagi do'konchadan klub atributikalarini xarid qilishingiz, shuningdek tribunaga o'tishda egulik va ichimliklar sotib olishingiz mumkin. Lekin bizdagi pul bilan hisoblaganda klub atributikalari ancha qimmat: masalan, bitta kepka 200 ming so'm atrofida, sharf 150 ming so'mdan ko'proq. SHu bois atributikalar bozori chaqqon emas.
Ammo egulikka navbat ko'p, odamlari madaniyatli: hamma o'z navbati kelishini kutadi, ur-yiqit, nariroq tur degan gaplar yo'q. O'rinbosarlar bahsi paytida “Krasnodar” klubining timsoli “buqa” doim muxlislar atrofida yuradi. Borib bemalol suratga tushishingiz mumkin, ammo hech gapirmaydi. Biz gapirtirishga harchand urinmaylik, umuman miq etmadi. Balki bu ham klub tomonidan berilgan topshiriq bo'lsa kerak deb o'yladik. O'yin yakuniga etganidan so'ng klub matbuot xizmati darhol jamoa futbolchisi va murabbiyidan video intervyu oldi. Bu har bir o'yindan keyin amalga oshirilar ekan. Qolaversa, o'yin “Krasnodar”ning Youtube kanalida jonli efirga uzatib turildi. Video intervyu yakuniga etgach, klub matbuot kotibi biz bilan vaqtincha xayrlashdi, chunki kechki payt asosiy tarkib bahsi kutib turgandi.
Tushunamiz, o'yingacha qilinadigan ishlar ko'p. SHu bois Denis Danilchenkoni ortiqcha bezovta qilmadik va buyog'iga klub fotosuratchisi Andrey Belik hamrohligida akademiya tomon yo'l oldik. “Krasnodar” akademiyasi haqida oldin ham ko'p eshitgandim. Nafaqat Rossiya, balki Evropada eng zo'rlaridan biri deb bilardim. Aytganlaricha bor ekan. “Krasnodar” akademiyasiga 2011 yilda asos solingan bo'lib, bugungi kunda 320 nafar futbolchi tahsil oladi. Andreyning aytishicha, butun Krasnodar bo'ylab akademiyaning 100ga yaqin filiali bor va jami 11 ming yosh futbolchi “Krasnodar” libosida futbol sir-asrorlarini o'rganmoqda. Futbolchilar qabuli 5 yoshdan yo'lga qo'yilgan bo'lib, ular 11 yoshgacha mashg'ulotlarga uydan qatnaydi. 12 yoshdan boshlab esa eng yaxshilari akademiyaga qabul qilinadi.
Akademiyaga qabul qilingan bolalar yotoq va kiyim-bosh bilan taminlanadi. Bundan tashqari, akademiyada tahsil olayotgan yoshlar o'rta maktabga qatnamas ekan. “Bizda shunaqa, - deydi klub matbuot xizmati xodimi Andrey. - CHetdan o'qituvchi yollaymiz. Ular kelib bolalarga shu erda rus tili, ingliz tili, matematika va boshqa fanlardan dars berishadi”. Darvoqe, akademiya binosiga kiraverishda Andrey bizdan bir narsani qattiq iltimos qildi: umuman suratga yoki videoga olmaslikni. Bu taqiqlangan ekan. Biz xo'p deb bino ichini faqat aylandik xolos. Umuman olganda, akademiya ichida hamma shroit mavjud: dars xonalari, oshxona, yotoqxona, trenajyor zali, basseyn va boshqalar.
Hammamiz uchun eng katta yangilik bu erda “Footbot Training System”ning borligi bo'ldi. “Footbot Training System” xuddi sport zalga o'xshash ixchamgina zal bo'lib, bunda futbolchi maydon o'rtasida (zal ichiga yashil suniy chim yotqizilgan) turadi, unga kompyuter boshqaruvi yordamida to'rt tomondan navbatma-navbat to'p uloqtiriladi. Futbolchi to'pni qabul qilib olgach, to'rtta tomondagi devorlardan qay birida qizil katakcha yonsa mo'ljalga olib tepadi. Mo'ljalga tegsa yashil yonadi va shu bilan futbolchi hisobiga ochko yoziladi. SHu tariqa o'sha o'yinchi to'pga aniq va kuchli zarba berish mahoratini oshirib boradi.
Ochig'i, shuncha akademiya va klublarda bo'lib, bunaqasini sira ko'rmagandim. SHuning uchun “Footbot Training System” bilan tanishish biz uchun yangilik bo'ldi. Akademiya bilan tanishish jarayonida bu erda muxlislarimizga yaxshi tanish sobiq darvozabon Oleg Belyakovni uchratib qoldik. Belyakov oxirgi klubi “Bunyodkor”da o'ynab futbolchilik faoliyatiga yakun yasaganidan so'ng Krasnodar akademiyasida darvozabonlar murabbiyi bo'lib ishlamoqda. Ammo intervyu olishning imkoni bo'lmadi, aniqrog'i Belyakov bunga ko'nmadi. Mayli, bemalol gaplashib o'tiramiz, lekin aytganlarim intervyu bo'lmaydi dedi.
