So’nggi yangiliklar

10:06"Сўғдиёна" Фарғонада "Нефтчи"ни йирик ҳисобда мағлуб этган ўйиндан ГАЛЕРЕЯ  1 09:58Варан, Рейна, Белотти... "Комо" энди "Реал" футболчисини сотиб олмоқчи  0 09:05"Бунёдкор" 8 йилдан сўнг Наманганда очко қўлга киритди  0 08:35Бу йил меҳмонда ғалаба қозонмаган жамоани биласизми? "Сўғдиёна" чемпион, "Насаф" ва "Пахтакор" учликда   3 08:05"Нефтчи" сўнгги маротаба Фарғонада қачон 3 та гол ўтказган эди?  2 07:35Про лига. Бугун "Дўстлик" Ғузорда, "Қўқон-1912" Нукусда меҳмон бўлади  1 01:55PFA АПЛ мавсум жамоасини тақдим этди  7 01:30PFA АПЛнинг ўтган мавсумдаги энг яхши ўйинчиси номини эълон қилди  7 01:23Кутилмаган хабар! Салоҳ "Ливерпуль"дан кетади  4 00:51"Барселона" шов-шувли трансферни амалга ошириши мумкин, у Италия терма жамоаси юлдузи  10 00:20Эшитдик-да! Алишер Одилов легионерга айланиш арафасида, йўналиш БААдан Европа томонга қараб ўзгарди  7 00:04Денис Коростиченко: "Ғалаба қозонишимиз учун бир деталь етишмаяпти, холос. Алишер Одилов БАА клубига кўчиб ўтмоқда"  2 23:48Рўзиқул Бердиев: "Ҳужумда агрессия етишмади. Чемпионат ҳали-бери тугамайди, чемпионлик ҳақида гапиришга эрта"  5 23:33Сергей Арсланов: "Нефтчи" футболчиларига саволим бор..."  13 23:04"Атлетико" 42 млн евролик харидини чоршанба куни "Метрополитано"да тақдим этади  1

Oybek Qilichev: “Yana taklif tushsa chetga ketishga tayyorman" Yangiliklar

Oybek Qilichev: “Yana taklif tushsa chetga ketishga tayyorman"

Avvalgi mavsumlarni “Paxtakor” safida o'tkazgan yarim himoyachisi Qilichev bu yil o'z kuchini BAA chempionatida sinab ko'rdi.
SHarjaning “Al SHaab” klubida ikkinchi davrani o'tkazgan jizzaxlik futbolchi o'zidan yaxshi taassurot qoldirishga harakat qildi. Ammo uning jamoasi elitada o'z o'rnini saqlab qola olmadi va oxirgi o'rinni egallab birinchi ligaga tushib ketdi. Natijada klubdagi boshqa legionerlar qatori Oybek Qilichev ham uyga qaytib kelishga majbur bo'ldi. Ayni paytda Qilichev “Paxtakor” safida shug'ullanib turibdi, o'zining aytishicha, yaqin kelajagi shu kunlarda hal bo'ladi. Biz esa fursatdan foydalanib futbolchi bilan uchrashib, undan intervyu oldik.

-   Oybek, BAA chempionatida qisqa muddat faoliyat olib bordingiz. Dastlab shu haqda nima deya olasiz?
-   To'g'ri, u erda kam o'ynadim. Birinchi davradan so'ng yuzaga kelgan tanaffusda BAAga ketib, u yoqda ikkinchi davrani o'tkazdim. Lekin shunga qaramay   , o'zim uchun ko'p narsa oldim. BAA chempionati kuchli ekan, ularda chetdan kelib o'ynayotgan legionerlar evaziga saviya yuqori ekan. Agar yana taklif tushadigan bo'lsa, borib o'ynashga tayyorman.



-   “Al SHaab”ga borgach klub bilan yarim yillik shartnoma tuzdingiz. Musobaqa oxirida jamoa so'nggi o'rinni egallab birinchi ligaga tushib ketdi. SHundan keyin nima bo'ldi?
-   Rahbariyat bizga hamma uyiga borib dam olishi kerakligini va shartnoma bo'yicha keyinroq gaplashishini aytdi. Agentim Ravshan Salimov hammasidan xabardor va biror yangilik bo'lsa menga etkazadi. SHu bois hozircha nima ro'y berishini kutyapman.
 