Aytgancha, Krasnodarda JCH-2018 o'yinlari o'tkazilmaydi, lekin mundial payti aynan Krasnodar akademiyasi Ispaniya terma jamoasi uchun baza vazifasini o'tab beradi. Ishonasizmi, “Krasnodar” stadioni va akademiya hududi shunchalik kattaki, piyoda aylanaman desangiz toliqib qolasiz. Bu erda naqd 26ta maydon bor. SHundan uchtasi suniy va qolgan hammasi tabiiy maydonlar. Demak, ochiq havoda mashg'ulot o'tkazish bo'yicha umuman muammo yo'q. Bundan tashqari, ikkita katta yopiq manej ham borligini aytib o'tish darkor.
Asosiy tarkib o'yini
Akademiya bilan tanishib bo'lgach, yana mehmonxonaga qaytdik. Bizni kechki payt soat 19:00da “Krasnodar” va “Arsenal” klublarining asosiy tarkiblari o'yini kutayotgandi. SHu bois 18:00da yana stadionga qaytib kelishimiz lozim edi. Darvoqe, o'rinbosarlar bahsi paytida klub matbuot kotibi Denis Danilchenko qo'limizga o'yinga kirish uchun akkreditaciya kartochkasini tutqazdi, bu bir martalik akkreditaciya bo'lib faqat shu o'yinga o'tar ekan. Kelishganimizdek birozdan keyin yana stadionga qaytib keldik va 9-kirish darvozasidan nazoratchiga akkreditaciyalarni ko'rsatib ichkariga kirdik.
Bu kirish faqat OAV xodimlari uchun mo'ljallangan bo'lib, muxlislar kiritilmaydi. Bino ichiga kirib shundoq o'ng tomondagi liftdan ikkinchi qavatga ko'tarilsangiz to'g'ri media markazdan chiqasiz. Media markaz bu jurnalistlar o'tirib ishlaydigan, yozuv-chizuv qiladigan katta xona. Ichkarida hamma sharoit bor: simsiz internet, issiq choy, qahva, eguliklar... Jurnalistlarga o'yin dasturnomasi va protokol shu erda tarqatiladi. Darvoqe, "Krasnodar"da o'yin kuni OAV xodimlarini kutib olib ularni tribunaga kuzatib qo'yadiganlar (biz ularni volontyorlar deymiz) asosan chiroyli kiyingan qizlar ekan.
Stadionga chiqishingiz bilan o'zingizni media tribunada ko'rasiz. Yani, media turibunaga chiqish uchun tashqaridan aylanib kelish shart emas. Stadion qurilayotganida mana shu tomonlari juda puxta o'ylangan. SHu kuni 35 minglik stadionga 20 ming muxlis tashrif buyurdi. Denis Danilchenkoning aytishicha, “Zenit”, “Spartak”, CSKA kabi nomdor klublar kelsa stadion liq to'ladi. Eng ko'p muxlis hozircha Evropa ligasida “Borussiya Dortmund” bilan kechgan o'yinga kelgan ekan.
“O'shanda tribunalar liq to'lgandi, - deydi Danilchenko. - Ko'pchilik kira olmay tashqarida qolib ketgan. Germaniyadan 150 nafarga yaqin jurnalist kelgan, bizga rosa ish ko'paygandi”. Stadion ichiga kirishingiz bilan hayratdan lol qolasiz. Aytgancha, stadion 2016 yilning oktyabr oyida foydalanishga topshirilgan. Tashqaridan qaraganda Rimdagi mashhur Kolizeyni eslatib yuboradigan stadion ichi xuddi 5D kinoteatrga o'xshaydi. To'rt tomoningiz, yani sektorlarning devor tomoni ulkan ekranli tablodan iborat. Diktor gapirganda ovoz hamma tomondan bir xil va tiniq keladi.
Stadion juda shinam, o'rindiqlari toza va zamonaviy. To o'yin boshlanguncha tabloda turli roliklar namoyish etiladi. Bularning hammasi odamlarni futbolga qiziqtirish uchun tayyorlangan. Nihoyat jamoalar maydonga chiqib o'yin boshlandi. Rossiya futbolini ilk bor stadionda ko'rganim uchun bemalol aytishim mumkin, tezlik va saviya bizning Superligadan ancha ustun. Eng muhimi, to'p uzatishlarda deyarli xato ko'rmaysiz. Futbolchilarning darajasi yuqoriligi shundoq bilinib turadi. Va eng asosiysi muxlislar madaniyati joyida. Bu erda hech kim raqib jamoa yoki hakamni so'kmaydi. Muxlislar o'z jamoalarini faqat olqishlaydilar. Raqibni kamsituvchi so'zlar ishlatmaydilar. Bir so'z bilan aytganda, “Krasnodar”da muxlislik madaniyati ajoyib. Ular hakamning qaysidir qaroriga norozi bo'lsa, buni hushtak chalish orqali ifoda qilishar ekan.
Uchrashuv 3:0 hisobida “Krasnodar” g'alabasi bilan yakun topdi. Ustunlik to'liq maydon egalari tomonida bo'ldi. O'yindan keyin Denis Danilchenko bizga hazillashib sizlarning qadamingiz yoqdi deb qo'ydi. Bahs yakuniga etgach matbuot anjumaniga kirdik. O'yindan keyingi matbuot anjumaniga birinchi bo'lib “Arsenal” bosh murabbiyi Miodrag Bojovich kirib keldi. Rus matbuoti bejizga maqtalmaydi: jurnalistlar dangal savollarni berishdi, o'z navbatida murabbiy ham gapni olib qochmasdan har bir savolga konkret javob qaytardi.
Keyin zalga g'olib jamoa ustozi Murod Musaev kirdi. Ikki tur avval Igor SHalimov istefoga chiqarilgandi, hozir esa jamoani vaqtincha bosh murabbiy sifatida Murod Musaev boshqarmoqda. 35 yoshli murabbiy barcha savollarga erkin javob qaytardi. Bir jurnalistning asosiy tarkibni o'zingiz aniqlaysizmi yoki klub prezidenti Sergey Galickiymi degan savoliga Musaev albatta men, chunki natija uchun men javobgarman deb javob qaytardi.
Matbuot anjumanidan so'ng mikst zonaga o'tdik. Bu erda boshqa hamkasblarimiz futbolchilardan intervyu olishayotgan ekan. Xuddi bizdagi kabi Rossiyada ham futbolchilarning o'yindan keyin mikst zonadan o'tishi shart, lekin ular intervyu berishga majbur emas. Xohlasa beradi, xohlamasa yo'q. Ammo jurnalistlarni hurmat qilib hech kim beetibor o'tib ketmaydi. “Krasnodar” futbolchilaridan Fyodorov Smolov ancha keskin gapirdi. Rossiya terma jamoasi hujumchisi shu kuni sariq kartochka olgandi. O'sha vaziyatda Smolovning oyog'ini raqib futbolchisi bosib oldi, hakam penalti qo'yishi kerak edi. Ammo hakam Smolov simulyaciya ishlatdi dech unga sariq kartochka ko'rsatdi.
Bu hujumchining to'rtinchi “sarig'i” bo'lib navbatdagi uchrashuvni o'tkazib yuboradi degani edi. Keyingi o'yin CSKA bilan. Malumki, hozirda CSKA va “Krasnodar” klublari uchinchi o'rin uchun bahs olib borishmoqda. Fyodorov Smolov o'yindan keyin intervyu berar ekan, rossiyalik hakamlarni ochiqchasiga tanqid qildi, ko'ryapsiz-a bizda hakamlik qanaqa, shuning uchun ham rivojlanmaymiz dedi u.
Matbuot xizmati xodimlari bilan tanishuv
O'yin tugab stadionda boshqa qiladigan ish qolmagach yana mehmonxonaga yo'l oldik. Ertasi kun yakshanba bo'lgani uchun odatda boshqa ishlar bilan mashg'ul bo'ldik. Dushanba kuni yana stadionga kelib “Krasnodar” futbol klubi matbuot xizmati bo'limi xodimlari bilan tanishdik. Aytish mumkinki, ular biz uchun seminar tashkil etib berishdi. Seminar avvalida Denis Danilchenko bizni klubda ishlaydiganlar bilan tanishtirdi. SHundan so'ng klub matbuot xizmati haqida malumot berdi. Uning aytishicha, asosiy tarkib, o'rinbosarlar, ikkinchi liga jamoasi hamda akademiyani qo'shib hisoblaganda 20ga yaqin xodim faqat MATBUOT bo'limida ishlar ekan.
Asosiy tarkib o'ynasa ikkita fotosuratchi maydonda bo'ladi, ikkita operatordan bittasi yuqorida faqat murabbiy uchun o'yinni tasvirga oladi, ikkinchisi erkin operator sifatida pastda yurib kadr yig'adi. Aytaylik, muxlislarni tasvirga tushiradi, futbolchilar intervyusini oladi va hokazo. Aytsam ishonmaysiz, birgina akademiya faoliyatini yoritish uchun olti nafar operator yollangan. Yani, har bir yosh toifasidagi futbolchilarga bittadan operator biriktirilgan desa ham bo'ladi.