-   Jamoangiz yangi mavsumni birinchi ligada o'tkazadi. Mabodo quyi ligada to'p tepish varianti yuzaga kelsa qanday yo'l tutasiz?
-   Hammasi taklif qanday bo'lishiga bog'liq. Menimcha, yaqin kunlar ichida ko'p narsa oydinlashadi. SHundan so'ng faoliyatimni qaerda davom ettirish malum bo'ladi.

-   Legioner bo'lib o'ynash qiyin ekanmi?
-   Futbol o'ynash hech qaerda oson emas. Xoh o'zimizda, xoh chetda. To'g'risini aytishim kerak, jamoamiz chempionatda kuchli o'yin namoyish eta olmadi. Natijada birinchi divizionga tushib ketdik. Ammo legioner sifatida to'p surish menga yoqdi. O'zimni yangi chempionatda, yangi muhitda sinab ko'rdim. Klub rahbariyati va murabbiylar shtabida yaxshi taassurot qoldirdim deb o'ylayman.
 
-   BAA chempionatida to'p surayotgan legionerlarga nisbatan matbuot va muxlislar talabchan ekanmi?
-   Ularni bemalol ancha talabchan deya olaman. Har bir o'yindan so'ng muxlislar yig'ilib kim yaxshi harakat qilgan bo'lsa o'shanga rahmat aytishadi, birgalikda suratga tushishadi. Jamoamizda Qatar va Venesueladan kelgan futbolchilar ham bor edi, ularning o'yini qovushmagan paytda muxlislar hushtakbozlik qilishardi.

-   “Al SHaab”ning uy uchrashuvlariga muxlislar tashrifi qanday bo'larkan?
-   Ko'plab arab davlatlarida futbolni yoqtirishadi. SHu jumladan, BAAda ham futbolni juda qadrlashadi. Muxlislar tashrifi ozaygani yo'q. Bizni har doim qo'shiq aytib qo'llab turishdi.
  


-   Til bo'yicha muammo yuzaga kelmadimi? Bu borada sizga kim yordam berdi?
-   Klub bosh murabbiyi serb bo'lgani uchun ruschani bilardi. SHu bois murabbiy bilan muloqotda muammo chiqmadi. O'yinchilar bilan esa asosan ingliz tilida gaplashishga harakat qildim. Ikki oy deganda tilniyam o'rganvoldim.
 
-   Umuman “Al SHaab”ga borishingiz qanday ro'y bergandi?
-   O'sha payt Toshkentda endi qishki yig'inni boshlagandik. Bir kuni agentim Ravshan aka Salimov qo'ng'iroq qilib BAA klubidan taklif tushayotganini aytdi. Keyin “Paxtakor” rahbariyati bilan gaplashib olgach, SHarjaga yo'l oldim va ijara asosida olti oylik shartnoma tuzdim.
 
-   SHarjaga borgandan so'ng kutib olish, joylashtirish va tanishtiruv qanday kechdi?
-   Klub vakillari aeroportning o'zidayoq kutib olib, mehmonxonaga joylashtirishdi. Bir hafta ichida tibbiy ko'rikdan o'tib, shundan so'ng shartnoma imzoladim. O'yindan ikki-uch kun oldin esa yangi futbolchilarni keng jamoatchilikka tanishtiruv marosimi o'tkazildi. Bir so'z bilan aytganda hammasi ajoyib kechdi. Birinchi o'yinda g'alaba qozondik. Hammaning kayfiyati zo'r edi. Lekin oradan ko'p o'tmay jamoamizdan omad yuz o'gira boshladi.
 
-   Klub mehmonxonaga joylashtirdi dedingiz. “Al SHaab”ning o'z qarorgohi yo'qmi?
-   Yo'q ekan. Ular o'yindan bir kun oldin men turgan mehmonxonaga to'planib hamma yotib qolarkan. Lekin bu barcha legionerlar mehmonxonada turadi degani emas. Agar xohlasangiz, rahbariyat sizga ijaraga uy olib berishi mumkin. Men uchun mehmonxona qulay edi, shu bois uy so'ramadim.

-   Klubda futbolchilarga bo'lgan etibor qanday ekan?
-   Ularda o'yinchilar juda ezozlanadi. Faqat yaxshi o'ynasangiz bo'ldi, qanday muammo bo'lsa hal qilib berishadi.
 
-   Ob-havo, taomlar va jamoadagi muhit sizga maqul keldimi?
-   U erda ob-havoning qanchalik issiqligini o'zingiz ham yaxshi bilasiz. Taomlar ham o'zimiznikiga o'xshab ketadi, o'rganish qiyin bo'lmadi. Jamoadagi muhit ham yaxshi edi.
 