Bundan tashqari, akademiya va ikkinchi liga uchun alohida fotosuratchi ishlaydi. Ularning o'yinini umuman boshqa odamlar klub rasmiy sayti va ijtimoiy tarmoqlarda yoritib boradi. Ijtimoiy tarmoqlar uchun javobgar shaxs ham boshqa kishi. U faqat klubni Feysbuk, Tvitter, Telegram, Instagram kabi tarmoqlarda yoritib boradi. Klub sayti uchun asosan Denis Danilchenkoning o'zi javobgar. Aytish mumkinki, u sayt muharirri, lekin o'yin payti yozmaydi, balki tashkiliy ishlar bilan mashg'ul bo'ladi: misol uchun jurnalistlar, mehmonlarni va raqib jamoa matbuot kotibini kutib olish, ularni joylashlashtirish, o'yinga chiqarilgan dasturlarni tarqatish va hokazo.
Matbuot xizmatining vazifasi klubni imkon qadar keng yoritish. Bu haqda shaxsan klub rahbari Sergey Galickiy tomonidan alohida topshiriq berilgan. Ularning aytishicha, Galickiy matbuotni muntazam kuzatib boradi va “Krasnodar” haqida ko'proq yozishlarini xohlaydi. SHu bois ham klub xo'jayini klubning matbuot bo'limiga jiddiy etibor qaragan. Matbuot yaxshi ishlashi uchun klub alohida dizayner ishga olgan va u o'yinga afisha, anonslar tayyorlash bilan mashg'ul bo'ladi. Bir so'z bilan aytganda, “Krasnodar” Rossiyaning o'rtamiyona klubi bo'lgani bilan matbuot bo'limida ish bir tekis yo'lga qo'yilgan.
Darvoqe, Rossiyada yil boshida klublar matbuot kotiblari ham maxsus attestaciyadan o'tkazilar ekan. Kim licenziyadan o'ta olmasa o'sha kotib ishlaydigan klub chempionatga qo'yilmas ekan. "To'g'ri, hozircha bunday xunuk voqea yuz bergani yo'q, lekin bu ham bizni yanada masuliyat bilan ishlashga undaydi", - deydi Denis Danilchenko.
"Krasnodar" PFK matbuot vakillari Odil Ahmedovni ancha maqtashdi. Ularning aytishicha, 2014-2016 yilgi mavsumlarda ushbu klubda faoliyat olib borgan hamyurtimiz o'zining xulqi va muomala madaniyati bilan klub vakillarida iliq taassurot qoldirgan. Danilchenko terma jamoamiz sardori haqida shunday dedi: "Ahmedov kamgap, shu bilan birga ancha bosiq edi. Adamashsam, u bilan yilda ikki marta alohida video intervyu qilganmiz. Bazi futbolchilar bilan ishlash qiyin, chunki ular nimani o'ylasa shartta gapirib yuboradi. Bu esa jurnalistlar uchun tayyor mavzu bo'ladi. Lekin bizda o'ynab ketgan yoki o'ynayotgan legionerlar bilan hech qachon muammo bo'lmagan. Xorijdan kelgan barcha futbolchilar o'zlarini yaxshi tutishgan".
“Krasnodar” klubi safar o'yinlariga matbuot bo'limidan asosan uch kishini olib ketadi: bitta fotosuratchi, bitta operator va bir nafar yozadigan xodim. Ammo uy uchrashuvlarida katta guruh ishlaydi. CHunki uydagi o'yinlar xuddi bayramdek o'tishi kerak. Xulosa qilib aytganda, uch kunlik seminar biz uchun foydali bo'ldi. “Krasnodar” bemalol har tomonlama o'rnak olsa arziydigan klub ekan. U erda akademiya faoliyati, o'yinni tashkil etish va o'tkazish, muxlislar bilan ishlash, matbuot va marketing bo'limlari bir tekis yo'lga qo'yilgan.
Hamma o'z ishini bilib qilib ketaveradi. Qaniydi bizda ham Superliga klublari matbuot xizmati bo'limiga alohida etibor berib, ularga sharoit yaratib bersa. To'g'ri, ko'p narsa pulga borib taqaladi. Lekin o'yini chiqmayotgan legionerlarga falon pul to'lagandan ko'ra, o'sha pulga uchta xodim olsa, muhtaram Prezidentimiz tinmay takidlayotganidek ham ish bilan taminlaydi, ham o'z jamoasining OAVda yanada ko'proq yoritilishiga sababchi bo'ladi. SHunday ekan, vaqti kelib bizda ham klublar matbuot bo'limi har tomonlama zo'r ishlashini kutib qolamiz.
X.Xoliqov, Toshkent – Krasnodar - Toshkent.
Fikrlar