-   Arab futbolchilarining xarakteri haqida nima deya olasiz?
-   Ularning aksariyati xushchaqchaq. Arablar chetdan kelgan legionerlar bilan tezda chiqishib ketishadi, uyalib o'tirishmaydi. Yoki bo'lmasa sen mening o'rnimda o'ynayapsan, menga raqobatchisan degan fikr umuman xayoliga kelmaydi. Ko'pchiligi mehmondo'st, bizga o'xshaganlarni tez-tez uylariga chaqirib turishadi.
 
-   Bir gal arab futbolchilari haqida fikr bildirayotib ular futbolga havasaki qarashadi degandingiz. SHu rostmi?
-   Endi nima desam ekan, u erda mashg'ulot paytida hamma professional tarzda o'z ishini qiladi. Hech kim bekor o'tirmaydi. Lekin arab futbolchilari bizga o'xshab faqat futboldan keladigan pulga qarab qolishmagan. Ularda pul shundoq ham ko'p. Arablar ko'p jon kuydirishni istashmaydi, futbolniyam qiziqish uchun o'ynashadi.



-   SHunga qaramay, BAA milliy terma jamoasi kuchli, ularda yaxshi futbolchilar ko'p. Bu nima bilan bog'liq bo'lishi mumkin?
-   Men ham bu borada ko'p o'ylayman. Bilasizmi, ularda iqtidorli futbolchilar ko'p, bundan tashqari ular futbolni natija uchun o'ynamaydi. O'yin qovushsa qovushdi, qovushmasa yo'q. Bundan ko'p muammo yasashmaydi. Bizda esa natija birlamchi o'rinda turadi. Yutqazdingmi, sendan yomoni yo'q. Balki shuning uchun yaxshi futbolchilarnin tarbiyalash keyingi planga qolib ketayotgan bo'lsa kerak.

-   Jamoangiz oliy ligada qolishi mumkinmidi?   
-   Qolishi mumkin edi, biroq hammasiga o'zimizga aybdormiz. CHunki aksariyat futbolchilar o'yinni tashlab yuborishdi. Natijada birinchi ligaga tushib ketdik.
 
-   BAA chempionatida ham xuddi bizdagi kabi bir kun oldin o'rinbosarlar bahsi o'tkaziladimi?
-   Ularda ham o'rinbosarlar musobaqasi bor, lekin biznikiga o'xshab bir kun oldin emas, balki asosiy tarkib o'ynaganidan bir kun keyin bo'lib o'tadi. Bundan tashqari, ularda asosiy tarkib uyda o'ynasa yoshlar safarda o'ynaydi, yoki bo'lmasa aksi bo'ladi.
 
-   Boshqa shaharlarga borish qanday amalga oshirilar ekan?
-   SHarjaning o'zida oliy liganing uchta klubi bor. Eng uzoq qilgan safarimiz Abu Dabi bo'ldi va u ergacha avtobusda uch soat yurdik. Dubay esa bir qadam, shundoq yonginamizda. Aytib o'tganimdek, o'yindan bir kun oldin mehmonxonada to'planib, barcha safar uchrashuvlariga jamoa avtobusida qatnadik. Faqat Abu-Dabiga bir kun oldin yo'lga chiqamiz. Boshqa joylarga esa o'yin kuni bordik.
 
-   CHetda o'ynab kelgach, o'zingizda qanday o'zgarishlarni sezdingiz?
-   Birinchi navbatda odamning o'ziga bo'lgan ishonchi ortarkan. Bilasiz, sportda ishonch juda muhim hisoblanadi. Futbolchi ham toki o'z kuchiga ishonmas ekan, chetga chiqmagani maqul.

-   Vaqt o'tib “Al SHaab”dan qanday xotiralar qoladi?
-   Bu klub mening xorijdagi ilk jamoam bo'ldi. SHunday ekan, “Al SHaab” har doim yodimda qoladi. Qisqa muddat faoliyat olib borgan bo'lsam-da, klubdan iliq xotiralar qoldi. U erda nafaqat futbol o'ynadim, balki arab dunyosi madaniyati bilan yaqindan tanishdim. Bundan judayam xursandman. Yuqorida aytganimdek, yaqin kunlar ichida chetga ketishim yoki shu erda qolib “Paxtakor”da o'ynashim hal bo'ladi. Agar xorijdan yana taklif tushsa, jon deb o'zimni sinab ko'rgan bo'lardim.

Xayrulla Xoliqov suhbatlashdi.  



Reyting:    

Fikrlar

championat.asia
< so’nggi yangiliklarni ko’rish
Яндекс.Метрика